Joys fenomeni

Menda Joys ijodiga qiziqish katta. Negaligini oʻzim ham bilmayman. Xotiramda, Moskvadagi 1-chet tillar institutida oʻqib yurgan vaqtimda ilk bor Jeyms Joys nomiga koʻzim tushgandi. Bu nom yumshoq muqovali kitobcha ustiga katta qilib bitilgan edi. Men kitobchani talaba qiz qoʻlida koʻrdim. Seminarda oʻtirar ekanmiz, kitobcha va nom oʻziga tortaverdi. Tanaffusda iltimos qilib, uni qoʻlimga olib koʻrdim. Shu-shu xanuzgacha Joys bilan ahyon-ahyon boʻlsa-da, shugʻullanib turaman. Qoʻlimdagi manbalar ham, har holda yetarlicha. Oksford universiteti kitob va maqolalar toʻplami, Harri Levin nashr etgan qisqa tanlangan asarlar (Levinning katta soʻzboshisi bilan), “Uliss” romanining 1992 yilgi oʻn beshinchi toʻliq nashri (Dekln Keberdning katta soʻzboshisi bilan), “Finneganning uygʻonishi” romani, Moskva “Progres pablishers” nashri “Dublinliklar. Yosh artistning portreti” (E. Yu. Geniyevaning soʻzboshi va 120 sahifalik izohi bilan) va hokazo.

Men ilk bor Joysning nomi va kitobchasini koʻrgan vaqtlar u sobiq Ittifoqda taqiqlangan payt edi. Moskvalik qiz har uchrashganda koʻzlarimdagi bir narsani uqdimi, otasiga aytib menga ham shu kitobdan keltirib berishni vaʼda qildi. Uning otasi katta amaldor boʻlib, vazifasi nuqtai nazaridan Angliyaga qatnab turar ekan. Yaxshi odam boʻlsa kerak uzoq kuttirmadi, maqsadimga yetdim.

Kitobchani avaylab titkilab, qandaydir dunyoga kirib qolayotgandek edim. Joysni mutolaa qilish mazza. Ayniksa, “Dublinliklar” toʻplamiga kirgan hikoyalar juda zavqli. Aslida hikoyalarda hech narsa yoʻq. “Opa-singillar” hikoyasini ochsak, tobutda oʻlim toʻshagida yotgan ruhoniy va atrof-muhitning oddiy tasviri. Biroq, hikoya nomining oʻziyoq sirli: oʻylana boshlaysiz, u “Opa-singillar”mi yoki “Rohibalar”, xohlaganingizni tanlab olavering. Hikoyaning tili murakkab emas, ayrim izohtalab soʻz va birikmalarni hisobga olmasa – sodda. Ammo hikoyaga necha bor qaytar ekanmiz, yangi maʼno va mazmun kasb etaveradi. Bir qarashda oddiy, sodda koʻringan matnda maʼno chuqur. Oʻsha “maʼno”ni oʻz shaxsiy dunyongizdan kelib chiqib anglayverasiz va qabul qilaverasiz. Endi xayolot dunyosidasiz. Buni xayolot deyish ham qiyin. Balki mohiyatdir. Dunyo, uning siz shu choqqacha anglolmagan kori-bor, oddiy narsa va tushunchalarning gʻaroyibligi, mif va asotirlarning hozirda Joys qahramonlarini emas, sizni oʻrab turgan havosi, azaliyat va abadiyat, botinlik va zohirlik, oddiy kundalik hayot va kahramonlik, yer va mavjudot davomiyligi, qolaversa, odamlarni oʻzgartirishga unday olmay telba boʻlgan Nitshe nazaridagi eski “etik” tushunchalar, kundalik turmushdagi oʻrningiz, Kalvak Maxsumchalik yoxud Qori Ishkambachalik fikr yurgizmaydigan yaqin doʻstlaringiz bor tiynati, siyrati, surati bilan namoyon boʻlaveradi. Qoʻpol va loʻnda qilib aytganda, asarda Joys va uning qahramonlari yoʻq, bu olamda hech kim yoʻq, sizning Dunyongiz va undagi qatnashchilar mavjud, xolos.

Hikoyadagi takroriy “falajlik”, “moʻrtlik”, “oppoq soch”, “murda” soʻzlari kayfiyatingizni boshqarib turadi. Oʻlimning taʼsir etuvchi, turli assotsiatsiyalar asosidagi koʻrinishi va mohiyati mungli notasini chalib turadi. Shunda “Cherkovdagi simoniya” iborasiga duch kelasiz, nigohingiz toʻxtab qoladi, qancha fursat oʻtdi endi baribir, diniy aqidalar, “ol-ol, ber-ber”lar, ikkiyuzlamachilik va tovlamachiliklar, diniy cheklanganlik, qotib qolish, xullas, ne narsaki, sizni bezovta etib yurgan boʻlsa, barchasi qalqib chiqaveradi. Turli qiyofalar, turli toifadagi tumonat odam, siz guvoh boʻlgan yoxud eshitgan aqlni lol etuvchi voqea-hodisalar… Aslida esa simoniya haqda gap ketayotgan edi. Joys shuni, yaʼni cherkovdagi amallarning sotilishi, pulga dam solish kabilarni koʻzda tutgan edi xolos. “Simoniya” soʻzi apostllardan gʻaroyibot yaratish iqtidorini sotishni soʻragan jodugar Simon ismidan olingan. Tamom.

Eng yaqin doʻstlardan biri, dunyoda hech narsani oʻylamay yashayverish kerak dedi. U aldayotgandi. Oʻzi ham biror daqiqa, ongsizlik holatlarini hisobga olmasa (oʻshanda ham surragotlar oʻlmaydi), oʻylamasdan yashashga qodir emas. Inson tabiatidagi har narsani bilishga qiziqish, ilmga chanqoqlik hech qachon tinchlik bermaydi, dilga qutqu solaveradi. Barcha ijtimoiy ong mahsullari shu asosda yaraladi.

Joys qahramon degan tushunchani tan olmagan. Qanday xarakterda boʻlmasin, qahramonlik sunʼiy yaratiladi. Joys uchun haqiqiy qahramon yerda. U oddiy odam. U hoh hayotda, hoh sanʼatda boʻlsin, baribir, oddiy odam.

Digamen doʻstim shunday deydi: oddiy narsa oddiy emas. Cheksiz koinot mavhumligi ichidagi bitta tushuniksiz unsur. Buni unutmaslik lozim.

Digamen yana aytadi: Men Nitsheni tushunaman. U oʻz asrida tugʻilmagan. Bechoraga qiyin boʻldi. Oila nimaligini bilmadi, qirqqa kirmay oʻlib ketdi. Ammo etik kategoriyalar hali ham zarracha oʻzgargani yoʻq. Iloj va imkoniyatsizlikni badiiy sanʼat darajasiga koʻtargan Kafka, Kamyuni ham tushunaman. Ular oʻzlari yozishdan boshqa imkoniyat topa olmadilar. Sizifning yumushini bajaraverdilar. Qizigʻi, ular ham ancha yosh oʻtib ketganlar. Taqdir taqozosi bilan biri tabiiy, ikkinchisi fojiali oʻlim topdi.

Koʻzimiz koʻrib, qulogʻimiz eshitayotgan narsalar onglilik darajasida qanchalik mavhum. Undan tush aniq. Tush onglilik va ongsizlikning qaysi chegarasida yuz berishi aniqlanmagan. Ongsizlik, yaʼni uyqu holati deyilsa, unda tush aynan hayot parchasi ekanligiga shubha uygonadi. Sartr ahmok emas. Ammo tush tasvirlari qoniqtirmaydi. Tush kinoga olinsagina qoniqtirishi mumkin. Aks holda hayotiy polifoniya tasviriyligiga erishib boʻlmaydi. Qalam ojizlik qiladi. Bu narsa Joysni koʻp qiynagan. U ham maqsadiga yeta olmagan.

Tushunmadim, deyman men.

Digamen davom etadi: yozuvda polifoniya yaratib boʻlmaydi. Joysning Eyzenshteyn filmlariga, gluakomadan azob cheksa-da, ekran tagida oʻtirib termulavergani va Dublinda birinchi kinoteatr tashkil etish tashabbusi bilan chiqqani ham bejiz emas. Aytmoqchimanki, yozuv yoxud bitikdagi qatorlar oʻquvchi miyasida toʻliq hayot effektini yarata olmaydi.

Modernizmning choʻqqisi boʻlmish Joys asarlariga qiziqish, oʻqish, oʻrganish, mana yuz yildirki, toʻxtagan emas. U butun dunyoda sevib oʻqilmoqda. Joyschilar markazlari, maktablari, ixlosmandlar klublari va koʻp sonli mushtariylari soni kun sayin ortib bormoqda. Ular har yili 16 iyun kunini Blumsdey[1] sifatida nishonlaydilar.

Qizigʻi shundaki, 1917 yil Oktyabr toʻntarishi inqilobchilari ham Joys bilan qiziqqan ekan. 1932 yilda Moskvadagi “Inqilobchi yozuvchilar xalqaro uyushmasi” Joysga quyidagi savol bilan anketa yuborgan: “Oktyabr Inqilobi Sizga qanday taʼsir qildi, adabiy faoliyatingiz uchun buning qanchalik ahamiyati bor?”. Uyushma kotibi Romanova imzosi bilan berilgan bu savolga Joys oʻz kotibi Poll Leon tilidan kinoyali javob bergan: “Rossiyada 1917 yil inqilob yuz berdi. U noyabrda amalga oshirildi. Qoʻlimdagi bor maʼlumotlarga asoslanib uning ahamiyati haqida biron nima deyishim qiyin, biroq kotibangizning imzosiga qaraganda, oʻta buyuk oʻzgarish yuz bergani yoʻq”[2].

Oʻshandan buyon Joys nomini tilga olish taqiqlangan Rossiyaning Chet el adabiyoti davlat kutubxonasi bogʻ maydonida 2008 yil 17 martda uning sharafiga haykal oʻrnatildi.

Oʻzbekistonda ham Joys ijodiga qiziqish hozir keng tus olgan. Men 2010 yili Milliy Universitet adabiyot fakulteti talaba va professor oʻqituvchilari bilan uchrashuvda talabalarning Joys hayoti va ijodiga boʻlgan samimiy va yuksak eʼtiborini koʻrdim. Tolibi ilmlar u haqda maqolalar yoza boshlabdi. Bu, albatta, ijobiy xodisa.

Joysning “Musavvirning yoshlikdagi portreti”, “Uliss” shoh asari hassos yozuvchi va olimlar Ahmad Otaboyev, Ibrohim Gʻafurov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima kilindi. Bu katta yutugʻimiz.

Demak, Joysga qiziqish ortgan ekan, uning murakkab asarlari oʻzbek tilida oʻqilayotgan ekan, tushunishga foydasi tegar degan maqsadda internetdan olingan va oʻzimda bor materiallarni quyida tarjimalar qilib berishni lozim topdim.


 

 

  • Mamlakatimning maʼnaviy-ruhiy olami haqida edi bu bobni yozishimdan maqsad, shu bois voqea obʼyekti sifatida Dublinni tanladim, chunki mening nuqtai nazarimda dunyoning qoq markazi xuddi shu yer.
  • Hikoyalarimdan zahar, ogʻu, iflos balchiq va axlat hidi anqisa, menda nima ayb?! Irland xalqi mening yaltiroq oynamda oʻziga bir yaxshilab nazar solsin.
  • Qancha yozsam, hamisha Dublin haqida yozaman, Dublinning mohiyatiga yeta olsam, demak, dunyodagi borki shaharlar mohiyati menga aniq namoyon boʻladi.
  • Niyat, maqsad va yozish texnikam qudrati ila odamzodgacha va undan keyin ham boʻladigan yerni tasvirlashga chirandim.
  • Texnik jihatdan oldimga qoʻygan vazifam oʻn sakkiz nuqtai nazardan va shuncha uslubdan iborat bir asar, kitob yozishdir, zohiran, bu hamma tijoratchi-doʻstlarimga ayon, faqat ular tomonidan hech qachon kashf etilmagan.

(Xerriyet Shou Uiverga xat. 24.06.1921)

  • Bu ikki xalq (isroil va irland) toʻgʻrisida epopeya va shu bilan birga bir kunlik hayot haqidagi kamtarona hikoyadek barcha inson tanasining mavjud sikli hamdir. Ensiklopediyadir desakmikin, xullas, shunga oʻxshash… Mening maqsadim mifni sub species temporis nostri (hozirgi zamonaviy asno) holiga koʻchirishdir. Har qanday voqea-hodisa (shu bilan birga, har bir soat, har bir aʼzo va har bir sanʼat turi, butunning struktur tuzilmasiga singdirib toʻqilgan) nafaqat shart-sharoit berishi, balki oʻzining shaxsiy texnik uslubini yaratishi shart (Karlo Linatiga xatdan. 21.09.1920y.).
  • Turfa badiiy madaniyat sohasining qay bir tomonidan kelmang (ritorika, musiqa yoxud dialektika), tabula rasa[3] qoldiradi, xolos. “Siren”ni yozganimdan buyon ortiq musiqa eshita olmayman (Herriyet Shou Uiverga xat. 20.07.1920y.).
  • Hissiy koʻruvning eshituvga aylanishi – sanʼatning bor mohiyatidir va u faqat va faqat oʻzi istagan taʼsirga erishishga urinadi… Xullas, “Uliss”dagi barcha ichki monolog xuddi shunday.
  • Birdaniga oʻzimni ochib tashlasam, boqiyligimni boy beraman. Shunchalik koʻp boshqotirma va topishmoqlarni yigʻdimki, asrlar boʻyi olimlar yecha olmay bosh qotirsinlar, bu – abadiy oʻlmas boʻlishimga kafolatdir.
  • Eng achinarlisi, avom kitobimdan ahloq izlab ovora boʻladi, topishga urinadi, yanada yomonrogʻi uni jiddiy qabul qiladi. Gapning indallosini aytsam, unda bironta jiddiy satr yoʻq, qahramonlarim toʻpori laqmalar, xolos.

Kitobimga kimni kirgizmay, u shu zahoti oʻladi yoki bosh olib ketadi yo boʻlmasa u biron falokatga uchraydi.

  • Bu asar mening oʻz qoidalarim asosida oʻynagan oʻyinimdan boshqa narsa emas.

 

  • Faust odamgarchilikka sigʻmaydi emas, umuman, odam emas. Keksami u, yoshmi? Uning uyi, oilasi bormi? Hech narsasi yoʻq… Hamlet –ha, u – inson, biroq u oʻgʻil. Uliss boʻlsa Laertning oʻgʻli, Telemakning otasi, Penelopaning eri, Kalipsoning jazmani, Troya va Itaka devorlari qarshisidagi grek jangchilari safdoshi. Yana tagʻin unutmang, u harbiy xizmatdan boʻyin tovlagan simulyant (mugʻombir) ham. Urushga tushib qolib, oxirigacha boradi. Quroldoshlari qamalni toʻxtatishiga koʻnmaydi, ularni olgʻa boshlaydi. Shuningdek, u Yevropadagi birinchi jeltelmen ham. Maʼsuma qirolicha roʻparasiga shir yalangʻoch chiqqanda, tuzlangan gavdasining sharm joylarini qiz nigohidan yashiradi. Va shuningdek, u – buyuk ixtirochi. Tank uning ixtirosidir. Yogʻoch ot yoki qutimi – nima farqi bor? Unisi ham, bunisi ham ichida jangchilar yashiringan qobiq-ku!
  • Kechasi yozsam, negadir yozolmayman, soʻzlarni odatdagidek bogʻlolmayotganimni sezaman. Xuddi tundagi har xil – ongli, yarim ongli, soʻng ongsiz holatlarga oʻxshab soʻzlar hech vaqo anglatmay qoladi. Soʻzlarning odatdagidek munosabat va bogʻlanishlari asosida buning iloji yoʻqligini kashf etdim. Tong otadi, yana hamma narsa oʻz oʻrniga qaytadi. Soʻzlarga ingliz tilini qaytarib beraman, uni abadiy buzib tashlamoqchi emasman.
  • Men ushbu kitobdagi har bir qatorni himoya qilib oqlashim mumkin. Balki bu – tentaklikdir. Buni vaqt koʻrsatadi.
  • Asarlarimning asl qahramonlari – zamon, daryolar, togʻlardir. Ochigʻini aytganda, bu yerda umuman qahramonlar yoʻq.
  • Qayta-qayta oʻqisa, har qanday oʻquvchi bu kitobni albatta tushunadi. Bunga shubham yoʻq.

 

 Ikkinchi jahon urushi haqida:

Polshani tinch qoʻyib, “Finegan maʼrakasi” bilan shugʻullanishsa boʻlmaydimi?

 

 Irlandiya haqida:

– Irland milliy xarakteri haqida nima deya olasiz?

– Oʻta yaramas, oʻzimdan qiyos.

  • Sariq chaqachalik qadrini bilgan odam Irlandiyada yashamaydi.

 

 Joys oʻzi haqida:

  • Men unchalik oliyhimmat emasman, xiyol ichkilikka ruju qoʻygan, ojiz odamman.
  • Miyamning chakana savdo doʻkonidagi ish boshqaruvchinikidan farqi yoʻq.

 

 Joys otasi haqida:

  • Oʻzim gunohkor banda emasmanmi, shuning uchun uning nuqsonlari ham menga yoqadi.
  • Balki uning (qizi Lyuichining) kasali “Uliss” asarim uchun berilgan jazodir?
  • Kitobimdagi yuzlab sahifalar, oʻnlab personajlar otamdan olingan.

 

 Nora (rafiqasi) Joys haqida:

  • Mabodo Xudo yerga tushsa, sen unga xam shu zahoti topshiriq berasan.
  • Eh, Jim (Nora uni shundoq atardi) oʻzining yozuv-chizuvi bilan oʻralashmay, ashulachi boʻlganda edi!
  • Nega sen mundoq odamlar tushunadigan aqlliroq kitoblar yozmaysan?

 

Bekket “Uliss” haqida:

  • Bu ingliz tilida yozilmagan deb daʼvo qilyapsizmi? Bu, umuman yozilmagan. U oʻqish uchun emas…Uni faqat koʻrish va eshitish kerak.
  • Bu yerda shakl – mazmun, mazmun esa shakldir.

 

 Bekket “Finegan maʼrakasi” haqida:

  • Joys matni – biron narsa haqida emas, uning oʻzi ana shu biron nima.

 

Joys Penelopa monologi bilan irland ayolini haqoratladi, deya Irlandiyadan badargʻa qilindi, men esam, Penelopa monologi tarjimasini talaba qizlarga berganim uchun Fargʻona davlat universitetidan haydaldim.

 

Tilavoldi JOʻRAYEV,

18 aprel 2011 yil

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7


 

[1] Blumsdey, Blum kuni – 1904 yilning 16 iyunidan Jeyms Joysning muxlislari “Uliss” romani uchun bayram kuni deb belgilaganlar.       

 

[2] 1613 yildan hukmronlik qilib, 1917 yilda Oktyabr inqilobi oqibatida  taxtdan agʻdarilgan rus imperatorlari sulolasiga ishora qilingan.            

 

[3]Ogʻir hissiyot maʼnosida      

 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/joys-fenomeni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x