Argentinalik mashhur adib Xulio Kortasar bir essesida: “Men oʻz asarlarimga nafaqat odamlarni, balki jonivorlarni ham qahramon qilib olganman. Bunday hollarda yo jonivorlar timsolida insonni koʻrganman, yo jonivor nazari bilan insonga boqqanman”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, Kortasar oʻz ustozi deb bilgan, shaxsi ham, ijodi ham sirga burkangan amerikalik adib Edgar Allan Poning “Olomon odami” hikoyasidan ayonki, bir insonning qalbini anglay deb uni qadam-baqadam kuzatish benihoya qiyin yumush. Undan qariyb bir asr keyin yashagan italiyalik mashhur adib Luiji Pirandello esa “Ot boʻlish baxti” hikoyasida inson ruhiyatiga qarovsiz qolgan qari ot timsoli orqali xiyla oson yoʻl topgan.
Kortasar bisotida qissa darajasidagi yirik hajmli hikoyalar ozmuncha emas. Ammo lotin amerikalik salaflari orasida alohida eʼzozlagan vatandoshi Xorxe Luis Borxesning butun boshli romanga tatigulik kichik hikoyalariga uyqash moʻjaz bitiklari ham talay. Eng qizigʻi, jonivorlar Kortasarning ana shunday hikoyalari uchun “kunda-shunda” timsollardir. Buni balki adibning uzun hikoyalarida psixologik, qisqa hikoyalarida falsafiy ruh yetakchilik qilishi bilan izohlab boʻlar. Axir, falsafiylik rivoyatnamo shaklga moyillik sezishi hech kimga sir emas-ku! Rivoyatnamo shaklga esa jonivorlar timsoli uzukka koʻz qoʻygandek yarashib tushadi.
Kortasarning “Guvohlar” degan shunday bir hikoyasi qahramoni eng haqir jonivor – pashsha ekaniga nima deysiz?! Keling, hikoya fabulasini bir qur yodga olaylik: axir, kaftdekkina hikoya bayoni qanchayam vaqtni olardi…
Voqea Foteringem xonimga qarashli pansion mijozlaridan biri – muallif hatto ismini ham zikr etmagan oddiygina yigit tilidan hikoya qilinadi. Pansionning torgina bir xonasiga biqinib olib, buyuk ingliz adibi Charlz Dikkensning mashhur “Oliver Tvist”ini bosh koʻtarmay mutolaa qilayotgan bu yigit diqqati bir dam chalgʻiydi-yu, boshi uzra gʻoʻngʻillab uchayotgan uchta pashshaga koʻzi tushadi. Ulardan ikkitasi oyoqlarini pastga qaratib, yuztuban uchar, bittasi esa, aksincha, oyoqlarini tepaga qilib, chalqancha parvoz etardi. Qahramonimiz avvaliga bu pashsha tentak boʻlsa kerak-ov, yo miyasi lat yegan chiqar, deb taxmin qiladi. Biroq zingil solib qarasa, toʻrt muchasi sogʻ: tetik va quvnoq. Uning anov ikkisidan farqi boshqacha uchishida, xolos.
Birdan yigitda bu gʻalati hodisani obdon oʻrganib, ilmiy jamoatchilikka yetkazish istagi paydo boʻladi. Chatoq tomoni shuki, Foteringem xonimning aytishicha, pashsha zoti oʻn-oʻn besh kundan ortiq yashamas emish. Hasharoti tushmagur hozirgacha umrining bir qismini yashab qoʻygan boʻlsa-chi? Demak, har lahzani gʻanimat bilmoq, tajribaga shitob kirishmoq lozim. Bir qarorga kelgan qahramonimiz antiqa pashshani sheriklaridan ajratib, sinchiklab oʻrganishga shoʻngʻib ketadi. Yaqin masofada turib tajriba oʻtkazish va shu yoʻl bilan ilmiy maʼlumotlar yigʻish uchun kartondan turli kattalikda qutilar yasaydiki, bu qutilar ruslarning “matryoshka” deb ataluvchi oʻyinchogʻi kabi bir-birining ichiga osongina joylasha oladi. “Tadqiqotchi”miz shu tariqa pashshani asta-sekinlik bilan eng katta qutidan eng kichik qutiga haydab kiritadi. Endi hasharotni bir qarich yerdan turib kuzatsa boʻlar, uning har bir harakatini kundalikka muhrlash mumkin edi.
Bu jarayonda yigitni pashsha har daqiqada oʻlib qolishi mumkin, degan fikr aqldan ozdirayozadi. Demak, uning kashfiyotini tasdiqlovchi biror ishonchli guvoh kerak, bu guvoh esa doʻsti Polankodan boʻlak yana kim boʻlishi mumkin?! Shunisi qiziqki, u shamoldek beqoʻnim Polankoni arang topib, xonasiga sudraganida doʻsti turgan joyidan bir qadam ham jilmaydi. “Bu ishingdan naf yoʻq, ogʻayni, – deydi u nasihatomuz ohangda. – Hikoyangni tinglab, kelgan xulosam shu: chappa uchayotgan, aslida, sening pashshang emas, boshqa pashshalar. Avvaliga bari oyoqlarini tepaga qilib, chalqancha parvoz etgan. Soʻngra esa oyoqlarini pastga qilib, yuztuban uchishga oʻtishgan. Yolgʻiz sening pashshang asliga sodiq qolgan. Endi ayt-chi, mana shu haqiqatni isbotlab boʻladimi oʻzi?! Kel, yaxshisi xonangni karton qutilardan tozalashga qarashib yuboray. Yoʻqsa, seni pansiondan quvib solishlari turgan gap. Xoʻsh, nima deding?” Kortasar oʻz qahramonini shu savolga hayron javob izlayotgan bir alfozda tark etadi.
Kortasar “Guvohlar” hikoyasida bugungi postindustrial dunyoning absurd muhitida yolgʻizlanib qolgan inson fojiasini kinoyaga qorishiq dard bilan koʻtarib chiqdi, desak xato boʻlmas. Ammo shu xulosaning oʻzi bilangina kifoyalanib qoʻya qolish ham nodurust. Shunday qilsak, ayni gʻoyani yanada boyituvchi ne-ne fikrlar hikoya qatlariga koʻmilgancha qolaveradi. Demak, muallif oʻquvchini postmoderncha oʻyinga tortish mahali sir pardasiga oʻragan baʼzi tafsillarga ochqich izlaymiz.
Buning uchun, avvalo, Kortasar uslubining ikki muhim jihati – fantastiklik va intellektuallikka diqqatni qaratmoq lozim. Kortasar fantastiklik deganda odatdan tashqari, aqlga sigʻmas har qanday hodisani nazarda tutadi. Hikoyada yigitning koʻzi, ikki hamrohidan farqli oʻlaroq, oyoqlarini tepaga qilib, chalqancha uchayotgan pashshaga tushishi bilan endi voqelik fantastik tus oladi. Shundan keyingi barcha voqealar ham ana shu mantiq ipiga tiziladi. Muallif oʻz badiiy niyatiga mos timsol qidirib, nega aynan pashshada toʻxtaldi, degan savol qoʻyilganda esa intellektuallik yuzaga qalqiydi. Kortasar bu oʻrinda oʻquvchini kishilik jamiyatining qadimiy dunyoqarashi – mifologiya bilan imtihon qiladi goʻyo. Zero, mifik tasavvurlarga koʻra, jimit va irkit hasharot – pashsha tuban dunyo kuchlarining mujassam timsolidir. Shu timsolning asotiriy maʼno qatlamlariga yetaklash asnosida Kortasar oʻquvchini bugungi global maʼnaviy tanazzuldan bahs ochmoqqa chorlaydi.
Yigit buyuk ingliz adibi Charlz Dikkensning mashhur “Oliver Tvist”ini mutolaa etayotgan, olchoq Sayks mazluma Nensini oʻldirmoqqa shaylangan 231-betga yetgan bir paytda anov pashshaga koʻzi tushishi-chi, bunda qanday intellektual ishora bor? Charlz Dikkens butun umr boʻyi bir eʼtiqodda sobit turgan: u insonda har qachon maʼnaviy qayta tugʻilish imkoni bor, deb qatʼiy ishongan. Boʻgʻzigacha tubanlikka botgan palid kimsa ham bir kun shu botqoqdan chiqishga qodir, deb hisoblagan u. Adibning eng sara asari “Oliver Tvist” ham ana shu eʼtiqod ruknlari ustida barpo boʻlgan. Xullas, Kortasar Dikkens gumanizmiga ishora orqali postmoderncha eklektikaga tayanib, ikki oʻzaro zid hodisa – tushkunlik va hayotbaxshlikni bir-biriga payvandlaydi. 231-betdagi taʼkidda esa qadimgi yunon faylasufi Pifagorning raqamlar nazariyasiga ishora bor. Pifagorchilar dastlabki toʻrtta songa, ayniqsa, xosiyatli deb qarashgan. Shu toʻrt sonning ketma-ket birikuvi, yaʼni 1+2+3+4 dan 10 hosil boʻladiki, bu raqam Koinotning ham moddiy, ham maʼnaviy yaxlitligi, birligini ifodalaydi. Shu toʻrt sonning ketma-ket birikuvida, ayniqsa, 4 ning mavqei yuqori, deydi Pifagor. Chunki bu son mohiyatan intellektual boʻlib, u tartibni yuzaga keltiradi. Biroq “Oliver Tvist”ning 231-beti bilan bogʻliq tafsilda halqa 4 ga yetganda uzilib qoladi. Bundan esa bugungi postindustrial dunyo aqlga muvofiqlikdan, demakki, tartib-uygʻunlikdan mosuvo, degan xulosa yasash mumkin. Yuqoridagi uch raqam orasida 2 ning oldingi safga chiqqani ham yana bir salbiy alomat. Zero, pifagorchilar 2 ga ziddiyatlar manbai deb qaragan. U tengsizlik, beqarorlik, zoʻravonlik ramzidir.
Ayni jumboqlarga javob topgan zahotimizoq biz yana talay savollar qurshovida qolamiz. Nega antiqa pashshani Foteringem xonim pansionining shu qoʻnogʻigina payqadi? Xoʻsh, nega endi boshqa birov emas? Shu oʻrinda Polankoning hikoya soʻngidagi achchiq eʼtirofini yana bir bor yodga olmoqqa ehtiyoj bor. Avval hamma pashshalar ham chalqancha, yaʼni koʻzini osmonga qadab parvoz qilgan. Keyin esa yuztuban, koʻzini yerga qadab uchishga oʻtgan. Samoviy orzulardan qursoq qaygʻusi qadar tubanlashgan odamzod taqdirining xuddi oʻzginasi emasmi bu?! Binobarin, koʻzi mudom yerga qadalgan mardum boshlar uzra qanot qoqqan pashshani qaydan ham koʻrsin! Qahramonimizning esa bundaylardan farqi shuki, u Yer yuziga ilk qadam bosgan Odam Ato kabi atrof-tevarakka kashfiyotchi nazari bilan boqadi.
Yana bir savol: yigitning pashsha ustidagi tajribasi nega Foteringem xonim va uning pansionati ahlida bu qadar hadik uygʻotdi? Nega pansion sohibasi politsiya chaqirib, tajribani toʻxtatmoqchi boʻldi? Nega pansion mijozlari yigitning eshigi oldida norozi boʻlib toʻdalashdi? Biz bu oʻrinda “toʻda” soʻzini tasodifan qoʻllayotganimiz yoʻq. Yuqoridagi hol Kortasarga asrdosh ispan faylasufi Xose Ortega-i-Gasset asarining nomi bilan aytilsa, toʻda isyoni edi. Odatda, toʻdaning bir zarrasiga aylangan kimsaning hech qanday shaxsiy qarashlari boʻlmaydi. U yon-atrofidagi barcha qavmdoshlari kabi toʻda qarashlariga boʻysunib yashayveradi. Biroq kimki olomondan ajralib chiqib, oʻz qarashlarini shakllantirsa, u muqarrar toʻdaning gʻanimiga aylanadi. Olomon darhol unga qarshi kurashmoq uchun musht boʻlib tugiladi. Foteringem xonim ham, pansion ahli ham ana shu toifadan edi,tamom-vassalom. Taassufki, yigit jondosh doʻstim deya alqagan Polanko ham oxiri shu qavmdan boʻlib chiqdi.
Hikoya tahlili bizni quyidagi xulosaga yetaklaydi: nafsilamri, yigit pashsha ustida emas, oʻzi ustida tajriba oʻtkazibdi. U oʻzini atrof-javonibdagi kimsalar bilan qiyoslab, aql torozisida tortibdi. Endi u keyingi hayotini belgilab beradigan ekzistensial tanlov qilishi shart. Bu yogʻiga qaysi yoʻldan boradi: pansionning boshqa mijozlari safiga qoʻshilib, ularning har qanday mashaqqatu qarshiliklardan xoli umumiy, oʻngʻay haqiqatlarini soʻzsiz qabul qiladimi yoki turfa xil mashaqqatu qarshiliklardan choʻchimay oʻzining xos, qaltis haqiqatlarini izlab topadimi? Kortasar oʻz qahramoni kabi oʻquvchisini ham ana shu tanlovga yuzma-yuz qilgan koʻyi tark etadi. Xoʻsh, siz – muhtaram oʻquvchi bu ikki yoʻldan qay birini tanlaysiz? Shunisi aniqki, bu tanlov orqali siz oʻzingizni, oʻzligingizni topasiz. Ayni choqda, bani basharning ertangi taqdirini ham tayin etasiz. Axir, tanlov – masʼuliyatni zimmaga olmoq degani. Darvoqe, bu yogʻi endi adabiyot hududi emas. Chunki shu yerda adabiyot tugaydi va hayot boshlanadi.
Muhiddin RAHIM
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/jahon-adabiyoti-tajribasi-tanlov-masuliyat/