Shodiqul erta tongdan taʼbi tirriq boʻlib uygʻondi. U jumagacha ishxonada, qolgan ikki kunni toʻqqizinchi qavatdagi uyida oʻtkazishdan zerikkan, kim bilandir suhbat qurgisi, qandaydir yangilik yaratgisi kelardi. Xotini Samiya ham shunga oʻxshash kayfiyatda. Ayolning koʻngli kenglikni, sayohatni va goʻzal manzarani tomosha qilishni tusayotgandi.
Shodiqul yuz-qoʻlini yuvib kelgach, kursiga yastanib oʻtirdi. Samiya esa odatdagidek uy yumushlari bilan andarmon boʻldi. Bu orada boshqorongʻi emasmi, koʻngli aynib bir necha bor yuvinish xonasiga kirib chiqdi. Nihoyat u dasturxon yozib non-choy olib kelib, derazaning qoʻsh qanotini katta ochib qoʻydi. Ichkariga kuzakning sovuq havosi oqib kira boshladi. Shodiqul avval egniga qalinroq kiyim ildi. Buning nafi tegmagach, borib derazani yopdi. Oʻrniga qaytib oʻtirishi bilan Samiyaning rangi oʻzgarib, kafti bilan ogʻzini toʻsgancha oʻrnidan turib ketdi. Shodiqulning ishtahasi boʻgʻildi. Xotini qaytib eshikdan kirarkan:
– Derazani ochib qoʻyaylik, boʻgʻilib ketdim, – dedi.
Shodiqul rozilik bildirgandek qoshini uchirib, qoʻli bilan derazani koʻrsatdi. Samiya sovuq havoga yuzini tutib toʻyib-toʻyib nafas oldi. Uni kuzatib turgan eri:
– Bugun bir aylanib kelmaymizmi? – dedi.
Bunday gapni kutmagan Samiya unga yalt etib qaradi-da:
– Qayerga? – dedi chehrasi ochilib.
– Akmallarning uyiga. Anchadan beri kelinglar, deb yuruvdi. Yangi uyga koʻchib oʻtganiga ham bir oydan oshibdi. Uyi uzoq emas, bizdan ikki mavze narida.
– Ha, mehmongami? Men biror bogʻga boramizmi, deb oʻylabman…
Samiya gapini tugatmasdan Shodiqul: “Hozir, shoshma-chi”, dediyu qoʻltelefonidan bir nimalarni axtarib, izlagan raqamini topdi. Qisqa gudokdan soʻng kim bilandir quyuq soʻrashdi. Shodiqul sinfdosh joʻrasi Akmal bilan anchagacha suhbatlashib bugun mehmonga borishmoqchiligiga shaʼma qildi. Bu gap Akmalga ham maʼqul tushdi. Telefonni qoʻygach Shodiqul xotiniga qarab:
– Mana kelishib oldik, – dedi. Samiyaga bu “kelishuv” yoqmadi, shekilli:
– Buning oʻrniga biror joyga borib aylanib kelsak boʻlardi. Toza havoda yurganga nima yetsin, – dedi.
– Toza havo emish. Qara, yomgʻir yogʻadigan boʻlib turibdi.
– Yaxshimasmi? Ikkimiz qoʻl ushlashib, yomgʻirli havoda sayr qilsak… toʻydan oldin ham, keyin ham hech bunday aylanishga olib boray demaysiz-a?
– Iltimos! – dedi Shodiqul buyruq ohangida. – Mehmonga ochiq chehra bilan borib kelaylik.
Samiya tilini yutib yuborgandek jim boʻlib qoldi. U avval dasturxonni yigʻishtirib, uyni tartibga keltirdi. Keyin er-xotin oʻtirib kun yarmigacha televizor koʻrishdi. Tushlikdan soʻng uzun-qisqa boʻlib yoʻlga tushishdi. Uylari yaqinidagi bozorchadan ul-bul shirinlik, bir juft issiq patir va ikki kilo qirmizi olma olishdi. Samiya qip-qizil olmalarni koʻrgandayoq bir yutindiyu Shodiqulning qovoq-tumshugʻiga qarab indamay qoʻyaqoldi. Shu koʻyi gap-soʻzsiz avtobusga chiqishdi. Yelim xaltada yaltirab turgan olmadan koʻzini uzolmagan Samiya sekingina:
– Uyga hecham qirmizi olma olib kelmagansiz-a? – dedi. Shodiqul unga maʼnoli qarab qoʻydi. Samiya esa gapida davom etib:
– Sevishganlar bir-biriga qizil atirgulmi yo mana shunday olmami berishadi, – deya maʼsumgina jilmayib eriga umidvor termuldi. Soʻng Shodiqul jim ketayotganini koʻrib:
– Olmadan bittasini olib yesam-chi? – deb soʻradi moʻltiragan boladay.
– Avtobusda yosh boladay olma yeb yurasanmi? – dedi Shodiqul chimirilib.
– Oʻzim uchun soʻramayapman-ku, – boshqorongʻiligiga ishora qildi ayol.
– Unday boʻlsa ozgina sabr qil. Akmalning xotini shu olmadan dasturxonga qoʻyadi, – dedi.
– Qoʻymasa-chi?
– Oʻzim aytaman. Juda boʻlmasa, ana bozor toʻla olma, istasang bir qop olib beraman.
Erining qaysarligini bilgan Samiya indamay yutinib qoʻya qoldi.
Akmal mehmonlarni ochiq chehra bilan kutib oldi. Xotini ham ularga manzirat qilib uy toʻriga taklif qildi. Duodan soʻng xontaxta yuzidagi yopqichni oldi. Dasturxon turli noz-neʼmatlar bilan toʻldirilgan, hatto non uchun ham joy qolmagandi. Samiya ham, Shodiqul ham dasturxonga qarashlari bilan ichlarida: “Akmalning topish-tutishi yaxshi ekan”, – deb oʻylab qolishdi.
Dasturxon chindan-da toʻkin edi. Sara shirinliklar, turli pishiriq, sarxil mevalar: uzum, olma, anordan tortib ananasu banangacha. Ularga tikilib Shodiqul oʻzidan uyalgan boʻldi. Buncha noz-neʼmat yonida ular olib kelgan narsalar gʻaribday tuyuldi. Ayniqsa, olma. Artilgani uchun yaltirab turgan boʻlsa ham kichik, koʻrimsiz, yana jaydari!
Samiya esa eridan farqli oʻlaroq, bularga zarracha ahamiyat bermas, koʻzi toʻrt boʻlib oʻzlari olib kelgan qirmizi olmani kutayotgandi. Xayolida oʻsha olma, qanday boʻlmasin unga yetishish haqida qaygʻurardi. Xotinini kuzatib oʻtirgan Shodiqulga mehmondorchilik tatimadi. Oʻzini noqulay his qildi. Bu ham yetmagandek, uyga qaytishlarida Samiyaning raʼyiga qarab anchagacha yayov yurdi. Uningcha, Samiya bu injiqlikni xiyobonga emas, mehmonga borganlari uchun ataylab qilayotgandek edi.
Ular shu koʻyi ketib borisharkan Samiya haliyam oʻsha xayollari bilan:
– Olmadan bittasini olib sumkamga solib qoʻysam boʻlarkan, – dedi.
– Yana shu gapmi? – Shodiqulning endi rosmanasiga jahli chiqqandi. Erining avzoyini koʻrgan Samiya vaziyatni yumshatish uchun:
– Siz olib berganingiz boshqacha-da, – dedi.
– Gap shunda boʻlsa ana bozor. Qancha olma kerak? – dedi Shodiqul sovuqqina qilib.
– Eh, siz bilmaysiz-da! Koʻnglim oʻsha olmaga ketgandi…
Samiya gap boshlab qoʻydiyu yana erini ranjitishni istamay:
– Agar qulogʻimi, burnimi puchuq boʻlib tugʻilsa, oʻzingiz javob berasiz, – dedi hazilnamo erkalanib. Bu gap Shodiqulga ogʻir botdi. Goʻyo tugʻilajak farzandi rostdan ham nuqsonli boʻladigandek:
– Esing joyidami? Tilim bor deb har gapni aytaverasanmi? – dedi.
– Boʻlmasam, nima deyin?! Oʻzingiz doʻxtirning gapini eshitdingiz-ku, koʻngli nimani tusasa, oʻshani yesin, degandi. Nima, men ataylab qilayapmanmi? Avtobusda bitta olmani qizgʻandingiz… Ogʻzingdagini oldirib oʻtirsang odamga alam qilarkan, – dedi jahli chiqqan Samiya ovozini balandlatib.
Shodiqul yuzini ters burib indamay yoʻlda davom etdi. Samiya ham boshqa ogʻiz ochmadi. Ular uyga yetib borgach, peshayvonda xira nur sochayotgan chiroq yorugʻida oldinma-ketin ichkari kirishdi. Qorongʻi yoʻlakda erining qoʻlidan tutib olgan Samiya unga ergashib zinadan tepaga koʻtarildi. Shodiqul lift roʻparasida toʻxtab, tugmachani bosdi. Bir muddat kutib tagʻin takror liftni “chaqirdi”. “Tiq” etgan sado boʻlmagach, Shodiqul lift yana buzilganini bilib baralla soʻkinib yubordi. Bularning barchasiga xuddi xotini aybdordek Samiyaga qaramasdan ham qadamini tezlatib tepaga yoʻl oldi. Toʻqqizinchi qavatga chiqquncha horigan, boz ustiga boyagi dilxiralik sabab bir-biriga gapirgisi ham kelmagan er-xotin uyga kirishlari bilanoq biri oʻzini yotoqqa urdi, biri yana hammomga. Yarim-bir soat vaqt oʻtib Samiya ham erining yoniga kelib yotdiyu hiqillab yigʻlay boshladi. Shodiqul avvaliga eʼtibor qilmadi. Yigʻi ovozi tinavermagach:
– Ha, yana nima? – dedi.
– Olma, – zoʻrgʻa javob berdi xotini.
– Haliyammi?.. Nechi kilo kerak?
– Oʻzimiz olib borgan olmadan bitta boʻlsa yetardi… Endi foydasi yoʻq! Oʻsha sotuvchidan boshqasini olib kelsangiz ham boʻlmaydi.
Buni eshitgan Shodiqulning joni xalqumiga kelib:
– Koʻnglimning koʻchasi, – dedi-da alam bilan boshini yostiqqa oʻrab oldi.
Soʻnggi ilinji ham puchga chiqqan Samiya hamon koʻzyosh qilardi. Uning yigʻisiga bardoshi yetmagan Shodiqul oʻrnidan turib, eshikni qarsillatib yopgancha koʻchaga chiqib ketdi. Bu Samiyaga alam qildi. Koʻnglida: “Odam degani ham shunday boʻladimi? Na koʻngilga qaraydi, na gapga tushunadi? Qanday qilib shunday odamni yaxshi koʻrib qolgan ekanman-a?” deb oʻyladi.
Bir vaqt eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Hovliqqancha eshikni ochgan xotiniga Shodiqul bir juft qirmizi olma tutdi.
– Ma, ol, – dedi zarda bilan. Samiya beixtiyor:
– Qayerdan oldingiz? – deb soʻradi.
– Sen uchun toʻgʻri jannatdan olib kelayapman. Qayerdan boʻlardi, Akmalning uyidan-da! Odamni tiriklay yerga tiqding-ku…
Samiya erining bu gapiga negadir jilmaydi. Keyin olmani oldi-da, qarsillatib tishladi. Shodiqul bir zum xotinining ahvoliga qarab turdi-da, asabiy iljaygancha ichkari kirib ketdi. Samiya jaydari olmaning bittasini paqqos tushirgach, eri haqida oʻylay boshladi: “Sinfdoshiga nima deb aytdi ekan? Shuncha yoʻlga borib kelgani mayli, lekin erkak boshi bilan ikkita olma soʻrash… uyat! Olma bozoriga oʻt tushibdimi, deb kulgandir joʻrasi ham?”
Ayolning xayolidan shu oʻylar oʻtarkan, koʻksida ajib tuygʻular jimirlayotganini payqadi. Bu xursandchilikmi, qayta olovlangan muhabbatmi yoki dunyoga kelajak kichkintoyining injiqliklaridan orziqishmi, hatto oʻzi ham bilmaydi nimaligini. Lekin bu – shirin tuygʻu. Shu damda erini ilk uchrashgan paytidagi kabi yaxshi koʻrishini his etdi. Keyin yotoqqa kirib koʻrpaga oʻranib yotgan Shodiqulga mehr bilan termuldi…
Bobo RAVSHAN
“OʻzAS”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/jaydari-olma/