“Kandata ipi” yoxud Akutagavaning ilk kashfiyoti

1

Keling, eslab koʻraylik, adabiyotda “Kandata ipi” iborasi qachon paydo boʻlgandi? Albatta, qisqa hayoti davomida nafaqat yapon nasrida, balki jahoniy adabiyot boʻstonida oʻziga xos portlash sodir etgan buyuk hikoyanavis Ryunoske Akutagava ijodi muxlislari uchun mazkur ibora sirini anglab yetish ortiqcha qiyinchilik yuzaga keltirmaydi. Ha, ha, bu yerda uning qalamiga mansub “Oʻrgimchak toʻri” hikoyasi qahramoni Kandata ongida shak-shubhasiz halokat jaridan qutulib qolish ilinjini uygʻotgan, oʻrgimchak toʻqigan, kumushdek tovlanib turuvchi ip nazarda tutilayapti. Garchi bu iboradan Siz birmuncha xabardor boʻlsangiz ham, unga ilk dafʼa duch kelayotgan oʻquvchi uchun mazkur hikoyaning muxtasar bayoni bilan galdagi mulohazalarimizni boshlasak…

Jahannamda oʻzi singari osiylar bilan birga azob chekayotgan Kandata uchiga chiqqan qaroqchi boʻlib, umri davomida koʻp odamlarga ozori tekkan, oʻldirgan, kemalarni rahmsizlarcha talagan edi. Shunday boʻlsa-da, u hayotida bir martagina yaxshilik qilgan, oʻrmonda koʻzi mittigina oʻrgimchakka tushib, boshda oyogʻi bilan uni bosib yanchishga shaylanadi, keyin esa shaxdidan qaytib, oʻrgimchakni tirik qoldiradi. Budda qaroqchini shu yaxshiligi uchun doʻzax azoblaridan xalos etishga qaror qiladi va nilufargul ustiga jannat oʻrgimchagi toʻqigan kumush toʻrdan nozikkina ipni olib, jahannam qaʼriga tushiradi. Doʻzax sinovlarida azob chekayotgan Kandata boshi uzra tebranib turgan ipni koʻrib, sevinib ketadi. Va arqonga osilib, tepaga chiqa boshlaydi.

Uning jahannam qaʼridan chiqib olishiga sanoqli masofa qolgandi, banogoh oʻzidek boshqa gunohkorlar ham ortidan chumoliday turnaqator boʻlib, ipga osilib chiqayotganini koʻrib qolgan qaroqchi ipning uzilib ketishidan qoʻrqib, ovozi boricha boʻkiradi:

– Hey, doʻzaxiylar! Bu mening ipim! Unga chiqqani senlarga kim ruxsat berdi? Qani, chaqqon-chaqqon tushlaring pastga!

Shu payt kumushrang rishta Kandata ushlab turgan joyidan chirs uzilib, u hatto “oh” deyishga ulgurmay, chirpirak boʻlib aylangancha zulmat qaʼriga qulaydi…

2

Boʻlajak yozuvchi Tokioda 1892 yilning 1 marti tongotarida, qadimiy yapon vaqt hisobi boʻyicha Ajdar oyi, Ajdar kuni, Ajdar soatida tavallud topdi. Shu bois unga Ryunoske (“ryu” iyeroglifi “ajdar” maʼnosini beradi) deb nom qoʻyishdi. Toʻqqiz oylik chaqaloq paytida onasi aqldan ozgani uchun, uni Tokio prefekti qurilish boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlaydigan befarzand katta togʻasi oʻgʻil qilib oladi. Shu tariqa Ryunoske Ninxara nasabini yoʻqotib, Akutagava nasabini oladi.

Yoshligidan adabiyotga ixlos qoʻygan Ryunoske 23 yoshga kirganda ilk ikki hikoyasini nashr ettiradi. Ushbu ijod namunalari bilan oʻz davrining buyuk yozuvchisi sanalgan Natsume Sosekining (adibning XX asr yapon yoshlari uchun dasturilamal boʻlgan “Qalb” romani Nodira Aminova tarjimasida “Jahon adabiyoti” jurnalining 2013 yil 5-7 sonlarida eʼlon qilingan) eʼtiboriga tushadi. Boʻlajak yozuvchi tarbiya topgan togʻasining xonadonida yapon va Xitoy qadimiy bitiklari, mumtoz musavvirlar chizgan suratlar koʻp edi. Akutagava yoshligidan shu xazina olamiga mukkasidan ketadi, tez-tez boʻlib turadigan adabiy bahslarning nafaqat kuzatuvchisi, balki faol ishtirokchisiga aylanadi. Yapon nasri VIII-XI asrlarda “monogatari”lar, sheʼriy bayozlar soʻzboshisi “xasiganlar” shaklida yaratilgan. “Monogatari” yapon tilidan tarjima qilinganida “qissa”, “nimadir haqda gapirmoq” degan maʼnolarni anglatadi. Kunchiqar mamlakat tarixi Nara (VIII asr), Xeyan (IX-XII asrlar), Kamakura (XIII-XIV asrlar), Muramati (XV-XVI asrlar), Edo davrlariga (XVII-XIX asrlar) boʻlinadi. “Monogatari”lar va kundaliklar yozish Xeyan davrida ayniqsa oʻz choʻqqisiga koʻtarilgan. Yapon mumtoz adabiyotining eng yirik, muhtasham obidasi sanalgan, oʻn birinchi asr boshlarida taxallusi Murasaki boʻlgan adiba tomonidan yaratilgan “Gendzi monogatari” (“Gendzi haqida qissa”) romanida qishloqi oʻgʻri hayotining bir lahzasini tasvirlovchi qisqagina hikoya keltiriladi. Tirik qolish ilinjida muhtasham poytaxtga kelgan oʻgʻri oʻzi istagan boylikka erisha olmagach, Rasyomon minorasida qashshoq kampirni tunaydi. Boshlovchi adib Ryunoske Akutagava shu rivoyat asosida biz yuqorida taʼkidlagandek buyuk yozuvchi N. Soseki eʼtiboriga tushgan “Rasyomon darvozasi” deb nomlangan ilk hikoyalaridan birini yozadi. Yozuvchi mahorati va uning mazkur hikoyasi bilan “Toʻqayda” novellasi sintezini badiiy filmga aylantirgan mashhur kinorejissyor Akira Kurosava fantaziyasi bugunga kelib “Rasyomon” atamasining dunyoga dong taratishiga yoʻl ochib berdi.

3

“Gendzi monogatari”dagi rivoyatdan farqli oʻlaroq Akutagava qahramoni yovuz qaroqchi emas, xoʻjayini tomonidan ishdan boʻshatilib, bir tishlam non topish ilinjini ham yoʻqotgan oddiy xizmatkordir. U tungi payt yupungina ust-boshda bir vaqtlar dong taratgan mashhur Rasyomon darvozasi tagida yomgʻir tinishini kutib oʻtiribdi. Darvoza yillar davomida qarovsiz qoldirilib, xaroba holga tushgan, oʻgʻri-kazzoblar oshyon qurgan bu goʻsha odamlar egasiz mayitlarni tashlab ketadigan makonga aylangan. Vaqt, borliq va makon tasviri muallif tomonidan shu darajada quyuqlashtiriladiki, har qanday kitobxon mayitlar qalashib yotgan, oʻlaksaxoʻr quzgʻunlar charx urib yurgan maskan manzarasini bemalol tasavvur etib, koʻngli ozganidan ijirgʻanadi.

Yapon adabiyotshunosi Syoyo Subouti 1885 yilda eʼlon qilingan “Roman magʻzi” essesida shunday yozadi: “Bosh mezon – inson botiniy dunyosini yorita bilish, axloq, urf-odatlar keyingi mezon… kechinmalar – asar magʻzidir”. Akutagava “Rasyomon” ibtidosida har qanday yovuzlik koʻrinishlaridan jirkanadigan, jinoyat yoʻliga kirishga nisbatan ochlik xurujidan oʻlishni afzal koʻradigan kishi obrazini chiza boshlaydi. Hikoya qahramonining choʻntak kavlashga hojati yoʻq, negaki u boʻm-boʻsh ekani ayon, agar u yashab qolishni istasa, oʻgʻirlikka qoʻl urishi lozim, ammo bu yerda tunaydigan hech narsa yoʻq. Yupun kiyingan kimsa hech qursa tan-tanidan oʻtib borayotgan sovuqdan biqinib, toʻyib uxlash ilinjida begona koʻzlardan pana joy qidiradi. Nogoh uning nigohini minoraga olib chiquvchi, kenggina, qizil rangda loklangan zinapoya tortadi. Ikki-uch zinadan yuqorilagach, u yerda chiroq yoqqan bir odam yurganini koʻrib qoladi. Agar shunday yomgʻirli tunda Rasyomon darvozasida chiroq yonayaptimi, bu bejiz emas. Mayitlarning qoʻlansa hididan yuragi agʻdarilib borayotgan xizmatkor xinoki daraxti rangidagi kimono kiygan kampir qilayotgan ishni koʻrib ham hayratga tushadi, ham gʻazabi kelganidan uning boshi uzra qilichini oʻynatadi. Axir murdalarning sochlarini yulishdan ham tubanroq yovuzlik boʻlishi mumkinmi? Maʼlum boʻlishicha, kampir murdalarning sochini ulama soch yasab sotish, shu yoʻl bilan ochlikdan qutulib qolish uchun yulayotgan ekan.

“ – Oʻlikning sochlarini yulish yaramas ish, rostdanam, – deydi kampir oʻz xatti-harakatlarini oqlash niyatida. – Ammo bu yerda yotgan oʻliklarning hammasi shunga loyiq. Masalan, manavi, men sochini yulgan xotin, ilonlarni toʻrtga boʻlib, tilimlab, quritardi-da, keyin saroy soqchilariga baliq oʻrnida sotardi. Agar vabo tegib, oʻlmaganida hozir ham shu ishni qoʻymagan boʻlardi. Tirikchiligi shundan edi-da!”

Xizmatkor qilichini qiniga solib, dastagidan tutgancha kampirning hikoyasini sovuqqina tinglaydi. Zotan kampirni tinglayotib, uning ham dilida “mardlik” uygʻonayotgandi. Boya pastda, zinapoyada turganida yetishmayotgan “mardlik”. Va bu ichki emrinish zinapoyadan yugurib chiqib, kampirni ushlagandagi holatining mutlaqo aksi edi. Endi u ochdan oʻlish yoki oʻgʻirlikni tanlash oʻrtasida sira ikkilanmayotgan, natija harakatini oqlashiga butkul ishongandi. Shu ishonch qutqusida u oʻgʻirlikka, bosqinchilikka qoʻl uradi, kampirning chorpaxil jussasini yopib turgan kimononi zoʻravonlik bilan tortib olib, zinadan aylanib tushganicha zulmat qaʼriga singib ketadi…

4

Akutagava mazkur hikoyasida shunchaki voqeani tasvirlash bilan kifoyalanib qolmaydi, balki real voqelik taʼsirida inson qalbi botiniy turlanishlarini oʻz mualliflik obʼyektiga aylantiradi. Bu uning ijod yoʻlidagi ilk kashfiyoti edi. Ulkan adib keyingi yaratiqlarida mazkur kashfiyotni yanada yuksakroq choʻqqilarga koʻtaradiki, xos kitobxon beixtiyor oʻzining “Ryunoske Akutagava moʻjizalari” atalmish sehrli olam fuqarosiga aylanib borayotganini tan olishdan oʻzga chora topolmay qoladi.

 

Abdunabi ABDIYEV

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kandata-ipi-yoxud-akutagavaning-ilk-kashfiyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x