JABBOROV Komiljon (1914, Andijon — 1975.4.9, Toshkent) — sozanda (gijjak, dutor, tanbur), bastakor. Oʻzbekiston xalq artisti (1973). Sozandalikni R. Isaboyev, S. Siddiqovdan, bastakorlikni T. Jalilovdan oʻrgangan. Andijon milliy musiqa toʻgaragida qatnashgan (1924—30). Hamza nomidagi Toshkent (1930—31), Andijon (1931 — 42) va Yangiyoʻl (1942—47) teatrlarida, Oʻzbekiston radiosi oʻzbek xalq cholgʻu asboblari orkestri (1947—75) da sozanda. «Dugohi Husayniy», «Iroq», «Navo» va b. kuylarni gʻijjakda, «Nolish», «Nimchoʻponiy», «Kurd» va b. asarlarni dutorda, «Samarqand Ushshogʻi», «Gulyor» va «Shahnoz»dek ashula yoʻllarini tanburda katta mahorat bilan ijro etgan. «Gulsara» (K. Yashin, 1936), «Layli va Majnun» (Xurshid, N. Salaxov b-n birgalikda, 1938) spektakllarini musiqalashtirishda qatnashgan hamda «Gʻulja ustida nur» (S. Tilla, A. Ismatulla, 1950, P. Rahimov bilan hamkorlikda), «Nodira» (H. Razzoqov, 1962, S. Hayitboyev b-n), «Mening Jannatim» (S. Abdulla, 1971, D. Zokirov b-n) musikali dramalarini yaratgan. 100 dan ortiq — «Diyorimsan», «Nazzora qil», «Mubtalo boʻldim senga», «Ey, pari», «Senga», «Toshkent piyolasi», «Shifokorlar», «Obod oʻlkam» kabi ashula, qoʻshiq va qator cholgʻu kuylar muallifi. Bularning soʻnggi uchtasi koʻp yillar davomida Uzteleradiosining turkum dasturlarining boshlangich sadolari edi. Umrining oxirida «Choʻlponoyning allasi», «Chorgoh», «Mashʼal», «Zebunniso» singari telepostanovkalarning musiqasini yaratgan. Jabborov ijodiy uslubi tez yodda qoluvchi jozibali ohanglarga boyligi, anʼanaviy peshrav, ashula va qoʻshiq shakllarining erkin uygʻunlashishiga asoslangan.
Ad.: Gʻofurbekova X., Bastakor Komiljon Jabborov [Musiqa ijodiyoti masalala-ri], T., 1997.