Jinsiy rivojlanishning buzilishiga sabab boʻluvchi omillar
Jinsiy farqlanish embrionlik davridanoq boshlanadi, jinsiy yetilish esa pubertat davri tugaganidan keyin sodir boʻladi. Bu jarayonlar gipotalamo-gipofizar tizim, jinsiy aʼzolar va boshqa koʻpgina tashqi omillar tomonidan boshqariladi. Har qanday tizimdagi muammolar jinsiy rivojlanish buzilishining turli xil koʻrinishlariga sabab boʻladi. Patologiya qancha erta muddatlarda boshlansa shuncha koʻp normadan chetlashish kelib chiqadi. Eng avvalo, jinsiy rivojlanishga taʼsir etuvchi omillardan – homila ichi infeksiyasi, homila gipoksiyasi va homiladorlik vaqtidagi jarohatlarni keltirsa boʻladi. Bu kabi salbiy omillar markaziy (gipotalamo-gipofizar) va periferik (tuxumdonlar, urugʻdon va boshqa jinsiy aʼzolar) boshqaruv tizimlariga taʼsir etadi.
Homiladorlik vaqtida jinsiy rivojlanishning buzilishiga sabablardan biri – xromosoma anomaliyalaridir. Masalan, Shershevskiy-Terner, Klaynfenter sindromi. Bundan tashqari homiladorlik vaqtida radioaktiv nurlanish va infeksiyalarning salbiy taʼsiri ham jinsiy rivojlanishni buzib yuborishi mumkin. Kam hollarda gipotalamo-gipofizar tizimda hosil boʻluvchi gormonga talabchan oʻsmalar ham kasallik sababchisi boʻlishi mumkin. Jinsiy farqlanish va jinsiy yetilishda gormonlar muhim rol oʻynaydi. Shuni inobatga olib moddalar almashinuvidagi har qanday oʻzgarishlar ham jinsiy rivojlanish buzilishiga olib kelish ehtimoli bor.
Jinsiy rivojlanishning buzilishi periferik boshqaruv tizimidagi patologiyalar natijasida ham kelib chiqadi. Bunday patologiyalar tuxumdon va urugʻdonlarda kuzatiladi. Aynan jinsiy aʼzolar erkak va ayollarda jinsiy rivojlanish uchun muhim boʻlgan gormonlarni sintezlaydi. Bu gormonlar sintezlanishi embrional davridanoq boshlanadi. Har qanday patologiik holat u yoki bu gormonning koʻp miqdorda yoki kam miqdorda sintezlanishiga olib kelishi mumkin. Natijada jinsiy rivojlanish buziladi. Organizmda esterogen va androgen gormonlari nafaqat jinsiy rivojlanish, yetilishiga taʼsir etadi, balki bola jismoniy rivojlanishiga, yaʼni suyak-mushak tizimi normal rivojlanishiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Gipotalamo-gipofizar tizim faqatgina jinsiy aʼzolarga bevosita taʼsirini koʻrsatmay, balki bilvosita ham taʼsir etishi mumkin. Masalan jinsiy gormonlar buyrak usti bezida ham sintezlanadi. Markaziy tizimda kelib chiqadigan patologiya taʼsirida ichki sekretsiya bezlarida ham muammolar kelib chiqishi mumkin. Natijada jinsiy rivojlanish ham turli xil darajada buziladi. Bunda jinsiy farqlanish va rivojlanishning har xil bosqichlarida guruhli buzilish holati kuzatiladi.