Elias KANETTI
Bu ayol moʻjazgina fransuz restoranining sohibasi edi. Restoran “Shahrizoda” deb atalar va u Madinada butun tun boʻyi ochiq turadigan, yakkayu yagona tamaddixona hisoblanardi. Baʼzan boʻm-boʻsh boʻlar, baʼzida esa unda uch-toʻrt xoʻranda ovqatlanib oʻtirardi. Biroq koʻpincha, ayniqsa, tungi ikki bilan uch orasida bu yer kunda-shunda mijozlar bilan toʻlib-toshar, shunda kimning nima deyayotganini, har bir aytilgan soʻzni aniq eshitish mumkin boʻlardi, chunki xona kichkinagina boʻlib, agar yigirma chogʻli odam oʻtirgan yoki turgan boʻlsa, restoranning tomi shovqindan sal boʻlmasa koʻchib ketay derdi.
Yemakxonadan oʻn qadamcha narida, shundoq muyulishda Jema el-Fna – boʻm-boʻsh maydon huvillab yotardi. Ikki oʻrtadagi farqni qarang, naq yer bilan osmoncha edi. Maydonning aylana tevaragi boʻylab eski-tuski, yirtiq va juldur kiyimli kambagʻal-qashshoq, gʻarib va faqir kishilar qoq yerda yotib, tong ottirishardi. Ular bu joyga shunchalik moslashib ketgandiki, nogoh turtinmaslik uchun koʻzga qarab yurishga toʻgʻri kelardi. Kimda-kim bemahalda keng maydonda timirskilanib yurgan boʻlsa, bundayin shubhali kimsalardan uzoqroq yurgani maʼqul edi.
Jema el-Fna uzra allaqachon oʻlik sukunat choʻkkan mahal “Shahrizoda” bagʻrida hayot endigina boshlanayotgan boʻlardi. Restoranga kirib-chiqayotganlar, asosan, yevropaliklar – fransuzlar, inglizlar boʻlib, ular orasida amerikaliklar ham uchrab turardi. Mijozlar orasida arablar ham bor edi; ular yo yevropacha kiyingan yoki boʻlmasam, ichuvchilar toifasidan boʻlib, shu bilan oʻzlarini goʻyo zamonaviy kishilar qilib koʻrsatishga yoxud yevropaliklarga taassub qilishga moyil boʻlishardi. Ichimliklar narxi nihoyatda qimmat edi, shu bois bu yerga kirishga uncha-muncha arabning yuragi betlamasdi. Maydonda yotib-turadigan odamlarning choʻntagida hemiri ham yoʻq, “Shahrizoda” mijozlari esa bir qadah konyak uchun bir yuz yigirma frank toʻlashar va birin-ketin bir necha qadahni koʻrdim demasdi.
Maydon aholisi uyquga ketgunga qadar radiokarnayda arabcha musiqa yangrar, soʻng esa restoran tarafdan yevropacha raqs musiqasi boʻgʻiq ohang taratardi. Restoran xoʻjayini madam Minon eng soʻnggi modadagi kuy-qoʻshiqlar yozilgan gramplastinkalarni har doim kanda qilmay opkelib qoʻyardi. U oʻz plastinkalari bilan faxrlanar va har haftada yap-yangilaridan bir koʻtarim xarid qilib kelardi. Soʻng ulardan kunda-shunda mijozlariga qoʻyib berar, mehmonlarning nozik taʼb-didi bilan hisoblashishda ustasi farang edi.
Xonim asli Shanxayda tugʻilgan, otasi fransuz, onasi esa xitoylik boʻlgan. Uning koʻzlari avval ikki yoqqa qaragan, gʻilay edi, keyinchalik jarrohi qilingach, oʻrniga kelgan boʻlsa-da, baribir xitoylarga xos feʼl-atvordan deyarli hech vaqo qolmagan hisob edi. U onasi xitoylik ayol boʻlganini hecham yashirmasdi. Marokash mamlakatiga kelgunga qadar, oldin boshqa fransuz koloniyalarida yashagan, bir necha yil Dualada ham boʻlgan ekan. Lekin madam Minon boshqa millat va elatlarga nisbatan shunaqangi norozi ohangda gapirardiki, bunaqangi notoʻgʻri fikrga goʻllarcha mahkam yopishib olgan ayolni umrimda birinchi marta koʻrishim edi. Biroq fransuzlar va xitoylar haqida lom-mim demas, faqat har gapida allaqanday gʻurur bilan: “Mening onam xitoylik, otam esa fransuz boʻlgan”, deyishni kanda qilmasdi. Xullas, u shunaqa oʻzidan oʻzi mamnunlik tuyadigan ayol edi. Nasl-nasabi, kelib chiqishi boshqacha boʻlgan mijozlarini koʻrdim deguncha, ularni yozgʻirishga tushardi.
Men bir kuni restoranda u bilan yolgʻiz qolib, uzoq suhbatlashgach, hartugul ishonchini qozonishga sazovor boʻldim. Film suratga olish guruhimizdagi ingliz doʻstlarim ovqatlanib boʻlgach, baʼzan pul toʻlashni unutib ketvorgan paytlar ham boʻlib turardi, shunda men hech ikkilanmay ular uchun ham toʻlab yuboraverardim, shuning uchun boʻlsa kerak, ayol oʻzicha meni boy deb oʻylardi. Ha, u meni sirli ravishda boy deb oʻylardi, chunki inglizlarning kiygan kiyimiga qarab, buni hecham bilib boʻlmasdi. Sheriklarimdan kimdir hazillashibmi yoki madam Minonni atay laqillatish uchunmi, kaminani orqavoratdan ruhiy kasalliklar shifokori deb tanishtiribdi. Koʻpincha bir soʻz demay, jimgina oʻtirishim, buning ustiga keyinroq mehmonlar va mijozlar haqida batafsil soʻrab-surishtirganim uchun boʻlsa kerak, harholda xonim bu mish-mishga ishongan koʻrinadi. Men ham bunga eʼtiroz bildirib oʻtirmadim, qaytanga bu yaxshi edi, endi u men bilan bemalol va bamaylixotir suhbatlashadigan boʻldi.
Uning turmush oʻrtogʻi msye Minon chet el legionida xizmat qilgan, toʻladan kelgan, gavdali, baquvvat kishi boʻlib, restorandagi yumushlarga oz-moz yordamlashib yurguchi edi. Mijozlar yoʻq paytlarda torgina xonadagi oʻrindiqlardan biriga choʻzilgan koʻyi mazza qilib uyquni urardi. Tanish mehmonlari keldi deguncha, ularni „La Riviera“ – farang islovatxonasiga boshlab borardi, restoran bilan uning orasi atigi bir necha daqiqalik yoʻl edi. U yerda bir-ikki soat boʻlib, mehmonlar bilan birga qaytib kelar, islavatxonaga yangi kelgan qizlar haqida xotiniga gapirib berar, mehmonlar bilan oz-moz ichishgach, soʻng ularni kuzatib qoʻyardi. Oradan hayal vaqt oʻtmay, yangi mijozlarni olib, yana „La Riviera“ga ravona boʻlardi. Bu – “Shahrizoda”ning kundalik hayotida tez-tez quloqqa chalinib turadigan soʻz edi.
Msye Minonning yuzi yumaloq, yelkalari keng, bolalarga xos chehrasini esa doim mudroq bosib turardi. Erinibgina, goʻyo malol kelayotgandek jilmayib qoʻyar, fransuzlarga xos boʻlmagan tarzda juda sekin soʻzlar va kamgap ham edi. Ayoli ham sergap emasdi, hissiyotga beriluvchan va nozik tabiatli boʻlib, gapga hadeb aralashavermas edi. Ammo chakagi bir ochilsa bormi, hadeganda tinay demasdi. Eri esa unga quloq solmay, indamaygina qadahlarni chayib qoʻyar yo yotib uxlar yoki boʻlmasam, „La Riviera“ga qarab yoʻl olardi. Xonim baʼzan kayfi oshib qolib, qoʻpollik qiladigan ayrim mijozlarga eshikning qayerdaligini koʻrsatib qoʻyishni yolgʻiz oʻzi uddalay olar, bu masalada eridan yordam soʻrab ham oʻtirmasdi. Restoran unga qarashli edi, shu bois boʻlsa kerak, gramplastinkalar saqlanadigan peshtaxta ortida har ehtimolga qarshi rezinka tayoqni ham shay qilib qoʻygandi. Tanish-bilishlari va dugonalariga tayoqni koʻrsatib maqtanarkan, u faqat amerikaliklar uchun moʻljallanganini taʼkidlar, bunga javoban doʻstlari zaharxandalik bilan kulib qoʻyishardi. Haqiqatan ham mast amerikaliklar xonim uchun katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarar, shuning uchun ham ularni juda yomon koʻrardi. Uning nazarida, varvar (vahshiy)larning faqat ikki turi mavjud edi: biri mahalliy xalq, ikkinchisi esa amerikaliklar.
Msye Minon chet el legionidan tashqari boshqa yerlarda ham boʻlgan ekan. Kunlarning birida u menga murojaat qilib, oʻzigagina xos boʻlgan yarim quv, yarim erinchoq ohangda:
– Siz doktorsiz, jinnilar shifokorisiz, shundaymi? – deb soʻrab qoldi.
– Nega bunday deyapsiz? – oʻzimni hayron qolgan qilib koʻrsatdim men.
– Bizga shunday deyishdi. Men Parij yaqinidagi bir jinnixonada ikki yil qorovul boʻlib ishlaganman.
– Unday boʻlsa, bu sohadan ham oz-moz xabardor ekansiz-da.
U soʻzlarimdan xursand boʻldi va ishi davomida jinnilarning qaysi biri xavfli-yu, qay biri xavfsiz ekanligini aniqlashni osongina oʻrganib olgani haqida soʻylay ketdi. Aytishicha, bu borada hatto oʻziga xos tasnifnoma ham tuzgan ekan. Men undan Marokashdagi jinnilar toʻgʻrisida soʻradim, shunda u hammaga maʼlum boʻlgan baʼzi bir voqealarni gapirib berdi. Xullas, shu kechadan boshlab u menga shunday muomala qila boshladiki, goʻyo men uning sobiq boshligʻi edim. Baʼzan mijozlardan kimdir oʻzini bir oz jinnicha tutadigan boʻlsa, biz bir-birimiz bilan zimdan koʻz urishtirib olardik, goh-goh u meni konyak bilan siylab ham turardi.
Madam Minonning yakka-yagona sirdosh dugonasi bor edi. Uning ismi Jinetta boʻlib, bu nomni u tez-tez tilga olib turguchi edi. Jinetta restoranga kelib, peshtaxta oldidagi baland kursilardan biriga oʻtirvolgan koʻyi kimnidir intiq kutardi. U yosh, oʻziga oro bergan, yuzi nihoyatda rangpar edi, goʻyo butun tun boʻyi mijja qoqmay, kunduzi uxlaydigan odamday taassurot qoldirardi. Koʻzlari sovuq, yoqimsiz boqar, har lahzada eshik tomon oʻgirilib qarab qoʻyar, kimgadir ilhaq ekanligi ochiq-oydin koʻrinib turardi.
Jinetta buyuk voqea sodir boʻlishini sogʻinch bilan kutardi. U yigirma ikki yoshda, umrida Marokashdan tashqariga chiqmagan. Shu yerda tugʻilgan, onasi italiyalik, otasi esa ingliz, Dakarga ketvorgan va qiziga hech qanday gʻamxoʻrlik qilmas edi. Jinetta inglizcha suhbatlarni jon qulogʻi bilan tinglar, chunki bular unga otasini eslatardi. U nima ish bilan shugʻullangan, nega endi bu yerni tashlab, Dakarga ketgan, bu haqda hech narsa bilolmadim. Madam Minon ham, Jinettaning oʻzi ham otasini qandaydir faxr bilan tilga olishar, ularning gap-soʻzlaridan u qizini deb ketib qolganini bilib olish qiyin emas edi. Harholda ular shunday deb oʻylashardi, binobarin, ota shaharni shunchaki tark etmagani, qolaversa, qizi haqida gʻamxoʻrlik qilmayotgani ham bejiz emasligi kunday ravshan edi. Onasi toʻgʻrisida esa hech qanday gap-soʻz boʻlmasdi; anglashimcha, u hamon Marokashda yashardi, biroq yo kambagʻal yoki boʻlmasam, kasb-kori, topish-tutishi unchalik emasmi yoxud italyanlar haqida u qadar yuqori fikrda emasliklari sababmi, harholda uni tilga olishmasdi. Jinetta esa Angliyaga juda ham qiziqar, bir kunmas-bir kun u yerga borishni orzu qilardi. Oʻziga qolsa, qayerga boʻlsa ham, hattoki Italiyaga jon deb ketvorgan boʻlardi; u oʻz shahzodasini kutardi, uni Marokashdan olib ketsa bas. Ayniqsa, restoran mijozlardan boʻshab qolgan damlarda uni benihoya intizorlik bilan kutayotganday tuyulardi. U oʻtirgan baland kursi bilan eshik orasi taxminan uch qadamcha edi, biroq eshik har gal ochilganda u goʻyo yuz-koʻzlariga ogʻir zarba urilgandek, birdan ortga siltanib, sapchib tushardi.
Jinetta, unga ilk bor koʻzim tushgan paytdayoq yolgʻiz emas, yonida yoshgina bir yigit bor edi. U koʻrinishdan qiz bolaga oʻxshab ketadigan, oʻziga oro bergan, bashang kiyingan, ayolsifat olifta boʻlib, katta-katta tim qora koʻzlari va jigarrang yuziga qaraganda, uning shu yerlik ekanini payqab olish qiyin emas edi. Ikkovlari bir-biri bilan inoq, ahil, sirdosh edilar, restoranga ham doim birga kelishardi. Ular haqida bor haqiqatni bilib olgunimga qadar, bu juftlikni sevishganlar boʻlsa kerak, deb oʻylagandim. Yigitning tashqi qiyofasi har doim xuddi toʻppa-toʻgʻri qimorxonadan kelayotganday taassurot qoldirardi. Nainki egnidagi kiyimi fransuzcha urf-odat, anʼanalarga butunlay mos kelardi; u hatto koʻpchilikning koʻz oʻngida hech bir uyalmay-netmay Jinetta bilan yalab-yulqashardiki, bunday qiliq arablarda eng yomon isnod sanalar edi. Koʻp ichkilik ichishardi, goho yonlarida unchalik yasanmagan, taxminan oʻttiz yoshlardagi uchinchi bir odam ham kutilmaganda paydo boʻlib qolardi.
Jinetta bir kuni qisinib-qimtinib menga birinchi marta murojaat qilgan payti, aftidan, kaminani ingliz deb oʻyladi shekilli, odatdagiday peshtaxta oldida oʻtirardi. Men uning oʻng tomonida, yigit esa u yonida edi. U doʻstlarim Marokashda olayotgan film haqida soʻradi, men uning savollariga bajonidil javob qaytardim. Bu Jinetta uchun ulkan voqea edi, chunki u, sezishimcha, hayotini jon deb kino sanʼatiga bagʻishlagan boʻlardi. Madam Minon bizlar, yaʼni uning eng yaqin dugonasi va men bir-birimiz bilan nihoyat, tanishib olganimizdan xursand edi. Birpas suhbatlashganimizdan soʻng, qiz menga yonidagi yigitni tanishtirdi, ular turmush qurishganiga bir yil boʻlibdi. Buni eshitib, hayron qoldim, negaki, hammasini boshqacha tasavvur qilgan edim. Ularni koʻrgan odam, hali ham toʻy sayohatida yurgan boʻlishsa kerak, deb oʻylardi. Lekin Jinetta yolgʻiz oʻzi eshikka termilib oʻtirgan paytlarda vaziyat birdaniga oʻzgacha tus olar, koʻngli batamom boshqa bir erkakni tilayotgani ayon boʻlib qolardi. Nozik hazil-huzul asnosida ularning turmush tarzidan ham ancha-muncha voqif boʻldim. Anglashimcha, tungi soat uchda restorandan uyga qaytishgach, tamaddi qilishar, sahar beshga tomon yotib, to peshinga qadar dong qotib uxlashar ekan.
– Kuyov nima ish qiladi? – soʻradim men qizdan.
– Hech nima, – dedi u, – uning oʻz otasi bor.
Buni eshitib, madam Minon badxohlik bilan iljayib qoʻydi. Qizbolasifat yigit ham chiroyli tishlarini koʻz-koʻz qilmoqchi boʻlganday, beoʻxshov tirjaydi. Noqulay ahvolga tushib, xijolat boʻlib oʻtirmadi, balki satangligi ustun keldi. U meni, men uni ichishga taklif qildim, suhbatimiz ham tez qovusha qoldi. Rang koʻr, hol soʻr, degan gap toʻgʻri ekan. Yigit zohiran qanday boʻlsa, botinan ham xuddi shunday – erka, tantiq edi. Buyam yetmagandek, butkul fransuzlarga taassub qilgani-chi. Oʻzi Fransiyada boʻlganmikin? Shu haqdagi savolimga:
– Qayoqda, Marokashdan hech qachon tashqariga chiqmaganman, – dedi. Bu arzanda Parijga borishni xohlarmikin? Yoʻq, qiziqmas ekan. Angliyaga-chi? – Yoʻq, darkor emas. – Umuman, biron yoqqa borishni xohlaydimi-yoʻqmi? – Yoʻq. – U barcha savollarimga aniq bir maqsadi yoʻq odamday lanj, mujmal javob qaytarardi. Demak, uni bu yerga bogʻlab turgan bir nima boʻlishi kerak, – oʻyladim men. Jinettamikin, yoʻq, u emas, chunki uning ahvoli maʼlum, qayerga boʻlsa ham ketishga tayyor, uchgani qanoti yoʻq edi.
Bir qarashda shunday “sip-silliq” va oddiygina koʻringan juftlikning turgan-bitgani jumboq edi. Ular har oqshom restoranda hozir-nozir edilar. Chet ellik mijozlardan tashqari ularni yana bir narsa: Minon xonimning gramplastinkalari qiziqtirardi. Baʼzi bir qoʻshiqlarni qayta-qayta, gohida ketma-ket besh-olti martadan qoʻydirib tinglashardi. Soʻng eshik bilan peshtaxta orasidagi torgina xonada raqsga tushib ketishardi. Eng qizigʻi, raqs paytida bir-biriga chunonam yopishib-qapishib olishardiki, buni koʻrib turishning oʻzi bir azob edi. Jinetta ana shunday intim raqs tushishni juda-juda yoqtirardi, lekin tomoshabinlardan uyalibmi, goho eridan nolib ham qoʻyardi.
– U bilan raqs tushish dahshat. Koʻp marta aytib koʻrdim, boʻlmadi, boshqacha raqs tusholmas ekan.
Navbatdagi raqs boshlangach, ular nafas rostlab, endi gramplastinkalarning gir aylanishini diqqat bilan kuzatishardi. Men Jinettani oʻzi istagan oʻzga bir mamlakatda tasavvur qilib koʻrdim, u oʻsha yerda ham, masalan deylik, Londonda, xuddi shunday odamlar bilan xuddi shunday zamonda, xuddi shunday hayot kechirgan va xuddi shunday plastinkalarga raqs tushgan boʻlardi.
Bir oqshom restoranda yolgʻiz oʻzim oʻtirgandim, Minon xonim mendan, Jinetta sizga yoqadimi-yoʻqmi? – deb soʻrab qoldi. Gap nima haqida ketayotganini tushundim va:
– Albatta, u tabiatan yoqimtoy qiz, – dedim.
– Bilasizmi, uni tanib boʻlmay qoldi, – dedi Minon xonim tashvishlanib. – Uning shu bir yil ichida qanchalik oʻzgarib ketganini tasavvur qilsangiz edi! Shoʻrpeshona ekan, bechora! Oʻzi oʻsha yigitga turmushga chiqmasligi kerak edi. Bu yerliklar yaxshi qalliq boʻlolmaydi. Toʻgʻri, u yaxshi oiladan, otasi boy-badavlat, biroq Jinettaga uylangani uchun uni merosdan mahrum qilgan. Qiz arabga turmushga chiqqani bois otasi undan holing nima deb soʻramaydi. Endi ikkovida hemiriyam yoʻq.
– Yigit hech qayerda ishlamasa, otasi unga hech vaqo bermasa, unda qanday tirikchilik qilishayapti?
– Nahotki buni bilmasangiz? Yigitning doʻsti kimligini bilmaysizmi?
– Yoʻq, buni men qayoqdan bilay?
– Hozirgina ular bilan birga oʻtirganini koʻrdingiz-ku. Yigitning suygan ogʻaynisi – shahar hokimining oʻgʻli. Bu gapga ancha boʻlgan. Hozir hokim oʻgʻlidan achchiqlanib yuribdi. Toʻgʻri, uning ayollarga hech qanday eʼtirozi yoʻq, oʻgʻillari qancha xotin olsa olaversin, mayli. Ammo-lekin, erkak erkak bilan… bunga u hecham toqat qilolmaydi. Bir necha kun boʻldi, u oʻgʻlini haydab yuborgan.
– Bundan chiqdi, kuyov oʻsha doʻstining orqasidan kun koʻrib yurgan ekan-da?
– Ha-da. Uni nafaqat oʻsha doʻsti, balki Jinetta ham boqayapti. Yigit qizni boy-badavlat arablar bilan yotishga majbur qiladi. Yana bittasi bor, Jinettani yaxshi koʻradi, u hokimning oʻgʻli bilan birga turadi. Yoshi oʻtibroq qolgan, ammo puli koʻp. Avvaliga qiz unga unamadi, lekin eri qurgʻur majburlasa, u bechora nimayam qila olardi, koʻnikishdan boshqa iloji yoʻq. Mana endi uchovlon koʻpincha birga yotishadi. Agar qiz xohlamasa, eri uradi. Lekin bu shunchaki foyda uchun, aslida u juda rashkchi, xotinining faqat pul toʻlaydigan erkaklar bilan yotishiga ruxsat beradi, xolos. Basharti qiz biror kimni yoqtirib qolsa bormi, ana koʻring tomoshani, rashki kelib, janjal koʻtaradi. Bordi-yu, puli bor odamni yoqtirmay, u bilan birga boʻlishni xohlamasa ham, yoki oʻzi kimnidir yoqtirib qolib, undan hech qanday haq olmasdan aloqa qilsa ham, baribir uni doʻpposlayveradi. Bechora qiz, shunchalik ham baxtsiz boʻladimi, shoʻrlik nima qilishini bilmay qoldi. Uni bu yerlardan olib ketadigan odamni kutgani-kutgan. Unga rahmim keladi, qaniydi yoʻli ochilib, uzoq-uzoqlarga ketvorsa. U mening bu yerdagi birdan-bir, yagona dugonam, ketib qolsa, nima qilaman, oʻzimam bilmayman.
– Hokim oʻz oʻgʻlidan achchiqlanib yuribdi deysizmi?
– Ha, uni maʼlum muddatga badargʻa qilgan. Shunday qilsam, aqli kirib qoladi, deb oʻylaydi. Yoʻq, uning aqli sira kirmaydi, chunki ikkovi bir-biriga oʻrganib qolishgan.
– Jinettaning xushtori-chi, u hozir qayerda?
– U ham birga ketgan, axir hokimning oʻgʻli bilan doim birga-ku.
– Demak, hozir ikkoviyam yoʻq, shundaymi?
– Shunday. Bu – kelin-kuyov uchun ogʻir zarba boʻldi. Pullari yoʻq, qarz hisobiga yashashyapti. Lekin bu uzoq davom etmasa kerak. Hokim oʻgʻlini ajratib olish uchun koʻp urindi, boʻlmadi, oʻgʻil quloq solmay yana Jinettaning eri bilan topishib olayapti. Ota noiloj yon berishga majbur boʻldi.
– Hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi.
– Ha-ya, izga tushib ketar, kuyingan bilan foydasi yoʻq. Yigit shu kunlarda bir oz jahldor boʻlib qolgan, shu xolos. Mushkul vaziyatdan chiqish uchun “mijoz” qidirib yuribdi. Odamlar sizni juda boy deyishadi. Siz bilan gaplashganining boisi ham shu. Ammo men unga aytdim, bekorga ovora boʻlma, dedim. Axir, siz bamaʼni odamsiz. Ayting-chi, Jinetta sizga yoqadimi?
Ana xolos, mening yolgʻondakam boyligim boshimga shuncha gʻavgʻo olib keladi deb oʻylamagan edim. Ammo-lekin bir nuqtada Minon xonimga nohaqlik qildim.
– Uni bu yerdan olib ketish kerak edi, – soʻzida davom etdi u. – Jinetta uchun kuyoviga pul-mul berib oʻtirmang tagʻin. Nima boʻlsa boʻlar, baribir bechora qizga foydasi yoʻq. Agar u bilan birga yashaydigan boʻlsa, hech qachon biri ikki boʻlmaydi. U hamma narsasini tortib oladi. Yaxshisi, qizni oʻzingiz bilan olib keting. Istasangiz, u siz bilan ketadi, buni oʻzi menga aytdi. Xushtori esa ketolmaydi, bu oson emas, qolaversa, hokimning oʻgʻli qoʻyib yubormaydi, pasport ham ololmaydi. Qizga achinaman, kundan-kunga rangi bir ahvol boʻlib borayapti. Uni bundan bir yil oldin koʻrganingizda bormidi, yangi ochilgan gʻuncha derdingiz. Qizga yaxshi muomala-yu, bamaʼni turmush kifoya. Axir, u ingliz, albatta otasiga tortadi. Shunaqayam yoqimtoyki, asti qoʻying. Odamning ishongisi kelmaydi. Siz ham uni ingliz deb hisoblagan boʻlarmidingiz?
– Yoʻq, – dedim men. – Tagʻin bilmadim, balki. Ehtimol, nazokatli boʻlsaydi, shunday deb oʻylagan boʻlarmidim.
– Boʻlmagan gap, – eʼtiroz bildirdi Minon xonim. – U nazokatga ham, latofatga ham boy qiz. Xuddi ingliz ayoli kabi. Shaxsan men inglizlarni yoqtirmayman. Ular menga oʻta sipo boʻlib tuyuladi. Anov doʻstlaringizga bir qarang-a! Yetti-sakkiz nafar odam bir necha soatdan beri miq etmay oʻtirishibdi. Buni koʻrib, meni vahima bosadi. Ularning orasida, ehtimol, sadist-qotil ham bordir, kim bilib oʻtiribdi. Biroq amerikaliklar – ularga sirayam toqat qila olmayman. Naq varvarlarning oʻzi deysiz. Mening rezinka tayogʻimni hech koʻrganmisiz?
Ayol shunday deb, uni peshtaxta ortidan oldi-da, bir-ikki marta qattiq silkib qoʻydi.
– Buni faqat amerikaliklar uchun asrab qoʻyibman. U menga juda koʻp bakor kelgan, men sizga aytsam.
Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi
“Yoshlik”, 2014 yil 10-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/jinetta/