Kamoliddin Behzod (1455–1537)

Movarounnahr va Xurosonda XV asrdagi Renessans (Uygʻonish davri) vakillaridan biri, Navoiyning shogirdi, “Sharq Rafaeli”, ulugʻ musavvir va miniatyurasoz Kamoliddin Behzoddir.

Nafaqat musulmon Sharqi xalqlari, balki butun dunyo xalqlari sanʼati tarixida sezilarli iz qoldirgan, uning taraqqiyotiga oʻzining barakali hissasini qoʻshgan zabardast musavvir Kamoliddin Behzod 1455 yilda Hirotda kambagʻal hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Behzod ota-onadan juda erta ajraldi. Uni bolaligidayoq Hirotning mashhur musavviri Amir Ruhillo (Mirak Naqqosh) oʻz tarbiyasiga olib, tutingan otasi boʻldi va Kamoliddinga tuz-non berib, kiyim-bosh bilan taʼminlab, har tomonlama ilmli qilib voyaga yetkazdi. Yosh Kamoliddin Mirak Naqqosh tarbiyasida, uning Hirotdagi Nigoristonida (sanʼat akademiyasida) naqqoshlik va miniatyurasozlik hunarining sir-asrorlarini oʻrganadi.

Behzodning buyuk musavvir, naqqosh va miniatyurasoz boʻlib yetishuvining muhim omillaridan biri – bu uning XV asrning ikkinchi yarmida mashhur shoir Alisher Navoiyning nazariga tushib, badiiy gʻoyaviy va estetik jihatdan ulugʻ mutafakkir va homiy dahosidan bahramand boʻlganligidadir.

Sanʼat va nafosatga ishtiyoqi nihoyatda kuchli boʻlgan Behzod gʻoyatda mehnatsevarligi, zahmatkashligi, oʻtkir aqlu zakovati tufayli isteʼdodi kundan-kunga ortib boradi va tez orada Hirotda mashhur musavvir boʻlib taniladi. Alisher Navoiyning maktabdoshi va doʻsti, podshoh Sulton Husayn Boyqaro Behzodni oʻz huzuriga – saroyiga jalb qiladi, unga saroydan maxsus joy ajratib, ijodiy ishlar bilan shugʻullanishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib beradi. 1487 yilda esa Behzod Sulton Husayn Boyqaroning shaxsiy farmoni bilan Hirotdagi saltanat kitobxonasiga boshliq etib tayinlanadi.

XV asr oxirlariga kelib Hirotdagi Temuriylar saltanati avj olib borayotgan toju-taxt uchun oʻzaro jangu jadallar tufayli asta-sekin yemirila boshlaydi. Bu davrga kelib Behzodning Hirotdagi eng sevimli homiysi – Mavlono Abdurahmon Jomiy (1492 yilda), soʻng ustozi Alisher Navoiy (1501 yilda) birin-ketin olamdan oʻtadilar. 1506 yilda Hirotdagi Temuriylar sulolasining soʻnggi qudratli vakili Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Shundan keyin shahzodalar Hirot saltanatini halokat yoqasiga olib keladilar. 1507 yilda koʻchmanchi oʻzbek qabilalarining xoni Shayboniyxon (Shoybekxon) Hirot taxtini osonlik ila ishgʻol etadi. Bunday beayov toʻqnashuvlar, toju-taxt uchun uzluksiz qonli ur-yiqitlar sharoitida ham Kamoliddin Behzod Hirotda qolib, oʻzining ijodiy faoliyatini davom ettiradi. Behzod uch yilcha Hirotda Shayboniyxon saltanatiga qarashli saroyda ish olib borarkan, Behzod sanʼati oldida lol qolgan Shayboniyxon uning ijodiy ishlariga toʻsqinlik qilmaydi, aksincha, bu ulugʻ miniatyurasozga ishlashi uchun qulay sharoit yaratib beradi. Behzod Shayboniyxonning tasvirini ayni oʻsha yillari chizgan boʻlishi kerak.

1510 yilda Shayboniylar lashkari bilan Erondagi kuchayib borayotgan Safaviylar saltanati lashkari oʻrtasida Marv yonidagi tohirobod degan joyda shiddatli jang boʻladi. Jang maydonida Shayboniyxon qoʻshinlari tor-mor etiladi. Shunday qilkb, 1510 yilda Hirot Safaviylar qaramogʻiga oʻtadi.

Shoh Ismoil Safaviy 1512 yilda Hirotdagi bir necha isteʼdodli sanʼatkorlarni saltanat poytaxti Tabrizga olib ketadi. Hirotdan Tabrizga olib ketilganlar orasida zabardast sanʼatkor Kamoliddin Behzod va uning bir guruh isteʼdodli shogirdlari ham bor edi. Bu paytga kelib Behzod va uning Hirotdagi musavvirlik maktabining dovrugʻi butun Sharqqa tarqalgan edi. Behzodning sanʼatini yuksak qadrlagan Shoh Ismoil Safaviy ham naqkrshga ijod qilmoq uchun Tabrizda barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi. Behzod va uning shogirdlari Tabrizda oʻzlarining ijodiy ishlarini samarali ravishda davom ettiradilar. Behzod Tabrizda Hirotdan keyingi nafis tasviriy sanʼat (miniatyurasozlik)ning yana bir ulkan maktabini yaratadi. Oʻsha paytlarda Tabrizda, umuman Eron sanʼatida ham ichki siyosiy ahvol yaxshi emas edi. Oʻsmonli turk sultoni Salim Poshsha Eronga ketma-ket tahdid solib turardi. 1514 yilda Eron va Turk qoʻshinlari oʻrtasida Tabriz yaqinidagi Choldoron degan keng tekisliqda qattiq va dahshatli jang boʻlib, bu jangda Safaviylar saltanati magʻlubiyatga uchraydi. Shoh Ismoil Safaviy jang maydonidan qochib, zoʻrgʻa qutulib qoladi. Bir yilcha Tabriz turklar qaramogʻida boʻladi.

Behzodning shoʻrlik boshiga yana ogʻir musibatlar tushadi. Tabrizdagi eng eʼtiborli sanʼatkor boʻlganligi uchun Behzodni, boshqa bir atoqli xattot Shoh Mahmud Nishopuriyni turklar oʻz yurtiga oʻlja qilib olib ketmasliklari uchun podshoh amriga binoan, Tabriz atrofidagi bir gʻorga majburan yashirib qoʻyadilar. Eronda nashr etilgan “Saromadani hunar” asarida yozilganidek, oʻz saroyidagi xazinalar ichidagi eng nodir va noyob gavhar (Behzod)ning turklar qoʻliga tushib qolmasligi uchun ishonchli joy (bir ulkan gʻor)ga yashirib ketgan Shoh Ismoil Safaviy jangdan yengilib chiqqach, oʻz mulozimlaridan biriga bergan ilk savollari quyidagilardan iborat boʻlgan: “Behzod qalay? Uning joni omonmi? Uni, xudoy naxosta turklar olib ketmadimi?”

1512–1522 yillar Behzod hayotida ogʻir va musibatli yillar boʻldi. Bu yillar orasida u ahyon-ahyonda ona yurti Hirotga ham borib kelib turgan. 1522 yilda Shoh Ismoil Safaviy maxsus farmon chiqarib, Behzodni Tabrizdagi saltanat kitobxonasiga boshliq etib tayinlaydi. 1524 yilda Shoh Ismoil Safaviy vafot etib, uning oʻrnini oʻgʻli yosh shahzoda Taxmasp egallaydi.

1537 yilda (xijriy 942) keksayib qolgan Behzod Hirotda suyukli jiyani va shogirdi Rustam Alining oʻlim toʻshagida yotganligidan xabardor boʻlib, uni koʻrmoq uchun ona shahri Hirotga otlanadi. Lekin u Rustam Ali diydoriga yetisha olmaydi. Behzod Hirotga yetib kelguncha u olamdan oʻtgan boʻladi. Bunday judoliqdan qattiq qaygʻurgan, keksa moʻysafid Behzodning oʻzi ham ogʻir xastalanib, 1537 yilda Hirotda olamdan oʻtadi. Uni ham Hirot aholisi chuqur iztirob ila, zoʻr motam ostida shahar yonidagi Koʻhi Muxtor togʻi yonbagʻriga, jiyani va shogirdi Rustam Alining qabri yoniga dafn qiladilar.

Amir Doʻst Hoshimiy degan shoir Kamoliddin Behzodning vafot etgan yilini bayon etib, zoʻr qaygʻu va gʻam – gʻussa ila sheʼriy tarix bitib, mana bunday qayd etgan:

 

Vahid ul-asr Behzod on ke chun u

Zi batni mrdari ayyom kam zod,

 

Qazo chun suvrati umrash bipardoht

Ajal xoki vujudash dod bar bod.

 

Zi man suvratgare tarix pursid,

Baʼd u guftam javob az joni noshod:

 

“Agar xoxe ke torixash bidoni,

Nazar afkan ba “Xoki qabri Behzod”.

 

(Mazmuni: Oʻz asrining yagonasi boʻlgan Behzod shunday buyuk, benazir zotki, unday kishilar onadan juda kam tugʻiladi. Qazo (oʻlim) uning umriga xotima yasadi, ajal uning tabarruk tana tuprogʻini yelga toshpirdi. Bu suvratlar Behzod vafotining tarixini (yilini) mendan soʻradi. Unga gʻam-gʻussa bilan shunday javob berdim: “Behzodning vafot etgan yilini bilmoqchi boʻlsang, “Xoki qabri Behzod” jumlasidan abjad hisobi hijriy 942-yil chiqadi. Bu yil milodiy hisobda 1537 yilga toʻgʻri keladi).

Demak, Kamoliddin Behzod uzoq va sermahsul hayot yoʻlini bosib oʻtdi. Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Shoh Ismoil Safaviy, Shoh Taxmasp Safaviylar hukmronlik qilgan turli-tuman, bir-biriga bagʻoyat ziddiyatli toʻrt saltanatni koʻrdi, Temuriylar sulolasi poytaxti Hirotda va Safaviylar poytaxti Tabrizda yashab, oʻz davrining barcha azob-uqubatlarini oʻz koʻzi bilan koʻrib mushohada qildi, oʻz atrofini oʻrab turgan ijtimoiy borliqdan olgan oʻta boy va rang-barang taassurotlarini, ichki kechinmalarini, latif va nozik kayfiyatlarini oʻzining sermahsul va goʻzal ijodida zoʻr mahorat hamda kuchli zavq va ishtiyoq bilan tasvirladi.

Behzod miniatyura sanʼati tarixida maxsus maktab “Behzod maktabini” yaratdi. U real hayot hodisalari va tabiatni tasvirlash uslubi, boʻyoqlardan foydalanish vositalari, rasmga olinayotgan voqealarni nozik chiziqlarda ifodalash yoʻllari, inson kayfiyati va harakatini aks ettira bilishdagi ustaligi, rasm kompozitsiyasining kengligi va turli-tuman hodisalarni qamrab olabilishi, ajoyib estetik zavq uygʻotishi bilan miniatyura sanʼatini yangi bosqichga koʻtardi, uning tarixida yangi davr yaratdi. Behzod miniatyuralari uning tirikligidayoq va ayniqsa, undan soʻng musulmon Sharqida va Gʻarbda ham bu sanʼatning eng oliy yutugʻi deb tan olindi hamda eng qimmatli sanʼat asarlari sifatida mashhur boʻlib ketdi.

Behzod ijodi va merosini oʻrganuvchi mutaxassislar fikricha, uning hozirgacha maʼlum boʻlgan asarlari taxminan oʻttizta rasm va rasmlar turkumidan iborat, ulardan eng mashhurlari quyidagiladir:

1. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga ishlangan miniatyuralar.

2. Husayn Boyqaroning majlislari tasvirlangan muraqqaʼdagi 40 dan ortiq goʻzal miniatyuralar.

3. Abdurahmon Jomiyning “Solomon va Ibsol” asariga ishlangan rasmlar.

4. Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”siga ishlangan 33 ta ajoyib miniatyura.

5. Saʼdiyning “Boʻston” asariga ishlangan goʻzal rasmlar.

6. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” asariga chizilgan noyob va benazir miniatyuralar.

7. Abdulloh Xotifiyning “Temurnoma” asariga chizilgan rasmlar.

8. Saʼdiyning “Guliston” asariga ishlangan nafis miniatyuralar.

9. Abdurahmon Jomiy tasviri.

10. Husayn Boyqaro tasviri.

11. Shayboniyxon tasviri.

12. Shoh Taxmasp tasviri.

13. Shoir Abdulloh Xotifiy tasviri.

14. Tuyalar jangi.

15. Raqsi darvish (darvishlar raqsi).

16. Samarqandda madrasa qurilishi va hokazolar.

Behzod oʻta saxiy va mehribon ustod sifatida juda koʻp atoqli miniatyurasoz, musavvir va naqqoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi.

XV – XVI va undan soʻnggi asrlarda Kamoliddin Behzod shogirdlarini Hirotda, Tabrizda, Buxoroda, Samarqandda, Sherozda, Isfahonda, Istanbulda, Hindistonda, shuningdek, ulkan Sharqning boshqa juda koʻplab shaharlarida uchratish mumkin edi. Sulton muhammad Qosim Ali Chehrakushoy, Darvish Muhammad, Ustod Muhammadiy, Muzaffar Ali, Yusuf Mullo, Rustam Ali, Shayxzoda Xurosoniy, Shoh Muzaffar, Mir Said Ali, Mahmud Muzahxib, Abdullo kabi oʻndan ziyod atoqli musavvirlar Behzod maktabini, uning uslubini oʻz zamonalari taqozolariga binoan zoʻr muvaffaqiyat bilan davom ettirganlar.

Behzod maktabining hozirgi zamondagi davomchilarini Afgʻonistonda (Ustod Muhammad Said Mashʼal), Eronda (Karim Tohirzoda Behzod), Oʻzbekistonda (marhum Ustod Chingiz Ahmarov) va boshka Sharq oʻlkalarida ham koʻrish mumkin. Hozirda Sharq va Ovroʻpo mamlakatlarida sanʼat, rassomchilik tarixini oʻrganishda miniatyura chizish tarixi, xususan, Behzod miniatyura maktabi alohida oʻrganiladi va tadqiq etiladi hamda maxsus maktablarda oʻqitiladi.

Behzodning musavvirlik mahorati va maktabi Temuriylar davri madaniyati tarixiga bagʻishlangan barcha tadqiqotlarda oʻz davri sanʼatining ajoyib yutugʻi sifatida alohida taʼkidlab oʻtiladi.

Behzod nafaqat Sharq xalqlari musavvirchiligi tarixida, balki jahon rasm sanʼati tarixida oʻchmas iz qoddirgan, oʻzining ajoyib va qimmatbaho miniatyura durdonalari bilan butun dunyo madaniyati tarixida salmoqli oʻrin olgan buyuk va zabardast sanʼatkordir.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/kamoliddin-behzod-1455-1537/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x