Shoir Ismoil Toʻxtamishev Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanining Arolovul qishlogʻida xizmatchi oilasida tugʻildi. 1966 yilda oʻrta maktabni tugatib, “Qashqadaryo haqiqati” gazetasida musahhih sifatida mehnat faoliyatini boshladi. 1967–1972 yillarda Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetida bilim oldi. Soʻng turli jamoat tashkilotlarida mehnat qildi. Viloyat madaniyat boʻlimini boshqardi. Maʼlum muddat masʼul lavozimlarda ishladi.
Shoir sifatida u oʻtgan asrning 70-yillaridan matbuotda koʻrina boshladi. Dastlabki sheʼri 1976 yili Abdulla Oripovning “oq yoʻli”i bilan chop etilgan. Shundan keyin “Choʻl boychechagi” (1982), “Onam tilaklari” (1983), “Dunyo ustuni” (1987), “Hayqiriq” (1990), “Senga intildim” (1992), “Koʻhna Nasaf xayoli” (1994), “Dil sadolari” (1995), “Bobomeros yurt” (1995), “Onamga xat” (1998), “Jonim muhabbat” (1998), “Saylanma” (2001), “Oʻchmas xotiralar” (2002), “Siypontosh” (2003), “Ot yigitning yoʻldoshi” (2004), “Had” (2005), “Bu gulshan sahnida” (birinchi kitob, 2006), “Koʻngil bitiklari” (2006), “Yer qoʻrgʻon” (2006), “Shonli tayanch” (2007), “Yonib yashash baxti” (2008), “Bu gulshan sahnida” (ikkinchi kitob, 2010), “Saylanma” (2,3-jildlar, 2011) kabi sheʼriy majmualari nashr etildi.
Ismoil Toʻxtamishev sheʼrlarida shoir qalbi, dardi, mahorati koʻzga yaqqol tashlanib turadi. Uning asarlarida bepoyon Qarshi choʻllarining turfa tabiati, kayvoni odamlariga xos bagʻrikenglik, tantilik yaqqol sezilib turadi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/ismoil-toxtamishev-1950-2015/