Sheʼriyatda fard, bayt, ruboiy, qitʼa singari kichik janrlar boʻlganiday, nasrda ham ocherk, badia, bitik, novella, hikoya toifasidagi moʻjaz asarlar koʻp. Shohbayt – gʻazal sultoni boʻlganiday, falsafiy oʻy, yurakni oʻrtagan fikr hamisha eʼzozlanadi. Mohir sanʼatkor novellayu hikoyani siqiq, yaxlit qilib beradi. Zoʻr hikoya, novelladagi har bir soʻz misoli shamchiroq.
Kichik nasriy asar haqida pishiq-puxta tadqiqotlar yaratish imkoni tugʻiladi. Matbuotimizga jahon novellistikasi tajribalari kirib kelmoqda. 2013 yilda bir qancha pishiq asarlar yaratildi. Zahmatkash, isteʼdodli hikoyanavislarga uzr aytgan holda, bir nechtagina kichik asar haqida toʻxtalinamiz.
Qoʻchqor Norqobil izlanayotgan nosir, shoir, dramaturglardan. Oʻtgan yili uning toʻrtta dramasi, sheʼriy turkumlari, qissasi va hikoyalari chop etildi. Yozuvchining ijodiy biografiyasida “Nozi… Nozigul” (“Kitob dunyosi” gazetasi, 2013,14 avgust) hikoyasi oʻziga xos oʻrin egallaydi. Hikoyaning nasrdagi drama ekanligi koʻp bor isbotlangan. Dramada qahramonlar mohiyati mukammal yoritiladi. Peyzaj, timsollar, soʻzlarning tanlab-tanlab ishlatilishi muhim. Hikoya hajmi qisqa, ixcham boʻlishi kerak, deyish xato. Hozir roman hajmli hikoyalar, hikoyaday uvoqqina romanlar paydo boʻlyapti.
Q. Norqobil hikoyasida Sarvar shoir va Nozigul parining sevgi tarixi tasvirlangan. Tabiiyki, na qiz, na yigit sevgisini soʻz bilan ifodalamaydi. Nozigul bogʻida uzum koʻp. Sarvar shu uzumlarni yoqtiradi.
Qiz uyidagilarga har xil bahonalarni aytib doim uzum olib chiqadi. Vaziyat toklarni olib tashlashni taqozo etadi. Qiz uydagilarni, hech boʻlmaganda, ikkita tokni olib qolishga koʻndiradi. Qizning sevgisi aniq-tiniq koʻrsatib boriladi. Ikki yosh sevgisini baʼzi sinfdoshlar bilardi. Norsuluv, Toji, Inom injiq sinfdoshlar siridan ogoh. Sarvar uzoq tanaffusdan soʻng qishloqqa kelganida sheʼrxonlar bilan uchrashdi, doʻst-yorlari diydoriga toʻydi. Lekin qayerga bormasin, Nozigulni koʻrib qolishni orzu qilardi. Sinfdoshlari gaplariga qaraganda, Sarvar sevgilisi odamovi boʻlib qolibdi, ayniqsa, yigʻilish, izdihomlarga umuman kelmas ekan. Sarvar alamidan ichadigan odat chiqardi. Inom injiq toʻyida unga kattalar oʻtiradigan xonadan joy tayyorlagandi. Sarvar atayin amaldorlar davrasiga qoʻshilmadi: sinfdoshlari qatoridan joy oldi.
Sarvarning qalbida ham, Nozigulning qalbida ham alam bor… Nozigulning otasi kayvoni, baobroʻ odam edi. Qaysidir toʻyda kurash boʻldi. Dushanbadan kelgan polvon qishloq polvonlarining yuzini shuvut qildi. Barcha raqiblarni yengdi. Shunda bakovul Haydar bobo alam, iztirob bilan:
– Dushanbalik polvonga qarshi maydonga chiqadigan mard bormi? – dedi. Biroz sukutdan keyin maydonga Chori kantuj otilib chiqdi. Qishloqdosh tomoshabinlar koʻzlari chaqnab ketdi. Shu payt bomba portlaganday gap yangradi:
– Bolam, mehmon polvonni yengsang qizimni senga beraman, – degan nido, iltijo hammani sehrlab qoʻydi. Haydar bobo Nozigulni afgʻonda kantuziya boʻlib qaytgan Choriga ravo koʻrgandi. Hech kim lom-lim deyolmadi. Chori otilishga tayyor miltiq holatida ekan. Qoʻllarini keng yozdi, raqibi tomon shahdam qadam tashladi. Mezbon polvon raqibini dast koʻtardi, boshidan oshirib yelkasi bilan yerga bosdi. Hikoyaning choʻqqisi – dramaning kulminatsiyasi shu. Hech kim Haydar bobo gapini ikki qilolmadi. Sarvar sal oʻtmay shaharga ketib qoldi, shoirlikka oʻqidi… Drama roʻy berdi. Mantiqan u rivojlanishi – fojiaga aylanishi shart edi. Ikkita voqea roʻy berdi: Chori yoshgina xotinini tashlab ketdi, oʻzini osib qoʻydi. Nozigul marhumdan qiz koʻrdi, ismini Sarvara qoʻydi.
Sarvara ulgʻayaverdi: Sarvar va Nozigul yuragidagi alam, iztirob, sevgi orta bordi. Nozigul odamovi boʻldi, hech qayerga bormaydigan, hech kim bilan yurakdan suhbatlashmaydigan boʻldi. Yigit ham, qiz ham oila qurmaslikka ahd qilishgan. Tasodifan Sarvar oʻn yetti yoshlardagi qizni koʻrib qoldi. U Nozigulning yakkayu yolgʻiz qizi edi. Gap-soʻzi, oʻzini tutishi baayni onasining yoshligi edi. Yigit uylanishga, Nozigul bilan oila qurishga, qizchaga ota boʻlishga qatʼiy ahd qildi. Hikoya shu nuqtada tugaydi. Ikki sevishganning keyingi hayoti ham murakkab kechishiga ishora bor. “Nozi… Nozigul” yaxshi, samimiy, nurli hikoya. Lekin unda maromiga yetmagan obrazlar bor. Aniqrogʻi, gʻoyaviy yuk birday taqsimlanmagan. Ayniqsa, Nozigul sinfdosh, dugonalari timsoli toʻliq ochilmagan. Ikkinchidan, hikoyada syujetning choʻziqligi, kulminatsion rivojning sustligi seziladi. Har bir yetuk asarda yangi soʻzlar, ohanrabolik tuygʻulari boʻlishi kutiladi. Yozuvchi qoʻl yuvgʻichning chumbilini koʻradi, kurash jarayonidagi yangi holatni betakror tasvirlamaydi. Oʻzbek nasrida koʻpkari, kurash tasviri bot-bot tasvirlanyapti. Ammo bu turlarga oid istilohlar, yangicha tasvirlar uncha koʻpmas. Soʻz, yangicha ifodalar izlagan yozuvchining reytinggi baland boʻladi. Qoʻchqor Norqobil har tomonlama yetuk yozuvchi sifatida yangi soʻzlarni topishi, qoʻllashi lozim.
Ongimizga oʻrnashib olgan fikr bor: shoirmi sheʼr; adibmi nasriy asar; dramaturgmi sahna asari yaratsin. Bu – notoʻgʻri fikr. Dramaturgiya diolog, monolog, soʻzsiz sahnalarga joziba baxsh etadi. Sheʼr nasrga, dramaturgiyaga ruhiy harorat olib kiradi. Qoʻchqor Norqobil dramaturgiyada, sheʼriyatda, nasrda qalamini charxlab olgan mohir ijodkor.
Luqmon Boʻrixon betakror uslubga ega yozuvchi. U voqeadan voqea, gurungu hangomadan asar yaratish hadisini olgan. Novella, qiyosimcha, hangomalardan paydo boʻlgan adabiy yaxlitlik, birbutunlik. Yoʻl hodisalari, yoʻlovchilararo gurunglar novellaga asos boʻladi. Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad, Neʼmat Aminov singarilar ijodida novellalar koʻp. Novella latifanamo voqealardan tashkil topadi desak, xato boʻladi. Said Ahmadning “Qora koʻz Majnun” asari fojiaviy novella. Koptokday Qora koʻz – tragik timsol. Kampir ham kuyib kul boʻlgan mushtipar. U oʻgʻlini qanchalar ilhaqlik bilan kutgandi. Noqobil oʻgʻil boshqa dinga oʻtib, boʻyniga xoch osib kelibdi. Saodat kampir bevafo oʻgʻildan itni aʼlo, deb biladi. Kampir oʻlgach, it halovatini yoʻqotadi: dam kampirning qizinikiga yugurib ketar, goh kampirning uyi oldida tinmay akillardi. Uni otib tashladilar…
Luqmon Boʻrixonning “Tumor” (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2013 yil, 29 noyabr) novellasida gʻalati voqea, anoyi Toʻlqin fermer sarguzashtlari tasvirlanadi. Toʻlqin fermer sayohatchilar tarkibida Saljuq sultoni Selim Ikkinchining suyukli xotini malika Duyguga atalgan tumor saqlanadigan amaliy sanʼat muzeyi bor shaharga keladi. Qahramonimiz bozordan, ayniqsa, Chiyaldan boshqa joyda boʻlmagan. Uning tushunchasicha, koʻrgazmaga qoʻyilgan buyum, albatta, sotiladi. Toʻlqin muzeydagi tumorga xaridor boʻladi. Tarixiy ashyoni sotib olmoqchi, xotini Matlubaga sovgʻa qilmoqchi. Toʻlqin jon-jahdi bilan tumor savdosiga kirishadi. Tumonat yigʻiladi: kimdir sodda sayyohni qoʻllaydi, kimdir uning ustidan kuladi. Sayyohlar yetakchisi bu mashmashadan Toʻlqinni ajratib oladi. Baribir, Toʻlqin nima xato qilganini tushunmaydi. Bosh personajni anoyi deb boʻlmaydi: qimmatbaho sanʼat asariga oʻzini urdi. Ayni vaqtda, u oʻta qoloq, madaniyatsizligini roʻy-rost koʻrsatib qoʻyadi. Bir necha odamga boʻlsa-da, yetakchilik qiladi. Fermerning saviyasi shunday boʻlsa, boshqalardan qanday madaniyat, maʼrifatni kutish mumkin. “Tumor” isteʼdodli ijodkor tomonidan bitilganligi aniq koʻrinib turibdi. Lekin Selim Ikkinchi, malika Duygu, Toʻlqin fermerning xotini Matluba, oʻgʻillari Salim, Sardor nomi boru, maʼno-mohiyati yoʻq. Sahnaga osib qoʻyilgan miltiq alaloqibat otilishi kerak, degan gap barcha asarlarga taalluqli.
Novellada muhim bir gʻoya bor. Pul hammada ham boʻlishi mumkin. Lekin pul, boylik odamning kimligini tip-tiniq namoyon qiladi qoʻyadi. Aqlli-hushli kishidagi boylik belga quvvat, aqlni ishlatuvchi vosita. Tadbirsiz odam qoʻlidagi boylik, pul – kir misoli. Yuvsa, ketadi-qoladi. Demak, puldorlik emas, boylikni bilib, uzoqni koʻrib, tejab-tergab ishlatish muhimdir.
Ashurali Joʻrayevning “Shirin paxta” (“Fermer” jurnali, 2013 yil, noyabr) novellasi yaqin oʻtmish, Shoʻro hukumatining 80-yillaridagi qishloq hayoti haqida yozilgan. Paxta yetishtirish, uni yigʻib-terib olish, davlat rejasini bajarish masalalar masalasi edi. Paxta ochildimi, yoshu qari egatlarni egallar, har tup gʻoʻzaga sajda qilardi. Falokat bosib reja bajarilmay qolsa, katta-kichik mutasaddi uyma-uy yurar, koʻrpa-koʻrpacha, yastiqqa qachonlardir solingan uvada paxtani olib ketardi. Bir kuni paxta izlovchilar 4-sinf oʻquvchini avradilar: yashiringan paxtani koʻrsatib bersa, “shirin paxta” olib berishni vaʼda qiladilar. Bola uyga kirib ketadi, koʻrpa orasidagi bir siqim paxtani olib chiqadi. Oila fojiasi boshlanadi: uy egasi olib ketiladi, xonadon oʻlik chiqqan gʻamxonaga aylanadi. Kimdir bola quloq-chakkasiga tarsaki tortib yuboradi. Shunda bolakay qilgan xatosini tushunib qoladi: “shirin paxta” oq falokatga, qop-qora anduhga sabab boʻldi. Bir siqim paxta xalq tarixidagi oʻchmas fojialarning debochasi boʻldi.
“Shirin paxta”dagi tagmazmun teran yoritilmagan. Bir qancha epizod qoʻshilsa, oq paxtaning qora yoʻli ishonarli yoritilardi. Shu holatida ham A. Joʻrayev asari tugal novella sifatida diqqatga molik. Asarda “shirin paxta”, oppoq paxta, uvada paxta ishonarli muqoyasa qilingan. Novelladagi boʻzbola koʻzi birdan ochildi, hayot sabogʻi uni ulgʻaytirib qoʻydi.
Hozir hikoya, novellalar nafaqat “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Hurriyat”, “Mohiyat”, “Kitob dunyosi” gazetalarida, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” singari jurnallarda, balki “Vatanparvar”, “Hordiq”, “Tasvir”, “Fermer”, “Qishloq hayoti” singari nashrlarda ham moʻl-koʻl bosilmoqda. Hikoyalar koʻp, ammo tilga tushadiganlari, badiiy qadriyatga aylanadiganlari nihoyatda kam.
Gulruh Yormatovaning “Tiniq momo” hikoyasi oliy maqomdagi “Oʻzbek adabiyoti va sanʼati” (2013,7 dekabr) gazetasida, Sanjar Tursunovning “Seni yaxshi koʻraman” hikoyasi shu gazetaning 2014 yil, 10 yanvar sonida, Xoliyor Safarovning “Uyga qaytish” hikoyasi “Sharq yulduzi” jurnalida (2013 yil, 3-son) bosildi.
Yosh yozuvchilarning koʻpaygani yaxshi. Lekin ijodni boʻsh-nochor asarlardan boshlash oʻzini sira oqlamaydi. Sanjar Tursunov hikoyasida Sanobar degan ism 13 bor takrorlanadi. Sanobarga yoʻllangan maktublarni harbiy xizmatni oʻtayotgan Bobur degan yigit yozadi. Bosh qahramon hozir quloch-quloch maktub bitish vaqti oʻtganligini biladi, lekin Sanobarga xat yozaveradi. Sanjarning kam mutolaa qilganligi koʻrinib qoladi. Urush vaqtida xat tashuvchilik qilgan yuzlab kishilar haqida asarlar yozilgan. “Seni yaxshi koʻraman” hikoyasi muallifi Kenja pochtachi obrazini yuzakigina qilib tasvirlaydi. Ashurmat tegirmonchi – uyquchi. Don torttirgani kelganlar doʻq-poʻpisa qilmaguncha, koʻzini ochmaydi. Tegirmonchi BMT yozuvli katta qogʻoz yopishtirib qoʻyilgan joyda uxlaydi. Ajab, BMT degan “Baqqa (aynan shunday – A. R.) musor tashlanmasin”, – degani ekan. Bu oʻta yengillik, siyqalik emasmi? Hikoyada Anzirat momo timsoli bor. Uning ikki oʻgʻli urushda portlab ketgan: ona aqldan ozib qolgan. Sanjar hali koʻp oʻqishi, badiiy asar yozish hadisini egallashi kerak.
Gulruh Yormatova hikoyasining bosh qahramoni 90 yoshli Tiniq momo. Uning ayni balogʻat pallasida uch oʻgʻli bor. Kichik oʻgʻlining Qoratoʻsh laqabli otini oʻgʻirlab ketishadi. Oʻgʻil koʻksini yerga berib yotib oldi. Akasi asl zotli toy keltirib berdi. Boʻlmadi. Shunda Tiniq momo oʻgʻliga qattiq-qattiq, erkakchasiga gapiradi, yuragiga tegdi. Oʻgʻil oʻrnidan turdi. Qiziq, hozir mamlakatimiz ahlining 60 foizidan ortigʻi yoshlar. Ashurmat tegirmonchi, Kenja pochtachi, Anzirat kampir, Tiniq momo qayoqda-yu, dunyo yukini yelkasiga dast olgan yoshlar qayda? Yosh yozuvchilar bir makonda yashasalar ham, dunyoda roʻy berayotgan voqea-hodisalarni qalbdan his etishlari lozim.
Xoliyor Safarovning “Uyga qaytish” hikoyasini katta umid bilan qoʻlga oldim. Ammo bosh qahramon Umidjon ota-onasining erka oʻgʻli. Qiynalmasdan oʻqishga kiradi, uni tashlab ketadi. Uylanadi, bola-chaqali boʻladi. Shaharga koʻchib keladi. Qisqasi, “Olam – guliston”. Na jiddiy konflikt, kolliziya, kulminatsiya bor. Umidjonning sirti, nomi bor-u, oʻzligi, mohiyati yoʻq. Hozir baxt qushi oʻz-oʻzidan boshga qoʻnmaydi. Tanilish – olamga tatirlik ish qilish, oʻzlikni namoyon etish. Yozuvchining zoʻri ismga yopishib olmaydi: parranda, odamzot, mavjudotning mohiyatiga kiradi. Gʻoyani, konsepsiyani yangicha yechimlar orqali ochadi. Haqiqiy sanʼat asari – olam aro badiiy olam yaratish. Bu gap yangilikmas. Dunyoda dong taratgan asar borki, ohorliligi, betakrorligi bilan diqqatni jalb etgan. Hozirgi adabiyotimizda bunday asarlar, ularni yaratayotgan isteʼdodli yozuvchilar qancha koʻp boʻlsa, chala-chulpa asarlar, xususan, hikoya yozayotgan gʻoʻr qalamkashlar ham kam emas.
Soʻnggi ikki yilda Ulugʻbek Hamdamning “Yangi inson” dostoni, “Toʻlin oy qissasi” hikoyasi, moʻjaz “Naʼmatak” romani bosildi. Har bir asarning oʻz qiyofasi, janri bor. Ulardagi yetakchi belgi – ijodiy izlanish: bashariyat va men; avlodlararo munosabat singari savollarga javob topishdan iborat.
Ammo “Naʼmatak” romanmi, degan savol tugʻiladi. Besh betlik roman – “Naʼmatak”da (“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son) ikki juft oshiq, oltita ota-ona obrazini yaratadi. Sakkiz-oʻn chogʻli qahramonlarga ism berish qiyin emasdi. Ammo adib birinchi, ikkinchi avlod, deb atashni maʼqul, deb biladi. Voqea qayerda-qachon boʻlgani nomaʼlum. Uch avlod vakillari, deyilgan. Demak, 70-75 yillik voqealar qamralgan. Ammo I va III avlod tili, kiyinishi haqida gap yoʻq. Roman tili oʻta siqiq desangiz ham, xato boʻladi. Toʻgʻri, roman yangi, izlanishdagi janr. Oʻzbek kitobxoni A. Qodiriy, Choʻlpon, Oybek, L. Tolstoy, G. Markes, M. Sholoxov, Ch. Aytmatov, P. Qodirov, F. Dostoyevskiy, O. Yoqubov, Paulo Koelo singarilar romanlarini oʻqigan. Roman hajmi hech qachon chin kitobxonni choʻchitmagan. Aksincha, romanni oʻqib tugatgan kitobxon maʼnan-qalban boyiganini his qilgan. Roman qalbga singib boradigan malham. Aqlni oʻtkir qiladigan muqaddas tomchi, koʻzni nurafshon aylaguvchi tilsim – oynak.
Jondan kechmasang jonona, toqqa chiqmasang doʻlona qayda, degan gap bor. Vaqtni tejash uchun hajmdor romanlarni oʻqishdan voz kechish toʻgʻri emas. Har bir yozuvchi roman janri ustida eksperiment qilishga haqli. Ulugʻbek Hamdam roman-eksperimentida maʼlum syujet-kolliziya, kulminatsiya, yechim bor. Ikkinchi avlod yetakchilari yovlashadi: biri darrov vafot etadi, ikkinchisi avaxtada sil kasaliga yoʻliqib oʻladi.
Men romandagi Naʼmatakda qat-qat mazmunni koʻraman. Ustoz Oybek “Naʼmatak” sheʼrida qoya tepasida koʻkargan, har bahorda mehr (quyosh)ga bir savat gul tutib turadigan daraxtni ulugʻlagan edi. Ulugʻbek Hamdam romanida dala hovlidagi oʻsimlikni, ikki qoʻshni aro ahillik va dushmanlik guvohi boʻlgan sertikan daraxtchani koʻrsatadi. Naʼmatak – kamtaru kamsuqumlik ramzi. Uning mevasini hech kim terib olmasdi, qor ostida qolib ketardi. Vaholanki, tabiblar naʼmatak donini ming dardga davo ekanligini doim tayinlaganlar. Birinchi avlod naʼmatak bois apoq-chapoq boʻlib ketdi. Ikki oila farzandlari oila qurdilar, ikki oʻgʻil, ikki qizli, oʻn bir nabirali boʻldilar. Ikkinchi avlod vakillari naʼmatak talashib yovlashib, yuz koʻrmas boʻldilar. Nafaqat – naʼmatak butalari, balki hovlidagi daraxtlar qirqib tashlana boshladi. Alal-oqibat ikki oila qariyalari hayvonlashdilar. Ikki uydan ikki oʻlik chiqdi. Yillar oʻtib, naʼmatak novdaladi, gulladi. Ikki oilaning qizi-oʻgʻli naʼmatak ostida dil rozini aytdi. Yangi oila poydevori qurila boshladi.
Romanning oʻq ildizi naqoratda aniq seziladi:
Qanday koʻz-la boqsa, odam olamga
Shunday javob aylar olam odamga.
Moʻjazgina asarda naqorat toʻrt bor takrorlanadi.
Olam va odam munosabati – mangu muammo. Odam bor, yoqavayron boʻlib jiqqa musht boʻladi. Odam bor, kechirimliligi, yoqimtoyligi bilan olamga, hatto Xudoga yoqadi. Odam bor, na olam, na jamiyat bilan ishi yoʻq, loqayd. Olamni suv olsa, toʻpigʻiga chiqmaydi.
Ulugʻbek Hamdam nabototning kamsuqum daraxti Naʼmatakni, har oyda qayta tugʻiladigan oyni, mangu ummonlar, viqorli togʻlarni ulugʻlaydi. Odam – omonat: dunyoning bu eshigidan kiradi, narigisidan chiqib ketadi. Ammo yer sayyorasining ustuni boʻlgan kuchlar mangu qoladi.
Odamning borligi, boyligi oʻzida: u yaxshi-yomon qilgʻiliqlarga qalbidan javob topadi. “Naʼmatak” mini-romanida uch avlod baxti va baxtsizligi, hayotning mangu oqimi tasvirlangan. Bu asar yoshlar orasida obroʻ topar, oʻqishli roman boʻlib qolar. Men kichkinagina roman yozgan adib izlanishi, jasoratiga tan beraman. Lekin roman oʻziga xos maʼnaviy kuch, betakror dunyo. Mashhur romanlar mutolaa qilingach, uning (shartli qilib aytilganda) DNKsi yuqadi. Qalbga tushgan roman endi sizniki, maʼnaviy-ruhiy boyligingiz. Kitobxon kitob olamiga kirish uchun, syujet, konflikt, kompozitsiya, til murakkabligi, badiiy konsepsiya, falsafani oʻzlashtirishi shart. Bularsiz roman kitobxonga “yuqmaydi”, DNKsini ishonib topshirmaydi. Tarix guvoh: zurafolar ruboiyni anglash uchun qanchalar bahs qilishgan. Hanuz doston, gʻazal sharhi kitobxon ruhini harakatga keltiradi. Ulugʻbek Hamdamdan taʼsirlanib boshqalar ham mini-roman yozar. Lekin minimi, keng qamrovlimi, roman qalbga tushishi, sira unutilmasligi kerak. “Naʼmatak” – yaxshi asar. Lekin u zinhor “Oʻtkan kunlar”, “Koʻhna dunyo” boʻlolmaydi. Buni U. Hamdamning oʻzi ham yaxshi anglaydi. U mini-romanini atayin ommaviy madaniyat kishilari, takasaltanglarga oʻrnak boʻlsin, deb yozgandir. Ehtimol, mini-romanning “joni”, DNKsi aniqroq yoritiladigan koʻrinishlarini kashf etish kerakdir. Ulugʻbek birinchilardan boʻlib qisqa roman namunasini yaratdi. Bu jabhadagi izlanishlar davom etishi lozim. Boshlangan xayrli ish zinhor yarim yoʻlda qolib ketmaydi.
Ijodiy izlanish – yozuvchining doimiy yumushi boʻlmogʻi joiz. Izlanish boʻlmasa, hech qachon yetuk asar yaratilmaydi.
Abdugʻafur RASULOV,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, professor
“Sharq yulduzi”, 2014–2
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/izlanishlar-samarasi/