Genimizni uygʻotsak, nimalarga erisha olamiz?
Oʻzligini anglashni istagan inson borki, genida yashayotgan sirli iqtidor, salohiyatni bilgisi, yuzaga chiqargisi keladi, aslida kimning avlodi ekaniga qiziqadi. Bugungi suhbatdoshimiz Butunjahon Fanlar akademiyasi aʼzosi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Genomika va bioinformatika markazi direktori, biologiya fanlari doktori, professor Ibrohim ABDURAHMONOV barcha uchun qiziq va sirli boʻlgan ana shu fan bilan mashgʻul kam sonli olimlardan biri.
– Ibrohim aka, yozuvchi Isajon Sulton oʻzining “Genetik” asarida sizni qahramon sifatida gavdalantirgan ekan. Asarga qahramon boʻlish qiziq boʻlsa kerak?
– Bu xayolimga ham kelmagandi. Navoiy viloyatiga targʻibot guruhi bilan borganimda xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan suhbatlashib qolganmiz. Oʻshanda Iqbol Mirzo “genetika mavzusiga yozuvchilar ham qiziqishyapti”, deya meni yozuvchi Isajon Sulton bilan tanishtirib qoʻygandi.
Nazarimda, xalqimizda oʻziga ishonmaslik tuygʻusi bor. Bu sobiq tuzumning odamlarga qilgan jabri, boʻyniga sirtmoq solgani va shunga oʻxshash omillar sabab paydo boʻlgan tuygʻu. Agar odamlar oʻzini, oʻzligini anglasa, katta ishlarga qodirligini sezsa, bir joyda depsinib turmasdan, olgʻa qadam tashlaydi. Xalqimiz genofondini tekshirganimizda genlarning oʻta qadimiyligi hamda ularda katta kuch, salohiyat yashirin ekanini aniqlaganmiz. Buni xalqqa oddiy, tushunarli tilda yetkazishda yozuvchining asari qoʻl keldi. Yozuvchi bilan juda koʻp bu haqda suhbatlashdik, bahslashdik, ishladik. Shu tarzda romanning birinchi nusxasi paydo boʻldi. Maqsadimiz xalqni, yoshlarni uygʻotish, oʻzligini anglashga yordam berish, bunga turtki berish edi. Qarang, bugun oʻziga ishonmasligi sabab bolalarimiz qayerlargadir, kimlarningdir qora ishini qilish uchun mardikorlikka ketmoqda. Bu bizning millat bolalariga yarashmaydigan ish. Aslida ularning genlarida ulkan iqtidor, salohiyat, kuch yashirin. Buni esa, ularning oʻzi anglab ololmayapti. Biz juda qadimiy xalqmiz. Biz boshqalarga emas, boshqalar bizga kelib xizmat qilishi kerak. Chunki sivilizatsiyaning rivojlanishida ajdodlarimizning oʻrni beqiyos. Bizning yurtimiz dunyoda nafaqat siyosiy jihatdan strategik, balki genofondimizning boyligi va xilma-xilligi tufayli biologik ahamiyatga egadir. Romandan maqsad ana shuni xalqqa yetkazish edi.
– Buni boshqacha tarzda, yaʼni maʼruzalar oʻqish yoki targʻibot orqali yetkazsa boʻlmaydimi?
– Maʼruzalarda, targʻibotlarda buni tushuntirishga harakat qilaman, yoshlarni gʻururliroq boʻlishga chaqiraman. Biroq bu harakatlarim kichkina auditoriyalarda qolib ketadi. Roman esa, badiiy tarzda kengroq ommaga yetkaziladi. Bu jihatdan uning kuchi katta. Ayniqsa, qishloqlarda juda ulkan salohiyatga ega yoshlar koʻp. Ammo biron ish haqida oʻylashganida ularda “Uddalolmayman, kulgiga qolaman”, degan hadik ustunlik qiladi. Mana shu qoʻrquv yoʻqolsa, salohiyat yuzaga chiqadi.
– Oʻzingiz ham qishloqda voyaga yetgansiz. Sizda ham shunday qoʻrquv boʻlganmi? Sizdagi salohiyatning koʻz ochishiga nima turtki boʻlgan?
– Yettinchi sinfda oʻqiyotganimda matematikadan fan olimpiadasiga qatnashganman. Tumandagi barcha maktablardan oʻquvchilar kelgan, odam koʻp, birov “Kimsan, qayerdan kelding?”, deb ham soʻramaydi. Sinfga kirib oʻtirdim, berilgan masalalarni yechdim-da, chiqib ketdim. Keyin bilsam, adashib sakkizinchi sinfga kirib qolgan ekanman. Tabiiyki, oʻrin ololmadim. Dadam biologiya oʻqituvchisi edi. Uning maslahati bilan keyingi yili olimpiadaga biologiya fanidan qatnashdim. Gʻolib boʻlib, oʻsha davrning nufuzli musobaqasi “Butunittifoq olimpiadasiga” bordim. U yerda Moskva davlat universitetining oʻqituvchilari imtihon oldi. Qishloq bolasi emasmanmi, rus tilini yaxshi bilmayman. Shu sabab savollarni tarjimon tarjima qildi, men javob berdim. Imtihon olayotgan oʻqituvchi javoblarimdan keyin, maʼnoli qaradi-da, “Sen shu yerga oʻqishga kelgin, seni kutaman”, dedi. Oʻsha onning oʻzida ichimda nimadir yondi. Keyinchalik anglab yetdimki, bu ishonch, genlarimdagi isteʼdodning uygʻonishi ekan. Bu uygʻonish uchun esa muhit, sharoit kerak ekan. Tengdoshlarim ichida mendan zoʻrlari koʻp edi. Qarangki, sharoit yoʻqligi sabab, ulardagi isteʼdod yuz koʻrsatmay qolgan. Bu yerda ishonch katta kuch beradi. Ota-onalar esa, shu ishonchni uygʻotish oʻrniga “Qoʻy, oʻqib olim boʻlarmiding, koʻzingning nurini toʻkib oʻqishing shartmi?”, kabi gaplarni takrorlashadi. Bu bolaning iqtidorini uygʻotish oʻrniga, unda qoʻrquvni paydo qiladi.
– Demak, genlardagi isteʼdodning uygʻonishida sharoit muhim ekan-da? Agar muhit boʻlmasa-chi?
– Unday holatda salohiyat yuqori darajada boʻlsa ham, roʻyobga chiqmaydi. Genlar tabiati shunday: muhitga tushmasa, ishlamay jim turaveradi.
Togʻ olma achchiq, yeb boʻlmaydigan kechpishar meva. Achchiq boʻlganidan hatto, qush ham yemaydi. Agar uni shaharga olib kelib, ekib qoʻysangiz, birinchi yili xuddi shunday kech pishadi, achchiq boʻlganidan hech kim yemaydi. Toʻrt-besh yil oʻtgach, doimgidan oldinroq gullay boshlaydi. Yillar oʻtgach, mevasiga ham maza kiradi. Maza kirdi degani bu – katta mazmunga ega. Agar uni yana olib borib toqqa ekib qoʻysangiz, bahorda birinchi boʻlib gullaydi. Olmasi ham shirin boʻladi, qushlar yeydi. 4-5 yillar oʻtib esa, xuddi atrofidagilar singari kech gullaydi, mevasi ham yana achchiq boʻladi. Bu epigenetika, yaʼni moslashuv, deyiladi. Aslida inson oʻziga ishonch, muhit yaratishi kerak.
– Muhitni qay tarzda yaratish kerak, deb oʻylaysiz? Yoshlarning aksariyat qismi qishloqlarda yashasa…
– Muhitning asosiy qismi maktabda. U yerda oʻquvchilar yangiliklar bilan qancha koʻp tanishtirilsa, bolalar shunchalik oʻzlariga tashqaridan razm solishni oʻrganadi. Ayniqsa, sayohatlar, boshqa muhitda taʼlim olayotgan bolalar bilan uchrashuvlar tashkil etish, ular bilan muloqotlar oʻtkazilishida ham bolaning tashqaridan oʻziga razm solishga, oʻzi haqida oʻylab koʻrishga undaydi. Chunki odamning har qanday holatda oʻz “men”i boʻladi, oʻzini yo doʻstiga, yo qoʻshnisiga, yo akasiga solishtiradi. Shunda ichida “Men-chi?”, degan ovoz keladi, gʻururi uygʻonadi. Bu kichik koʻrinishdagi narsa, biroq eng muhimi, u paydo boʻldi. Bunga qarama-qarshi tarzda, unda yana “Buning orqasida tanishi bor”, degan fikr paydo boʻladi. Agar shu “Orqasida kimidir bor”, degan fikrdan “Men ham uddasidan chiqa olaman”, “Bu mening ham qoʻlimdan keladi”, degan fikrlar yutib chiqsa, genlardagi iqtidor ishlay boshlaydi…
Olimpiadada sobiq ittifoqda ancha ilgʻor edim. Biroq meni butunjahon olimpiadasiga chiqarishmagan. Oʻsha paytda ichimda “Nega men chiqmasligim kerak, axir men kuchliroqman-ku?!” degan fikr kechardi. Shuning oʻzi oʻzimga boʻlgan ishonch edi.
– Demak, isteʼdodning uygʻonishi uchun, “Unga kimdir yordam beryapti”, degan fikrdan yiroq boʻlish kerak ekan-da?
– Albatta, ikkimizni solishtirsak, siz jurnalistsiz, men esa olim. Ammo ikkovimizda ham deyarli bir xil tuzilishga ega 26 mingtadan gen bor. Farqimiz, sizning geningiz yozuvchilik, ijodkorlik jabhalarida tezroq ishlaydi. Men bir jumlani 20 daqiqa oʻylasam, siz ikki daqiqada buni yoza olasiz. Chunki sizda buning “kalit”lari bor. Bu “kalit”lar esa, muhitga tushib, ishlay boshlagan. Bir soniyada 10 ta nusxa mahsulot chiqadi oʻsha gendan, mendan esa bitta chiqadi. Mashq qilinmasa, gen sekin ishlaydi. Ammo genlarning bittasi koʻproq, boshqasi kamroq ishlaydi. Aslida farqimiz shunda. Agar har kuni oʻqisangiz, oʻsha gen ishlab ketadi va buning izi genda “kalit” boʻlib qoladi. Bu avloddan-avlodga beriladi. Masalan, sinfga kirib, oʻquvchilarga misol bersangiz, orasidan bittasi juda tez ishlab keladi. Chunki uning genida oʻsha “kalit” mavjud. Boshqalarida ham shu gen bor, ammo “kalit”i yoʻq. Chunki bu bilan ota-onasi shugʻullanmagan. Odatda, ular bolasi nimagadir ozgina qiynalsa yoki noʻnoqlik qilsa, farzandini ayblashadi. Aslida aybdor ularning oʻzi. Vaqtida genni ishlatishmagan.
– Gen yoki gen “kalit”lari koʻproq onadan oʻtadimi yoki otadan?
– Bu koʻproq onadan oʻtadi. Chunki sitoplazmada urugʻ-hujayra suyuqligi koʻproq. Spermazoidda suyuqlik kam. Gen bir xil, ammo “kalit”lari onada saqlanib qoladi. Shu sabab “kalit”lar (fanda buni mikroRNKlar deymiz) koʻproq onadan oʻtadi. Shuning uchun ona qanchalik shugʻullansa, bilimli boʻlsa, bu bolaga oʻtadi. Bolada iqtidor tezroq koʻz ochadi.
– Qiz bola otasiga, oʻgʻil bola onasiga oʻxshaydi, degan gapda qanchalik haqiqat bor?
– Bu gapda yuz foiz haqiqat bor. Joʻngina tushuntirsam, erkaklarda bitta “Y”, bitta “X” xromosoma bor. Oʻgʻil bolaga “X” onadan, qiz bolaga otadan oʻtadi. Qiz bola boʻlib tugʻilish uchun otaning “X”i oʻtishi kerak. Agar otadan “Y” oʻtsa, oʻgʻil bola tugʻiladi. Qizlarga xususiyatlar onadan ham oʻtadi, biroq qizlarda otaning “X” xromosomasi boʻlgani uchun ota belgilari qizlarda koʻproq koʻzga tashlanadi va aksincha oʻgʻil bolalarda onadan oʻtgan “X” tufayli onaning belgilari yaqqolroq koʻrinadi. Gohida “Aroqxoʻrning bolasi aroqxoʻr, oʻgʻrining bolasi oʻgʻri boʻladi”, degan gaplar qulogʻimizga chalinadi. Aslida bu gap notoʻgʻri. Toʻgʻri, ularda bunga moyillik yuqori boʻladi, ammo muhitga tushmasa, hech qachon bu illatga yoʻliqmaydi. Agar genida bunga nisbatan “kalit”lar boʻlmasa, qancha koʻrsa ham ichmaydi.
Bundan tashqari, genetikada psixologik jihatdan qiziq holat mavjud. Faraz qiling, biron yomon narsa haqida bilmagan holda oʻylab qoʻydingiz. “Birov bilib oʻtiribdimi, oʻzim oʻylab qoʻydim-da”, deysiz, oʻzingizga oʻzingiz. Ammo bu kelajakda hayotingizda roʻy beradi yoki bolangizda bu yomon xususiyat paydo boʻladi. Bekorga “Niyatlaringni pok qil”, deyilmagan. Shu sababdan odam oʻzini qanchalik ham amaliy, ham fikriy jihatdan pok tutsa, farzandlari ham xuddi shunday niyatlarini pok qilishni biladi. Botiniy ongda kechadigan holatlar ham, qilgan amallari ham avloddan-avlodga oʻtadi.
– Shifokorlar ayrim kasalliklar nasldan naslga oʻtadi, deb taʼkidlasa, boshqalari buni rad etadi. Nima deb oʻylaysiz, agar ota-bobosi biron kasallik bilan ogʻrigan boʻlsa, bolada ham shu namoyon boʻladimi?
– Genlar avloddan-avlodga meros qoladi. Shuningdek, barcha kasalliklar nasldan-naslga oʻtadi. Biroq bu agar ota biron kasal bilan ogʻrigan boʻlsa, bola ham shundan azob chekadi, degani emas. Chunki buning uchun kasallikni yuzaga chiqaruvchi muhitga tushish lozim. Notoʻgʻri hayot tarzi, stress, hatto, psixologik jihatdan shunga moyil boʻlib qolishdan ham muhit yaralishi mumkin. Bunday holatda ishlamay turgan kasallik geni ishlab ketadi. Masalan, kasalliklarga muhitni shamollash keltirib chiqaradi. Chunki shamollaganda hujayrada buzilish yuzaga keladi.
– Hozirda boʻlgʻusi kelin-kuyovlar toʻydan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazilyapti. Ularga oʻsha paytda sogʻlom, deb tashxis qoʻyilsa ham, negadir gohida farzandlari nuqson yoki turli kasalliklar bilan tugʻiladi. Shunda koʻpchilik beixtiyor “Genlari toʻgʻri kelmabdi”, degan fikrga boradi…
– Bu holat yuzaga kelmasligi uchun skrining qilish kerak. Agar yigitning maʼlum bir geni – masalan, APO (qon bosimini keltirib chiqaruvchi gen) genidagi takrorlar soni 44 (yaʼni kasallikka moyil), qizniki 34 (sogʻlom) boʻlsa, bolaniki 36-38 atrofida boʻlib, ushbu kasallikka moyilligi otanikidan ancha kam boʻladi. Agar kelin-kuyovniki birday 44 boʻlsa, bolalari kasallikka moyillik bilan tugʻiladi. Shuning uchun kelajakda aholini sogʻlomlashtirish uchun genetik testlarni yoʻlga qoʻyish muhim qadamdir.
– Ota-bobolarimiz boshqa ovuldan kelin olib kelishga harakat qilgan. Buning zamirida biror ilmiy asos bormi?
– Albatta. Har bir genni ikki xil koʻrinishi yoki allellari boʻladi, biri ustun (dominant), ikkinchisi yashirin (retsessiv) holda uchraydi. Shartli ravishda dominant allellar katta harflarda, masalan, “A”, yashirin allellar kichkina harflarda, yaʼni “a” deb belgilanadi. Allelning ikkitasi ham bir xil (ayniqsa, yashirin holatning) yaʼni gomozigota boʻlsa, genetik xavfning koʻlami oshadi. Bu esa koʻpincha yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh natijasida sodir boʻladi. Agar kelin begona urugʻdan boʻlsa, allellarning ikki xilligi saqlanadi. Agar kuyovnikida kasallik boʻlsa, kelinning alleli xastalik xavfining oldini oladi yoki buning aksi. Allellar bir-biriga oʻxshamasa, kelin begona urugʻdan boʻlsa, bolalar sogʻlom, chiroyli boʻlib tugʻiladi. Ruhiyati ham kuchli, xushchaqchaq, hayotsevar boʻlib ulgʻayadi. Yana shunday haqiqat bor. Begona, umuman bir-biridan uzoq naslga mansub ikki jins turmush qursa, ikkalasining salohiyati qoʻshilib, farzand juda kuchli iqtidor egasi boʻlib dunyoga keladi. Buni genetiklar geterozis deb atashadi. Ularga ota-onada yoʻq boʻlgan isteʼdod ham qoʻshiladi, yashovchanligi juda yuqori boʻladi.
Goʻzaloy MATYOQUBOVA
suhbatlashdi.
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/istedod-kalit-lari-onadan-otadi/