Jeyms Joys jahon adiblari haqida

Soʻnggi yillarda yurtimizda adabiyotga qaratilayotgan eʼtibor natijasida jahonning koʻplab yozuvchi va shoirlari ijodini oʻqish va oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldik. Jahon tafakkurini yangilashga xizmat qilgan, inson qalbi va maʼnaviyatini boyitadigan, dunyo haqidagi tasavvurimizni kengaytiradigan qator badiiy asarlarni oʻzbek tilida mutolaa qilyapmiz. Xususan, mashhur irland yozuvchisi Jeyms Joysning “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” asarini mohir tarjimon Ahmad Otaboy, “Uliss” romanini esa ustoz tarjimon Ibrohim Gʻafurov ona tilimizga oʻgirdi.

1982 yili YUNYeSKO qarori bilan Jeyms Joys tavalludining 100 yilligi keng nishonlanishi adib ijodi va shaxsining jahon miqyosida yana bir bor eʼtirofi boʻldi. Bugun uning asarlari dunyoning nufuzli oliy oʻquv yurtlari, oʻrta taʼlim maskanlarida oʻrganilmoqda. Oʻzbekistonda ham bu jarayon kechmoqda. Filologiya fanlari nomzodi Tilavoldi Joʻrayevning oliy oʻquv yurti talabalariga moʻljallangan “Jeyms Joys” risolasi bu yoʻldagi dastlabki qadamlardan boʻlgandi. Adib ijodini yanada chuqurroq oʻrganish, tahlil qilish muntazam davom etmoqda. Zero, muallif bejiz shunday deb yozmagan: “Ochigʻini aytsam, “Uliss”da matnni shunday boshqotirmalar bilan toʻldirdimki, olimu taqrizchilar, tanqidchiyu adabiyotshunoslar jumboqlar magʻzini chaqolmasdan umrlarining oxirigacha ovorai jahon boʻlsinlar”.

Jeyms Joysning asarlari oʻziga xos uslubi va matndagi boshqotirmalari, adabiy murakkabligi bilan boshqa adiblar ijodidan keskin farq qiladi. Uning ijodi yuzasidan bahs-munozaralar salkam yuz yildan buyon toʻxtovsiz davom etayotgani sababi ham shunda. Tanqidchi va adabiyotshunoslar uning asarlarini turli yoʻnalishlarda tahlil qilib, aksar hollarda bir-biriga butunlay qarama-qarshi xulosalar chiqarishayotir. Aslida, bu ham Jeyms Joysning noyob isteʼdod egasi, ulugʻ yozuvchi ekaniga yana bir dalildir. Buyuklarning fikri, dunyoqarashi va orzu-umidlari bilan tanishish har doim maroqli. Ularning mahorati va hayotiy tajribasi bilan yaqindan tanishish asarlarini yanada teranroq anglashga, tushunishga yordam beradi. Shularni eʼtiborga olib, biz ulugʻ adib bilan suhbatlardan birini hamda uning sevib oʻqigan yozuvchilari haqidagi fikrlarini jurnalxonlarimizga havola etmoqdamiz. Mazkur suhbat adib ijodini oʻrganishga bagʻishlab chop etilayotgan “James Joyce Broadsheet”, “James Joyce Literary Supplement”, “James Joyce Quarterly”, “Joyce Studies Annual” kabi jurnallardagi maʼlumotlar asosida jurnalist Mariya Gladbix tomonidan tayyorlangan.

Oʻylaymizki, adibning eng mashhur asari “Uliss” haqidagi dunyo olimlarining eʼtiroflari va adibning adabiyot haqidagi oʻtkir mulohazalari jurnalxonlar uchun qiziqarli boʻladi.


 

Jeyms Joys jahon adiblari haqida

 

“Yozuvchi boʻlishdan avval oʻquvchi boʻlish kerak”. Bu – aksioma. Zero, Abdulla Qodiriy taʼkidlaganidek, “Yozuvchi birovni takrorlab qoʻymaslik uchun ham oʻqishi kerak”. Agar tarixga nazar tashlansa, koʻplab buyuk adiblar mutolaa orqali mahoratini oshirganini koʻrish mumkin. Jumladan, Jeyms Joys ham.

 

Gabriele D’Annunsio. Fransuz adibi Floberdan keyin Tolstoy, Yakobson va D’Annunsio yaxshi romanlar yozdi.

 

Gans-Kristian Andersen – Daniyadagi eng yaxshi yozuvchi. Dunyoda undan yaxshi yozadigani yoʻq. Hech kim Andersenchalik tarixni bolalarga yaxshi hikoya qilib berolmaydi. U – jahonda noyobdir.

 

Stendal asarlari Napoleon urushlari, yaʼni fransuzlar dunyoga hukmron boʻlgan davrlar haqida. Uning pozitsiyasi shunday. Bundan tashqari, uning kitoblari romantizmdan iborat, biroq ularda muallifning his-tuygʻusi juda kam. U hech qachon sentimentalizm ruhida shakllanmadi.

 

Uilyam Vordsvort barcha ingliz shoirlaridan koʻra buyukroq, ham daholikka loyiq. Uning oqpadar oʻgʻil haqidagi kitobi – “Ekskursiya”ni oʻqing.

 

Daniel Defo asarlari menga juda yoqadi. Kutubxonasida hamma yozuvchilarning saylanma asarlari boʻlib, u barchasini oxirigacha oʻqib chiqqan. Jumladan, Flober, Ben Jonson va Ibsenni. U “Robinzon Kruzo” asarini inglizlarning “Uliss”i deb aytgan edi.

 

Jon Donn ijodi Shekspir asarlari singari jozibador va oʻqishli. Agar boshqa asarlar bilan solishtirilsa, aminmanki, fransuz shoirlari kitoblarining siyqasi chiqqani oydinlashadi. Jon Donn klassitsizm oqimi ortidan ergashmagan daho. U va Choser “moʻmin-qobil” odamlarga qoʻshilmagan, hayotni sevguvchi adiblar edi.

 

Aristotel mening nazdimda, hamma zamonlarning eng buyuk mutafakkiri. Uning asarlarida hamma narsaga aniq va oddiy taʼrif beriladi. Keyinchalik esa uning fikrlari asosida tom-tom kitoblar yozildi.

 

Ernest Heminguey hayot va adabiyot orasidagi tafovutni kamaytirdi. Aslida, bu ishni barcha yozuvchilar qilishi kerak. Ernest Heminguey hamma narsani boricha yozdi. Shuning uchun ham biz uni sevamiz. U biz yozuvchilarni yozgan va hali yozishga ulgurmagan hayotga olib kirdi.

 

Onore de Balzakning dongʻi va mahorati oʻquvchini ushlab turadi, deb oʻylayman.

 

Dante. Italyan adabiyoti Dantedan boshlanib, Danteda tugaydi. Shuning oʻzi kifoya. Danteda hamma narsa tiklanish ruhida. Men Danteni Bibliyani sevganchalik sevaman. U ruhimni oziqlantiradi. Qolgan hammasi dahmaza.

 

Gi de Mopassan… Qiziqarli va jonli… ammo uning asarlarini buyuk ishlar deb aytmagan boʻlardim.

 

Yogann-Volfgang Hyote. Keksa Faustning yoshartirilishi menga yoqmaydi.

 

Mixail Lermontov. “Zamonamiz qahramoni” asari jahonda mening kitobimga oʻxshagan yagona asar. “Zamonamiz qahramoni”ning shafqatsiz taqdiri menga kitobimni eslatib turadi.

 

Aleksandr Pushkin. Men bir narsani tushunolmayman: Pushkinning askarlar, yovuz odamlar, tanti qahramonlar haqidagi asarlaridan qanday zavqlanish mumkin? Pushkin bolalarcha yashadi va yozdi, shu tariqa oʻldi ham.

 

Lev Tolstoy. Hamma davrlarda ham adabiyotga yangilik olib kirganlar eng yaxshi yozuvchi deb tan olingan. Lev Tolstoy buyuk adib. Uning asarlari hech qachon oʻlmaydi. Chunki uning yelkasida doim boshi boʻlgan.

 

Jek Londonga qarshi biror gap aytolmayman. Chunki biz bir-birimizdan tubdan farq qilamiz.

 

Homer barcha aspektlar va spetsifikalarni “Odisseya”da ifodalab bergan, shu jumladan, mayda detallarni ham. U oddiy soʻzlardan favqulodda maʼnolar chiqara oladi. Homerning asarlari shu darajada ajoyib yozilganki, ulardan bir nechta yozuvchilarni topish uchun odam juda aqlli boʻlishi shart emas. Bular ertaklardek ajoyib va butun yer yuzini birdek bogʻlab turadigan asarlardir. Ularni qayta yozishning iloji yoʻq. Hammasidan koʻra eng ajoyibi va keng qamrovlisi “Odisseya”dir. U “Hamlet”, “Don Kixot”, “Ilohiy komediya”, “Faust”dan ham buyukroq va ijtimoiyroq.

 

Anton Chexov adabiyotga yangilik olib kirdi. Sirtdan qaraganda, u birinchi dramaturg. Chexov kichkinagina detallardan ham tragediya, komediya, xarakter va his-toʻygʻu yarata oladi. Shuningdek, uning asarlarini oʻqiganda pyesalar xuddi koʻz ochib yumguncha tugab qolgandek taassurot uygʻotadi. Chexov asarlarida qahramonlar doim koʻzboʻyamachiliklardan oʻzini tiyadi va parda tushiriladi. Ammo, bilingki, ular his-tuygʻuni unutib, yangi koʻzboʻyamachiliklarni yaratishadi.

 

Marsel Prust – analitik natyurmortchi. U faqat gersoginyalar haqida yozadi. Meni esa ularning xizmatkorlari koʻproq qiziqtirgan.

 

Franchesko Petrarka meni maftun etolmagan, chunki unda intellekt yetishmaydi. U goʻzallik shaydosi, xolos.

 

Fyodor Dostoyevskiy. Oʻylab topilgan qotillikni boʻyniga oladigan Fyodor Dostoyevskiy qahramonlaridan koʻra Russoning qanday qilib kumush qoshiqchalarni oʻgʻirlagani toʻgʻrisidagi iqrornomasini eshitish qiziqroq.

 

Prosper Merime asarlari qiziqarli, biroq bu durust yozuvchi degani emas.

 

Kardinal Nyumenning nasri yuqori baholangan. Lekin Kardinal Nyumen asarlarini oʻqigan odam ishonib boʻlmaydigan narsalarga duch kelaverib charchaydi.

 

Ivan Turgenev asarlarida psixologik analizning ilk koʻrinishi namoyon boʻlsa-da, eskicha yoʻsinda yozilgani bois gʻijirlagan eshikdek odamning joniga tegadi. Men uning yaxshi odamligini yoqtiraman. Kuchsiz sevgidan koʻra sevmagan durust deganlariday. Shuning uchun Ivan Turgenevni buyuk yozuvchi deb tan ololmayman.

 

Henrik Ibsen. Norvegiyalik buyuk adib Henrik Ibsenning asarlarini oʻqib taʼsirlangan kamina Joys ruhoniylikni tashlab, adabiyotga oʻzini urdi. Va shuningdek, barcha havaskor yozuvchilardek kumiriga maktub ham yozdi:

“Universitetda tahsil olgan yillarimda doim Sizning nomingizni Irlandiyada hammaga tanitish uchun koʻklarga koʻtarardim. Har doim Sizning drama tarixidagi haqiqiy oʻrningizni odamlarga koʻrsatish uchun jon-jahdim bilan kurashdim. Siz hech qachon isteʼdodingizni pesh qilib xalq oldida obroʻngizni oshirishga urinmagansiz, nazarimda, inson qadr-qimmati ham shunda. Qolaversa, sizning satirangiz, dramatik mahoratingiz va pyesalaringizdagi jozib ohangdorlik har qancha maqtovga loyiq. Sizning sarkash jasoratingiz esa hayot sirlarini bilishga undaydi”.

 

Azim Roʻziyev tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 3-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/jeyms-joys-jahon-adiblari-haqida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x