Jadidlar. Abdulmajid Qodiriy (Qodirov)


Post Views:
1 356

Majid Qodiriy (Qodirov) (Abdul-Majid Qodiriy), haqiqiy ismi Abdul-Majidxon Qori Abdul Qodirxon Qori o‘g‘li (2 oktyabr 1886 Qori yog‘di mahallasi, Toshkent – 5 oktyabr, 1938, Yunusobod, Toshkent) – olim, o‘zbek adibi, o‘zbek tilidagi birinchi adabiyot, tarix va matematika darsliklari muallifi, jamoat arbobi va publitsist, Turkistonda jadidchilik harakati asoschilaridan biri.

majid_qodiriy_in_1918

Biografik ma’lumot

Majid Qodiriy (Qodirov) Toshkent shahrining Shayxontohur dahasidagi Qori yog‘di mahallasida, ruhoniy oilasida, hijriy 1304 yil Muharram oyining 4 kunida tavallud topgan. Eski shahar maktabini, so‘ngra madrasani tamomlagan. Dastlabki mehnat faoliyatini Toshkentdagi turkiy “usli-savtiya” (eski usul) maktabda boshlagan, keyinchalik “usuli-jadidiya” (yangi usul) hamda rus-tuzem martablarida va madrasalarda ta’lim bergan.

Fors, arab, usmoniy turk, rus va ingliz tillarini mukammal bilgan.

1906 yildan boshlab rus-tuzem maktablarida ta’lim bergan, 1917 yildagi inqilobdan avval Toshkentdagi o‘rta maktablarda dars bergan hamda ularda mudirlik qilgan.

1918-1921 yillarda Toshkentda jadidchilik harakati tomonidan tashkil etilgan “6-nchi Turon maktabi”da mudir.

1918 yilda Kommunistik partiya a’zoligiga qabul qilingan.

1920-1921 yillarda – Toshkentdagi tabiiy hamda tarix fanlari pedlabaratoriyasida mudirlik qilgan.

1921 yilda Boyskaut maktabida dars bergan.

1921 yildan boshlab Turkiston davlat universitetining Eski shahar ishchi fakultetida o‘zbek tili muallimi sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshlagan.

1921—1923 yillarda Ishchi fakulteti dekani hamda universitetning “Tajriba-izlanish” laboratoriyasida mudir.

1923 yilning 23 martida mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi alohida mehnatlari uchun “Mehnat Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

1923—1925 yillarda “Tabiatni muhofaza qilish” muzeyi mudiri.

1924 yilda Toshkenda joylashgan Vaqf sho‘basi xodimi bo‘lib ham faoliyat yuritgan.

1925 yildan boshlab O‘rta Osiyo osoriatiqalarni saqlash qo‘mitasi xodimi.

1925 yilda Parijda ochilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasining vakili sifatida ishtirok etgan. Parijga ketayotib, Berlinda to‘xtab, Germaniyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan uchrashgan.

1928 yilda Toshkent shahrida O‘rta Osiyo universiteti qoshida tashkil etilgan “Fizika kabineti” mudiri.

majid_qodiriy_ref_letter_central_asiatic_university_tashkent

1928—1930 yillarda O‘rta Osiyo universitetining Ishchi fakultetida dekan hamda tarix fanlari kabinetining mudiri.

1929 yilning boshida Kommunistik partiya a’zoligidan mahrum etildi va 1930 yilda barcha mas’ul lavozimlardan ozod etildi. Sababi, 1929-1930 yillardagi proletariat hamda sovet mustamlakachilarining ashaddiy tarafdorlari tomonidan yog‘dirilgan tuhmatlar hamda matbuotda bosilgan feletonlar. Isboti topilmagan gumonlar bilan ayblangan.

Majid Qodiriy 1930 yildan so‘ng ham maktab va O‘rta Osiyo universitetida ta’lim berib kelgan.

1937 yilda NKVD xodimlari tomonidan “xalq dushmani” aybi bilan qamoqqa olingan. Rasmiy hujjatlarda 1938 yilning 2 aprel kuni hibsga olingan deb ko‘rsatilgan.

1938 yilning 12 sentyabrida “troyka” tomonidan oliy jazoga hukm qilingan, hukm (SSSR Oliy sudining Harbiy kollegiyasi, 05.10.1938 — Oliy jazo hukmi) Turkiston tarixidagi eng qonli kun – 1938 yilning 5 oktyabr kuni ijroga keltirilgan (Rossiya Federatsiyasi davlat arxivi, 24 jild, 418 ish, 114 varaq).

O‘zbek millatining eng ko‘zga ko‘ringan 507 nafar ziyolilari Yunusobodning Oqtepasida “xalq dushmani” sifatida qatl qilingan; O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, shu joyda “Qatag‘on qurbonlari xotirasiga” yodgorlik majmuasi bunyod etilgan.

Majid Qodiriy SSSR Oliy sudining Harbiy kollegiyasi tomonidan 13.02.1958 sanasida dalillar yo‘qligi sababli reablitatsiya qilingan va Kommunistik partiya a’zoligiga tiklangan.

Majid Qodiriy oilasi

Majid Qodiriy hamda ayollari Mehrinisoxon Mirsagatovalar oilalarida 6 nafar farzandlari bo‘lgan: o‘g‘illari Quddusxon, Ramzixon, Rashodxon, Erkinxon, O‘tkirxon va qizlari Nafisaxon.

Afsuski, Majid Qodiriyning ota-onalari haqida ma’lumotlar saqlanib qolmagan, qisqa ma’lumot Majid Qodiriyning o‘z qo‘li bilan O‘zbekiston SSR xalq ta’limi komissariyati uchun to‘ldirilgan tarjimai holida keltirilgan. Majid Qodiriyning otalari Abdul-Qodirxon Qori diniy idora xodimi bo‘lgan (tarjimai holning asl nusxasi O‘zbekiston markaziy arxivida saqlanadi). «Xalq dushmani» sifatida hibsga olingandan so‘ng, NKVD tomonidan ta’qibdan qo‘rqib ko‘p do‘stlari va qarindoshlari uzoqlashib ketgan. Mehrinisoxonim bolalarini ta’qibdan asrab qolish uchun o‘zining ota-onasi va turmush o‘rtog‘i Majid Qodiriy hamda uning ota-onasi haqida gapirmaslikka harakat qilgan.

majid_qodiriy_taking_participation_in_educational_conference_in_old_part_of_tashkent-_photograph_from_newspaper_article_1921

Ma’rifiy faoliyati

Majid Qodiriy birinchi o‘zbek tilida chop etilgan va yangi-uslub maktablarida ta’limga tadbiq etilgan arifmetika (Majid Qori, “Hisob (Matematikadan boshlang‘ich ta’lim asoslari)”, Toshkent 1910 yil (1913 va 1915 yillarda “Turkiston Kutubxonasi” nashriyoti tomonidan qayta nashr qilingan), geografiya (Majid Qori, “Jug‘rofiya”, Toshkent 1911 yil) va chig‘atoy-turkiy (o‘zbek) tildagi grammatika kitoblarining muallifidir. Kitoblar nashr etish bilan, shuningdek, jadidlardan bo‘lgan Saidrasul Aziziy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Muhammad Rasuliy, Shokirjon Abdurahimjonov, Abdullo Avloniy, Hamza Niyoziy, Abduvohid Munzim, Sadriddin Ayniy va boshqalar ham shug‘ullanishgan.

Yangi-usul maktablarida ta’lim jarayonining muvaffaqiyatli rivojlanishiga o‘sha davrda yagona o‘quv metodikasining yo‘qligi xalaqit berayotgan edi. Musulmon maktablarida yangi o‘qitish uslubining joriy etilishi tarafdorlari bu masalani bir necha marta turli darajalarda muhokama qilishgan edi. 1910 yilning sentyabrida Munavvarqori Abdurashidxonov Turkistonda davlat darajasida umumiy dasturlar va darsliklar joriy etilishini so‘rab maktab ta’lim islohotini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dumasiga ariza yubordi. Xuddi shu masala 1914 yilning may oyida Shayxontohur daha qozisining uyida to‘plangan keng ko‘lamda ilg‘or ziyolilar vakillari tomonidan muhokama etiladi. Yig‘ilish ishtirokchilari yagona o‘quv metodikasining joriy etilishi maktab ta’lim jarayonini muvaffaqiyatini hamda o‘quvchilarni bir maktabdan ikkinchi maktabga o‘tishida muammolardan xalos bo‘lish yo‘li sifatida ta’kidlashgan. Yig‘ilishda yagona o‘quv metodikasini ishlab chiqish hamda tadbiq etish bo‘yicha mas’ul qo‘mita xodimlarini tasdiqlashdi, ularga yangi usul maktab muallimlari: Munavvarqori Abdurashidxonov, Qori Samig‘ Ziyoyev, Shokirjon Muhammad Rasul, Abdulloh Avloniy (“Sadoi Turkiston” gazetasining korrektori) va rus-tuzem maktabi muallimi Abdul Majid Qori Qodiriy tasdiqlandilar (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy arxivi, fond R-461, 1 jild, 1260 ish, 22 varaq).

Turkiston jadidlari ta’lim muassalarida dunyoviy fanlarni joriy qilish bilan birga an’anaviy fanlarni isloh qilishga ulkan hissa qo‘shishgan va ilm olish xohishi bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga bebaho yordam ko‘rsatdi. Ularning sa’y-harakatlari tufayli Toshkentda “Turon”, Buxoroda “Tarbiyai atfol”, Qo‘qonda “G‘ayrat” xayriya jamg‘armalari va o‘ndan ortiq korxona, noshirlik uylari, kutubxonalar tashkil etildi. Munavvarqori va Avloniylar 1909 yilda ta’sis qilingan “Jamiyati xayriya” birinchi xayriya jamg‘armasining asoschilari bo‘lishdi. Bu jamiyatning asosida, 1913 yilda Toshkentning ziyolilari hamda badavlat insonlari tarafidan “Turon” jamiyati tashkil etildi. Jamiyat negizida “Turon” drama-truppasi, “Turon” kutubxonasi va o‘quv zali, “Turkiston kutubxonasi” nashriyoti tashkil etildi. Jamiyat negizidagi “6-nchi Turon” maktabida (1918 yilda) tashkil etilganidan boshlab to 1921 yilda Turkiston davlat universitetiga ishga o‘tishiga qadar Majid Qodiriy mudirlik qilgan.

1923 yilda “Turkiston” gazetasining 1 yanvar sonida yangi uslub ta’lim dasturlarini targ‘ib qilish uchun “Nashri- Maorif” jamiyatini tashkil etilgani haqida ma’lum qilindi. Bu jamiyat asoschilari Munavvarqori Abdurashidxonov, Mannon Ramz Shokirjon Rahimiy, Zahiriddin a’lam Elbek, Shahid Eson, Salimxon Tillaxonov, Hamid Sulaymon, Xolmuhammad Ohundiy va Majid Qodiriylardir.

Majid Qodiriy Turkiston ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish va o‘zbek xalqining savodxonlik darajasini oshirish yo‘li bilan ozodlikka olib chiqishning ashaddiy tarafdori edi.

Professor Naim Karimov o‘zining “Jadidchilikni asos topishi – milliy g‘oyaning asosi sifatida” maqolasida Turkiston jadidlarini shunday ta’riflaydi: “Jadidchilikning eng yaxshi vakillari, ular ko‘pchilikni tashkil etgan, albatta, xalqqa va Vataniga xizmat qilgan. Ularning butun hayoti katta tarixiy maqsad – mazlum xalqqa ziyo nurini yog‘dirish, unga baxtli hayot sari yo‘lni ko‘rsatish, o‘ziga nisbatan hurmat va g‘urur hissini uyg‘otish, ota-bobolari yashagan yerga egalik hissini uqtirishga bag‘ishlandi”.  Majid Qori Qodiriy – ziyoli inson, yuksak ma’naviyat sohibi hamda o‘zbek xalqining buyuk farzandi va o‘z davrining qahramoni sifatida odamlarning xotirasida qoldi.

  1. Majid Qodiriy tomonidan matbuotda e’lon qilingan maqolalar:
  2. Eski shahar Shayxontohur daha Oqmasjid mahallasidagi 3 bolalar bog‘chasida “Ishchi fakultet” ochilur. “Qizil bayroq”, 10 noyabr 1921 yil soni.
  3. Eski Toshkent fakulteti to‘g‘risida. “Qizil bayroq”, 1 avgust 1922 yil soni.
  4. Tajriba kabinetlari. “Qizil bayroq”, 13 aprel 1923 yil soni.
  5. Axloqsiz bolalar uyi ochilsin. “Turkiston” 13 yanvar 1924 yil soni.
  6. O‘qish yiliga obyom. “Turkiston” 31 oktyabr 1924 yil soni.
  7. Maorif uyining rasm kushodi. “Turkiston” 17 iyul 1924 yil soni.
  8. Zarafshon muzofotida tarix, osoriatiqalar qo‘mitasi. “Qizil O‘zbekiston” 16 mart 1925 yil soni.
  9. O‘zbekiston muzasi. “Qizil O‘zbekiston” 24 mart 1925 yil soni.
  10. Boylarning maqtanish uyasi. “Yer yuzi” jurnali, 2-son, 1925 yil.
  11. Parij xotiralari. “Yer yuzi” jurnali, 3-son, 1925 yil.
  12. Parijda O‘zbekiston. “Yer yuzi” jurnali, 7-son, 1926 yil.
  13. “Nozik madaniyat” joylashgan yer. “Yer yuzi” jurnali, 20-son, 1927 yil.
  14. Jahon yo‘llarining manzili. “Yer yuzi” jurnali, 23-son, 1927 yil.
  15. Chopqir otlar. “Yer yuzi” jurnali, 25-son, 1927 yil va boshqalar.

Stalin terrori (Siyosiy repressiya)

Majid (Majit) Qodiriyning ismi O‘zbekiston SSR bo‘yicha “Stalinning otish ro‘yxatlari”ga kiritilgan. Bu ro‘yxatga partiya, xalq xo‘jaligi, harbiy va ilm-fan sohasida ishlab kelgan yuqori va o‘rta darajadagi rahbarlar kirgan. Ro‘yxatlar NKVD organlari tomonidan tergov yakunlanishi bilan tuzilib VKP(b) Markaziy O‘o‘mitasi Siyosiy byurosiga tasdiqlash uchun yuborilgan. 2-5 a’zo tomonidan tasdiqlanishi bilan tergov ishlari “yuridik rasmiylashtirish” uchun SSSR Oliy sudi Harbiy hay’atiga yuborilgan.

Ro‘yxatlar toifalarga ajratilgan bo‘lib, 1-chi toifaga (katta qismni tashkil qilishgan) otish, o‘lim jazosiga hukm qilinganlar kiritilgan. Oliy sud Harbiy hay’atining (bu holda – uning Toshkent sayyor sessiyasi) sudning maxsus tartibi deb atalib, prokuror va advokat ishtirokisiz hukm chiqargan. Ishni ko‘rib chiqish uchun ko‘pi bilan 20-30 daqiqa vaqt ajratilgan, qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatisiz, hukmni ijroga yaqin soatlar ichida keltirilishi bilan amalga oshirilgan. Majid Qodiriy kiritilgan ro‘yxat 1938 yil 12 sentabrda Stalin, Molotov va Jdanov tomonidan tasdiqlangan (ma’lumot “Memorial” fondi tomonidan 2009 yilda taqdim etilgan).

majid_qodiriy_rehabilitation_after_reressions_ref_letter_issued_in_1958

Muallif – Farruxxon Po‘latov, Majid Qodiriyning avarasi  

https://shosh.uz/uz/jadidlar-abdulmajid-qodiriy-qodirov-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x