Yigirmanchi asrni yigirma birinchi asr bilan maʼnaviy bogʻlab turuvchi koʻpriklardan biri, meningcha, Aziz Qayumov edi. U kishining hayot va ijod yoʻli har bir oʻzbek ziyolisi uchun oʻrnak boʻlgulik, nazarimda. Toʻqson yildan moʻlroq umr kechirib, shuning yetmish yildan ziyodini fanga bagʻishlagan akademik olim oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga benazir xizmat koʻrsatsa-da, kamtarlikni mudom kasb etib oʻtdi.
Ustoz buyuk mutafakkir Alisher Navoiy merosi tadqiqiga bagʻishlangan koʻplab ilmiy maqolalar, bir necha jildlik asarlar yozib qoldirdi. Qoʻqon adabiy muhiti vakillari haqida ilmiy maʼlumotlar toʻplab, bayoz va tazkiralarni chop ettirib, ularga haykal qoʻydi.
Gʻafur Gʻulomning tugʻilgan kunlari, ayniqsa, 80 va 90 yillik yubileylari arafasida olingan koʻpgina telekoʻrsatuvlarda domlaning suhbatlari magnit tasmasiga muhrlangan. Ularda Azizxon aka dadamning sheʼrlarini goʻzal tarzda oʻqib, teran tahlil qilib bergan lavhalar men uchun, ayniqsa, qadrli. Gʻafur Gʻulomning qoʻqonlik shoirlar bilan yozishmayu mushoiralariga doir gurunglari ham uy-muzeyimiz kompyuterida saqlanib qolgan. Baʼzan oʻsha suhbatlarni qoʻmsaganimda, endi kim bular haqida Azizxon domladek aytib bera oladi, deb afsuslanaman. “Jom sindi, sharob endi qani?” degan edi Charxiy domla dadamning vafotiga bitgan marsiyasida. Bu soʻzlarni, meningcha, Azizxon domlaga ham aytgulik…
Azizxon Qayumov Gʻafur Gʻulomning 100 yillik yubileyi munosabati bilan “Akademik Gʻafur Gʻulom” xotira kitobini (ikki jildlik) yozayotganida koʻp bor hamsuhbat boʻlganman. Domla oʻshanda nabiralarini ham uy-muzeyga olib kelib, eksponatlar bilan tanishtirgan, Gʻafur Gʻulom qanday inson va shoir boʻlganini zurriyotlariga tushuntirib bergan edi. “Oʻzbek xalqining shunday buyuk shoiri borligidan xabardor boʻlishsin”, degan edi oʻshanda hayajon bilan domla.
Azizxon aka menga dadam bilan uchrashuvlari, ular oʻrtasidagi soʻz oʻyinlari haqida toʻlqinlanib, rohatlanib soʻzlab berardi. Azizxon akaning Gʻafur Gʻulom bilan ilk uchrashuvi Qoʻqondagi 3-maktabning 6-sinfida oʻqib yurgan kezlari boʻlib oʻtgan ekan. Oʻsha vaqtlar Gʻafur Gʻulomning “Egalari egallaganda” kitobi yangi chiqqan va xalq orasida mashhur boʻlib ketgan ekan. Oʻsmir Azizxon maktab kutubxonasidan shu kitobni olib, darrov oʻqib chiqibdi-yu, uni topshirgani ketayotib, yoʻlda ikki kishiga duch kelibdi. Ulardan biri dadam, boshqasi esa oʻsha davr matbuoti fidoyilaridan togʻam Muhitdin Xayrullayev ekan. Ular kitob qoʻltiqlagan bolani koʻrib qoladi-yu, uni yonlariga chaqiradi. Dadam oʻsmirdan qanday kitob oʻqiyotganini soʻraydi. “Egalari egallaganda”, deb javob beradi Azizxon. “Iya, mening kitobim ekan-ku, senga yoqdimi?” deb soʻraydi dadam. “Juda yoqdi”, deb javob qaytaradi oʻsmir. Hamrohlar bolani alqab, bir-ikki soʻzlar aytadilar-da, oʻz yoʻlida ketadilar. Azizxon esa kitob muqovasidagi suratga tikilib, chindan-da uning muallifi bilan uchrashganiga ishonch hosil qiladi va sinfiga qaytgach, bu haqda sinfdoshlariga gʻurur bilan hikoya qiladi.
Azizxon shu maktabning yuqori sinfida oʻqib yurgan kezlari Gʻafur Gʻulom bilan ikkinchi marta uchrashgani, maktab direktori Hamzaxon Abbosov uni oʻz kabinetiga chaqirtirib, Azizxonni Gʻafur Gʻulom va u bilan birga kelgan boshqa shoir-yozuvchilarga tanishtirgani, sheʼriyatga havasmand shogirdidan biror mashqini oʻqib berishni iltimos qilgani-yu, Azizxon esa azbaroyi hayajon bosganidan, sheʼrni oʻqiyotganda oʻrnidan turishni ham unutgani haqida soʻzlab bergandi. Gʻafur Gʻulom oʻshanda unga “Shoir sheʼr hurmati uchun, uni birovga oʻqiganida, oʻrnidan turishi kerak”, deya beozor tanbeh bergan ekan. Bundan tashqari, goʻzal va sermaʼno qofiya tanlash uchun koʻp oʻqish kerakligini ham yotigʻi bilan tushuntirgan ekan. Shundan soʻng Gʻafur Gʻulom, direktor iltimosiga binoan, yangi yozgan “Bilib qoʻyki, seni jahon kutadi” sheʼrini oʻrnidan turib, oʻrtaga chiqib oʻqib beribdi. Mazkur sheʼr dastlab shu sarlavha bilan Qoʻqonda yozilib, “Yangi Fargʻona” gazetasida ertasi kuniyoq bosilib chiqqan ekan. Keyin u “Bilib qoʻyki, seni Vatan kutadi” degan sarlavha bilan Gʻafur Gʻulom kitoblariga kiritiladi.
Dadam Fargʻona, Andijon, Namangan, Qoʻqonga tez-tez safar qilar, xalq orasida yurishni juda sevar edi. Vodiyda doʻstlari koʻp boʻlib, har yili ularni birrov yoʻqlamasa, koʻngli toʻlmasdi. Gʻafur Gʻulomning ana shu safarlari haqida ham Azizxon domla tez-tez eslab turardi. Keyinchalik ana shu xotiralar ham “Akademik Gʻafur Gʻulom” kitobi sahifalaridan oʻrin oldi.
Oradan yillar oʻtib, Azizxon aka Toshkentga keladi – Oʻrta Osiyo davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi. U poytaxtda ham adabiy anjumanlar, universitet tadbirlarida Gʻafur Gʻulom bilan koʻp bora uchrashadi. U kishining dadam bilan munosabatlari tobora yaqinlashadi. Bunga bizning va Azizxon aka oilasi oʻrtasidagi aloqalar ham bir qadar sabab boʻladi. Men ayam Muharramxondan Azizxon akaning otasi – Poʻlatxon domla haqida ancha-muncha esdaliklar eshitganman. Poʻlatxon domla, hatto, dadam bilan ayamning nikoh toʻyida ham ishtirok etgan ekan. Qolaversa, ayam Poʻlatxon domlaning qizi bilan bir maktabda tahsil olgan ekan. Dadam ham Qoʻqonga borgan paytlari Poʻlatxon va Charxiy domlalar bilan Muqimiyning hujra-muzeyida (dadamning iltimosiga binoan ajratilgan ikkinch qavatdagi xonada) uchrashib, dilkash suhbatlar qurganini koʻp gapirar edi.
Azizxon domla universitetni bitirib, avval nomzodlik, keyin doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Uning ukasi Lazizxon Qayumov ham adabiyotshunos olim boʻlib, aka-ukalar biznikiga bot-bot kelib turishardi. Ular togʻam Muhitdin Xayrullayevning (oʻz vaqtida “Sadoyi Fargʻona”, “Yangi Fargʻona”, “Kommuna” gazetalarining muharriri boʻlgan) oʻgʻli Muzaffar Xayrullayev bilan (dadam Muzaffar akamni oʻgʻlim derdi, 1947 yilda Qoʻqondan kelib, biznikida yashab katta akam bilan oldinma-keyin SAGUning boshqa-boshqa fakultetlarida oʻqigan) qalin doʻst boʻlishgan. Azizxon va Lazizxon domlalar biznikiga tez-tez kelib turishiga shu doʻstlik ham ozmi-koʻpmi sababchi boʻlgan, desam yanglishmayman.
Professor Hamid Sulaymon boshchiligida Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi tashkil qilinganda, Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodiga bagʻishlangan eksponatlar uchun alohida xona ajratildi. Bu xonaga jihozlar Gʻafur Gʻulom xonadonidan keltirilib, ular orasida qoʻlyozmalar, buyumlar qatori XIX asrda ishlangan “Bekker” rusumli royal (1947 yili sotib olingan) ham bor edi. Royalni menga musiqa chalishni oʻrganishim uchun olib berishgan boʻlib, undan biznikida tez-tez mehmon boʻluvchi bastakor va musiqachilar ham foydalanar edi. Mashhur kompozitor Sulaymon Yudakov dadamning “Mirzachoʻlda toʻy” sheʼriga shu royalda musiqa bastalagan. Mazkur syuita uchun kompozitorga 1950 yilda Davlat mukofoti berilgan.
Bir kuni ukam Xondamir Gʻulomov qayerdadir shunday rusumdagi royal sotuvga qoʻyilgani haqida xabar olib keldi. Men hayron edim. Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi tashkil etilgach, ayam oʻsha royalni uy-muzeyga qaytarishni xohladiki, men shu sabab Adabiyot muzeyiga qoʻngʻiroq qildim. Oʻsha vaqtda Hamid Sulaymon vafot etgan, Adabiyot muzeyi tasarrufida Qoʻlyozmalar instituti tashkil qilinib, unga Aziz Qayumov direktor etib tayinlangan edi. Telefon dastasini Azizxon aka koʻtardi. U royal sotuvga qoʻyilgani haqidagi xabarimni eshitgach, biroz asabiylashib, “Muzeyda hech qanaqa royal yoʻq, bu haqda hech nima bilmayman,” dedi. Soʻng “Olmosxon, Alisher Navoiy muzeyi “komissionniy magazin” emaski, Gʻafur Gʻulomning royali sotuvga qoʻyilsa”, deb qoʻshib qoʻydi. Men domlaga yana bir karra yotigʻi bilan tushuntirdim. Azizxon aka ahvolni oʻrganib, xabar qilishini aytdi. Oradan ikki kun oʻtgach, vaʼdaga muvofiq qoʻngʻiroq qildi-da, kula-kula bir gʻaroyib voqeani aytib berdi. Maʼlum boʻlishicha, Hamid Sulaymon rahbarlik paytida muzey xodimlaridan biri nabirasini musiqa chalishga bermoqchi boʻladi-yu, ammo royal sotib olishga qiynalib, Hamid akadan yordam soʻraydi. Xalqparvar olim muzeyning Gʻafur Gʻulom xonasiga sigʻmagani bois zaxirada saqlanayotgan royaldan foydalanishga ruxsat beradi va xodim tezda royalni uyiga olib ketadi. Oradan birmuncha vaqt oʻtib, boyagi xodim vafot etadi. Royal hali muzeyga qaytarilmay turib, Hamid aka ham olamdan oʻtadi. Royal kimnikiyu qayerdan kelganini bilmagan “vorislar” esa uni sotuvga qoʻyib yuboradi. Nihoyat, Azizxon akaning saʼy-harakati bilan royal yana xonadonimizga, Gʻafur Gʻulom uy-muzeyiga qaytarildi. Har bir qismi alohida-alohida boʻlib, dekosi sinib yotgan qimmatbaho “Bekker” royali ming mashaqqat bilan taʼmirlandi va u hozirda muzey ekspozitsiyasini toʻldirib turibdi.
1980 yili Gʻafur Gʻulomning 80 yillik yubileyini keng nishonlash yuzasidan qabul qilingan qarorda adib merosining mukammal nashrini tayyorlash ham koʻzda tutilgan edi. Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti yuqoridagi hujjat va Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Prezidiumining qaroriga muvofiq adibning 12 jildlik “Mukammal asarlar toʻplami”ni nashrga tayyorlashga kirishdi. Tahrir hayʼati tasdiqlandi, uning tarkibida Aziz Qayumov ham bor edi. Oʻshanda Azizxon aka, tahrir hayʼati aʼzosi sifatida, nashrga doir koʻp qimmatli maslahatlar berdi.
1981–90 yillar mobaynida – 12 jildlik chiqib boʻlgungacha uyimiz institut filialiga aylandi, desam aslo mubolagʻa emas. Oʻshanda ayam Muharramxon Til va adabiyot instituti xodimlari bilan bab-barobar arxiv ustida ish olib bordi.
12 jildlik toʻliq chop etilgach, arxivni bus-butun holda kelajak avlodlarga yetkazish masalasi oʻrtaga chiqdi. Muzaffar akam Azizxon domlaga arxivni Qoʻlyozmalar instituti ixtiyoriga topshirish haqida maslahat qilibdi. Institut xodimlari arxivni olib ketish uchun 2-3 marta kelishsa ham, ayam har gal “Oʻylab koʻray-chi!” deb ularni ortiga qaytarardi. Keyinchalik Qoʻlyozmalar instituti yopildi-yu, ayam toʻgʻri yoʻl tutgani ayon boʻldi. Azizxon domla bu borada ayam uzoqni koʻra bilganidan hayratlanib gapirar edi.
Azizxon domla “Akademik Gʻafur Gʻulom” kitobida shoirning koʻpgina sheʼrlarini satrma-satr puxta tahlil qilib bergan. Ayniqsa, “Tun bilan Tong” (Navoiy gʻazaliga muxammas) sheʼrini shunday yetuk tahlil qilganki, hali hech bir adabiyotshunos bu sheʼrni uningdek mahorat va muhabbat bilan tushuntirib bermagan edi.
Uy-muzeyda dadamning Azizxon domla oʻz qoʻli bilan sovgʻa qilgan qoʻlyozmalari ham saqlanadi. Gʻafur Gʻulom 1959 yili Til va adabiyot instituti talabalariga Navoiy ijodidan oʻqigan maʼruzalarining arab yozuvidagi matnini Azizxon akada qoldirgan ekan. Shu qoʻlyozmani domla 55 yildan soʻng uy-muzeyga sovgʻa qildi.
Aziz Qayumov juda sermazmun va barakali umr kechirdi. U kishidan noyob asarlar, qimmatli ilmiy manbalar meros qoldi. Bu ilmiy meros, shak-shubhasiz, yoshlarimiz kamoloti va vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qiladi.
OLMOS
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/jom-sindi-sharob-endi-qani/