JIGʻILDON QAYNASHI, meʼda qaynashi, zarda qaynashi — toʻsh ostida va qiziloʻngach boʻylab achishish sezgisi paydo boʻlishi, meʼda suyuqligʻi aralashgan ovqat qiziloʻngachga chiqib, uning shilliq pardasiga taʼsir etishi Jigʻildon qaynashiga sabab boʻladi. Odatda, meʼda shirasida kislota koʻpayganda roʻy beradi. Qiziloʻngach va meʼda shilliq pardasining sezuvchanligi oshganda, meʼda shirasidagi kislota miqdori oʻzgarganda, dagʻal ovqat yeyilganda, meʼdadan shira chiqishini kuchaytiradigan moddalar isteʼmol qilinganda ham jigʻildon qaynaydi. Gastrit, meʼdaichak yarasi, xoletsistit, asabiy holatlar va b. kasalliklarda kuzatiladi.
Jigʻildon qaynashida, albatta, vrach buyurgancha davolanish kerak, chunki turli dorilarni qadeb palapartish ichaverish meʼda va qiziloʻngach shilliq pardasiga yomon taʼsir etishi mumkin. Jigʻildon qaynaganda sabzi yeyish yoki uning suvini ichish va gazi chiqarilgan Toshkent mineral suvini ichish yaxshi naf beradi. Asosiysi Jigʻildon qaynashiga sabab boʻlgan kasallikni davolash lozim.