KABO-VERDE

KABO-VERDE (Savo Verde) , Kabo-Verde Respublikasi (Republica de Cabo Verde) — Atlantika okeanida, Gʻarbiy Afrika sohili yaqinidagi Yashil Burun o. larida joylashgan davlat. 10 ta yirik va 5 ta mayda orolni oʻz ichiga oladi. Mayd. 4,033 ming km2. Aholisi 405 ming kishi (2001). Maʼmuriy jihatdan 14 tuman (conselho) ra boʻlinadi. Poytaxti — Praya sh.

Davlat tuzumi. K.-V. — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1992-y. da qabul qilingan. Davlat boshligʻiprezident (2001-y. dan P. V. Piresh). U umumiy, toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 Y. muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi oliy organi — umumiy saylov yoʻli bilan 5 y. muddatga saylanadigan Milliy assambleya (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni prezident va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Orollar, asosan, vulkanlardan hosil boʻlgan. Qirgʻoqlari tik va qoyali; qulay tabiiy gavanlari kam. Relyefi — asosan, togʻli. Eng baland choʻqqisi 2829 m (Fogu o. da). Iqlimi — tropik, passat. Oʻrtacha oylik t-ra 22° — 27°. Yillik yogʻin 100 — 250 mm. Bot-bot qurgʻoqchilik boʻlib turadi. Daryolari kam. Oʻsimligi choʻl va chala choʻlga xos. Hayvonot turlari oz. Dengiz qushlari koʻp. Qirgʻoq atrofi suvlari baliqqa boy. Fosforit, binokorlik materiallari, jumladan, gips konlari bor.

Aholisining 62% mulatlar, 35% afrikaliklar (fulbe, balante, manjaklar); shahar aholisi 30%. Rasmiy tili — portugal tili. Aholining 98% — katoliklar.

Tarixi. K.-V. joylashgan Yashil Burun o. larini Portugaliya ekspeditsiyalari 1456 va 1460-y. lar orasida kashf etgan. Oʻsha paytgacha bu yerda odam yashamagan. Afrikadan qullar, Portugaliyadan dehqonlar koʻchirib keltirildi. 1495-y. Portugaliya mustamlakasi deb eʼlon qilindi. 15—16-a. larda bu xudud Afrikaning Gvineya soqili yonidagi qul savdosi markazlaridan biriga aylandi. Qul savdosi tanazzulga uchrashi bilan (1876 i. tamoman man etildi) bu yerdan AQSH va b. mamlakatlarga koʻchib ketish ommaviy tus oldi.

2-jahon urushi (1939—45)dan keyin Portugaliya va uning ittifoqdoshlari K.-V. ning port va aerodromlaridan Gvineya-Bisau, Angola va Mozambikdagi milliy ozodlik kuchlariga qarshi kurashda oraliq baza sifatida foydalandi. 1951-y. da Portugaliyaning «dengiz ortidagi viloyati» maqomini oldi.

50-y. lardan K.-V. da milliy ozodlik harakati kuchaydi. Bu harakat Portugaliya mustamlakasi Gvineya-Bisau xalqlarining ozodlik kurashi bilan chambarchas bogʻliq boʻldi. Bu kurashga Gvineya va K.-V. mustaqilligi afrikaliklar partiyasi (PAIGK, 1956-y. tashkil topgan) rahbarlik qildi. 1972-y. da Portugaliya K.-V. ga «mahalliy muxtoriyat» huquqini berdi. 1974-y. 24 apr. da Portugaliyadagi fashizm rejimi agʻdarib tashlangach, PAIGK bilan Portugaliya muvaqqat hukumati oʻrtasida K.-V. ga 1975 i. 5-iyuldan mustaqillik berilishi haqida bitim imzolandi. 1974-y. dek. oxirida oʻtish davri hukumati tuzildi. 1975-y. 30-iyunda Xalq milliy majlisiga birinchi saylov oʻtkazildi. K.-V. oʻsha yili iyulda Afrika Birligi Tashkilotiga, sent. da BMT ga qabul qilindi. 1975-y. oxiriga kelib, K.-V. 60 davlat bilan diplomatiya munosabatlari oʻrnatdi. 1986-y. 6 fev. gacha mamlakatning nomi portugalchadan tarjima qilinib, Yashil Burun o. lari deb atab kelindi. K.-V. 1992-y. 16 yanv. da OʻzR suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 5 iyul — Mustaqillik kuni (1975).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. K.-V. mustaqilligi afrikaliklar partiyasi (PAIKV), 1956-y. da tuzilgan; 1981-y. dan hoz. nomda; Demokratiya uchun harakat, 1990-y. da asos solingan. K.-V. mehnatkashlari milliy birlashmasi — kasaba markazi, 1978 i. da tashkil toptan.

Xoʻjaligi. Iqtisodiy jihatdan zaif agrar mamlakat. Xoʻjaligining asosini q. x. tashkil etadi. Yalpi ichki mahsulotda q. x. ning ulushi 11%, sanoatning ulushi 10%. Iqtisodiy faol aholining 80% q. x. da band. Tez-tez boʻlib turadigan qurgʻoqchilik q. x. ga katta zarar yetkazadi. Aholining oziq-ovqatga boʻlgan extiyojlarini qoplamaydi. Mustaqillik eʼlon qilingach, mustamlakachilik oqibatlarini tugatish choralari koʻrildi; milliy taraqqiyot jamgʻarasi tuzildi, q. x. ni rivojlantirish favqulodda dasturi ishlab chiqildi, kooperatsiyaning turli shakllarini rivojlantirishga, sanoat korxonalari barpo etishga kirishildi.

Qishloq xoʻjaligi. Aholining anʼanaviy mashgʻulotlari — dehqonchilik va baliqchilik. Ichki ehtiyoj uchun makkajoʻxori, kartoshka, dukkakli don ekinlari, maniok, noʻxat, qizil qalampir, pomidor ekiladi. Eksport uchun kakao, banan, shakarqamish, yer yongʻoq, tamaki, kanakunjut, indigo yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, echki, qoʻy boqiladi. Baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi.

Sanoati dengiz maxsulotlarini qayta ishlash, tuz qazib olish va b. korxonalardan iborat. Spirt (shakarqamishdan), sovun, oʻsimlik moyi va sement ishlab chikaradigan korxonalari bor. Eksport uchun tuz va pussolan qazib olinadi. Hunarmandchilik rivojlangan. T. y. yoʻq. Avtomobil yoʻllarining uz. 5,6 ming km. Yiliga oʻrtacha 36 mln. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy porti — Mindelu (San-Visenti o. da). Sal o. da yirik aerodrom bor. Asosan, Portugaliya, Niderlandiya, Ispaniya, Fransiya bilan savdo qiladi. Chetga baliq, banan, qandshakar, tuz sotadi. Chetdan oziq-ovqat, mashina-uskunalar, neft mahsulotlari keltiradi. Pul birligi — K.-V. eskudosi.

Xalq taʼlimi. 1960-y. larning oxirida aholining 90% dan koʻprogʻi savodsiz boʻlgan. Maktab tizimi Portugaliya taʼsirida shakllandi. Maktablarda taʼlim portugal tilida olib boriladi. Mustaqillikka erishilgandan keyin (1975), 6 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun bepul majburiy taʼlim joriy etildi. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 4 y., oʻrta maktabda 5 y. qilib belgilandi. Oʻrta maktab ikki bosqich: 2 y. lik tayyorlov sinflari va 3 y. lik katta oʻrta maktab (litsey) dan iborat boʻldi. 1980-y. larning boshidan maktab tizimi yangidan tuzildi. Maktabda oʻqish muddati 11 y., 6 y. asosiy maktabda, 3 y. toʻliqsiz oʻrta maktabda va 2 y. toʻliq oʻrta maktabda oʻqiladi. Toʻliq oʻrta maktabda gumanitar, tabiiy-ilmiy, texnika boʻlimlari bor. Mamlakatda 3 ped. bilim yurti va industrial maktab ishlaydi. Oliy oʻquv yurti yoʻq.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. K.-V. da bir qancha gaz. va jur». nashr etiladi. Asosiylari: «Boletin informativu» («Informatsion byulleten», haftanoma, 1976-y. dan), «Boletin ofisial da Republika di Kabo-Verde» («Kabo-Verde Respublikasi rasmiy byulleteni», hukumat haftanomasi), «Voj di povu» («Xalq ovozi», hukumatning portugal tilida chiqadigan haftalik gaz., 1975-y. dan),«Raizesh» («Ildizlar», portugal tilida har chorakda chiqadigan adabiy jur., 1977-y. dan), «Tribuna» («Minbar», haftada 2-marta chiqadigan gaz., 1984-y. dan), «Unidadi i luta» («Birlik va kurash», oylik jur., 1976-y. dan). Kabopress agentligi xukumat axborot agentligidir. K.-V. radiotelevideniyesi hukumat ixtiyorida. «San-Visenti ovozi» xukumat radiost-yasi 1975-y. tashkil etilgan.

Adabiyoti portugal va kreol tillarida. Mahalliy kreol tilida boy ogʻzaki adabiyot shakllangan. Xalq sheʼriy va qoʻshiq ijodiyotining shakllaridan biri — mornlar (muhabbat va ayriliq haqidagi mungli qoʻshiqlar) ayniqsa keng tarqalgan. Bu mavzular K.-V. adabiyotida anʼanaga aylandi. E. Tavarish, P. Kardozu va b. shu janrda ijod kildilar. Jorji Barboza madaniy-maʼrifiy va adabiy jur. lar tashkilotchilaridan biri boʻldi. O. Alkantar «Shikinyo» va M. Lopish «Sharqiy shamol fosh etadi» romanlarida ijtimoiy motivlar, birinchi marta ijtimoiy tengsizlik mavzui kalamga olindi. A. Fonseka sheʼrlarida portugal «mustamlaka jannati»ni fosh etdi. Shoir Kabverdiano Dambara kreol tilida ijod qilib, xalqlarning mustaqillik uchun kurashini kuyladi. A. A. Gonsalvishning qissalari, M. Ferreyraning romanlari 60—70-y. larda K.-V. adabiyotida salmoqli asarlar boʻldi. 80—90-y. lar adabiyotida eskilikni inkor etish va buzish bilan cheklanmay, yangilik yaratishga intilish tamoyillari boʻrtib koʻrindi. Romanu di Meluning portugal va kreol tillarida nashr etilgan «Qopqora» romani bunga misol boʻla oladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x