Maktabimga hech shoshilmasdim,
Hamma bilar edi feʼlimni.
Kechikardim, parvo qilmasdim:
“Uzr, ustoz, kirsam maylimi?”
Xayolparast, oʻychan shoirga
Tergab-tergab dars berdi hayot.
Goho koʻmib ming bitta sirga,
Goh sevgidan qarz berdi hayot.
Tuygʻularga oʻyin boʻldim xoʻp,
Dil yaramga sepildi tuzlar.
Shoshmagandim, hali erta deb,
Erga tegdi shoshqaloq qizlar.
Tanaffusni kutgan boladay
Bu darslardan zerikdim, rosti.
Jalalarda qolgan loladay
Koʻnglim mudom azobda oʻsdi.
Keyin sizni uchratdim birdan,
Yashillikka burkandi dunyo.
Nazarimda, milyon yil oʻtgan,
Milyon yilga kechikdim goʻyo.
Mana, keldim. Kutaman izn,
Yorugʻ xayol sursam maylimi?
Osmondagi oyim, yulduzim,
Koʻnglingizga kirsam maylimi?
Orif Tolib
2009
https://saviya.uz/ijod/nazm/izn/