* * *
Bahor ayyomida ul xatti rayhonimni sogʻindim,
Ki, yaʼni, hurvash, zulfi parishonimni sogʻindim.
Saropo ishva birla dilrabolar xayli yaktosi,
Nazokat kishvarida shohi davronimni sogʻindim.
Qadi – tubo, yuzi – gul, sochi – sunbul, koʻzlari – jodu,
Bu yangligʻ nozparvar ofati jonimni sogʻindim.
Netarman nola qilmay, ul jafojoʻ hasratidinkim,
Firoqida damodam ohu afgʻonimni sogʻindim.
Edim bir lahza tinmay zarravash yonida beorom,
Yoʻqotib emdi ul xurshidi raxshonimni sogʻindim.
Qizil guldek yuzi yodi bilan har kechalar tinmay,
Chu bulbul aylagʻon man xasta ilhonimni sogʻindim.
Qolibman, Sidqiy, ul shahdu shakarlabning firoqida,
Suxanvar toʻti yangligʻ shakkaristonimni sogʻindim.
* * *
Nisor aylay desam, jono, na boʻlgʻay xonumon tanho,
Kel emdi, sadqa aylay jonlar, ey ruhi ravon, tanho.
Vafo maydonida tanho bosh oʻynamoqlikni tamosho qil,
Meningdek notavon tanho, hama ahli jahon tanho.
Qalamdek midxating yozmoqda tilni pora aylaykim,
Qilarmen qaysi vasfing boʻlsa, ogʻzimda zabon, tanho.
Hilol oso tanim zaʼf etti soʻzi shiddati darding,
Kelib soʻrmaymusan holimni, ey qoshi kamon tanho.
Kamoli shafqat izhorin qilib, bir yoʻl qalaysan, deb,
Na boʻlgʻay bir kecha kulbamgʻa boʻlsang mehmon, tanho.
Raqibi roʻsiyahlar qoʻymadi koʻyunggʻa bormoqgʻa,
Ki, yuz surtub oʻpar erdim man anda oston, tanho.
Bosh urma emdi Sidqiy, har tarafqa yigʻlabon har dam,
Sanga yetmasmu gar haq lutfi boʻlsa soyabon tanho.
* * *
Ishqida oʻldumki, vah, ul yor kelmaydur hanuz,
Koʻrsatay deb manga bir diydor kelmaydur hanuz.
Oh urub har dam yurak-bagʻrimni hajrida ezib,
Yigʻlasam to subh ul dildor kelmaydur hanuz.
Bodai laʼli labidin shod edim doim, vale,
Boʻlmisham koʻrmay yuzin bemor, kelmaydur hanuz.
Dard ila hasratlarimni ul sanamgʻa sarbasar,
Arz etib aylay desam izhor, kelmaydur hanuz.
Jomi vaslidin damodam mast erdim, hayfkim,
Ketti tashlab aylabon xummor, kelmaydur hanuz.
Otashin ruxsorigʻa shaydo qilib men xastani,
Qilgʻali holimni istifsor kelmaydur hanuz.
Nazm ila Sidqiy muvashshah aylab oning nomigʻa,
Ayladim jon boʻynigʻa tummor kelmaydur hanuz.
* * *
Lablaringdur shahdu shakkardin maleh,
Gul yuzing gulshanda nastardin maleh.
Xatlaring bordur tarovat bobida
Sunbulu rayhonu anbardin maleh.
Kokuling boʻyi mashomi jonima
Bordurur ul mushki azfardin maleh.
Oy yuzingni bandasidur nechakim,
Orazing xurshidi xovardin maleh.
Oʻz tengida qaysi bir shoir soʻzi,
Bor erur Sidqiy suxanvardin maleh.
* * *
Boʻlmasun hech kimsa mandek sango, aslo, mubtalo,
Boʻlmadim xurram dame, boʻldum sango to mubtalo.
Boʻlmagay oshiqlaring ichra maningdek, nechakim,
Ishq iqlimida yoʻq mandek saropo mubtalo.
Kishvari hajring aro bir shuhradori soʻznok,
Mandin oʻzga topilurmu noshikibo mubtalo.
Dardu gʻamdur mahramim, ohu figʻondur hamdamim,
Toki boʻldum man sango, ey hur siymo, mubtalo.
Har sahar afgʻon chekar chun qumri Sidqiy tinmayin,
Ul magar boʻlmish sango, ey sarvi raʼno mubtalo.
* * *
Abroʻdin tiygʻi dudamlar oshkor aylar koʻzung,
Goʻyiyo qatlim uchun bir zulfiqor aylar koʻzung.
Manmu boʻlgʻon nimnigahlar qilmoqingdin telbakim,
Bir boqib yuz men kabini beqaror aylar koʻzung.
Xatlaringdin ofiyat sorigʻa yoʻl zohir, vale,
Dam-badam yuz ming balolargʻa duchor aylar koʻzung.
Sadqa boʻlsun xasta jonim senga boqsam, ne uchun
Doimo bedodligʻni ixtiyor aylar koʻzung.
Vah, na sohirdurki, jono, hech rahm etmay mango,
Bir boqib aqlimni mulkin tor-mor aylar koʻzung.
Ishq bemori oʻlan mandek hama sargashtagʻa
Bir boqish birlan davoyi beshumor aylar koʻzung.
Rishtai jonigʻa Sidqiyning damodam urgʻali,
Bir necha nishtarni mujgandin qator aylar koʻzung.
* * *
Telba boʻlsam ne ajab, har lahza ul dildorsiz,
Kim junun dafʼigʻa boʻldum zulfidin tummorsiz.
Bah, nechuk tun erdi ul tunkim edi hijron tuni,
Boʻlmas erdim bir nafas yodida ohu zorsiz.
Ravzai vasliga yetmoqlik muyassar boʻlmadi,
Ne uchunkim boʻlmadi, ul gul dame agʻyorsiz.
Sunbuli zulfi xayoli birla har bir kechalar,
Ishqi otashxonasida boʻlmadim zunnorsiz.
Vaʼdai vasli bilan har doimo dilshod edim,
Bas, nechukdin yigʻlamaykim, ul pari atvorsiz.
Nolai oshiqlari gardungʻa yetgan kechasi
Boʻlmasun bazmi visoli gʻijjagu setorsiz.
Xushklabmen bodai laʼli labisiz onqadar,
Bir dame yoʻqturki, boʻlsam, anda to xummorsiz.
Vasl umidi tirguzur, bimi firoqi oʻldurur,
Ore, mundogʻ, boʻlmagʻay ishq oʻynamoq dushvorsiz.
Erdi koʻnglum mulki oning yodi birla barqaror,
Negakim, vayron oʻlur mulk oʻlsa gar sardorsiz.
Javrlarkim, ul jafojoʻ hasratidin mandadur,
Boʻldi bir dardi ajab, koʻnglum aro izhorsiz.
Harna kelsa shukr qil, Sidqiy, nigoring soridin,
Boʻlmagʻay vasli muyassar javr ila ozorsiz.
* * *
Ul shakarlab aylasa noz ila gar shirin navo,
Toʻtii tabʼim tuzar ul vaqt aro qandin navo.
Mutribo, ul dilrabo yodida sozing soz etib,
Jon nisor aylay sango, chun Zuhra tuz derin navo.
Beasar yalgʻon figʻonim qayda yetqoy ul sori,
Soʻzi dildin chekmas ersam, yigʻlabon gar chin navo.
Tinmagʻur koʻnglum tinib, bir lahza orom olmagʻay,
To oning koʻyigʻa borib, chekmasa chandin navo.
Oʻylakim, chang aylabon, qaddim duto gar aylasam,
Shomi gʻamda oʻlturub boʻlgʻay manga oyin navo.
Yigʻlashur ahvolima, rahm aylashub vuhshu tuyur,
Dashti hajr ichra chu qilsam ingranib, garmin navo.
Qayda Sidqiy yetqasen gulgun qabolar vasligʻa,
Chekmas ersang sidq ila har lahza sad rangin navo.
* * *
Ey dil, kelu bir navo etib ket,
Gʻam sharhidin ibtido etib ket.
Vaqtingni bilib gʻanimat emdi,
Azmi rahi muddao etib ket.
Uzlatda chekib oʻzingni, elning
Suhbatlaridin jalo etib ket.
Hosid talabigʻa yetmasun deb,
Har yerda esang duo etib ket.
Fazl ahlini hidmatin na yerda
Ersang, ani borho etib ket.
Ey yor, kelib soʻrub malolim,
Gʻam vartasidin raho etib ket.
Oy kibi yuz(ing)ni koʻrsatib to,
Baytul hazanim ziyo etib ket.
Hajring chekib oʻldum asru bemor
Bemoringga bir davo etib ket.
Sidqiy, beribor yoʻlida yoring,
Joningni ango fido etib ket.
Sidqiy XONDAYLIQIY
(1884 – 1934)
“Sharq yulduzi”, 2017/9
https://saviya.uz/ijod/nazm/jon-nisor-aylay-sango/