Dunyo futboli muntazam rivojlanib boryapti. Yangi-yangi kuchli terma jamoalar, milliy jamoalar, futbolchilar paydo boʻlyapti. Ana shu yangilanish jarayonining eng yorqin namunasi, shubhasiz, Ispaniyadir. Bu mamlakatning termasi ham, jamoalari ham, futbolchilari ham dunyoning yetakchilariga aylandi. Biroq bu oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Bungacha qator magʻlubiyatlarning alamini tatib koʻrishga toʻgʻri kelgan. Bugun dunyoda eng kuchli sanaladigan Ispaniya termasining tashkil topishi, tarixi va buguni haqidagi maʼlumotlarni oʻqib, bunga oʻzingiz ham amin boʻlasiz.
Ispaniya termasi koʻp yillar davomida uzluksiz inqiroz ichida yashadi. Jamoa koʻp marta jahon chempionati saralash bosqichlaridan oʻtib, final bosqichigacha chiqdi. Biroq sovrinli oʻrinlarga yetib bora olmadi. Shu sababli bu termani Yevropaning eng omadsiz jamoasi sifatida eʼtirof etdilar. Biroq ispanlar tinimsiz mehnat va ishonch bilan yuqori natijalarga va rekordlarga erishdi. Terma jamoa 2008 yilgi Yevropa chempionati final bosqichida biror marta ham magʻlubiyatga uchramay chempion boʻldilar. Oʻsha yil iyulida Ispaniya jahon chempionatida biror marta gʻolib boʻlmagan boʻlsa-da, FIFA terma jamolar reytingining birinchi oʻriniga koʻtarildi.
Dastlabki qadamlar
1909 yili Ispaniya Angliya futbol assosiatsiyasi andozalari asosida oʻz milliy futbol tashkilotiga – Ispaniya qirollik futbol federatsiyasiga asos soldi. Mamlakat termasi ilk bor 1920 yili Belgiyaning Antverpen shahrida oʻtgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida maydonga tushdi va musobaqaning kumush medaliga sazovor boʻldi. Oʻz uyidagi ilk oʻyinni 1921 yili Belgiya termasiga qarshi oʻtkazib, 2:0 hisobida gʻalaba qozondi. 1934 yili Italiyada oʻtgan jahon chempionatida jamoa chorak finalga qadar yetib bordi.
1950 yilgi jahon chempionatida esa, jamoa saralash va final bosqichlaridan omadli oʻtib, final guruhigacha yetib bordi. Braziliyaga 1:6, Shvetsiyaga 1:3 hisobida yutqazib, Urugvay bilan 2:2 hisobida durang oʻynab, chempionatning toʻrtinchi oʻrinini egalladi. Bu esa 2010 yilgacha Ispaniya termasi erishgan eng yuqori natija boʻlib qoldi. Bundan soʻng jamoa jahon chempionatining final bosqichigacha yetib borolmagan paytlar ham boʻldi.
Katta tanaffus
1964 yili Yevropa chempionati Ispaniyada boʻlib oʻtdi. Xose Vilyalongi murabbiyligida maydonga tushgan milliy terma finalda sobiq Ittifoq termasini magʻlub etib, Yevropa chempioniga aylandi. Bu ilk qiymatli xalqaro unvon edi. Bundan soʻng 1978 yilga qadar jamoa jahon chempionatida qatnasha olmadi, hammasi guruh bosqichidayoq nihoyasiga yetdi. 1982 yili futbol boʻyicha jahon chempionati Ispaniyada oʻtdi, biroq ispanlarning umidlari chippakka chiqdi. Terma jamoa musobaqa bahslarinining ikkinchi doirasigagina yetib bordi, xolos. Ispanlar 1984 yilgi Yevropa chempionatida kumush medalga sazovor boʻlib, 1986 yilgi jahon birinchiligida ikkinchi bor chorak finalga qadar kurashni davom ettirdi.
1990 yilgi jahon chempionatida guruh bahslaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Ispaniya nimchorak finalda yurishlarini toʻxtatishga majbur boʻldi. Soʻngra 1992 yilda Yevropa chempionatiga chiqa olmadi. Biroq ispanlar Barselonada oʻtgan Olimpiada oʻyinlari oltin medalini qoʻlga kiritib, muxlislariga biroz boʻlsa-da taskin berdilar. Jamoa 1994 yilgi jahon chempionatida uchinchi bor chorak finalgacha yetib bordi. 1998 yilgi birinchilikdagi yurishlar esa guruh bosqichidayoq toʻxtatildi.
Gʻalabalar ketidan gʻalabalar
Va nihoyat omad Ispaniya termasiga ham kulib boqdi. 2008 yilgi Yevropa chempionati finalida Germaniya bilan bahs olib borgan jamoa Fernando Torresning goli hisobiga musobaqa sovrindoriga aylandi. Shundan soʻng milliy terma murabbiyi Luis Aragones oʻz oʻrnini Visente Del Boskega boʻshatib berdi.
2010 yilgi jahon chempionati saralash bosqichida Shveysariyaga qarshi maydonga tushgan ispanlar kutilmaganda 0:1 hisobida magʻlubiyatga uchradi. Ular butun oʻyin davomida nazoratni oʻz qoʻllarida ushlab turdi, raqiblar darvozasiga yigirma uch marta zarba yoʻlladi. Shvetsariyaliklar esa ularning darvozasi tomon bor-yoʻgʻi sakkiz bor toʻp yoʻnaltirdi. Shunday hujumlardan biri Iker Kasilyas darvozasi ishgʻol etilishi bilan yakunlandi. Kutilmagan muvaffaqiyatsizlikdan soʻng ispanlarning oʻyini asta-sekin yaxshilanib bordi. Finalda Niderlandiya bilan “jang” qilgan Ispaniya 116-daqiqada Andres Inestaning goli hisobiga tarixiy gʻalaba erishdi va jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi.
Polsha va Ukrainada oʻtgan 2012 yilgi Yevropa chempionati finalida esa Italiya termasi 4:0 hisobida magʻlub etildi. Shunday qilib, Ispaniya uchta xalqaro musobaqada ketma-ket gʻolib boʻlgan va oʻz unvonini himoya qila olgan Yevropaning birinchi va yagona jamoasiga aylandi.
Yutuqlari
Jahon chempionati:gʻolib – 2010, toʻrtinchi oʻrin – 1950.
Yevropa chempionati:gʻolib – 1964, 2008, 2012.
Konfederatsiyalar kubogi:uchinchi oʻrin – 2009.
Olimpiada oʻyinlari:oltin medal – 1992, kumush medal – 1920, 2000.
FIFA feyr-pley mukofoti:2006, 2010.
Laureus World Sports Award – Yil jamoasi:2011.
Rekordlari
Ketma-ket gʻalabalar soni boʻyicha – 15 ta (2008-2009).
Magʻlubiyatsiz oʻyinlar ketma-ketligi – 35 ta (2007-2009). Bunday natijaga Braziliya termasi ham (1993-1996) erishgan.
Murabbiy debyutidan boshlab eng koʻp gʻalabani qoʻlga kiritgan – 13 ta. Visente Del Boske murabbiyligida.
Jahon chempionati saralash va final bosqichlaridagi ochkolar boʻyicha:30 tadan 30 ta ochko.
Terma jamoa aʼzolarining rekordlari
Terma jamoa tarkibida eng koʻp oʻyin oʻtkazgan – Iker Kasilyas (135 ta)
Terma jamoa uchun eng koʻp gol urgan – David Vilya (51 ta).
Mavsumda eng koʻp gol urgan – David Vilya (13ta), 2008-2009 yilgi mavsumda.
Oʻyinlar va oʻyinlardagi gollar soni boʻyicha – David Vilya (6 ta).
JCH final bosqichida kiritilgan gollar soni boʻyicha – David Vilya (8 ta).
JCHning eng yaxshi toʻpurari – David Vilya (5 ta).
Orif TOLIB tayyorladi.
2013
https://saviya.uz/turfa-olam/ispaniya-terma-jamoasi/