Jurjoniy (1339-1413)

Sohibqiron Amir Temur tomonidan Samarqandning shon-shuhratini oshirish va uni jahon ilmiy markazlaridan biriga aylantirish niyatida oʻz poytaxtiga toʻplagan olimlaridan biri Mir Sayyid Sharif Jurjoniydir. 1387 yili Sheroz fath etilgandan keyin mashhur kishilar qatorida Jurjoniy ham Samarqandga joʻnatilgan. Temur vafot etgandan keyingina Sherozga qaytib, 1413 yilda olamdan koʻz yumdi.

Ali ibn Muhammad ibn Ali Husayn Jurjoniy Astrobod yaqinidagi Togʻu qishlogʻida 740 hijriy (1339) yilda tugʻilgan. Yoshlik davridan boshlab barcha fanlar qatori falsafa, mantiq va tilga juda ham qiziqqan. 1365 yili Jurjoniy Hirotga mashhur faylasuf Qutbiddin Muhammad ar-Roziy at-Taxtoniydan taʼlim olish uchun boradi. Taxtoniy oʻzining qarib qolganligini aytib, Misrdagi shogirdi Muborakshoh oldiga borishni maslahat bergan. Lekin Jurjoniy 1368 yilgacha Hirotda boʻlgan. Soʻngra turk faylasufi Muhammad Oqsaroiydan taʼlim olish uchun Qoramon shahriga joʻnagan. Muhammad Oqsaroiy shuhrati va uning asarlari Jurjoniyning eʼtiborini jalb etgan boʻlib, u mashhur faylasuf va mantiqshunos boʻlib yetishgan Oqsaroiyning shogardi Muhammad Mullo Fanoriy bilan uchrashib, doʻst tutindi va birgaliqda 1370 yilda Misrga joʻnashadi. Jurjoniy Qohirada 4 yil davomida mashhur mantiqshunos Muborakshoh va Akmaliddin al-Bobartiylar maʼruzalarini tinglab, oʻz saviyasini oshirgach, 1374 yilda Istambudda ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. U yerdan Vataniga qaytib, 1387 yilgacha Sheroz madrasalarida dars berdi. Soʻng Samarqandda 20 yildan ortiq vaqt yashadi. Samarqandda yashagan davri Jurjoniy ijodida juda barakali boʻldi. Ilmu fanning barcha sohalariga bagʻishlangan bir qator risolalar, oʻtmish mutafakkirlarining asarlariga sharhlar yozdi.

Jurjoniy umri davomida 50 dan ortiq asar yozib, bu asarlar fanning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan. Ammo Ulugʻbekka bevosita taʼsir etgani, shubhasiz uning XII – XIII asrlarda Xorazmda yashab oʻtgan Mahmud al-Chagʻminiyning astronomiyaga oid asariga yozgan “Sharh mulahhas al-haya” (“Astronomiyaga oid saylanmaga sharh”) va Nasiriddin Tusiy asariga bagʻishlangan “Sharhe tazkiratul Nasiriyat” (“Astronomiya haqida eslatmaga sharh”) asarlaridir.

Jurjoniy bilish nazariyasi va mantiqqa doir “At-taʼrifot” (“Taʼriflar”), “Usuli mantiqiya” (“Mantiqusuli”) vailmiy bahs faniga bagʻishlangan “Odob ul-munozara” (“Munozara olib borishning qoidalari haqida risola”) kabi arab tilida yozilgan asarlarning muallifi hamdir. Bundan tashqari Jurjoniyning fors tilida yozilgan mantiqqa oid bir necha asarlari ham bizgacha yetib kelgan. Bulardan “Sugʻro” (“Kichik dalil boʻla oladigan hukm”), “Kubro” (“Katta dalil boʻla oladigan hukm”), “Avsat dar mantiq” (“Mantiqda oʻrta xulosa”) va boshqalarni koʻrsatib oʻtish mumkin. Uning “Sharhe faroize Sarojiya” (“Meros boʻlish majburiyatlarining Sarojiy taʼrifiga sharh”) asari huquqshunoslik masalalariga bagʻishlangan boʻlib, faqih Sajovandiy asarlariga javob tariqasida yozilgan.

Jurjoniy XIV asr faylasufi Eziddin Abdurahmon al-Ijiy (1300–1356)ning “Muvoqif fi ilm al-kalom” (“Kalom ilmidagi manzillar”) asariga yozgan “Sharhe mavoqif fi ilm al-kalom” sharhi uning zamondoshlari va undan keyingi avlod olimlari uchun falsafa va mantiq boʻyicha oʻziga xos qomus maqomiga ega boʻldi.

Sharhlardan tashqari Jurjoniy juda koʻp falsafiy asarlarga hoshiyalar yozdi. Uning Abu Ali ibn Sinoning “Ishorat” (“Koʻrsatmalar”) asariga yozgan sharhi, Nasiriddin Tusiyning “Tajvid” (“Abstraksiya”) asariga sharh yozgan shayx Shamsuddin Mahmud Isfahoniy (1294–1349)ga javob tariqasida yozilgan hoshiyasi diqqatga sazovordir.

Jurjoniy dunyoqarashi, undan oldin oʻtgan salaflarinikidek, oʻrta asrlardagi butun falsafiy masalalarni, chunonchi, borliq haqidagi taʼlimot, koinot jumboqlari, modda va uning shakllari, jonsiz va jonli dunyoning xususiyatlari, jismoniy va ruhiy munosabatlar, bilish muammolari, mantiqiy fikrlash taʼlimoti, til va tafakkur aloqalari va boshqalarni oʻz ichiga oladi. – U koinot, inson va aqlni qamrab oluvchi dunyoning umumiy manzarasini yaratishga harakat qildi. Jurjoniy aqidasiga xos boʻlgan narsa borliq manzarasini bosqimcha-bosqich tartibda tushuntirishdan iborat edi. Besh bobdan iborat boʻlgan “Dunyoni aks ettiruvchi koʻzgu” risolasining birinchi bobini vojib ul-vujud va mumkin ul-vujud mavjud ekanligini asoslashga bagʻishlaydi. Jurjoniy shunday taʼrif beradi: “Yoʻq boʻlishi mumkin boʻlmagan, bor boʻlishi esa zarur boʻlgan narsa vojib ul-vujud deb ataladi. Masalan, xoliqning oʻzligi kabi tushuncha. Borligʻi ham, yoʻqligi ham zarur boʻlmagan narsa esa mumkin ul-vujud deb ataladi”[1].

Jurjoniy fikricha, vojib ul-vujud xudo boʻlib, mumkin ul-vujud moddiy olamdir. U borliqning birinchi sababi sifatida vojib ul-vujudni, yaʼni xudoning borligini tan oladi. Uningcha, mumkin ul-vujud oʻzining bor boʻlishi uchun qandaydir tarzda boʻlsa ham, biror-bir sababga ehtiyoj sezadi. U biror-bir narsa tufayli, yaʼni birinchi sabab qimmatiga koʻra vojib ul-vujud darajasiga koʻtariladi.

Jurjoniy tabiatdagi hech bir hodisa sababsiz kelib chiqmaydi, deb taʼkidlaydi. Hamma mavjud ashyolardagi butun harakat va oʻzgarishlar faqat makon va zamondagina roʻy beradi. Jurjoniy dunyoqarashiga xos xususiyat, uning butun borliqni bir-biriga qonuniy ravishda bogʻlangan boʻlakchalardan iborat yagona tana sifatida taʼriflashdir. Uning fikricha, moddiy dunyoni tashkil etgan narsalar asosida toʻrt unsur, yaʼni olov, havo, suv va tuproq yotadi. Uch unsurdan iborat boshqa jismlar, yaʼni metallar, oʻsimliklar va hayvonlar esa, yuqorida aytilgan toʻrt unsurning bir-birlari bilan qorishishining hosilasi sifatida kelib chiqqandir. Toʻrt unsur doimo harakatda ekanligidan oʻzgaruvchan boʻlib, biri ikkinchisiga aylanib qolishi mumkin. Havo suvga, suv tuproqqa va hokazo.

Jurjoniy falsafasida modsiylik gʻoyalarigina emas, balki dialektik dunyoqarash mavjud. Uning fikricha, moddiyliqdan xoli boʻlgan boʻsh joy yoʻq. Bu haqda u shunday yozadi: “Samoviy gumbaz buyuk doiradir. U barcha jismlarni qamrab olgan boʻlib, moddiy dunyoni chegaralab turadi. Ammo u boʻshliq emas, chunki uni moddadan tashqarida boʻlgan tushuncha yoki biror oʻlchov bilan tushuntirib boʻlmaydi. Bundan tashqari bir-biri bilan oʻzaro yopishib, ayni vaqtda boshqa jism bilan ham bogʻlanib turgan narsaning oʻzi boʻlishi mumkin emas. Har bir atrofdagi dunyo, oʻzi turgan narsaga tegib turishi zarur va bir-birining ketidan yuqoridagidek tartibda joylashishi lozim, chunki boʻshliqning boʻlishi mumkin emas. Mana shunday jismlar, unsurlar, samoviy doiralar, butun sayyoralar va moddiy boʻlakchalarning tarkibiy majmuasi olam deb etaladi”[2].

Jurjoniy Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari mantiqiy merosining barcha oqimlarini tahlil etib, ularni yanada rivojlantirdi.

XV – XVI asrlar davomida mantiq ilmini oʻrganish va oʻqitish ishlari XIII asrda yozilgan darsliklarga XIV asrda yozilgan sharhlar, ayniqsa, mashhur mantiqshunos at-Taxtoniy, uning shogirdi ibn Muborakshoh, Taftazoniy, Jurjoniy tomonidan yozilgan sharh va hoshiyalar asosida olib borildi. Bu davrda arab tiliga nisbatan fors tilida koʻproq asarlar yozildi. Mantiq ilmining huquq, til va ilohiyot sohasidagi tadqiqotlarda ishlatilish jarayoni koʻpaydi. Jurjoniy oʻz ijodida mantiqni falsafadan ajratmagan hodsa, uni koʻproq huquq va til sohalarida qoʻllanilishini taʼminladi.

Jurjoniyning taʼkidlashicha, nazariy bilimlar hayotiy tajribada hosil qilingan boshlangʻich bilimlar va ular toʻgʻrisida fikrlash yoʻli bilan kiritiladi. Bunday fikrlash jarayonini u xulosa deb ataydi va uning uch turini koʻrsatib oʻtadi. Bular: qiyos (sillogizm), esteqro (induksiya – boʻlakdan butunga tomon hukm yuritish) va hads (analogiya – oʻxshatish). Bulardan qiyos xulosaning bosh turi hisoblanib, nazariy bilimlar hosil qilishning asosiy vositasi boʻlib maydonga chiqadi.

Jurjoniy toʻla boʻlmagan induksiya faqat taxminiy mulohazagagina olib keladi, deb oʻylaydi va uning koʻrsatishicha, biz olovning ayrim xususiy holatlarini kuzatsak, har qanday olov issiqlik chiqaradi, degan ayrim xususiyatga ega boʻlgan bilimdan, yaʼni deduktiv (butundan boʻlakka oʻtadigan) holatga oʻtadigan xulosa kelib chiqishi mumkin[3]. Shu bilan birga uning taʼkidlashicha, induktiv yoʻl bilan hosil qilingan bilimlar hamma vaqt ham haqiqatga toʻgʻri kelavermaydi. Chunki inson tajribasi hech vaqt toʻla mukammallikni ber-maydi.

Jurjoniyning induktiv va deduktiv xulosalar haqidagi fikri Arastu va uning Sharqdagi izdoshlari fikrini eslatadi. Ammo bu fikrga noyob xulosalar qoʻshilib, takomillashtirilgan.

Jurjoniyning ilmiy faoliyati tufayli mantiq Temuriylar davrida inson bilimlarining barchasiga qoʻllaniladigan qoida va mezon qonuniga aylandi. U har bir yuritilayotgan hukmning toʻgʻriligini tortuvchi fanlarning toshu tarozisi sifatida namoyon boʻldi. Natijada tez orada vujudga kelgan Ulugʻbek rasadxonasining ilmiy tadqiqotlarida keng qoʻllanildi.

Jurjoniy Ulugʻbekni madrasada bevosita oʻqitibgina qolmay, uning Akademiyasini vujudga kelishiga ham katta hissa qoʻshdi. Chunki uning shogirdlari bu ilmiy markazning negizini tashkil etar edi. Shuning uchun ham uning ilmiy merosini toʻlaligicha oʻrganish mustaqil Respublikamiz maʼnaviyatiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilishi shubhasizdir.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

 

 


[1] OʻzR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti. Qulyozmalar fondi: “Oynaye gininamo”, 1-sahifa.

[2] Jurjoniy. Sharhe mulaxxas al-haya al-Chagʻminiy. OʻzR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi 2655-raqamli qoʻlyozma, 225-a bet (arab tilida).

[3] Qarang: Mir Sayyid Sharif Jurjoniy. At-taʼrifot, Istanbul. “Dor-ul toboate omera”, 1818 y. , 11-bet.

 

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/jurjoniy-1339-1413/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x