Gʻanijonning xotini tugʻmay yurib-yurib birdaniga qoʻchqorday oʻgʻil tugʻib berdi.
Gʻanijon xotini homilador boʻlganda ham, bolani koʻtarib yurganda ham, oy-kuni yaqinlashib qolganda ham bunga qishloqda har kuni, har yerda boʻlayotgan va boʻladigan hodisa deb qaragan edi. Biroq bolaning yer yuziga tushuvi uning uchun hech qachon, hech yerda koʻrilmagan va koʻrilmaydigan hodisaday tuyuldi; nazarida butun qishloq koʻpdan beri shu kunga mahtal boʻlib, hozir faqat shu toʻgʻrida gapirayotganday, har bir suyunchi olib kelgan va har bir “qulluq boʻlsin” degan kishi shuni tasdiq qilayotganday boʻlar edi. U “dadasi” degan soʻzni birinchi marta eshitganida bu soʻz qayerinidir qitiqladi, qayerigadir issiqqina tegab, butun vujudi yayrab ketdi.
Mana shu Gʻanijon oʻgʻilchasiga karavot olgani rayon markaziga bordi, koʻziga eng chiroyli koʻringan karavotchani oldi va otiga oʻngarib qaytib kelmoqda edi.
Yoʻl boʻyidagi ariqlar afti burishganicha muzlab qolgan, daraxtlar choʻltoq suggurgiga oʻxshaydi. Havo, kuni boʻyi zoʻr berib loaqal toʻrttagina qor tashlamaganidan xunob boʻlganday, qovogʻi soliq. Shuning uchun, hali kun botmagani holda, qosh qoraygan. Qisqasi, kishining bahrini ochadigan hech narsa yoʻq. Shunday boʻlsa ham, Gʻanijon gasht qilib, otning oyoq tashlashi va suvluqning shiqillashi maqomiga ashula aytib borar edi:
Hoy-hoy, mening yorimsan,
Tanimdagi jonimsan,
Qorongʻu kechalarda
Yondirgan chirogʻimsan…
Paxtaobod qishlogʻining chiqaverishida yoʻl boʻyida oʻtirgan kimdir qoʻlini koʻtarib Gʻanijonga bir nima dedi. Shu onda orqadan gurillab avtomobil kelib qoldiyu, Gʻanijon uning nima deganini eshitmadi. Ot avtomobildan hurkib, xiyla yergacha surib ketdi. Gʻanijon qaytib kelgani erindiyu, keta berdi. Biron kilometr yoʻl bosganidan keyin, shu yaqin oʻrtadan miltiq tovushi chiqdi. Tepalikdagi baqaterakdan gurr etib koʻtarilgan bir toʻp qargʻa “qa-qugʻ” deganicha har tomonga uchib ketdi. Qargʻalarning qagʻillashi Gʻanijonga sovuqni va yoʻl boʻyida oʻtirib qoʻlini koʻtargan haligi kishini eslatdi. Kim ekan u, shu sovuqda koʻchada oʻtirgan? Nega qoʻlini koʻtardiyu, nima dedi? Bemahalda yoʻlga chiqqan biron yoʻlovchi ekanu, “otingga mingashtirib ol” dedimikin? Unday boʻlsa, nega oʻrnidan turmadi?
Gʻanijon beixtiyor orqasiga qaradiyu, yana yoʻlida davom etdi; biron ashula boshlamoqchi boʻlgan edi, yoʻl boʻyida oʻtirgan kishi sira nazaridan ketmay, hech narsa esiga kelmadi.
Nega yoʻl boʻyida oʻtiribdi? “Mingashtirib ol” demoqchi boʻlsa, nega oʻrnidan turmadi? Yo kasalmikin? Agar shunday boʻlsa, yaxshi boʻlmadi. Hali ham qaytish kerak. Bordiyu, askarlikdan boʻshab kelayotgan biron invalid boʻlsa-chi?
Gʻanijon darhol otining boshini burib orqaga chopdi; oʻsha odam oʻtirgan joyni tusmol bilan topdi. Bu yerda hech kim yoʻq edi. Tovush chiqardi. Hech kim javob bermadi. Shu atrofni koʻp qidirdi, topolmadi. Negadir “oʻsha odam albatta invalid” degan fikrga keldi. Nazarida, u oqsoqlanib, qishloqqa kirib borayotganday boʻldi. Ot qoʻyib qishloqqa kirdi. Bir necha kishini toʻxtatib soʻradi. Hech kim “oʻsha odam men” yoki “shunday odamni koʻrdim” demadi. Gʻanijon “piyoda joʻnagan ekan, koʻrmabman” degan gumon bilan orqaga qaytdi; yaqin ikki kilometr yergacha yoʻlning ikki tomonini sinchiklab koʻzdan kechirib ot chopdi; yana qaytdi…
Shunday qilib, Gʻanijon uyiga yarim kechasi keddi. Uning avzoyi shunday ediki, xotini qoʻlidagi chiroyli karavotchaga ham qaramay:
– Voy oʻlay, nima boʻldi? – dedi.
– Hech… charchadim, – dedi Gʻanijon, lekin boʻlgan voqeani xotiniga aytgani uyaldi.
Bir uyquni olib turgan xotini yana uyquga ketdi hamki, Gʻanijon kiprik qoqmadi. U koʻzini yumishi bilan shinel kiygan oqsoq kishi koʻz oldiga kelar, roʻparasida qoʻltiqtayoqqa tayanib turib “hali shumi mehri oqibat” deyayotganday boʻlar edi. Gʻanijon tamaki chekkani turib, tokchadagi patnisni tushirib yubordi. Xotini uygʻondi.
– Ha, nima qilib yuribsiz? Chirogʻni koʻtarsangiz-chi! – Tamaki qayerda?
– Nima qilasiz?
– Minib bozorga borib kelaman! Tamakini nima qiladi kishi? Chekadi-da! – dedi Gʻanijon boʻgʻilib.
– Ha, muncha… kechasi tamaki chekadigan odatingiz yoʻq edi, shunga soʻradim.
Yerini hech qachon bunday kayfiyatda koʻrmagani, undan sira dagʻal soʻz eshitmagani uchun xotinining koʻngliga gʻul-gʻula tushdi, oʻrnidan turib yonboshladi.
– Biron joyingiz ogʻriyaptimi?
– Yoʻq.
Gʻanijon tamaki cheqdi va kelib choʻzildi. Xotini uning boshini siladi.
– Birov xafa qildimi?
– Yoʻq.
Xotini bir oz turib yana soʻradi:
– Nega bemahalga qoldingiz?
– Yoʻlda ish chiqib qoldi.
– Nima ish? Nima boʻldi? Ayting, oʻrgulib ketay… Menga aytmasangiz kimga aytasiz…
Gʻanijon, xotini juda katta tashvishda qolganini payqab, gapning uchini chiqardi.
– Kelayotsam, yoʻl boʻyida birov oʻtirgan ekan, qoʻlini koʻtarib “jon aka, meni mingashtirib olint” deganday boʻldi.
– Kim ekan u?
– Oʻrnidan turmadi. Shundan gumon qildimki, askarlikdan boʻshab kelayotgan biron invalidmi… Invalid ekanligi aniq!
– Darrov mingashtirib olmadingizmi?
– Ot, harom oʻlgur, surib ketib qoddi. Qaytib borib topolmadim. Chaqirdim, u yoq-bu yoqni qidirdim. Oʻtirgan joyini otdan tushib qaramabman, shunga koʻnglim gʻash boʻlayotibdi. Yarasi yomonroq boʻlsa, koʻngli ozib, oʻsha yerda yotib qoldimi…
– Unchalik emasdir… Avvali shuki, askarlikdan boʻshab kelgan kishi yoʻl boʻyida “kim oʻtar ekan” deb oʻtirmaydi, ularga ot-arava, mashina hammavaqt tayyor, hammavaqt topiladi.
Xotini bu gapni Gʻanijonga tasalli berish uchun boshlagan edi, biroq unga tasalli berishdan burunroq oʻzining koʻngliga gʻashlik tushdi. Uning nazarida, oʻsha odam haqiqatan invalid boʻlib, yarasi ochilganligi orqasida koʻngli ozgan, hozir hushiga kelib, ariq boʻyida inqillab yotganday boʻldi.
– Oʻtirgan joyini qaramadingizmi?
– Qaradim, lekin otdan tushib qaraganim yoʻq. Qorongʻi edi.
– Voy, odam ham shunchalik begʻam boʻladimi? Otdan tushib paypaslab qaramaysizmi! endi nima boʻldi!
Gʻanijon irgʻib oʻrnidan turdi.
– Borib kelsammikin?
– Shu vaqtgacha yotarmidi?
– U-ku yotmas, birov olib ketar, lekin bu ahvolda biz yotolmaymiz-da!
Gʻanijon darrov kiyinib chiqdi va borib kolxoz otboqari Nasibalini uygʻotdi. Nasibali mast uyquda yotgan ekan, malol kelib gaplashdi.
– Qayoqqa borasiz shu mahalda?
Gapni choʻzmaslik uchun Gʻanijon yolgʻon gapirdi:
– Amakimning oʻgʻli askarlikdan boʻshab kelibdi, shuni koʻrib kelaman.
Nasibali darrov otxonaga kirib, bitta otni yetaklab chiqdi.
– Ot minganda odam orqa-oldiga qarab yuradi, – dedi qorinbogʻini tortayotib, – hali sal boʻlmasa avtomobil urib ketayozdi.
– Qachon?
– Hali-chi, hali! Paxtaoboddan chiqaverishda!
– Qoʻl koʻtargan sizmidingiz! U yerda nima qilib oʻtirgan edingiz?
– Arpaga borgan edim.
– Ye, salomat boʻling! Boʻldi, ot kerak emas!
Nasibali hayron boʻlganicha qolaverdi. Gʻanijon yugurganicha uyiga keldi va eshikdan shovqin solib kirdi:
– Nasibali ekan! Nasibali!
Bola emizib oʻtirgan xotin oʻrnidan turib beixtiyor:
– Voy, oʻlsin? – dedi.
Birpasdan keyin er-xotin mojaroni unutishdi. Gʻanijon karavotning bir tomonini koʻtarib:
– Bu karavotni koʻrdingmi? Karavot olish mana bundoq boʻladi. Tugʻishni senga-yu, karavot olishni menga chiqargan! – dedi.
Yer-xotin xotirjam boʻlib uyquga ketishdi.
1945
Abdulla QAHHOR
https://saviya.uz/ijod/nasr/karavot/