Juma mav’izalari (matn, audio). Inson manfaatlari yo‘lida


Post Views:
260

Darhaqiqat, dinimiz insonparvar, yaxshilik dinidir. Doim insonlarga manfaat yetkazish, doim yaxshilik qilishga chorlagan dindir. O‘zgalarga yaxshilik ulashishimiz, ayniqsa, hazrati insonning ikki dunyo saodati va manfaati yo‘lida xizmat qilish, nafaqat ularga, balki eng avvalo o‘zimizga foydalidir. Joriy 2017 yil ham yurtimiz rahbari tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilindi. Dinimizda insonlarga manfaat yetkazuvchi kishi Alloh taolo uchun eng suyukli bandalardan hisoblanadi deyilgan. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa insonlarning eng suyuklisi – odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchisidir”, dedilar”. Imom Tobaroniy rivoyat qilgan.

Payg‘ambardan (sollallohu alayhi vasallam) keltirilishicha, u zot aytdilar: «Ikki xislat borki, undan afzalroq narsa yo‘q:

  1. Allohga iymon keltirish.
  2. Musulmonlarga manfaat yetkazish.

Va ikki xislat borki, undan yomonroq narsa yo‘q:

  1. Allohga shirk keltirish.
  2. Musulmonlarga zarar yetkazish.

Ushbu hadis inson hayotining mazmunini o‘z ichiga oluvchi hadisdir. Chunki muqaddas islom dinimizdagi har bir buyruq va qaytariqlar ikki afzallik hamda ikki yomonlik taxtiga kiradi.

Iymon keltirib ibodat qilinishga loyiq zot faqat Allohdir. Alloh taolo «Ar-Rohman» surasida:

 «(Yer) yuzidagi barcha jonzot foniydir. Ulug‘lik va ikrom egasi Robbingning O‘zigina boqiydir» 26, 27 oyat.

Mo‘min banda doim xalqni xizmatida bo‘lishga harakat qiladi. Xalqga naf yetkazishga harakat qiladi. Xalqni dardini olishga harakat qiladi. Sahobalar bunga misol bo‘ladi:

«Madina shahrining tashqarisida yoshi ulug‘, ko‘zi ojiz bir kampir bor edi. Hazrati Umar roziyallohu anhu har kuni ertalab borib yumushlarini qilib kelardilar. Bir necha kundan keyin, o‘zlaridan avval kimdir kelib uy yumushlarini qilib ketayotganini payqab qoladilar. Buni aniqlashlik uchun tahajjud namozini o‘qiboq bomdoddan oldin kelib ko‘rsalar hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu ko‘zi ojiz keksa onani uy yumushlarini qilib, uyini saromjonlab, sekingina chiqib ketayotgan ekanlar».

Ulug‘larning hayoti mana shunday. Zero haqiqiy iymon egalarini ishi shunday xalqning xizmatida bo‘ladi.

Iymonning ikta asosi bor:

  1. التعظيم لاوامرالله
  2. الشفقة علي خلق الله

1. Allohning amrlarini ulug‘lash. Ya’ni inson har doim nimani buyurgan bo‘lsa uni bajarib, nimadan qaytargan bo‘lsa ulardan doim tiyilib, Allohdan qo‘rqib yurish.

2. Allohning xalqiga shafqatli bo‘lish.

Sahobalarda mana shunday sifat bor edi. Allohning amrini ulug‘lash bilan xalqning xizmatini ham unutmagan. Xalqni xizmati deb, Allohning amrlarini poy mol ham qilishmagan. Bu narsa iymonning komilligini belgisi.

Alloh taolo “Ra’d” surasining 17-oyatida:

“Odamlarga manfaat beradigan narsa esa, yer yuzida boqiy qolur”.

Oddiy bir narsaki insonlarga naf’ yetkazadigan bo‘lib yer yuzida boqiy qolsa, agar inson insonlarga naf’ yetkazib turadigan bo‘lsa, Alloh taolo u insonning nomini vafotidan keyin ham doimiy qiyomatgacha qoldirib qo‘yadi. Sahobalar o‘z xizmatlari bilan xozirgacha va to qiyomatgacha nomlari boqiy qolib zikr qilinib turadi. Sababi ular xalqiga xizmat qildilar.

Xalqga xizmat qilish insondan dunyo g‘am tashvishlari ketishiyu oxirat azobi ketishi va jannat martabasiga erishishiga sabab bo‘ladi.

Abdulloh ibni Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmon musulmoning birodaridir. U unga zulm ham qilmaydi va tashlab ham qo‘ymaydi. Kim o‘z birodarining hojatini chiqarsa, Alloh uning hojatini chiqaradi. Kim bir musulmonni g‘amdan forig‘ qilsa, Alloh undan qiyomat kunining g‘amlaridan birini forig‘ qiladi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning aybini berkitadi», dedilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki biror qo‘li kalta musibatzada odamga yordam bersa, Alloh taolo u uchun 73 marotaba mag‘firat yozib qo‘yadi. Undan bir mag‘firati bu dunyoda uning ishlari yurishib isloh bo‘lishi uchun kifoya qiladi, qolgan 72 mag‘firat qiyomat kuni uning uchun darajot bo‘ladi”, dedilar.

Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Isro qildirilgan kechada jannat eshigiga yozib qo‘yilgan maktubni ko‘rdim, unda: “Sadaqaga 10 barobar mislicha, qarzga 18 barobar mislicha” yozilgan edi. Keyin men: “Ey Jabroil alayhissalom qanday qilib qarz sadaqadan afzal bo‘ladi?” deb so‘radim. U: “Chunki sadaqa behojatning ham, faqirning ham qo‘liga tushaveradi. Qarz esa, faqat unga muxtoj bo‘lgan odamning qo‘liga tushadi”, deb aytdi, dedilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qarz bergan kishiga qarzni to‘lash muhlati kelgunga qadar, har kuni uchun berilgan qarzi miqdoricha sadaqa qilganlik savobi yetib turadi. To‘lash muddati kelib to‘lay olmasa-yu qarzdorga muhlat bersa, har bir kuniga bergan qarzining ikki barobarini sadaqa qilganlik savobi yetib turadi”, dedilar.

Mana bunday ishlar musulmonning musulmon birodari uchun bajargan manfaati tufayli beriladigan savobli ishlardir. Agar buning aksi, ya’ni musulmonlarga zulm qilishlik esa og‘ir gunohlardan sanaladi.

Keyingi paytlarda olingan qarzlarni o‘z vaqtida egasiga qaytarmasdan paysalga solib berishlik, ortga surib yurishlik, yoki biror ishni qildirishga ishchi yollab, ma’lum ish haqqini kelishgandan so‘ng ishchilar tomonidan ish bajarilganda beriladigan usta haqqini ortga surib, bermay yurishlik hollari kuzatilib qolmoqda. Bu esa dinimizda, o‘zgalar haqqiga nisbatan zulm deb qaraladi.

Alloh taolo Qur’oni karimning Isro surasidagi 34-oyatida shunday deydi:

Ahdga vafo qilinglar, zero ahdu paymon (qiyomat kuni) mas’ul bo‘linadigan ishdir”.

Bu haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Uzishga moli bo‘laturib, zimmasidagi haqni bermay yurishi zulmdir”, dedilar.

Albatta kishining haqqi bu dunyoda to‘lab berilmasa qiyomat kunida Alloh taolo har bir haq egasining haqqini olib beradi.

Zayd ibn Xolid roziyallohu anhu aytdilar: “Haybar jangi kuni sahobalardan biri vafot etdi. Buning xabarini Payg‘ambarga (sollallohu alayhi vasallam) yetkazishdi, u zot: “Sohibingizga o‘zlaringiz janoza o‘qiyveringlar!”, dedilar. Bu gapdan odamlarning yuzlari o‘zgarib ketdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam “Sohibingiz Alloh yo‘lidagi narsaga xiyonat qildi”, dedilar. Biz uning kiyimlarini taftish qilib, uning yonidan bir yahudiy bigizini topdik. U bigizning qiymati atiga ikki dirhamchalik ham turmas edi”, dedilar.

Davlat tomonidan mas’ul shaxslarga ishonib topshirib qo‘yilgan korxona yoki tashkilotlardagi xizmatlarni olsak, shaxsiy manfaat va bemehnat daromad orttirish maqsadida ba’zi ishchi va xizmatchilar o‘z mansablaridan yoki qo‘llaridagi xalq boyligidan noto‘g‘ri foydalanib, suistemol qilishi ham kishining yurtiga va o‘z zimmasidagi bajarishi kerak bo‘lgan mas’uliyatiga nisbatan qilgan omonatga xiyonat hisoblanadi.

Bir kishini biror bir jamoatga boshliq bo‘lishligi oddiy ishchiga nisbatan ishi ham, mas’uliyati ham ko‘proq bo‘ladi.

Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi. “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimdalik paytlarida quyidagicha so‘zlarni aytardilar: “Allohim, kimni ummatimning ishida boshliq qilsang-u, u qo‘l ostidagilarga beshafqat bo‘lsa, Sen ham unga beshafqat bo‘lgin. Kimni ummatimning biror ishida boshliq qilsang-u, u qo‘l ostidagilarga muloyim bo‘lsa, Sen ham unga muloyim bo‘lgin”. Imom Muslim rivoyati.

Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak” jome masjidi imom xatibi

https://shosh.uz/uz/juma-mav-izalari-matn-audio-inson-manfaatlari-yo-lida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x