Olam va odam muammosini anglash, uning turfa koʻrinishlarini his qilish, inson olamini va zamonaviy olam insonining sirli dunyosini tushunish, qalb tugʻyonlari va ruhiy iztiroblar ogʻushida oʻz mehvarini izlayotgan odam tasviri bugungi nasrimizning asosiy obʼyektidir. Asr odamini, zamondan nafas olayotgan, biz bilan yelkadosh inson olamini tasvirlashda adiblarimiz badiiy izlanish siralarini namoyon etishmoqda.
Shu jihatdan qaraganda, isteʼdodli yozuvchi Sobir Oʻnarning “Bibisora” qissasi ham oʻziga xos uslubda yaratilgani bilan oʻquvchi nazarini tortadi. “Uslubning adabiyotdagi oʻrni juda katta, juda muhimdir. Kuchsiz yozgʻuvchilarning uslublari bir-biriga oʻxshab qoladir. Ular oddiy uslubda, umumiy til uslubida yozadir. Shoir-yozgʻuvchi sanʼatkorlikda (taʼkid bizniki – S. Q.) koʻtarilib borgan soyi oʻziga maxsus bir uslub yarata boshlaydir”, degan fikrni qayd etadi Fitrat oʻzining “Adabiyot qoidalari” asarida. Shuningdek, Fitrat uslub haqidagi qarashlarini davom ettirar ekan, ijodkor oʻy-xayollari, tushunish shakllari tugal va komil boʻlgandan keyingina, oʻziga yarasha bir uslubi borliqqa chiqishini taʼkidlaydi. Biz tilga olayotganimiz Sobir Oʻnarning “Bibisora” qissasi ham goʻzal uslubda, shirali til bilan yozilganki, beixtiyor qahramonning iztiroblariga sherik boʻlib, quvonchu qaygʻularini birga baham koʻra boshlaysiz. Asar voqealari endigina borliqning sir-asrorini taniyotgan sakkiz-toʻqqiz yashar bola – Jahongirning dunyoni anglashi va unga munosabati tarzida berib boriladi. Bola ruhiyatidagi oʻzgarishlar, sodda va samimiy qishloq odamining bolalarcha begʻubor, birovga ziyoni tegmaydigan, faqatgina oʻzining koʻngil royishlari uchun aytgan maqtanchoqliklari bola tilidan maromiga yetkazib tasvirlanganki, boshqa holatda bunday qiyomiga yetishi qiyin: “Qolganini oʻzlari toʻqib-bichishadi: oʻgʻlimiz mana, maktabdayam durust oʻqigan edi, lekin institutda domlalar pul ilinjida yomon baho bilan yiqitib yuborishuvdi, ana, haqiqat bor ekan, oʻris kamandir maqtab yozibdi, xizmati tugasayam yubormaymiz, bunday odam davlatga kerak, zarur boʻlsa oʻzimiz oʻqitamiz, uy beramiz, eng chiroyli qizga uylantiramiz… polkovnik boʻlgandan soʻng oʻzi qaytib boradi qishlogʻingizga. Va yana koʻp gaplar. Bir parcha qogʻoz boʻlsa, yana u oʻrischa yozilgan boʻlsa, kim tushunib, kim surishtirib yotibdi qolgan gaplarni”. Ota-onaning sogʻinib kutayotganini – maktabni ham qiynalib bitirganligi barchaga maʼlum “aʼlochi” erkatoyini yeru koʻkka qoʻymay, maqtashini koʻrib, xalqimizga xos boʻlgan umidvorlik, magʻrurlik tuygʻusining ijobiy namunasi sezila boshlaydi. Asar qahramoni bu bir olam maqtovlarni yana “oʻrischalab mashinkalangan” bir parcha qogʻozga bogʻlaydi. Aslida, u qogʻozda nima bitilganligidan baxtiyor onaning xabari borligi ham soʻroq ostida. Ammo hammaning nazarida turgan va tinimsiz maqtalayotgan oʻsha yigit senga aloqadorligining oʻzi katta gap.
Qissada anʼanaviy usul vositasida qahramonlar ruhiyatidagi joʻshqin va tushkin kayfiyatning badiiy talqini monologu dialoglar asosida tasvirlangan. Ayrim ishoraviy oʻrinlarni aytmasa, asarda kitobxonni ruhiy qiynoqlarga soladigan, Gʻarbu Sharq falsafasini hijjalashga majbur qiladigan oʻrinlar yoʻq hisobi. Bir tomondan shunisi ham tuzuk, chunki “pasportini toʻliq oʻqishga vaqti yoʻq zamondoshlarimiz”ning oʻttiz-qirq betlik monologlarga qurilgan asarlarga vaqt sarflashi bir oz qiyin. Qissa dostonday oʻqiladi. Bolaning begʻubor tilidan berilgan Sulton chavandoz va Toʻlgʻonoy oʻrtasidagi samimiy muhabbatga munosabat oʻquvchini gʻuborlardan tozalaydi: “Akam uni sevadi. Xatlar yozadi, xatlar oladi. Kitoblardagiday sevishib yotadi”. Ortiqcha taʼrifga hojat yoʻq. Bolaning dastlab, ikki yosh oʻrtasidagi muhabbatga nima sababdan xayrixoh boʻlganligi sababini yashirib oʻtirmaydi. Bu tasvir arzimagan manfaat yoʻlida qondoshiga yolgʻon gapirishdan ham or qilmayotgan, mansab kursisiga munosib oʻrnashib olmoq uchun ming xil tovlanayotgan bugungi bozor odamini bir pogʻona yuksaltiradi, guyoki sizu bizga insoniy samimiyat qanday boʻlishini koʻrsatayotgandek tuyuladi: “Maktubni amakimga oborib bersam suyunchisiga uch soʻm pul beradi. Uch soʻm katta pul. Oʻrtoqlarimga maqtanib Joʻlliboy akaning doʻkonidan bir hafta kartoshkali pirashka olib yeyman. Amakimning sevgisi ham bor boʻlsin”.
Asarning syujet chizigʻi va kompozitsion qurilishi ham kitobxonni oʻz mohiyatiga yoʻnaltira oladigan darajada shakllantirilgan. Qissada adabiyotimizga xos boʻlgan ramziy timsollar mavjud boʻlib, ulardan biri Chegachi choldir. Yovuzlikning timsoli sifatida gavdalantirilgan mazkur obraz asar syujetini chigallashtirib yuborgan. Bir oz uyqusirab, oʻqigan kitobxon: “… koʻrinishi allambalo. Telpakli uzun qora plashini hecham yechmaydi”gan chol butunlay goʻzallikka burkangan, “dunyodagi birgina chiroyli ayol”ning dunyosida nima qilib yuribdi deyishi mumkin? Ammo qishloqning erkaklari: “oʻng yuzingga tarsaki tushirsa, chap yuzingni tutib ber”, qabilida ish tutib, erlik burchlarini bajarmasa, maktab direktori qoʻl ostidagi bolalar kelajagidan koʻra, oʻz mansabining ertasi bilan koʻproq qiziqib: “Markazdan kelgan domulloga bir narsa deb boʻladimi?” deya tinchini oʻylasa, togʻalar oʻzlarini bilmaslikka olsa: “Dunyodagi birgina chiroyli ayolning ham etagiga it tegishi hech gap emas”. Chegachi chol obrazi zimmasiga katta vazifa biriktirilgan. U qora soqoli(odatda yoshi ulugʻlarimizning soqoli oq boʻladi) bilan gʻururi sindirilgan olomonning ustidan xohlaganicha kuladi. Xalqimiz azaldan insoniy gʻurur, shaʼn, qadr-qimmat, or-nomus masalasida oʻziga xos qarashlarga ega boʻlgan. Oʻlimni osonlik bilan tan olishi mumkin ammo gʻururining oyoq osti boʻlishiga yoʻl qoʻymagan. Bu masalada koʻplab maqolu matallar, dostonu afsonalar yetib kelgan. Jumladan, “Alpomish” dostoni boshdan-oyoq insoniy gʻurur, qadr-qimmatiga bagʻishlangan. Yetti yoshga toʻlib toʻlmagan Yodgorning: “Gul enamni Ultontozga bergan soʻng, Ne bet bilan Qoʻngʻirot elda yuraman?!” degan nolasini baxshi tilidan eshitar ekansiz, beixtiyor dunyoda yeb-ichmoq va “bitday bolalamoq”dan kattaroq tutumlar ham borligini his etasiz. “Bibisora” qissasida shunday buyuk ajdodlarning avlodini markazdan kelgan “qora plashli”lar ne koʻylarga solganligi ishonarli tarzda ochib berilgan.
Qissaning yakuni ham ajoyib, oʻquvchiga Jahongir va Bibisoraning taqdiri qanday kechganligiyu koʻkkoʻz jiyan kimga oʻxshab ulgʻayganligi aytilmaydi. Faqatgina bir jumla orqali ovulning keyingi taqdiri ham u darajada halovatli kechmasligiga ishora beradi: “Darvoqe, bizning maktabgayam yangi fizkultura ustozi kelibdi. Uning ham ismi Faxriddin ekan. Shahardan kelgan deyishdi… qora plash kiyib yurarmish…” Albatta, yovuzlikka qarshi jiddiy choralar koʻrilmasa, u beiz ketmaydi. U oʻn uch-oʻn toʻrt yoshli bolaning bitta xati bilan yoʻq boʻladigan darajada ojiz emas. Qachonki, qoʻrqoq togʻa, begʻam amaki, mansabdan boshqasini oʻylamaydigan direktor, qizining qismatini saqlashga ham yaramaydigan otalar birlashsagina, uning urugʻini quritish mumkin. Eng dahshatlisi, Bibisoraning kelajagi ham tahlikada qolayapti.
Qissani anʼanaviy uslubda yozilgan deyishimizga qaramasdan, voqelikka munosabat masalasida yangi asr odamining hidi, freydizmning ayrim unsurlari seziladi. Bu holat bir oz asarning badiiy qimmatini tushirgan. Quyidagi parchaga diqqat qilamiz: “Negadir dilimdagi gʻubor birdaniga tarqadi. Xayriyat, dedim ichimda. Yangam amakimni emas, meni yaxshi koʻradi deb, oʻzimni-oʻzim ishontirgim keldi”. Har bir yosh bolada boʻladigan oʻzini birinchi oʻringa qoʻyish, eng ezgu narsalarning oʻziga aloqadorligidan maqtanishi ishonarli tarzda yoritilgan. Ammo: “Yangam meni qitiqlar edi, men uning badanidan chimchilab qochib ketar edim. Meni tutib olib qitiqlayotganda bir ajoyib atir va badan hidi dimogʻimga urilar ediki, toʻsatdan entikib ketardim”. Bu oʻrinda bir oz hadidan oshish bor. Qanchalik ehtiroslar ummoniga berilmasin, musulmonchi inson oʻz yangasiga nisbatan ehtirosini tizginlay oladi.
Bekon taʼbiri bilan aytganda, haddan tashqari oshkoralik yalangʻochlik singari xunuk koʻrinish oladi. Darhaqiqat, haddan tashqari oshkoralik sanʼatning chegarasini buzib tashlaydi. Chunki sanʼat deganda biz ijtimoiy madaniyatning jamiyat aʼzolariga estetik zavq beruvchi yaratiqni yoki adabiyotshunoslik ilmida badiiy asar poetikasini taʼminlovchi vositani tushunamiz. Afsuski, asardan oʻrin olgan: “Tuyqus ayol kishining seskanganday tovushi chiqdi…
Soʻng choʻzib “voy-y!” dedi.
Odam badaning nafas va koʻrpa tovushiga qoʻshilib ishqalangani, nafaslarning tezlashishi, dunyoning eng bokira ayoli birdaniga oʻziga qoʻtosday tashlanayotgan erkakning quloqlari tubiga beixtiyor choʻzib “joni-im!” deb yuborishi aqlga sigʻmas hodisa edi. Tushunib boʻlmas edi. Kechirib ham boʻlmas edi”, tarzidagi tasvirlar na unisiga, na bunisiga xizmat qilayapti. Yangaga boʻlgan shahvoniyati ochiq-oshkor namoyon boʻlayaptiki, bu holat oʻquvchini qay tomonga yetaklashini oʻylab koʻrish kerak. Kimki bilgan narsasining barini aytsa, ular orasida, albatta, bilmaganlarini ham gapirib yuborishi hech gap emas. Yevripid aytganidek eng yomoni – tiyilmagan til.
Bizni bir oz oʻylantirgan ushbu yalangʻochlikni tasvirlayotgan mualliflar goʻyo mazkur jarayondan zavq-shavq olib, katta qoniqish hosil qilgan holda, oʻsha qahramonga boʻlgan mehrini yashirmasdan munosabat bildirishmoqda. Yangi nasrimiz vakillarining baʼzilarida, jumladan, Erkin Aʼzamning soʻnggi yillarda yaratgan asarlarida, Salomat Vafoning romanlarida ham bu holatlar koʻzga ochiq tashlanmoqda. Nima boʻlganda ham adabiyotning millat kamolotida katta oʻrin tutishini, uning ogʻriqlariga davo boʻluvchi malham ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Xulosa qilib aytsak, isteʼdodli yozuvchi Sobir Oʻnarning “Bibisora” qissasi bugungi nasrda boʻlayotgan izlanishlarga mansub asarlardan biridir.
Safarali QURBONOV
aspirant
“Sharq yulduzi”, 2011–1
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/izlanish-siralari/