KARIMOV Ubaydulla Isroilovich (1920.1.4 — Toshkent — 1997.11.10) — sharqshunos olim. Oʻzbekiston FA akad. (1995), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1980), filol. fanlari dri (1972). Oʻrta Osiyo industrial in-tining kimyo-texnologiya f-ti (1941) va Oʻrta Osiyo un-tining sharq f-tini (1949) tugatgan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—42). Oʻrta Osiyo unti sharq f-tida fors tilidan dars bergan (1949—52). Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida kichik, soʻng katta ilmiy xodim (1952— 58), Sharq qoʻlyozmalarini tavsiflash va kataloglashtirish (1959—75), Sharq yozma yodgorliklarini oʻrganish va nashr etish (1976—88) boʻlimlari mudiri, yetakchi ilmiy xodim (1988—90), bosh ilmiy xodim (1990-97).
Karimovning asosiy ilmiy faoliyati Sharq kimyosi, dorishunosligi, tabobat tarixi kabi sohalarni oʻrganishga qaratilgan. U shu sohalarga oid arab va fors tillaridagi yirik qoʻlyozma manbalarini tarjima va tadqiq etgan. K. Sharqshunoslik intining qoʻlyozmalar fondidagi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziyning fanga nomaʼlum boʻlgan kimyoga doir asari — «Kitob sirr ul-asror» («Sirlar siri kitobi») qoʻlyozmasini oʻrganib, bu haqda ilmiy asar yozdi. Karimov Abu Ali ibn Sino ilmiy merosining asosiy tadqiqotchisi va tarjimonidir. U Ibn Sino «Tib qonunlari» asarining oʻzbek va rus tillaridagi toʻliq nashrini tayyorlash va tarjima qilishda qatnashgan. Beruniyning «Kitob as-saydana fit-tibb» («Farmakognoziya») asarini tarjima va tadqiq etgan. Beruniyning rus tilidagi 7 jildli Tanlangan asarlarini nashrga tayyorlash (1957—87)da ishtirok etgan. K. Ibn Sino ijodini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro simpozium (Tehron, 1955)da ilmiy maʼruzalar qilgan. U Iordaniya kirollik akademiyasining faxriy aʼzoligiga saylangan (1984). Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1971).
As: Neizvestnoye sochineniye ar-Razi «Kniga taynы tayn», T., 1957; Ocherki istorii meditsinы v Sredney Azii (v tom chisle v Uzbekistane) s drevneyshix vremen do seredinы XIX v., T., 1993.