Jinlar va Manavela bobom

Nodar DUMBADZE

 

Jinlar uch xil boʻladi.

Biri – quloqlari dikkaygan, echkituyoq va echkisoqol, jimjiloqdek muguzchali va oʻynoqi gʻilay koʻzli boʻladi. Echkiga juda oʻxshaydi. Ammo u jin. Dunyoda bor hamma jonzot tovushida gapira oladi: xohlasa – ayol, xohlasa erkak yoki bola ovozida soʻzlaydi, turli hayvonlar tovushini oʻxshatadi, hamma qushlarga qoyillatib taqlid qiladi.

Ikkinchi xil jin dumli, badburush, besoʻnaqay va xunuk. Oyoq kaftlari tepaga qayrilib ketgan, qirgʻiyburun boʻladi, ogʻzida bitta soʻyloq tishi koʻrinib turadi, manglayidagi yakka-yagona koʻzi yashil rangda yonadi, badani – baroq, jundor.

Uchinchi jinning toʻrtta qoʻli va toʻrt oyogʻi boʻladi. Har birida – oltitadan panja. Uning yuzi ikkita, har birida bir juftdan koʻzi bor. Yagʻrini umuman yoʻq. Gavdasining har ikki tarafi – qorin. Yaʼni, ikki qorinli va ikki kindikli. Ikki tomonidan ham bir xil koʻrinadi. Qisqasi, u ikkita bir xil jinni tutib, ketini ketiga yopishtirib qoʻygandek bir maxluq.

Rost, yana bir jin bor, lekin… u haqda keyinroq soʻzlab beraman, eng oxirida.

Anov uch jinni men koʻrmaganman, ammo bobom Manavela Sinsadze oʻz koʻzi bilan koʻrgan.

Echkiga oʻxshagan jinni – Ayiq darasida.

Dumli-yungdor jinni – Lashis-geleda.

Orqa-oldidan bir xil koʻrinadiganini – Sataplia togʻida.

Bu uch jin bilan toʻqnashuvdan Manavela bobomda dahshatli izlar saqlanib qolgan.

 

* * *

…Haytovur, savat toʻqishga poʻstloq gʻamlab kelish uchun Ayiq darasiga borgandim. Kun adogʻiga yetayozgan, qosh qorayar mahal edi.

Xoʻsh, men ishni tugatdim, talay poʻstloq archdim, yuvindim, tosh ustiga oʻtirdim, chubugʻimni chiqazib, tamaki soldim – kel, bir-ikki tortay, soʻng uyga joʻnayman, deb oʻyladim.

Chaqmoqtoshni ishqalab turuvdim, qarasam, u haromi hoʻ naridagi tosh ustida oʻtiribdi, menga qingʻayib qaraydi, de. Belimni paypasladim. Xudoga shukur, bolta joyida ekan.

– Tuf-yey, shayton! – deb yubordim. Hushim boshimdan uchib irgʻib turdim, uch marta choʻqindim va boltaga yopishdim.

– Oʻzing shaytonsan, agar bu kam boʻlsa, itvachchasan! – dedi u menga.

– Sen oʻzing kimsan boʻlmasa? – kekirdagimni choʻzdim men va tagʻin choʻqinmoqchi boʻldim, lekin eplay olsam qani!

Almoyi-aljoyi harakat qilaman, qoʻlimni peshonamga oborish oʻrniga kindigimga uzalamanmi-yey. Anov alvasti esa menga qarab turibdi, hiringlab qoʻyadi tagʻin.

– Hop! – qichqirdim men. Lekin bu faqat menga qichqiriqdek tuyuldi, aslida esa shunchaki ogʻzimni ochgandim xolos.

– Manavela, rosa merovsan-da, tashla boltangni, kel, yonimga oʻtir, soʻzlashamiz.

– Sen bilan nimani soʻzlashaman, iblisdan tuqqan, – jerkidim men, ammo ichimda choʻchib “haytovur, xafa boʻlmasin-da” deb qoʻydim. Ranjish qayoqda! Bu uning uchun, masalan, birov-yarim menga “sen, Manavela, Afanasiy oʻgʻlisan” deganday gap-da. Xullas, nimayam qilardim, borib yoniga oʻtirdim, u meni shundoq avradi, shundoq avradiki!

– Manavela Sinsadze, deydi, sen basavlat, koʻrkam, oʻktam va uchtasi farang yigitsan… Nimaga kulasan, itvachcha, oʻsha paytlar men hozirgidaqa emasdim, chindan ham koʻrgan odamning suqi kirguday yigit edim! Tagʻin, aytadiki, haytovur, seni kuyov qilmoqchiman, deydi. Qizimga uylan, Manavela, deydi, zotu nasabimizga sherik boʻlasan. Zarga koʻmaman, oyogʻingni uzatib yotasan, istasang, yetti qavat koʻrpacha ustida maza qilib yotib, “Xasanbeguru” va “Krimanchuli”ni1 xirgoyi qilasan.

– Avval ayt: insmisan, jinsmisan? Qolganini oʻylab koʻramiz.

– Odamman, Manavela, odam, sen bilan odam kabi gaplashib turganimni koʻryapsan-ku.

– Agar odam boʻlsang, nega echkiga oʻxshaysan? – soʻradim men, oʻzim qoʻrqqanimdan sovuq terga botganman.

– Nima qipti, toʻngʻiz yoki eshakka oʻxshagan odamlar ozmi dunyoda, hech kim ularni koʻksidan itarmaydi-ku? – javob beradi u gazanda. Men nima derdim, miq etolmadim, chunki gapi rost edi, ayni haqiqat.

– Menga qizingni koʻrsat-chi, – dedim unga iltifotu nazokat bilan.

Shunday deyishimni bilaman, chunon maʼradiki! Echki boʻlib maʼradi! Maʼragan edi, orqasidagi qoya qoq ikkiga boʻlinib, orasidan bir qiz chiqib keldi, shunaqa goʻzal! Baxmaro choʻqqisidan quyosh chiqishini tomosha qilganmisan? Qilmagansan! Zim-ziyo tunda qora bulutlar orasidan toʻlin oy chiqqanini koʻrgan joying bormi? Yoʻq! Yoyinki, bogʻda hamma atirgul butalari birvarakayiga ochilganini koʻrganmisan? Ayt, koʻrganmisan? Yoʻq, koʻrmagansan!

U men bilan soʻzlasha boshladi, ovozi biram yoqimli ediki! Minglab koʻzachalardan toʻq qizil “Izabella” vinosi shildirab quyilganini eshitganmisan? Yoʻq, eshitmagansan! Koʻklam chogʻi oy balqib turgan tunda Guriyadagi2 bari bulbullar, qorayaloqlar, maynalar xonish qiladi, eshitganmisan? Yoʻq, eshitmagansan…

Shunday qilib desang, taʼrifga sigʻmas nozanin, husniga koʻz toʻymas sohibjamol anavi badbashara, taʼviya otasining yonida moʻjiza misol turibdi, menga koʻz tashlab qoʻyadi har zamonda…

– Xoʻsh, endi nima deysan, Manavela Sinsadze, koʻzing qamashib ketdimi? – deydi menga u battol.

Men-chi – men nimayam derdim! Ochigʻi, bir nimalar deb mingʻirlamoqchi boʻlardimu? lekin tilim qurgʻur tanglayimga chippa yopishib qolgandi.

– Sen uni bekordan-bekorga bermasang kerak menga, evaziga bir nima soʻraysan, albatta, – dedim bazoʻr, anchadan keyin tilga kirib.

– Sendan nima unardi, bir juldurvoqi boʻlsang! Kolxozda mehnat kuningga bir paysa joʻxori olasan, bor buding shu! Qurbing yetmagani uchun menga iymoningni sotasan, xoʻpmi?

Bu gapdan keyin oʻpkam ogʻzimga tiqilib qolgandek boʻldi.

– Menga bunday deyishga qanday hadding sigʻdi! – hayqirdim men va boltani oldimu iflos kallasini moʻljallab, uloqtirdim… Hay attang!..

Bobom ishtonini himarib, oyogʻidagi chuqurligi ikki barmoq qalinligicha keladigan, boldirigacha choʻzilgan chandiqni koʻrsatadi.

– Gʻoyib boʻldi, dardisar malʼun, bir zumda yoʻq boʻldi-qoʻydi! Bolta boyagina u oʻtirgan toshga tegib sapchidiyu shu yerimga, chandiqni koʻrding-ku, tegdi. Qon favvora boʻlib otilyapti, men, sening bobong Manavela Sinsadze, hushdan ketib yerga quladim… Oʻshandan beri maraz jinning chinqiroq kulgisiyu “Iymoningga hazir boʻl, Manavela! Qochib ketmasin tagʻin! Ha-ha-ha”, deb qichqirgani qulogʻimda shangʻillab turadi.

Boshqa hech nimani eslay olmayman.

 

* * *

Narigi jini Lashis-geleda daf qilgan. Soʻzanbaliq ovlash mavsumi edi, men tungi ovga chiqqandim – poylashga, ular urugʻ tashlash uchun Gubazoulidan Lashaga suzadigan payt edi-da. Suvni boʻgʻib, baliq oʻtishi uchun kichkina tuynukcha qoldirdim va endigina chubugʻimga tamaki solgan edimki, suv shalopladi. Ana, dedim, baliq oʻta boshlayapti. Toʻr tashlashga shaylanib turdim va negadir yonboshimga oʻgirildim. Nimani koʻrdim de? Oʻtiribdi u, gʻaddor! Oʻtirgan koʻyi yakka yashil koʻzini menga tikkan, xuddi teshib yuborguday!

Razm solib qarasam, Ayiq darasida oyogʻimni poʻla qilgan jinga sira oʻxshamaydi.

…Ayiq darasidagi jin kabi, bir koʻzli jin ham bobomga oʻz qizini xotinlikka olishni taklif qilibdi va evaziga iymonini soʻrabdi. Qizining sepi tariqasida bobomga kolxoz raisligini va yana tagʻin bir botmon oltin ham vaʼda qilganmish…

– Bunisini sogʻ qoʻyib boʻpman! – dedim.

Qulochkashlab u iblisga toʻr tashladim. Toʻrni men oʻzim tomonga, u oʻziga tortdi. Yana tortdim, u tagʻin tixirlik qildi. Qochib qutula olmasdi baribir: toʻr xuddi tishiga ilinib qolgandi, tishi ogʻzidan baayni ilgakday chiqib turardi-da, oʻziyam. Men toʻrni boʻshatish uchun uning jagʻiga qoʻl choʻzdim, shu payt… – Manavela bobom sekingina oʻng qoʻlini uzatib, menga jimjilogʻi va soʻfi barmogʻini koʻrsatdi. Oʻsha qoʻlida boshqa barmoqlari yoʻq uning. – Malʼunning jagʻidan shu ikkita barmogʻimni sugʻurib oldim xolos. Meni gʻaflatda qoldirdi, laʼnati, baxtimga, qoʻlimni butkul uzib olmadi! Shunisigayam rahmat…

 

* * *

Uchinchi jin, yoki, anavi, orqa-oldi bir xili, Manavela bobomga Sataplia togʻida, u asalarilaridan xabar olish uchun borganida yoʻliqqan.

U jin ham bobomga qizini olib bermoqchi boʻlibdi, agar iymonini sotsa, Choxataur rayoni sekretari lavozimiga mindirishni ham vaʼda qilibdi. Bobom esa uni xoʻp mazax qilibdi.

– Koʻzlaring oqib tushsin, Manavela, noshukur banda, qizimning husni jamoli qadriga yetmading, – uvilladi jin bir mahal va barmogʻini koʻzimga suqmoqchi boʻldi.

Qoʻlim bilan koʻzimni toʻsmoqchi boʻlgandim, qoʻlimda ikkita barmoq qolgani yodimga tushdi. Xullas, u laʼnati axiyri oʻng koʻzimni oʻyib oldi…

– Nimaga kulasan, kampir, ochib qoʻyiptimi, bola “Manavela bobom aljirab qopti” deb oʻylamasin tagʻin! – bobom shu mahal xonaga kirib kelgan buvimga oʻdagʻayladi.

– Ishonma unga, toylogʻim, ishonma! Aldayapti. Erga tekkanimda ham shunaqa edi. Oʻzi shayton-ku, jin bas kelarmidi bunga, – pinagini buzmaydi buvim va stol ustidagi boʻsh koʻzachalarni olib, chiqib ketadi.

– Jinlar bilan jiqqa-musht boʻlib nima qilardingiz, birining qiziga uylansangiz edi, hozir qishloqning oldi odami boʻlardingiz, – deyman men, “Izabella”dan hoʻplab.

– Iymon-chi, itvachcha, iymon nima boʻladi? – achchiqlandi bobom va ikki barmogʻida boshimga chertdi.

– Iymoningiz shunchalar qadrlimi, buncha avaylaysiz! – dedim men va nojoʻya gap qilganimni payqab tilimni tishladim.

– Ajinaning nevarasi boʻlsang, nima, xursand boʻlarmiding? – soʻradi bobom, yagona koʻzi bilan menga yeb qoʻygudek oʻqrayib.

– Ha, toʻgʻri aytasiz, bu tomonini oʻylamabman, – aybdor odam tovushida dedim men.

– Oʻylamaganmish! Boʻydan Xudo bergan senga, oʻylab gapirishni ham oʻrganish kerak endi, – taʼna qildi bobom, vinodan ogʻirlashgan boshini chayqab va kamindagi serkoʻz gʻoʻlani toʻnkarib qoʻydi.

Buvim kirib, qora “Izabella”ga limmo-lim toʻlatilgan koʻzachani stol ustiga qoʻydi.

Birdan xuddi shu koʻzacha ichidan kichkina, judayam mitti jincha chiqib keldi. Shu qadar jajjiki, kaftingga bemalol sigʻadi. Lekin burni kattagina ekan, yirik kartoshka misoli uning gʻarq pishgan pomidordek qip-qizil yuzida doʻppayib turardi. Badani tap-taqir, bitta ham tuk yoʻq, buning ustiga shaffof edi. Unga razm solib, erkak jinsidanmi yoki ayolmi, farqlay olmadim. Qisqasi, na unisi, na bunisi. Qoʻllarida – oltitadan panja, oyoqlaridagini sanay olmadim, chunki chipta kovush kiyib olgandi. Bu jinni Manavela bobom koʻrmaydi, chunki u mening jinim, oʻzimniki. Ana, u koʻzachaning ogʻzidan sakrab tushib, stakanim qirrasiga joylashib oʻtirib oldi.

– Xohlasang, Manavelaning nevarasi, menga iymoningni sot – evaziga asl haqiqatni senga soʻzlab beraman, – dedi u, kulib.

Kulgisi shu qadar sodda ediki, iymon tugul jismu jonimni ham qoʻshqoʻllab tutqazardim unga. May elitgan yuzi mayin jilmayib turardi.

– Olaqol, menga uning nima keragi bor! – javob berdim eshilib.

Mening jinim hikoyasini boshladi.

 

* * *

Manavela Sinsadzeni ogʻa-ini Shalikashvililar oʻrmonga sudrab kirib, bahaybat qayin daraxtiga bogʻlashdi. Uch aka-uka edi ular: Fridon, Mamia va Katsia.

Manavela Sinsadze ularning kenjasi Katsianing qayligʻi, beshikdanoq unga unashtirilgan qizni olib qochgandi – Tinatin Nakashidzeni.

Olib qochdi deganimni qandoq tushuntirsam ekan: Tinatin Nakashidze uni Baxmarodagi bayramda koʻrgan edi. Yigit qora choxa3 kiyib, gijinglagan oq oti Shamilni minib kelgandi. Dastavval u besh chaqirimga poygada hammadan oʻzib, birinchi boʻldi. Tulpori abjir chavandoz tagida koʻpikka botgancha turardi. Shundan soʻng toʻrt sarjinlik xoda ustiga oʻrnatilgan billur kubokni bir oʻq bilan chil-chil qildi. Va nihoyat, beligacha yalangʻoch boʻlib, sirtiga moy surilgan, balandligi uch sarjin archa ustuniga bir urinishda tirmashib chiqdi. Ustunning tepasiga mahkamlangan kumush kubokni olib tushib, xaloyiqning tahsinu olqishlari ostida, oftobdek balqib turgan sohibjamol Tinatin Nakashidzening yoniga keldi, bir tizzasida choʻk tushib, uning koʻylagi barini oʻpdi va xijolatdan qizarib ketgan qizga kubokni tortiq etdi.

Oʻsha damlar Tinatin Nakashidze oʻn beshga ham toʻlmagandi hali, Manavela Sinsadze esa endigina oʻn toʻqqizni qoralagan boʻlib, dilovarlikda unga kimsa bas kelolmasdi.

Bir hafta oʻtgach Manavela Sinsadze Nakashidzening qizi Tinatindan maktub oldi.

 

“Abad oying boʻlgum, quyosh, sen-la ichgayman qasam

Taslim boʻlmam, gar ortimdan uchta quyosh kelsa ham,

Qoya uzra koʻz tashlagum, zulmat haddan oshgandan,

Qanotli bir tilak ayt, yor, najot endi samodan!”

 

Boshida maktub Manavela Sinsadzeni gangitib qoʻydi. Soʻng shodligidan esi ogʻib, hovuchlab tuproq oshadi va – nima boʻlsa boʻlar! – oʻtirib, javob xatini yozdi.

 

“Jondan aziz maktubingga koʻzlarimni qadadim,

Va dedimki: “Quyosh sendan kecholgaymi, qamarim?

Xudo shohid, ranjitmasman, sen – kecham,

sen – saharim,”

Hayotmanmi, jon berdimmi, yo tushmi bu,

bilmagum.”

Oʻn toʻrtinchi oktyabrga oʻtar kechasi, toʻlin oy tikkaga kelgan mahal Nakashidzening qizi Tinatin Chormix qishlogʻiga eltuvchi yoʻlning muyulishiga, ulkan eman daraxti yoniga keldi. Kuch bilan emas, oʻz ixtiyori bilan, sevgisini deb keldi. Oyogʻi yalang, bitta koʻylakda edi qiz.

Manavela Sinsadze quvonchini dast koʻtarib yerdan uzdi, chakmoniga oʻradi va egarlanmagan otining oldiga oʻtqazdiyu qamchi bosdi.

Uch aka-uka Shalikashvililar izidan quvishdi.

Manavela ularga oʻq uzdi.

Shalikashvililar oʻqidan yaralangan oti yiqildi. Manavela to oʻrnidan turgunicha oʻrab olishdi uni.

Ogʻa-ini Shalikashvililar Manavela Sinsadzeni qalin oʻrmon ichkarisiga olib kirib, eman ogʻochiga bogʻladilar.

– Qani, Manavela Sinsadze, kelinimga maktub yozgan qoʻllaringni koʻrsat-chi! – dedi ularning toʻngʻichi, Fridon Shalikashvili.

Orqasiga chandib bogʻlangan qoʻllari uvishib, shishib ketgan, Manavela ularni sezmasdi hatto.

Shunda Fridon Shalikashvili daraxt ortiga oʻtib, sovuqqonlik bilan Manavela Sinsadzening avval oʻng qoʻli boshmaldogʻini, soʻng koʻrsatkich barmoqni va nihoyat, oʻrta barmogʻini kesib tashladi. Qon sharillab otildi. Manavela ogʻriq oʻrniga yengil tortganini his qildi, uning koʻksidan shodon hayqiriq otilib chiqdi.

– Ana qahramonu mana qahramon! – zaharxanda qildi Fridon Shalikashvili.

– Nakashidzelar uyi ostonasini hatlab oʻtmoqchi boʻlgan oyoqlaringni koʻrsat-chi! – dedi oʻrtancha Shalikashvili, Mamia, qilichini yalangʻochlab.

Manavelaning koʻzi oldi xiralashdi.

– Meni mayib qilma, knyaz, – doʻrildoq ovozi titradi uning.

– Baxmaroda ot gijinglatib oliftalik qilgan chogʻlaringda mayib boʻlsang soz boʻlmasmidi? – achchiq kuldi Mamia Shalikashvili va Manavela Sinsadzening oʻng boldiriga qilich soldi. Manavela qilich suyakni qirqqanini sezdi va hushidan ketdi.

– Oʻziga keldimi? – soʻradi bu gal kenja Shalikashvili, Katsia, Manavela koʻzini ochganini koʻrib. – Qani, qayligʻim Tinatinga olaytirgan koʻzlaringni koʻrsat-chi menga…

Manavelaning tepa sochi tikka boʻldi, tili kalimaga kelmay qoldi.

Katsia Manavela picha oʻzini oʻnglab olishini kutdi.

– Nima qilyapsizlar, vahshiylar! Isoni ham bunchalik azoblashmagan, gunohim nima axir…

– Koʻzlaringni koʻrsat, Manavela, koʻzlaringni!

– Niyatingdan qayt, Katsia, yorugʻ olamni koʻrishdan mahrum etma meni! – Manavela yigʻlamoqchi emasdi, biroq koʻz yoshlari oʻz-oʻzidan quyildi.

Ish juda puxta bajarildi: Katsia Shalikashvili oʻtkir qilichini Manavelaning qovogʻiga olib bordi va suqdi… Chalajon gavdani Chormix qishlogʻi odamlari ertasiga oʻrmondan topishdi.

Yarim yil toʻshakka mixlanib yotdi Manavela Sinsadze. Olti oy davomida na bir soʻz dedi, na oh-voh qildi. Olti oydan soʻng qoʻshnilar torkoʻchada abgoru oqsoq Manavela Sinsadzeni koʻrdilar. Oʻshandan beri uni “Oʻlmas Manavela” deb atashadi. Bu uning laqabi boʻlib qolgan.

Oradan bir yil oʻtgach, Ayiq darasining narigi yogʻidagi qishloqda yashovchi Levarsiy Tavberidze daradan Fridon Shalikashvilining jasadini topdi. Uning ochiq koʻzlari hayrat va dahshatdan qotib qolgandi. Fridonning badanida na bir oʻq izi bor edi, na tigʻ izi va na oʻzga jarohat. U qoʻrquvdan yuragi yorilib oʻlgandi.

– Tun yarimdan ogʻganda Ayiq darasidan allaqanday oʻkirik eshitiluvdi, ayiq boʻlsa kerak deb oʻylovdim… – derdi Levarsiy Tavberidze.

Yana bir yil oʻtdi, va Lashis-geleda Mamia Shalikashvilini topishdi. Qilichda bir zarb bilan yelkasidan kindigigacha chopilgandi uning. Shak-shubha qolmadi: Oʻlmas Manavela Shalikashvililarning qonini ichmoqda edi.

Oʻlmas Manavela oʻrmonga yashirindi.

Ogʻalarining kushandasidan intiqom olish qasdida yurgan Katsia Shalikashvilining oʻligiga qorovullar Sataplia togʻida duch kelishdi. Piltamiltiqdan merganona uzilgan oʻq miyasining qatigʻini chiqazib yuborgandi. U orqa-oldi bir xil jin Manavela bobomning koʻzini oʻyib olgan joyda – joʻka daraxti tagida yotgan ekan.

1918 yilning bahorida Manavela oʻrmondan chiqdi.

– Inqilob hammaning hamma aybini kechirgan, bobongni boshqalardan kam joyi bormi? – deydi mening jincham, qiqir-qiqir kulib.

– Tinatin, qimirla, bizga yana bir koʻza “Izabella” keltir, tomoqlarimiz qurib qolmasin, – kampirini chaqiradi bobom. Tinatin buvim tagʻin bir koʻza vino keltiradi va choliga erkalagansimon jilmayib, uning yoniga oʻtiradi.

Bobom jinlar haqidagi choʻpchaklarini davom ettiradi biroq u mening oʻz jajji jincham borligidan bexabar. Ana, u oyoqchalarini osiltirgan koʻyi stakanim qirrasida oʻtiribdi. Bobomning poyma-poy gaplari uning dimogʻini chogʻ qilib yuboradi, u maza qilib kuladi va aslida qanday boʻlganini soʻzlab beradi menga.

Tun yarimlashar mahalda jincham koʻzachaga tushib oladi, va biz – jinlar, haqiqatu rivoyatlar, bobom va buvim – hammamiz chirsillab turgan kamin atrofida uyquga ketamiz.

 

Izohlar:

  1. “Xasanbeguru” va “Krimanchuli” – gruzin xalq qoʻshiqlari.
  2. Guriya – Gruziyadagi viloyat.
  3. Choxa – Kafkaz xalqlarida erkaklarning milliy kiyimi, lekin u har bir xalqda boshqa-boshqa nomlar bilan ataladi.

 

Rus tilidan Oybek MOʻMINOV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 4-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/jinlar-va-manavela-bobom/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x