Xassos lirik shoirimiz Hamid Olimjon oʻz maqolalaridan birida ona tabiatni his etish, uni ishonarli tasvirlash uchun ijodkor uch xil qiyofada namoyon boʻlishini orzu qilib, shunday yozgan edi: “Men xorazmliklarning Amudaryoga boʻlgan qarashini, oʻchini, ginasini, alamini soʻz bilan aytib beradigan shoirni, kuylab beradigan ashulachini, chizib beradigan rassomni koʻrishni istar edim”. Shu bilan birga bu fikr zamirida insonning tabiatga qarashi, yaʼni munosabatini ifodalash masalasi ham yotibdi. Xoʻsh, odam bolasi oʻz neʼmatlarini moʻl-koʻl hadya etayotgan tabiatga mehr-muhabbat bilan qaraydimi yoki undan oʻch olish niyatida yashaydimi? Undan gina qilsa, alamini olish uchun zarar yetkazsa, oqibati nima boʻladi? Bular adabiyotning azaliy muammosi boʻlib kelgan va ijod ahli u yoki bu darajada munosabat bildirgan. Lekin gap hozir bu haqda emas.
Men ulugʻ shoirning orzusi davrimizning isteʼdodli adiblaridan biri Normurod Norqobilov ijodida amalga oshganligini koʻrib quvonganimni jurnalxonlar bilan baham koʻrishni istadim. U adabiyotimizda yurtimizning sirli-sehrli tabiati manzaralarini shoirona tarzda soʻz orqali ifodalab bera oladigan mahoratli yozuvchi, nabotot va hayvonot olamini mehr bilan baland pardalarda kuylay oladigan hofiz, quyuq ranglarda chizib beruvchi rassom qiyofasida namoyon boʻlmoqda. Yozuvchining barcha asarlari bunga guvohlik bera oladi.
Aslida-ku tabiat haqida yozmagan, uning manzaralaridan oʻz asarida foydalanmagan ijodkor yoʻq hisobi. U holda Normurodning farqi, oʻziga xosligi nimada? Menimcha, N.Norqobilov tabiatni shunchaki peyzaj vositasi tarzida tasvirlabgina qolmaydi. Uni avvalo, jonli mavjudot sifatida qabul qiladi va obraz darajasiga koʻtaradi, oʻziga xos xarakterini yaratishga intiladi. Yozuvchining tabiatdan xoli bironta ham asari yoʻq. Hatto aksar asarlarining nomlanishi ham tabiat hodisasi, hayvonlar nomi bilan bogʻliq. Masalan, “Paxmoq” (ayiq), “Quyosh tutilgan kun”, “Boʻron qoʻpgan kun”, “Dashtda”, “Togʻu toshlarda”, “Togʻ odami”, “Dashtu dalalarda” kabi nomlar oʻquvchini tabiat qoʻyniga yetaklaydi.
Yozuvchining asarlarini mutolaa qilish jarayonida oʻquvchi dashtu dalalar, togʻu toshlarning jozibali sehrini his qiladi; oʻt-oʻlanlarning hidini sezadi; turli jonivorlar bilan suhbatlashadi. Normurod Norqobilov tabiatni ilmiy tomondan ham yaxshi oʻzlashtirgan. U oʻz asarlaridagi daraxtlar, qirlar, adirlar, hayvonlar obrazini mehr bilan tasvirlaydi, har birining zoologik, biologik, fiziologik, geografik xususiyatlarini yaxshi oʻrganganligini isbotlay oladi. Hatto it, boʻri kabi jonivorlarning psixologik holatlarini ham chuqur tahlil qiladi. Bu obrazlar adibning deyarli barcha asarlarida uchraydi, biroq bir-biriga oʻxshamaydi.
Shunisi xarakterliki, Normurod Norqobilov asarlaridagi it va boʻrilar jahon adabiyotida yaratilgan qarindoshlaridan tamomila farq qiladi. Ularga milliy boʻyoq va ruh singdirilgan. Bu jihatdan Choʻngkalla, Oqyol, Uzuntumshuq (“Ovul oralagan boʻri”), Boʻzboʻri, Qoramanglay (“Dashtu dalalarda”) kabi jondorlar, Boʻynoq (“Togʻ odami”), Yovqur (“Ajal chorlagan kun”), Oqquyruq (“Adadsiz azob”) singari it obrazlari xarakterlidir. Ular yaxshi odamlar bilan til topisha oladilar va bir-birini tushunadilar hamda himoya qiladilar. Masalan, “Dashtu dalalarda” romanining yetakchi qahramonlaridan biri Boʻzboʻri (binobarin, uning asarda tutgan oʻrni, gʻoyaviy-badiiy vazifasi asosiy qahramonlar Eshqul polvon va Toʻlanboylar zimmasidagi yukdan kam emas!)ni Eshqul polvon “tugʻishgan inim” deb biladi. Boʻzboʻri ham oʻzining geografik hududiga joylashgan “tutingan akasi”ning podasini boshqa hudud boʻrilaridan himoya qiladi, oʻzi esa unga mutlaqo zarar yetkazmaydi. Shuningdek, yomon odamlardan qochib “jondorlarni qavm tutgan” Jondosh (“Togʻ odami” qissasining qahramoni)ni togʻu toshlar orasida boʻrilar xavfdan asraydilar, uning antiqa qoʻrasiga xuruj qilmaydilar.
Aksincha, oʻzlariga yomonlikni ravo koʻradigan kimsalarni boʻrilar ayab oʻtirmaydi. Hayvonot olamining bunday oʻziga xos psixofiziologik holatini adib “Ovul oralagan boʻri” qissasidagi Choʻngkalla, “Ajal chorlagan kun” qissasidagi Yovqur, “Adadsiz azob”dagi Oqquyruq kabi jonivorlar timsoli orqali ishonarli ocha olgan. Qishloqning maqtanchoq ovchisi Salom mergan tasodifan qopqonga ilinib qolgan urgʻochi boʻri Oqyolni uyiga olib kelib tulumlab qoʻyadi. Juftini yoʻqotgan Choʻngkalla bir necha kun Salom merganning uyiga kelib (bu yerda adib boʻrining hid bilish qobiliyatiga urgʻu beradi) Oqyolni qidiradi. Merganni chavaqlab, jufti-halolini qutqarish niyatida uchinchi marta kelgan Choʻngkalla Oqyolning oyoqlari ostida yotgan Salom merganni koʻrib, uni jufti tomonidan “mahv etilgan deb bildi”. Shuning uchun bemalol borib Oqyolni hidladi, biroq undan achchiq somon hidi anqidi. Keyin “Erkalanib tumshugʻi bilan yengil bir turtdi. Oqyol bir qop somonday agʻdarilib tushdi”. U jonsiz tanaga aylangandi. Juftining oʻlimidan tamomila gangib qolgan Choʻngkalla merganning uygʻonib ketganini va qoʻrquv ostida oʻq otganini sezmay qoldi. Arang qochib qutilgan Choʻngkalla ayriliqqa chidolmay, qirning baland tepaligida Salom merganning uyiga tikilganicha jon berdi.
Yozuvchi Jondosh, Salom mergan, Nodir chol, Suvonqul, Talʼat, Nazar uzun, Toʻlanboy kabi insonlarning xarakterli qirralarini boʻri va itlar vositasida ochadi. Yaqin odamlarining, hatto xotinining mehrsizligi, tushunmasligidan ranjigan Jondosh “Togʻ odami” boʻlishni afzal bilib, gʻorlarda yashay boshlaydi. Uni aqlli jonivorlardan koʻra iti Boʻynoq yaxshiroq tushunadi va u bilan birga ketadi. Muallif oʻquvchi eʼtiborini itning aqlli koʻzlariga koʻproq tortadi. Boʻynoq oʻz yoniga chorlagan egasiga “aqlli koʻzlarini javdiratib” tikiladi. “It uning soʻzlarini bosh egib” tinglaydi, “koʻzlari yoshga toʻla edi”. Taʼqibchilardan qochish joniga tekkan Jondoshning “nazari yana itning aqlli nigohiga” tushib, qalbidagi butun dardi-hasratini unga toʻkib soladi. Boʻynoq egasini juda yaxshi tushunadi, atrofdagi xavf-xatarlardan oʻz vaqtida ogohlantiradi, kerak boʻlsa himoya qiladi. Chindan ham Jondosh odamlardan topmagan mehr-oqibatni itidan topdi. Tugʻishganidan ham afzal boʻlgan Boʻynoq umrining oxirigacha egasi bilan yonma-yon yurdi va uning uchun jon berdi.
Normurod Norqobilovning “Ajal chorlagan kun” qissasi Yovqur ismli itning tarixiga bagʻishlangan. Qissa Yovqurning soʻnggi kunida koʻrgan-kechirganlari, xotirasida uygʻongan oʻtmishi haqidagi voqealardan iborat. It oʻzining qisqa umrida har xil odamlarni koʻrdi, turli voqealarni boshidan kechirdi. Bayon uning oʻylari va nuqtai-nazari asosiga qurilgan. Bu itni oʻquvchiga yanada yaqinlashtiradi. Yovqur xuddi inson singari fikrlaydi, odamlarga baho beradi. U dunyoga kelib toʻrt xil odamga xizmat qildi va ularning tabiatidagi yaxshi-yomon xususiyatlarni, kimligi hamda qandayligini oʻziga nisbatan qilgan muomalasidan ajratib oldi. Garchi jonivor sifatida qafasda yashashga koʻnikkan, davralarda itlar bilan urishishga majbur boʻlgan boʻlsa-da, har doim oʻzi tugʻilib oʻsgan keng dala-dashtni, erkinlikni qoʻmsaydi. Xoʻjayinlari orasida birgina choʻpon Suvonqulni oʻziga yaqin oladi va har doim unga tomon intiladi.
Yozuvchi itlar va boʻrilar munosabati orqali odamlarni saralaydi, ayrim masalalarda insoniyatni ulardan oʻrnak olishga undaydi. “Dashtu dalalarda” romanining qahramoni Eshqul polvon ehtimol, “yashashni, temtinishni odamlardan emas,jonivorlardan oʻrganish kerak deganda, mana shu holatlarni koʻzda tutgandir”. Shu jihatdan Nodir cholning vafodor iti Oqquyruq obrazi ibratlidir. Bir xum tilla xazinaga ega boʻlsa-da, uni na oʻziga, na bolalariga ravo koʻrmay yer ostiga koʻmib qoʻygan Nodir chol mehr-oqibatni oʻgʻil-qizlaridan, yor-doʻstlaridan, qarindosh-urugʻidan emas, aynan ana shu koʻrimsizgina iti til-zabonsiz Oqquyruqdan koʻrdi. Chol qoʻy galasini haydab qirga otlanar ekan, Oqquyruq ularning yoʻlini toʻsib, “ochiq eshikdan tashqariga intilayotgan suruvning harakatiga oshkora monelik” qiladi. U xoʻjayinining oʻlimini oldindan sezgandi. Shuning uchun kun boʻyi “Oqquyruq mung va xavotir toʻla nigohini undan uzmay, tevaragida aylanadi”, dumini bezovta likillatib, cholning koʻzlariga jonsarak tikiladi. Yurak xuruji tufayli jon bergan Nodir cholning tepasida uch kun poylab, uvillaganicha odamlarni chaqiradi. Itning ovozini boʻrilarning uvlashidan ajrata olgan Erali chavandozning taklifi bilan joʻrasining jasadi topiladi.
Uyiga olib kelib, dafn marosimiga tayyorgarlik koʻrilayotgan paytda “Gʻam va ochlikdan tamomila sillasi qurigan Oqquyruq tevarakdagilarga bir muddat javdirab qarab turdi-da, soʻng oʻrtaga yotqizib qoʻyilgan cholning boshi tomon yurdi. Tumshugʻini egasining gardaniga qoʻyib, choʻzilib yotib oldi. Uning koʻzlari toʻla yosh edi. Azaning uchinchi kuni it ham oʻldi”. Ha, Erali chavandoz aytganidek, “biz bandalar shu itchalik boʻlolmaymiz”. Bu Normurod Norqobilov asarlaridan sizib chiqadigan asosiy gʻoya boʻlib, oʻquvchini hushyorlikka chorlaydi.
Yoʻldosh SOLIJONOV
“Yoshlik”, 2010 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/joziba-sehri/