JOʻRABEK, Joʻrabek dodxoh Qalandar oʻgʻli (taxm. 1840—1906.25.1, Toshkent) — Buxoro amirligi tarkibidagi Kitob begi (1862—70), harbiy arbob, maʼrifatparvar, rus armiyasi generali (1901). 1852—53 y. lardan amir Nasrullo xizmatida. 1856-y. J. toʻqsobo amir tomonidan Kitob begi Olloyorbek xizmatiga yuborilgan. 1861-y. da amir Muzaffar tomonidan Kitobga hokim qilib tayinlangan Zokirbek yuritgan siyosat xalqning norozilik chiqishlariga sabab boʻladi va uning oʻrniga xalq xohish-istagiga koʻra J. hokimlikka koʻtariladi. Joʻrabekning hokimlik qilgan davrida beklikning Buxoro amirligidan siyosiy va iqtisodiy mustakilligi kuchaya boradi. Beklikning iktisodiy tizimi: savdo-sotiq, soliklar, ekin-tikin masalalari tartibga solinadi. Yoʻllar, mudofaa inshootlari tartibga keltiriladi. Buxoro va Qoʻqon xonliklarida quvgʻinga uchragan siyosat va madaniyat arboblari shu beklikdan panoh topishadi.
Oʻrta Osiyoga chorizm bosqini boshlangan davrda Joʻrabek bosqinchilarga qarshi qatʼiy kurash pozitsiyasida turgan. Buxoro amiri rus armiyasi tajovuzla-riga qarshi mudofaaga tayyorgarlik koʻrayotgan bir davrda Joʻrabek Shahrisabz hokimi Bobobek bilan birgalikda amir Muzaffardan oʻzaro nizolarni unu-tishni soʻrab va yogʻiyga qarshi jihodsa barcha musulmonlar bilan bir safda turib kurashish istagini bildirib maktub yoʻllashadi. Ammo ularning bu istagi amirning ularga ishonchi boʻlmaganligi tufayli ijobatsiz qoladi. Joʻrabek amirning bosqinchilarga nisbatan yuritgan taslimchilik, keyinchalik esa kelishuvchanlik siyosatidan norozi boʻlgan kuchlarga boshchi sifatida siyosiy maydonga kelgan Abdumalik toʻra harakatining faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi.
1868-y. 1—8 iyun kunlari Samarqandni rus qoʻshinlaridan qaytarib olish maqsadida amalga oshirilgan shahar qamali rahbarlaridan biri. Baʼzi zamondoshlari fikriga koʻra, muvaffaqiyatsiz tugagan Samarqand qamali Joʻrabek tomonidan ishlab chiqilgan Vatanni ozod qilish rejasining tarkibiy qismi boʻlgan. 1870-y. 14 avg. da Shahrisabz va Kitob bekliklari chor armiyasi tomonidan bosib olinganidan ke-yin J. Bobobek bilan birga Qoʻqon xonligi orqali Qashqarga qochishga urinadi, lekin Xudoyorxon tomonidan tutib Turkiston general-gubernatori K. P. fon Kaufmanga topshiriladi. 1870—1906-y. lar mobaynida J. Toshkentda yashab, oʻlka ijtimoiy-siyosiy xayotida ishtirok etadi. 1871—82 y. larda Turkiston general-gubernatorligi maʼmuriyatida tarjimonlik qiladi. Chor armiyasining Qoʻqon xonligini tugatish maqsadida amalga oshirgan yurishlarida ishtirok etadi. K. P. fon Kaufmandan keyingi davrda oʻlkani boshqargan general-gubernatorlar davrida oʻzining oʻlka ustidan rus hukmronligi toʻgʻrisidagi, mahalliy aholining ayanchli ahvoli borasidagi keskin fikrlari uchun faol siyosiy faoliyatdan bir qadar chetlashtiriladi. 1895-y. da Toshkent sh. Dumasining aʼzosi sifatida Bobobek bilan birga Nikolay II ning taxtga oʻtirishi munosabati bilan unga tabriknoma va sovgʻa-salom yuborilishiga qarshi chiqqan.
Ilm-maʼrifatga katta ahamiyat bergan. Sharq qoʻlyozmalarining, xususan, nodir asarlarning boy kutubxonasiga ega boʻlgan. Sharq tillari hamda rus tilini yaxshi bilgan. 1876-y. Peterburgda boʻlib oʻtgan sharqshunoslarning 3-xalqaro kongressida qatnashib maʼru-za qilgan. 1902-y. da Turkistonga tashrif buyurgan jadidlar yetakchisi I. Gasprinskiy bilan uchrashadi. Jadidlar bilan hamfikr boʻlgan Joʻrabek «Tarjimon» gazetasining Turkistondagi faollaridan biriga aylanadi. Oʻzbek mutafakkir shoiri Furqat bilan doʻstona munosabatda boʻlgan. Rossiyada 1905-y. yanv. da boshlangan voqealar tufayli Turkiston xalqlari orasida sodir boʻlgan koʻtarilishlar davrida Toshkentda Joʻrabek boshchiligida bir necha marta xalq yigʻinlari oʻtkaziladi va ularda mamlakatda vujudga kelgan vaziyatdan foydalangan holda oʻlkani chidab boʻlmas ogʻir ahvoldan qutqarish choralarini koʻrish masalasi kun tartibiga qoʻyiladi. Joʻrabek sirli tarzda oʻldirilgan.
Ad.: Yusupov Sh., Xudoyorxon va Furqat, T., 1995.
Baxtiyor Yoqubov.