“The Boston Globe” nashri muharriri Bill Kardoso “Scanlan’s monthly” jurnalida chop etilgan “Kentukkidagi tushkun va axloqsiz doʻnanlar” maqolasini oʻqiydiyu, taqriz yozadi. Ana shu taqrizda olamga maʼlum va mashhur “gonzo” atamasi ilk bor uchraydi. Keyinchalik mazkur atama oʻziga xos gonzo-jurnalistika uslubining shakllanishiga asos boʻldi. Bu boradagi munozaralar hanuzgacha davom etib keladi.
Oʻshanda Luisvillda otlar poygasi oʻtmoqda edi. Amerikalik jurnalist Xanter Tompson poyga joyidan reportaj tayyorlash uchun jarayonni astoydil kuzatishga urinardi. Biroq u oʻz oʻrindigʻidan turib otlar poygasini koʻra olmadi. Pul tikkan odamlar goʻyo oti nogahon oqsab qolganu, soʻkinsa gʻoyibdan tezlik oladiganday, ot jonivor marraga birinchi boʻlib yetib keladiganday, ogʻiz yirtar darajada baqir-chaqir qilardi.
Tabiiyki, bu soʻkongʻich, kayfi taroq olomon Tompsonni asosiy maqsadi – reportaj tayyorlashdan chalgʻitardi. Shunday vaziyatda ham u yon daftariga nimalarnidir qoralashga ulgurdi. Ammo Tompson maqolani oʻz muddatida yozib tugatolmadi. Oʻshanda poyga mahalida yon daftariga qoralagan bitiklarini bosh muharrirga tahrir va qoʻshimchalarsiz, qanday boʻlsa shundayligicha topshirdi. Material shu qadar gʻarazli ifodalarga va shaxsiy munosabatlarga limmo-lim ediki, uni na maqola deb boʻlardi, na bir reportaj. Va, hatto uni biror-bir publitsistik janrga qiyoslash ham nooʻrin edi.
Tompson poyga u yoqda qolib, koʻproq atrofidagi dilxiraliklarni – baqir-chaqir, ogʻiz toʻldirib soʻkishlar, mast-alast tomoshabinlar ahvolotini yoritganga oʻxshardi. “Kentukkidagi tushkun va axloqsiz doʻnanlar” maqolasi (“The Kentucky Derby Is Decadent and Depraved”) shu tariqa chop etilib, Bill Kardosoning qoʻliga yetib borgandi.
Ehtimolki, koʻpchilik “gonzo” atamasini eshitgandir. Shunday boʻlsa ham “gonzo-jurnalistika” tushunchasining mohiyati mushtariylarning aksariga noayon ekani, shubhasiz. Endilikda ushbu atama ilk bor qachon va kim tomonidan qoʻllanilgani haqida boshlangʻich maʼlumotga egamiz.
Muharrir Kardosoning izohiga koʻra, bu soʻz irlandchada “Ichkilikbozlikdan keyin oyogʻida tik tura olgan soʻnggi kishi” maʼnosini ifodalaydi. Yana bir oʻrinda qayd etilishicha, gonzo fransuzcha “gonzeaux” soʻzining buzibroq ifoda etilishi boʻlib, “nurli yoʻl” degan maʼnoni anglatadi. Boshqa oʻrinlarda esa mazkur atama ispancha “gonzagas” iborasi (“Seni chuv tushirdim”) bilan izohlanadi.
Maqola maqsadidan biroz chekinib, X. Tompsonning tarjimai holiga bir nazar solsak. Uning maqolasiga nisbatan ilk bor qoʻllanilgan “gonzo” soʻzi nyu-orleanlik jaz ijrochisi Jeyms Bukerning xuddi shu nomdagi qoʻshiq matnidan olingan. Nima boʻlganda ham, mazkur atama Xanter Tompsonning yon daftari bilan, yanayam aniqrogʻi, uning maqolasiga yozilgan taqrizga qoʻshilib jurnalistikaga kirib keldi.
Umuman, Tompson tabiatan qiziq shaxs boʻlgan. U axboriy faoliyatini Florida aviabazasida xizmat qilib yurgan kezlarida boshlab, keyinchalik Amerika roʻznomalari uchun mustaqil ravishda maqolalar yozgan. Ish joyini koʻp bora oʻzgartirish unga odat sanalardi. Bu qalbi notinch insonning ijodiy faoliyatidagi muhim bosqichlardan biri – “Doʻzax farishtalari” motoklubi baykerlari haqidagi kitobi boʻldi. Vaqt oʻtib baykerlar kitob muallifining “qulogʻidan choʻzib” ham qoʻyishgan.
Xanter Tompson ijodining gullagan davri “Rolling stone” jurnalida ishlab yurgan kezlarga toʻgʻri keladi. Aynan mana shu nashrda uning “Lasvegasdagi qoʻrquv va nafrat” hamda “72-saylovoldi kampaniyasidagi qoʻrquv va nafrat” kitoblari chop etiladi.
Oʻsha davr jurnalistikasida Tompson barobarida ijod qilgan nomdor vakillar talaygina edi. Oʻzi tayyorlagan sport reportajlari bilan taniqli Jorj Plimpton, 70-yillarning rok tanqidchisi Lester Bengs, publitsistikaning deyarli barcha janrlarida samarali faoliyat yuritgan Terri Sautern, gonzo-jurnalistikaning oltin pallasida zamonaviy ijod namunalarini yaratgan Jon Birmingem singari jurnalistlar alohida eʼtirof etiladi.
Xullas, gonzo-jurnalistika janr xususiyatiga koʻra soha miqyosida biron-bir qolipga mos tushmaydi – hadsiz va chegarasiz. Unda na sohaning nazariy qonuniyatlariga rioya etiladi, na mezonlarga tayaniladi. Ehtimol, uni publitsistikaning “asov oti” deyish oʻrinlidir. Har holda gonzo-jurnalistika ifoda usuli jihatidan lavha yoki reportaj janriga yaqin tursa-da, ularni aynan takrorlamaydi. Tanqid bobida felyeton unsurlariga tayansa-da, aynan felyeton emas. Qay bir jihati bilan surishtiruvga yaqin esa-da, uni jurnalist surishtiruvi deb ham boʻlmaydi. Ana shunisi bilan gonzo-jurnalistikani reportaj, felyeton va jurnalist surishtiruvi uchun “achitqi” yoxud “xamirturush” deyish mumkin. Shunday xususiyatlarga egaligi uchun ham uni yaxlit holatda biron bir janr darajasiga koʻtarib boʻlmaydi.
Shunga qaramay, gonzo-jurnalistika oʻzining olti barmoq musht boʻlib tugilgan, kaktus tutgan holatdagi ramziy ifodasiga ega. Eng qizigʻi, musht “gonzo” soʻzi orqali bilakka tutashib, tobora pastlagani sayin qilich shakliga aylanib boradi. Mohiyatan olib qaralsa, mazkur ifodalar shaxsni ham, jamiyatni ham ogohlikka undaydi. Aytaylik, taniqli kimningdir shaxsiyatidagi qusur bamaylixotir tahlil etiladi. Kezi kelganda “qogʻozga oʻralmay” aytilayotgan soʻzlar – jargonlar, vulgarizmlar yuz qolib yurakka tegadi (musht!) Sanchiladi (kaktus!) Oʻshanda ham natija boʻlavermasa, shartta kesadi (qilich!)
Ilmiy nuqtai nazardan olib qaralsa, gonzo-jurnalistika foydali emas. Bunda voqelikning biryoqlama talqin etilishi idrokni cheklaydi. Deylik, mazkur vaziyatda jurnalistik surishtiruv jarayoni, unga yondashuv ham ana shunday – biryoqlama kechadi. Gonzo-jurnalistikada “jaranglayotgan” soʻzlar eshitgan quloqqa harchand erish tuyulmasin, publitsistikada u javohir misoli. Negaki, faqat shu usul orqaligina voqealar nafasini goʻyo muallif bilan yonma-yon, aynan uning oʻzidek sezish mumkin, balki jarayonni kutilmagan rakurslardan kuzatish imkoniyati yuzaga keladi. Xanter tompson taʼbiri bilan aytganda: “Voqealar reportyorni emas, reportyor voqealarni yaratadi”.
***
Mundoq oʻylasam, poygaga borganu, poygani emas, uning atrofidagi kechmishlarni qoralab kelayotgan muxbirlar oʻzimizda ham yoʻq emas. Qaysidir “yoʻq emas” yozayotgan maqola andak boʻsh, jinday sayoz, biroz tumtaroqdir, ehtimol. Lekin tamoman “yalangʻoch” ham emas. Har holda bizning musht “gonzo”dan ancha oldin tugilgan (1923 yil. “Mushtum” jurnali nazarda tutilyapti).
Bir qarashda, gonzo-jurnalistika axloqiy mezonlarni pisand qilmaydi, tanqidning yumshoqrogʻini xushlamaydiganday tasavvur uygʻotadi. Balki shuning uchun ham ommaning aksar qismi ularning deganini “demokratiya mana shu”, deya haqiqat oʻrnida qabul qilar. Balki shuning uchun ham sariq matbuot koʻproq oʻqilar. Innankeyin, demokratiya mohiyatan erkinlikni ifoda etsa, bu erkinlik bir gapirib, ikki soʻkayotgan jurnalist holatini qay yoʻsinda izohlasa toʻgʻriroq boʻladi? Buning uchun eng kamida gonzo-jurnalistika suvini ichmoqlik kerak. Zotan, jurnalistikaning patrontoshida bitta dona oʻq boʻladi. Basharti nishonga olishni eplay olsang, shuning oʻziyoq dunyoning tizzasiga oʻq uzib, choʻkkalatishga yetadi.
Xanter Tompsonning poygaga borgani esingizdadir. Reportajni bamaylixotir tayyorlashga imkon topolmay garangsib turuvdi. Aksiga olib poyga tafsilotlarini yozishda unga koʻproq gʻashligi qoʻl keldi. Aynan shuning oʻzi boʻlmasa-da, shaklan shu manzarani takrorlaydigan holatlar atrofimizda kam deysizmi?
Muharrir bizni oʻz qabuliga chorlab, buyurdi:
– Kino namoyishidan reportaj tayyorlab keling!
Bordik. Koʻrdik. Nimani?
Filmni-da, albatta! Yoki…
Orqa oʻrindiq tomondan kelayotgan shivir-shivirlar, pichir-pichirlar, yetmaganiga qiqir-qiqirlar, ana boring qaynoq oʻpichlar asosiy maqsadimizdan chalgʻitsa-ya! A labbay?!
Akmal JUMAMURODOV
https://saviya.uz/hayot/nigoh/jurnalistikada-gonzocha-talqin/