Janni Rodarining oʻzbek shogirdi

Kichkintoylarning katta adibi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

Xudoyberdi TOʻXTABOYEV bilan suhbat

 

Har qanday millat adabiyotining kattagina qismini bolalar adabiyoti tashkil etadi. Bolalar uchun yaratilgan asarlar ularning murgʻak qalbi va toza ruhiyatiga mos boʻlishi zarur. Shu maʼnoda sizning “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Besh bolali yigitcha” kabi asarlaringiz 20-asr oʻzbek bolalar adabiyotining katta yutuqlari sanaladi. Biroq siz ijodingizning dastlabki bosqichida qalami oʻtkir felyetonchi sifatida tanilgansiz. Xudoyberdi Toʻxtaboyevning tanqidiy nazariga duch kelishdan manaman degan arboblar ham choʻchigani haqida eshitganmiz. Ayting-chi, mashhur felyetonchi qanday qilib beozorgina bolalar yozuvchisiga aylanib qoldi?

Savolingiz qiziq, juda-juda qiziq. Shu bilan birga murakkabroq ham. Shuning uchun ham qiziqki, bu savol turli janrlarda qalam tebratgan barcha ijodkorlarga birdek taalluqli. Bir xil ruhiy holatdan boshqa bir ruhiy holatga oʻtish albatta, oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Taʼkidlaganingizdek, juda shafqatsiz holatda yoziladigan felyetondan quvnoq va beozor bolalar adabiyotiga oʻtib ketishimdan oldin bir qancha ichki, yaʼni ruhiy bosqichlardan oʻtganman. Bunday katta qaror qabul qilish uchun bir-ikkita sabab ozlik qilar ekan. Shu sabablardan ayrimlarini sanab oʻtsam deyman.

Birinchidan, bolaligimda yetim qolib, buvimdan koʻp ertaklar eshitganman. 1949 yili Qoʻqon pedagogika bilim yurtini tamomlagunimcha, ishonsangiz, kitob oʻqish u yoqda tursin, kitobning oʻzini ham koʻrgan emasman. Demak, hamisha xursandchilik, yaxshilik bilan tugaydigan ertaklar taʼsirida unib – oʻsganman.

Ikkinchidan, mehnat faoliyatimni begʻubor, oqkoʻngil, ishonuvchan, xayolparast bolalar oʻrtasida – maktabda boshlaganman. Yana ham ochiqroq qilib aytsam, birinchi sinflarga dars berganman. Oh, oʻsha yillar, bolalarning oqkoʻngilligi, xayolparastligiyu orzularga tez berilishi hali-hali tushlarimga kirib chiqadi.

Uchinchidan, felyeton olamidagi jinoyatchilik, qalloblik, yolgʻonchilik, quvlik, shumlik, ikkiyuzlamachiliklar shunday koʻp ediki, goho dod deb yuborgim kelardi. Bir felyetonchi kechasi uxlamay, hayotdagi muttahamlik, bagʻritoshlikka oʻxshash holatlardan naqd 99 tasini yozib, ertasiga boshqa felyetonchiga maqtanibdi. Oʻrtogʻi “Koʻchirib olay, men ham foydalanaman”, deb iltimos qilibdi. Felyetonchi “Yoʻq, ogʻayni, men kechasi bilan jonimni qiynab yozdim, kerak boʻlsa oʻzing oʻylab yoz”, deb bermabdi. Jahli chiqqan oʻrtogʻi “Boʻlmasa, 100-illat – qizgʻanchiqlikni ham yozib qoʻy”, degan ekan. Aslida, men bir soʻz bilan “illat” deb ataladigan, sanab sanogʻiga yetib boʻlmaydigan holatlar orasida 15 yildan ortiq ishladim… Oh, begʻubor, oqkoʻngil bolalar oʻrtasida qachon yashar ekanman, deb koʻchalarga chiqib ketgan vaqtlarim ham boʻlardi. Ha, jamiyatga xavf soladigan turli illatlar haqida yozardim, ularning urchib borayotganidan faryod chekkan paytlarim koʻp boʻlgan. Shu oʻrinda qiziq bir voqea yodimga tushdi. Kunlarning birida xonamga savdo idoralaridan birining rahbari jahl bilan kirib:

– Goʻsht qachon paydo boʻlganini bilasizmi? – deb soʻradi.

– Bilmayman, – dedim.

– Bilmasangiz bilib qoʻying, goʻsht paydo boʻlgandan buyon, qonxoʻr arilar gurillab kelib goʻshtga yopishadi. Qassob qoʻlidagi gavron bilan bir uradi, yuz aridan biri oʻladi. Bir nafas oʻtar-oʻtmas haligi goʻshtxoʻr arilar yopirilib kelaveradi. Goʻsht paydo boʻlgandan buyon, qarang-a, qassob va ari oʻrtasida ana shunday jang ketadi. Chunki ari goʻsht yemasa oʻladi. Savdo ham xuddi shunday. Ertalab savdoga chiqayotgan azamat “Shu bugun 100 soʻm topmasam uyga qaytmayman” deb yeng shimaradi. Oʻsha yuz soʻmni topish uchun boʻyi va enidan, qaytimidan uradi… bas qiling felyetonni deyapman…

Toʻrtinchidan, bolalar dunyosiga yanada kuchliroq mehr qoʻyishim va tez-tez sogʻinib yurganim – bolalar adabiyotiga keskin oʻtib ketishimga mashhur bolalar adibi va ertakchisi Janni Rodari janoblarining kamina haqida aytgan iliq fikrlari ham turtki boʻlgan edi. U Italiyaning Rim shahrida oʻtkazilgan, bolalar adabiyotiga bagʻishlangan Xalqaro forumda jajjigina bir kitobcham haqida kattagina gap aytgan, “Sehrli qalpoqchadagi quvnoq yumor, boy fantaziya menga maʼqul boʻldi” degan soʻzlari bilan mening yuragimda oʻz maqsadlarimga nisbatan ishonch tuygʻusini uygʻotgan edi. Buyuk yozuvchining oʻsha soʻzlari ikkilanib yurgan holatimga bir aniqlik, yorqinlik, dadillik kiritganday boʻldi. Chunki oʻsha kezlari “qoʻlimni musht qilib jinoyatchilar bilan tokaygacha olishib yuraman” degan paytlarim ham tez-tez boʻlib turardi. Shunday paytlarda ustozim Said Ahmad shunday der edi: “Menga qara, felyetonchi ukam, felyeton nimaga oʻxshaydi, aytaymi: felyeton ragatkaga kesak solib, bostirib kelayotgan tankani toʻxtatib qoʻyishga intilgandek bir gap”. Ustoz “Xalq soʻzi” gazetasining 2000 yil, 19 yanvar kungi sonida eʼlon qilingan “Isteʼdodning olmos qirrasi” nomli maqolasida ijodimga boʻlgan munosabatini ochiq-oydin bayon etgan edi: “Nima boʻldi-yu, oltmishinchi yillarga kelib Xudoyberdi yozishdan bir muddat toʻxtab qolgandek boʻldi. Qissalar yozmay qoʻydi. Oʻzini felyetonchilikka urdi. Respublika gazetalarida kun ora felyetoni bosiladigan boʻlib qoldi. Men bu bolaga mehr qoʻygan edim, undan yangi-yangi qissalar kutar edim. Ammo u felyeton yozishdan boʻshamadi. Bu orada bolalar adabiyotidan bir qadar fayz keta boshlaganga oʻxshardi. Uni qidirib redaksiyaga bordim, popirus tutatib allaqanday sud hukmlari, militsiya tuzgan aktlarga koʻmilib felyeton yozayotgan ekan. Xudoyberdi meni ustoz deb qoʻl bergan, yozganlarini nazarimdan oʻtkazib turadigan shogird edi. Keyingi ikki yilda negadir mendan oʻzini olib qochadigan, uchrashib qolganlarimizda qandaydir bir gunoh ish qilgan boladek koʻzini yashirishga joy topolmay qolardi. Bu holat menga juda tanish, chunki men ham ustoz Abdulla Qahhor oldida xuddi shunday ahvolga tushgandim. Bu voqea bir umr esimdan chiqmaydigan saboq boʻlgan edi.

Ming toʻqqiz yuz qirq olti, qirq yettinchi yillarda hikoya yozishni tashlab, felyeton yozishga berilib ketgandim. Nazarimda oʻsha vaqtlari butun Oʻzbekistonda mendan mashhur, mendan obroʻli yozuvchi yoʻqdek edi. Sartaroshxonalarga meni benavbat kiritib yuborardi, restoranlarda esa mutloq notanish odamlar yemoq-ichmoq haqini toʻlab qoʻyishardi. Mehmondorchilikka borsam dasturxonning toʻriga oʻtqazishar, to oʻtirmagunimcha qoʻl qovushtirib “odob” saqlab turishardi. Oʻzimga oʻzim “hikoya yozib bekorga vaqtimni sarflab oʻtiribman, felyeton gʻirt mazza ekan”, deb, oʻzimdan ketgan paytlarim edi. Ana oʻshanday uchib-qoʻnib yurgan paytlarimda redaksiyaga Abdulla Qahhor kelib qoldi. He yoʻq, be yoʻq “Yozuvchilar soyuzidan chiqishga ariza berasizmi, yoki oʻzimiz chiqaraveraylikmi?” deb qoldi. Nima uchun unaqa deyotganiga ikkilanib qoldim. Nima uchun ariza yozib berishim kerak? Tilimga gap kelmay chaynalib qoldim.

– Nega unaqa deyapsiz, domla? – dedim qoʻrqa-pisa.

– Soyuz aʼzolarining hammasi asar yozishayapti, uch yildan buyon birorta hikoyangizni oʻqimadim. Demak, siz yozuvchilikni tashlagansiz, unday boʻlsa soyuzni boʻshatib qoʻyish kerak.

– Felyetonlarimni oʻqimayapsizmi?

– Felyeton adabiyot emas, jurnalistikaga kiradi.

– Ikki oycha boʻldi, bitta hikoyam bosilgandi. Oʻqidingizmi?

– Oʻqiganman, – dedi domla. – Hikoyangizdan qamoqxonaning hidi kelyapdi. Felyeton yozaverib, odamlardan fazilat emas, nuqson qidiradigan boʻlib qolibsiz. Adabiyot oʻquvchi qalbiga nur olib kiradi, goʻzallik, odamiylik, rahm-shafqat, hayotga, odamlarga muhabbat tuygʻularini uygʻotadi. Siz esa odamlarda faqat yomonlikni, yovuzlikni koʻrgansiz, attang-attang, sizdan qanchadan-qancha umidlarimiz bor edi.

Abdulla Qahhor boshqa gap aytmadi. Xayr ham demay chiqib ketdi. Oʻtirgan joyimda bir zambil loy boʻlib qolaverdim. Domlaning gaplari qanchalik achchiq boʻlmasin, haqiqat edi, bu gap, bu xil muomala jon-jonimdan oʻtib ketdi, felyetonchilikni butunlay tashlab yubordim. Mana, ellik besh yil boʻldiki, domla aytgan gaplarning zahri tanamdan ketmaydi. Shu ellik besh yil davomida atigi uchta felyeton yozibman. Ochigʻini aytsam, hikoyadan ancha qoʻlim chiqib qolgan ekan. Oʻzimni oʻnglab olgunimcha ancha qiyin boʻldi.

Shu tobda yoshligim, felyeton “qiroli” boʻlgan paytimga roʻbaroʻ kelib oʻtiribman. Xudoyberdi mening yoshligim edi, men qilgan xatolarni aynan takrorlab turgan payti edi. Unda jindek havo paydo boʻlgan, gʻururi ham anchagina balandda edi.

– Ahvollar qalay ukam? – dedim, nimadan gap boshlashni bilmay. U stol tortmasidan oʻntacha bir xil yorliqlarni, dastroʻmolga tugilgan qoʻzichoqning iligidek bir narsani allaqanday maqtanish bilan stolga qoʻydi:

– Bilasizmi bu nima, bu kumush hushtak!

U shunday deya roʻmolchani yechib, ichidan chindan ham kumush hushtak olib menga uzatdi.

– Buni ichki ishlar xodimlari toʻgʻrisida yozilgan eng yaxshi materiallar uchun mukofotlashgan. Chalib koʻring, bitta puflab koʻring, ovozi ham boshqacha.

Xudoyberdi bir vaqtlar yaxshi yozuvchi boʻlishni orzu qilgan, yozgan-chizganlari ertaga yaxshi yozuvchi boʻlishiga kafolat beradigan talantini bitta kumush hushtakka almashtirishga tayyor turgan va lekin hali danagi qotmagan, oʻz istiqboliga beparvoroq, uch koʻcha boshida qayoqqa borishni bilmay hayron turgan “yozuvchi” edi. Unga qancha tushuntirma, qancha nasihat qilma, hamma gaplardan kumush hushtak afzaldek edi. Uni adabiyotga qanday qaytarish mumkinligini oʻylab oʻyimga yetolmadim. Bu yoʻldan qaytarishning birdan-bir yoʻli Abdulla Qahhor uslubi edi. Xudoyberdi juda odobli, madaniyatli, mayin yigit, dilini ogʻritgim kelmadi. Menda Qahhor domlaning qahri yoʻq, boyatdan beri uning jon-jonidan oʻtib ketadigan gaplarni oʻylab oʻtirgan edim. Aytishga tilim bormadi. Uzundan-uzoq leksiya boshladim.

– Gazeta bir kunlik axborot vositasi. Ertasiga oʻrniga boshqa gazeta chiqadi. Demak, sen yozgan felyeton ham bir kunda oʻtmishga aylanadi. Bilasanmi, men ikki yuzdan ortiq felyeton yozganman. Qani ular? Hammaning yodidan chiqib ketdi…

Oradan bir yil oʻtib Xudoyberdining qissa va romanlari ketma-ket eʼlon qilina boshladi…”

Ustoz Said Ahmadning maqolasidan olingan mazkur iqtibos savolingizga toʻla aniqlik kiritadi, deb oʻylayman.

Mashhur adiblardan biri buyuk ertakchi Andersen haqida yozar ekan, shunday deydi: “U kattalardan hamdard topolmagach, bolalarga murojaat qildi. Bolalar uni tushunishlarini, unga achinishlarini istadi. Ammo u yanglishdi. Chunki bolalar achinmaydilar, ular achinishni bilmaydilar”. Bundan kelib chiqadiki, bolalar yozuvchisini bolalik olamiga bogʻlab turadigan qandaydir sabab, rishta mavjud boʻladi. Sizni bolalar uchun yozishga undagan ichki daʼvat nima?

Savolingizning birinchi qismida “Buyuk bolalar ertakchisi Andersen kattalardan hamdard topolmagach, bolalarga murojaat qildi” degan gap bor. Tirik odam hamisha hamfikr, hamdard axtaradi, uni tushunadigan doʻst izlaydi. Adabiyot ham bundan mustasno emas. Senga hamfikr va hamdard boʻladigan insonni topish, seni tushunib, fikrlaringni quvvatlaydigan kishini axtarish aslida kattalar adabiyotining ham, bolalar adabiyotining ham bosh vazifalaridan biri hisoblanadi. Har qanday yozuvchi, xoh kattalar, xoh bolalar uchun yozsin, insondagi nimanidir tasdiqlagisi, nimanidir inkor qilgisi keladi. Tasdiqlab turib inkor qiladi, inkor qilaturib tasdiqlaydi. Xuddi ana shu ruhiy, axloqiy holatni yozuvchilar ijobiy yo salbiy obrazlar orqali koʻrsatishadi. Demak, yozuvchi oʻz asarida ijobiy obrazlarni yaratar ekan oʻziga hamdard axtaradi, aytmoqchi boʻlgan fikrlarini mana shu obraz orqali yo tasdiqlaydi, yo inkor qiladi. Xuddi shu paytda bir gap esimga tushib ketdi. Birov menga “Kattalarga aytgan gaping, ular beparvo boʻlganlari uchun, tarvuzning ustidan quyilgan suvdek oʻtib ketadi”, deb aytgan edi. Bola zoti esa tamomila oʻzgacha xilqat. Agar u senga mehr qoʻysa, sen aytgan gapni, jon qulogʻi bilan tinglaydi, shu gapni sendan eshitgani uchun maqtanib ham yuradi. Xuddi ana shu maʼnoda buyuk Andersen hamdard sifatida bolalarni tanlagan boʻlishi mumkin. Bolalar achinmaydilar, achinishni bilmaydilar, degan fikr menimcha bahsli, munozaralidir. Chunki bolalar buyuk ertakchini tushunganlari va unga achinganlari uchun ham uning asarlarini salkam ikki yuz yildan buyon qoʻldan qoʻymay oʻqib kelmoqdalar.

Mendan yana, kaminani bolalarga bogʻlab turadigan qanday ichki dard borligini hazilnamo qilib soʻrayapsiz. Meni bolalarga bogʻlaydigan ichki dardim ularga boʻlgan bitmas muhabbatim va achinishimdir. Yigʻlayotgan bolalarni koʻrsam, yoniga oʻtirib yupatsam deyman. Yaxshi oʻqimayotgan bolani koʻrsam “esizgina, shu paytda vaqtini bekorga oʻtkazmay, koʻproq oʻrganib, koʻproq oʻqisa, maʼnaviyati butunroq oʻsadi” deya achinaman. Har bir boladagi Alloh bergan qobiliyat ertaroq ochilsa yaxshi boʻladi deb oʻylayman. Bolalar uchun tugʻildim, bolalar uchun yashadim, yana bolalar uchun yashayveraman deb maqtanib ham yuraman. Yozayotganimda esa keksa yoshdagi odam boʻlib emas, xuddi bolaning oʻzi boʻlib, yoki yaqin oʻrtogʻiga aylanib yozaman. Qaysi yoshdagi bola, yoki oʻsmir uchun asar yozmoqchi boʻlsam oʻsha yoshdagi bola yo oʻsmirlar davrasida boʻlishga harakat qilaman. “Jannati odamlar” romanimni yozayotganimda, koʻp vaqtimni bogʻchadagi yuqori bosqich bolalari, maktabdagi birinchi sinf oʻquvchilari bilan oʻtkazdim.

Inson bolalik chogʻida moʻjiza va sarguzashtlarni, oʻquvchini oʻz ortidan ergashtirib ketadigan gʻaroyib voqealarni yoqtiradi. Nazarimda, yosh kitobxonlarni Xudoyberdi Toʻxtaboyev asarlariga bogʻlab qoʻyadigan ohanrabo ham shunda… Ijodkor esa asarni yozish jarayonida maʼlum muddat undagi voqealar ichida yashaydi. Yanayam aniqrogʻi, yozayotganlariga avvalo oʻzi ishonadi. A. Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani ustida ishlar ekan, Kumush oʻlimi haqidagi bobni yozib tugatgach, oʻkirib yigʻlagani, “Kumush oʻldi!” deya xitob qilganini oʻqiganmiz. Soʻz mulkining sultoni Hazrat Navoiy esa “Layli va Majnun” dostoni yakunida bu dostonni “yigʻlay-yigʻlay tugatgani”ni bayon qiladi. Asarlaringizdagi sarguzashtlarga, aytaylik, Hoshimjonning sehrli qalpogʻiga oʻzingiz ham ishonib qolgan paytlaringiz boʻlganmi? Bu voqealarni qanday oʻylab topganingiz faqat bolalarga emas, biz kattalarga ham qiziq tuyuladi.

Islomiy taʼlimotda “chaqaloq musulmon boʻlib tugʻiladi“degan hikmat bor. Yana bir taʼlimotda “chaqaloq ona qornida shakllanayotgan paytda Alloh chaqaloqning qalbiga adolat, haqiqat, maʼsumlik, kamolot tuygʻularini qoʻshib yaratadi” degan yana ham goʻzalroq fikrlar mavjud. Bu tuygʻularning har birini alohida-alohida olib, alohida-alohida tahlil qilib, katta-katta kitoblar yozsa boʻladi, deydilar. Ana shu bir-biridan goʻzal tuygʻular ichida alohida oʻringa ega boʻlgani kamolot tuygʻusi hisoblanadi. Kamolot tuygʻusi insonni yuksalishga daʼvat etib turadigan buyuk tuygʻudir. Bola aqlini taniy boshlashi bilan dunyoni bilishga, atrofini oʻrab turgan moddiy va maʼnaviy dunyoni tushunishga, sekin – asta ichki bir tuygʻu taʼsirida oʻzini ham anglashga intiladi. Bu holat unda tabiiy boʻladi, tugʻma boʻladi. Chunki bu gendan kelayotgan ilohiy ovozdir. Bu paytda bolalar shunaqangi sersavol, shunaqangi qiziquvchan boʻladilar-ki, hamma narsani tezroq bilib olishni istashadi. Tinimsiz savol berib, baʼzan kattalarni ham bezitib yuborishadi. Savollariga javob olisholmasa, yigʻlab ham yuboradilar. Chunki miya poʻstlogʻi ostida joylashgan maʼlum markaz betoʻxtov “ozuqa” soʻrab turadi. Uning ozuqasi yorugʻ olamga daxldor bilimlardir. Bolalik va oʻsmirlik pallasining xarakterli xususiyati mana shunda. Kattalarga berilgan savollar va olingan javoblar vositasida bola yoki oʻsmirning shaxsi shakllanib boradi.

Begʻubor, oʻyinlarga toʻla bolalik tugab, asta-sekin masʼuliyatli oʻsmirlik pallasi boshlanadi. Bu ham tabiiy, bu ham kamolot tuygʻusining qistovi. Bu tuygʻu bola yoki oʻsmirning rivojlanishiga qarab, birida kuchsizroq, boshqasida kuchli boʻlishi mumkin. Oʻsmirning oilada, maktabda, oʻrtoqlari oʻrtasida eshitganlari uni qoniqtirmay qoladi. Favqulodda, juda qiziqarli yoki qoʻrqinchli kechinmalarni boshidan kechirgisi keladi. Poyonsiz oʻrmonda adashib, soʻng yoʻl topib chiqib ketsa, qoʻrqinchli qaroqchilar bilan uchrashib ularni yengsa, hech kimning aqli yetmaydigan yangi bir mashinani kashf qilsa, paxtaning shunday bir navini yaratsa, koʻsak pishib ochilsa-yu, loʻppi-loʻppi paxtalar oʻz-oʻzidan oqib kelib, xirmonda toʻplanaversa. Sigirning qornida sutni pishloqqa aylantiradigan apparat ixtiro qilsa… Xullas, oʻsmir ana shunday xayolot olami qurshovida yashay boshlaydi. Hayotda qandaydir yutuqqa erishganlarni koʻrsa, ularga havas bilan qaraydi, hatto taqlid qiladi. Goho maqsadiga erisholmay qolgan bolalar va oʻsmirlar uylaridan qochib ham ketishadi.

“Qasoskorning oltin boshi” romanimni oltinchi sinf oʻquvchisi oʻgʻlim Baxtiyor va uning tengqur oʻrtoqlariga atab yozganman. Romanni tarixiy sarguzasht janri talablariga rioya qilgan holda yozganman. Nomoz Pirimqul oʻgʻlini romanning qahramoni etib tanlaganman. Bu kambagʻalparvar, yetimparvar jasur yigit 1870–1907 yillar oʻrtasida yashab, Samarqand vohasida kambagʻallar va xoʻrlanganlarning yonini olib koʻp jasoratlar koʻrsatgan tarixiy shaxs edi. Rus tadqiqotchisi Piyaskovskiy yozgan kitobida, “Nomoz boshliq qasoskor yigitlar Toshkent, Samarqand, Qarshi, Buxoro viloyatlarida general Sakulskiy, general Fon Gesketlarning tish-tirnogʻigacha qurollangan kallakesarlariga qarshi kurash olib borgan edilar”, deyilgan. Nomoz toʻdasidagi yigitlarning koʻksidagi tumorida:

 

Ne uchun dunyoga keldik,

Yaxshini bilmasak biz.

Ne uchun dunyoga keldik,

Yaxshilik qilmasak biz, – degan soʻzlar qasamyod tariqasida yozilgan ekan.

Tarixiy manbalarni chuqurroq oʻrganganim, oʻsha davrlarni koʻrgan keksalar bilan koʻproq suhbatlashganim sari oʻttiz yetti yoshida xoinlar tomonidan oʻldirilgan bu jasur yigitni astoydil, misoli oʻz oʻgʻlimdek yaxshi koʻrib qoldim. Yozayotgan paytimda uning har bir xayrli ishidan olam-olam zavq olardim, qiyinchilikka tushib qolsa undan koʻproq qaygʻurardim.

Tarixiy manbalarda Nomoz hokimlarning navkarlari, jazo otryadining maxsus askarlari qurshovida qoladi, aqli, jasorati, topqirligi sababli uch yuz kishilik askar qurshovidan eson-omon chiqib ketadi. Eson – omon chiqib ketishgach, yigitlarga dam berib, oʻzi ham jindek mizgʻib olmoqchi boʻladi. Yonida hamisha birga yurgan Kenja Qora degan yigiti uning boshiga tosh bilan urib oʻldiradi. Tarixiy manbalarda Nomozning boshi Samarqandga, Fon Gesket janoblariga keltirilgan degan gaplar bor. Mukofotlanganlar orasida oʻzining noibi boʻlib yurgan Kenja Qora, Arslonqul deganlarning nomlari ham uchraydi.

Asarni tugallar ekanman, oʻgʻlimdek boʻlib qolgan Nomozning xoinlar tomonidan oʻldirilishiga kelganda yozolmay qoldim, bir necha kun yozuv stolimga yaqinlasha olmadim. Uyqum ham buzilgan, qoʻrqinchli tushlar koʻraman. “Nomoz, tur oʻrningdan, qochamiz” deb dodlab turib ketgan paytlarim ham boʻlgan. Ruhiy iztiroblar iskanjasida asarni bir amallab yozib tugatdim. Lekin bu buyuk qahramonning ruhi koʻz oldimdan ketmay qoldi. Oxiri qoʻni-qoʻshnilarni yigʻib, qurʼon oʻqitib, ixchamgina xudoyi oshi berdim. Shundan keyingina qalbim taskin topdi, xotirjam tortdim.

Savolingizning ikkinchi qismida Hoshimjon haqida soʻragansiz. Hoshimjon – bu mening oʻzim, bolalikdagi orzularim, shodliklarim, shumliklarim, armonlarim. Yozayotganimda biror voqeani oʻylab topganim yoʻq, turli-tuman voqealar, quvliklaru shumliklar oʻz-oʻzidan oqib kelavergan. Bir oʻrinda qiqirlab kulib, chopqillab koʻchaga chiqib ketardim, boshqa bir oʻrinda Hoshimjon yigʻlasa, men ham qoʻshilib yigʻlardim. Hozir ham gohida Hoshimjonga aylanaman, goh sakson yoshli Xudoyberdi bobo boʻlib qolaman.

Har bir davr bolalarining oʻz sevimli asarlari boʻladi. Bugunning bolasi dunyo bolalar adabiyotining nodir namunalaridan boʻlgan Sharl Pyero, Andersen, Aka-uka Grimmlarning ertaklari, Sent Ekzyuperining “Kichik shahzoda”si yoki Nikolay Nosovning Bilmasvoy haqidagi mashhur sarguzashtlaridan koʻra allaqanday robot odamcha haqidagi hikoyani maʼqul koʻrishi mumkin. Shu maʼnoda bolalar yozuvchisi kichik zamondoshlarining qiziqishlari va ehtiyojlaridan ham xabardor boʻlishi zarur. Xoʻsh, 20-asrda bolalarni sarguzashtlarga boy romanlari bilan obdon hayratga solgan Xudoyberdi Toʻxtaboyev yangi asr bolalari uchun qanday asarlar yaratmoqda?

Toʻgʻri aytasiz, kichik yoki katta asarga qoʻl urishimdan qatʼi nazar, avvalo yozmoqchi boʻlgan asarim oʻquvchini oʻziga torta oladimi, zavqlantira oladimi, hayratlantiradimi, deb oʻylab koʻraman. Bosh masala oʻquvchi diqqatini oʻziga tortish boʻladi. Qalam ahli oʻrtasida “Ikki marta oʻqishga arzimaydigan asar bir marta oʻqishga ham arzimaydi” degan gaplar bor. Texnika asri avjiga chiqib borayapti. “Odamdan koʻra aqlliroq” robotlar paydo boʻlyapti. Jonli, yuzma-yuz muloqotlar oʻrniga televideniye, internet, radio, “ziyonet”lar, telefonlar, uyali telefonlarda shirasiz, hayajonsiz kechadigan muloqotlar kundan-kunga ommalashib borayapti. Kino zallaridagi toʻxtovsiz tomoshalar, koʻchadagi chalasavod reklamalar… yo tavba! Ana shunday narsalar bolalar va oʻsmirlarning fikrlashiga, bora-bora tafakkuriga ham taʼsir qilmayapti deysizmi? Maktablarda boʻlsangiz, oʻquvchi bolalarning soʻz boyligida texnikaga oid, kompyuterlarga oid soʻzlarni koʻp uchratasiz. Ammo ming afsuski, bolajonlarimiz ona tilimizdagi baʼzi soʻzlarning maʼnosini yaxshi farqlay olishmaydi. Axir inson tafakkuri soʻz boyligi asosiga quriladi-ku. Qiziq bir misol keltiray, 2009 va 2010 yillar davomida bolalar va oʻsmirlarga bagʻishlab, hayotiy voqealar asosida “Quyonlar saltanati”, “Qiz talashgan oʻsmirlar” nomli romanlarni eʼlon qildim. Oʻzimcha qoyil qildim deb maqtanib ham yurdim. Kitoblarning sotilish jarayonini kuzatib ham bordim. Qiziq, bu asarlar “Jannati odamlar” nomli romanimga yoki oldin eʼlon qilingan romanlarimga nisbatan ham sustroq sotilayotganini koʻrdim. “Axir dolzarb mavzularda yozgan edim-ku, nega sust sotilayapti ekan”, deb oʻylanib qoldim. Shu oʻylar sabab “Peshonasiga televizor yopishgan bolaning sarguzashtlari” nomli kichik bir qissa dunyoga keldi. Uni nashriyotga topshirdim. Natija esa juda-juda qiziq boʻldi. Bu qissa olti oy davomida olti marta nashr etildi. Tavba, har bosilganda yuz minglab, ikki yuz minglab nusxada chop etilsa-ya! Gohida kitobning bu qadar keng ommalashuviga nima sabab boʻldi ekan, deb oʻylayman. Ehtimol bunga “televizor” yoki “sarguzasht” degan soʻzlarning sarlavhaga chiqarilgani sabab boʻlgandir. Biroq baribir oʻylab oʻyimga yetolganim yoʻq. Ayni kunlarda kichik zamondoshlarimni qiziqtiradigan mavzularni nazarda tutib, “Internet ichiga qamalgan bola” degan qissani yozishga urinayapman. Qissa koʻproq milliy qadriyatlarni targʻib qiladigan, oʻquvchining soʻz boyligini oshiradigan holatda boʻlishi kerak. Sehrli viruslar paydo boʻlib internetni tomosha qilib oʻtirgan bolaning ongi va qalbini ichkariga tortib ketdi. Bola internet ichidagi kenglikda rang-barang tomoshalarni koʻrib mazza qilayapti. Nihoyat bola tashqariga chiqmoqchi, qishlogʻiga qaytmoqchi boʻlgan paytda robotlar yoʻlini toʻsdi. Bola qaysi millat vakili boʻlsa, oʻsha millatni millat qilib turgan kamida yetmishta belgini bilishi shart ekan. Masalan, kamida yettita ertak, kamida yettita milliy qahramon nomini sanashi, kamida ota avlodidan yetti insonning ismini aytishi, kamida yetmishta maqolni bilishi, mamlakatidagi daryolardan oʻntasini sanab berishi, yettita muzeyni eslab qolishi… Xullas, mening hozircha bolajonlarga sir boʻlib turgan qahramonim mana shunday toʻsiqqa duch kelib qoldi. Qolganini asar bitgandan keyin aytaman.

Siz mansub boʻlgan avlodning bolalik yillari oson kechmagan. Odatda bunday holatda bolalar erta ulgʻayadilar. Siz esa sakson yoshdan oshganingizga qaramay, bolalarcha ruhiyatni, qalbni asrab qola olgansiz. Matbuot, televideniye va radiodagi chiqishlaringizni kuzatish chogʻida buni osongina payqash mumkin. Ayting-chi, bu muvaffaqiyatning siri nimada?

Oybek domla “urush yillarining hoʻkiziga ham jabr boʻlgan” degan iborani juda oʻrinli ishlatgan. Ha, biz urush yillarida ulgʻaygan bolalar bolaligimizdayoq qariy boshlaganmiz. Urush yilining barcha mashaqqatlari bolalar yelkasiga tushgan desam, ishonavering. Ota-onadan judo boʻlish, och-nahor qolish, bir burda non uchun bir-biri bilan mushtlashish, oiladagi farzandlarning bir kalishni navbatma-navbat kiyib maktabga qatnashlari, burga va bit obdon urchigan oʻsha davrlarda yerga olov yoqib, koʻylakni olovga qoqib-qoqib olish urush yillariga xos manzaralardir. Biroq bu gaplar bugungi bolalarga ertak boʻlib tuyuladi.

Lekin bu mashaqqatlarni yengishda rahmatli bobolarimiz, jannati buvilarimizning qalbidagi goʻzalliklar muhim rol oʻynagan. Bobolar qoʻliga tok qaychi olib qarovsiz qolgan oilalarning toklarini kesib berardi. Buvilar zogʻora undan atala pishirib och qolgan oilalarga ulashardi.

Bir voqeani aytay, 1943 yili ocharchilik, qahatchilik avjiga chiqqan payti edi. Oʻgay akam tuz koniga borib, katta koʻk eshagimizga qop-qop tuz yuklab kelib, qishloqlarga sotardi. Oilamizda oz boʻlsa-da qut-baraka bor edi. Rahmatli onam “Bir hovuch sholini olib chiqib tuyasizlar, osh qilamiz” dedi. Navbatma-navbat keli atrofida aylanganimizni koʻrsangiz. Nihoyat osh damlandi. Rahmatli onam boʻlsa “qoʻlni yuvib tanchaga oʻtiringlar, tilovat qilamiz” dedi. Tilovat qilindi ham. Tilovat qilib hovliga chiqsak qozon yoʻq, oʻsha paytdagi yugur-yugurni koʻrsangiz. Shunisi qiziqki, osh yeyotganimizda birov xalaqit bermasin deb koʻcha eshikni ichkaridan berkitib qoʻygan edik. Bir mahal oʻgay akam bogʻ tomondan “manavi kalishni koʻringlar, Rahimning kalishi, Rahimning kalishi” deb chopib keldi. Hammamiz Oʻgʻil xolamning uyiga yugurdik. Hech qulflanmaydigan eshiklari qulf edi. Akam kuchli edi, eshikni urib ochdi. Kirsak, qozondagi oshning dam tovogʻi endi ochilayotgan ekan, dimogʻimizga osh hidi urdi. Bechora onaginam “Oʻgʻil xola, Xudoga shukr, shu oshni birga yeymiz deb niyat qilgandim. Rahim, ikkita lagan keltir, ayollar alohida laganda, oʻgʻil bolalar alohida laganda yeydi”, dedilar. Oʻsha kuni ikki ayolning birdaniga yigʻlaganini koʻrdim. Ulardan biri onam, ikkinchisi Oʻgʻil xolam edi. Ertasiga Oʻgʻil xolam bir qop koʻmir chiqarib yuboribdi. Nazarimda, mening qalbimni oʻsha mudhish yillarning yaxshi odamlari saqlab qolgan boʻlsa kerak.

Bugun millatimizning kenja boʻgʻini uchun nashr etilayotgan kitoblardan bir qarashda koʻngil toʻlgandek boʻladi-yu, ammo miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga mos kelmayotganligi odamni ranjitadi. Yaʼni, bolalarga atalgan kitoblar orasida “aldagani bola yaxshi” qabilida yozilganlari ham koʻp. Bolalar uchun yozayotgan adib esa millat kelajagi oldidagi maʼnaviy javobgarligini unutmasligi kerak. Bu boradagi fikrlaringiz.

Bir mahallar Boltiq boʻyi respublikalariga, bolalar adabiyoti kunlariga borardik. Bu mamlakatlarda yozuvchi deganda bolalar yozuvchilari nazarda tutilar ekan. Latviyaga borganimizda, oʻttiz nafar yozuvchidan yigirma toʻrttasini bolalar yozuvchisi deb tanishtirganlari esimda. Hayron qolgan edik. Qaysi mamlakat iqtisodiy jihatdan rivojlangan boʻlsa, oʻsha mamlakatda bolalar adabiyoti ham rivojlanganiga koʻp bor guvoh boʻlganman. Demak, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bolalar va ular uchun ijod qiladigan yozuvchilarga eʼtibor juda katta. Bir misol aytay: mashhur bolalar yozuvchisi Sergev Mixalkov kasal boʻlib yotganda, uni koʻrgani hukumat boshligʻi Putinning borganini televizorda koʻrsatishdi. Norvegiyalik mashhur ertakchi ona Asti Lingiren vafot etganda butun mamlakat boʻylab bir kunlik motam eʼlon qilindi… Albatta, mamlakatimizda ham ijod ahli uchun, ayniqsa yosh ijodkorlar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan. Sharoit yaxshi-yu, adabiy mahsulotlarning sifati haqida bir narsa deyolmayman. Yaxshi desang, yaxshi deyishga arzimaydi, yomon desang, borini ham yozmay qoʻyishlari mumkin. Keling, bular haqida keyingi suhbatlarimizda gaplasha qolaylik.

Bugun oʻzbek bolalar sheʼriyati rivojiga hissa qoʻshayotgan ijodkorlar talaygina. Lekin bolalar yozuvchilariga kelganda Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Erkin Malik… deymiz-da, toʻxtab qolamiz. Ozgina istihola bilan soʻramoqchi boʻlganim shuki, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning mehnatkash qalamiga voris boʻla oladigan birorta mard topilarmikan?

Juda ham muhim masalani oʻrtaga qoʻyayapsiz. Qani endi bu masalani mamlakatimizdagi barcha matbuot organlari ham dadil koʻtarib chiqsa. Axir darslikdan boshqa kitobni qoʻliga ushlamagan bolalar va oʻsmirlar koʻpayib borayapti-ku. Toʻgʻri, hozirda har uchta qizdan bittasi shoira, toʻrtinchi-beshinchi sinfdayoq kitoblarini chiqarayapti. Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondidan kamida yigirmata ijodkorning yigirma mingtadan kitobi chop etilmoqda. Shulardan bittasi, nari borsa, ikkitasigina nasrga bagʻishlanayapti. Demak, yigirmadan biri nasrga toʻgʻri kelayapti. Abror Qoʻshnazarov, Dinora Rahimova singari oʻgʻil-qizlarimizning kichik-kichik qissa va hikoyalarini, toʻqigan ertaklarini oʻqib borayapman. Lekin bular katta adabiyot oldida qilinayotgan kichik-kichik mashqlar xolos. Bulardan umidim katta, voris boʻladilarmi-yoʻqmi, buni aytolmayman. Qani endi, oʻzim bilan bahslashadigan shogirdlarim boʻlsa-yu, ana shular bilan xursand boʻlsam.

Har qanday adabiyot taraqqiyot sari odimlar ekan, jahoniy tajribalarga suyanadi. Sizningcha, oʻzbek bolalar adabiyoti dunyo bolalar adabiyotining qaysi tajribalariga murojaat qilishi mumkin? Xudoyberdi aka, bu savolga bolalar uchun tarjima qilinayotgan asarlardan kelib chiqib javob bersangiz yaxshi boʻlardi.

Bir yozuvchidan adabiyotshunoslarimiz hadeb uni oʻqidingizmi, buni oʻqidingizmi, deb soʻrayverganlarida “men oʻquvchi emas, yozuvchiman” degan ekan. Men ham shunga yaqinroq javob qaytarsam. Avvalo, bizda bolalar adabiyotiga oid tarjima asarlar juda kam. Borlarini ham kam oʻqiyman. Oʻzim uchun tanlab olgan yozuvchilarim koʻp. Rus yozuvchilaridan ogʻir, bosiq xarakterlar yaratuvchi Albert Lhanov, quvnoq, hazilkash yozuvchi Nikolay Nosovni yaxshi koʻraman. Ayniqsa, uning Bilmasvoyi dunyoni zabt etganidan xursand boʻlaman. Italyan ertakchisi Janni Rodarini koʻp jihatdan oʻzimga ustoz qilib olmoqchiman-u, lekin haligacha uddasidan chiqolmayman. Janni Rodari boboga oʻxshab qissalar, ertaklar yozish harakatidaman.

Daho shoir Gyotening shunday soʻzlari bor: “Ellik yil kitob oʻqidim. Lekin bu jarayonda bilganim hech narsani bilmasligim boʻldi”. Siz esa oltmish (balki undan ham koʻproqdir) yildan buyon kitoblar bilan hamnafassiz. Adabiyot sizga nima berdi?

Toʻgʻri savol beryapsiz, kishi qancha uzoq yashasa, shuncha koʻp oʻqisa ham, shuncha koʻp narsani bilsa ham, yana toʻxtamay oʻqishga, bilishga intilaverar ekan. Yoshingiz oʻtgan sari yana va yana koʻp narsani bilgingiz kelaveradi. Nemis faylasufi Gegel: “Men hech narsani bilmayman degan soʻzni bilaman” degan ekan. Ha, dunyo keng, manʼaviy dunyo olami ham cheksiz va chegarasiz. Mana endi, koinot olamining kengligi haqida tushunchalar koʻpayib borayotgan paytda kichkina uy ichida oʻtirib koʻp narsani bilaman deyish noqulay boʻlar ekan. Xoʻsh, adabiyot menga nima berdi? Adabiyot oz boʻlsa ham dunyoni tanitdi, oz boʻlsa ham oʻzimni oʻzimga tanitdi.

Xudoyberdi aka, suhbatimiz soʻnggida yana anʼanaga sodiq qolamiz: “Yoshlik” jurnali muxlislariga tilaklaringiz.

Yoshlik jurnali muxlislariga quyidagilarni aytmoqchiman:

Birinchisi: oʻzingizga qattiq ishoning.

Ikkinchisi: mayda-chuyda maqsadlar qurboni boʻlmang.

Uchinchisi: oldingizga qoʻygan maqsad va niyatingiz juda ulkan boʻlsin. Masalan, toʻqqizinchi sinf oʻquvchisi “katta boʻlsam albatta mana shu maktabga direktor boʻlaman” deb niyat qilsin. Maqsad qancha buyuk boʻlsa, Alloh shunga yarasha kuch-qudrat ato etadi.

 

Suhbatdosh: Gulnoz MOʻMINOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/janni-rodarining-ozbek-shogirdi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x