Anton CHEXOV
Tun oydin, havo izgʻirinli edi. Aleksey Ivanich Romansov yashil ustunni surib, hovli eshigidan ohista kirib keldi.
– Odamzod… chang toʻzon, kukun, kul!! – deya falsafa soʻqib, axlat chelaklar atrofida aylana boshladi va ehtiyotlik bilan toʻxtadi.
Pavel Nikolavich – gubernator, ammo… uyam kukun Bari bir. Bir hovuch kukun. Mahobatini koʻrsang naq roʻyo, tutunga oʻxshaydi. Bir puflasang… u ham yoʻq.
– Rrrr…
Faylasuf kutilmaganda qulogʻiga chalingan bu tovushdan sergak tortdi.
Romansov atrofga alanglab, oʻzidan ikki qadam narida yotgan haybatli qora itni koʻrdi. Uning nasli choʻl ovcharkasidan boʻlib, boʻrisimon hayotga oʻrgangan edi. It hovlining qorovulxonasi yonida zanjirini shaqirlatib oʻtirardi. Romansov itga tikilib, xayol surib qoldi. Soʻng yuzida hayrat belgisini aks ettirishga urindi. Keyin esa yelkasini qisib, boshini chayqadi va ayanchli kulimsiradi.
– Rrrr… – deya it yana irrilladi.
– T-tushunmayapman! – deb qoʻlini qulochladi Romansov. – Sen ham… sen ham odamlarga qarab irrillayapsanmi, a? Bunaqasini endi koʻrib turibman. Xudo ursin… Sen qay goʻrdan bilardingki, odamni moʻjizalar ichidagi gultojligini. Qara. Yoningga boraman… Mana koʻr… Odammanmi axir? Nima deb oʻylaysan? Men odammanmi yo yoʻqmi? Anglat!
– Rrrr… Vov!
– Qoʻlimni tegizay! – deb Romansov itga qoʻlini choʻzdi. – Qoʻlim bilan ushlab koʻraman! Yoʻqmi? Xohlamaydilarmi? Keragiyam yoʻq. Mayli, eslab qolaman. Har holda, yuzingizdan ushlasam boʻlardi… Men qiziq-a…
– Vov! Vov! Rrr… vov! Avov!
– Aaaa… tishlamoqchiman de? Juda yaxshi. Boʻpti. Shunday eslab qolamiz. Demak, odamzod tirik jonzotlarning gultoji ekaniga tupuryapsan… shunaqami? Demakki, Pavel Nikolaichni ham tishlay olasan, toʻgʻrimi? Uni oldida hammaning tizzasi yer oʻpadi-yu, senga Bari bir ekan-da? Nima u sen uchun oddiy buyummi? Seni angladimmi? Haaa… Sen sotsialist boʻlsang kerak! Shoshma, javob ber-chi, sotsialistmisan?
– Rrr… Vov! Vov!
– Toʻxta, tishlama… Nima haqda soʻylayotuvdim?.. E ha, kul toʻgʻrisida edi. Puflaysan va qarabsanki, u yoʻq! Puff!.. Aslida, yashashdan maʼno nima degan savol tugʻiladi? Kasalmand onadan tugʻilamiz, ulgʻayib yura boshlaymiz, yeb-ichamiz, bilim olamiz, oʻlamiz… bundan nima maʼno? Sarob! Insonning sariq chaqalik qiymati yoʻq! Mana, sen itvachchaga Bari bir, hech baloni tushunmaysan, agar yurakka yoʻl topa olsang edi! Qani edi, ruhiyat nimaligini bilsang!
Romansov boshini aylantirib, atrofiga tupurib qoʻydi.
– Jirkanchlik… Mana men, kollej kotibi Romansov… seningcha tabiat hukmdorimanmi. Adashasan! Men tekinxoʻr, poraxoʻr, ikkiyuzlamachiman! Ablahman men!
Aleksey Ivanich koʻkragiga mushtlab, yigʻlay boshladi.
– Chaqimchi, gʻiybatchi… Yegor Kornyushkinni kim tufayli ishdan haydashdi, seningcha? A? Komitetning ikki yuz soʻm pulini kim oʻzlashtirdi, Surguchovni kim oʻrnidan yiqitdi? Men emasmi axir? Razil, munofiq… Yaxudiy! Laganbardor, sudxoʻr… ablah!
Romansov qoʻli bilan koʻzini artib, hoʻngrab turdi.
– Tishla! Kemir! Umr boʻyi hechkim menga bamaʼni soʻz aytmagan… Hamma ich-ichidan meni pastkash deb hisoblaydi, koʻzidan bilinadi, faqat kulgulari soxta!.. Nihoyat birov yuzimga solyapti, urushyapti! E, kuchuk, tishla meni! Tavqi lanʼatni sugʻurib tashla! Xoinni burdalab tashla!
Romansov engashdi-yu, oʻzini itni ustiga tashladi.
– Shunday, ana shunday! Basharamni buzaver! Achinish yoʻq! Ogʻriq bor, ammo ayama. Mana, qoʻlimniyam tishla. Ha, qon oqyapti! Shunday! Mersi, Juchka… oting shunaqami? Mersi… Poʻstinimniyam yirt. Hammasi bir goʻr, poraga kelgan. Yaqin odamimga sotqinlik qilib, keyin uni qutqardim. Shu pulga oldim poʻstinimni. Nishonli furajkamniyam… Nima demoqchi edim oʻzi? Boʻpti endi boraqolay… Alvido, kuchukvoy… yaramasvoy.
– Rrrr.
Romansov itga termulib turdi va yana oʻzini tishlatib oldi. Va poʻstiniga oʻranib, gandiraklagancha uyi tomon ketdi…
Ertasi kuni peshin paytida koʻzini ochgan Romansov ajib bir holatning shohidi boʻldi. Boshi, qoʻllari va oyoqlari oʻrab, chirmab tashlangandi. Karovati yonida esa yigʻlayotgan xotini va jonkuyar doktor oʻtirgandi.
Ruschadan Temur TANGRIBERGANOV tarjimasi
“Ijod olami”, 2017–3
https://saviya.uz/ijod/nasr/it-bilan-suhbatlashgan-odam/