Yoshlik
Yoʻl chetida,
Daryo boʻyida,
Turar edim aso tayanib.
Hayot isin tuymoq oʻyida,
Dunyolarga boqsam, deb qonib.
Oʻsha mahal uzoq-uzoqdan
Koʻrindi-ku bir guruh shodmon.
Kelmoqdaydi yoshlar u yoqdan,
Oʻyin-kulgi avjida chunon.
Oʻtishdilar, guvohdir koʻzim,
Meni sogʻinch tuygʻusi yengdi.
Qoldimmikan tumanda oʻzim,
Yoki ular tumanga singdi.
Hayotni sev
Hayotni sev,
Borligicha sev,
Bir yon kulba, bir yon qalʼalar.
Osmonlarning dargʻasiman, deb
Uchib yurar lochin, qargʻalar.
Hayotni sev,
Shodlik, kulfatda,
Bir yon ogʻu, bir yonda tabib.
Bir yoningda gʻanim, albatta,
Bir yoningda doʻstlar bor, habib.
Hayotni sev,
Yozmi, qahraton,
Har lahzada shukronalar ayt.
Hatto Hajga borgin-u, shu on
Sovimagan toʻshagingga qayt.
Hayotni sev,
Toʻyib va toʻyib,
Ota-onang, farzanding qadar.
Desinlarki, sen koʻngil qoʻyib,
Soʻng oʻzing ham boʻlding moʻtabar.
Hayotni sev,
Bogʻlagin qanot,
Fazoga ham uchgin tavakkal.
Qattiqroq sev, seni shul hayot
Yomon koʻrib qolmasdan avval…
Aprel
Borliq kiyib olgan moviy bir libos,
Yel esar – bahorning pildiroqlari.
Qalbingda uygʻotar ajib ehtiros,
Aprel osmonining qaldiroqlari.
Yomgʻir taraladi koʻm-koʻk adirda,
Uzoq qirda esa yaltirar quyosh.
Bunday nafislik yoʻq hech bir atirda,
Ruhingni yayratar havo, togʻu tosh.
Qofiya yigʻishar sheʼrga – nazmga
Jajji jilgʻalarning shildiroqlari.
Atrofni chaqirar yashil bazmga
Aprel osmonining qaldiroqlari.
Toychoq va oʻgʻlon
Toychogʻingni avaylagin,
Aziz yilqibon,
U tulporga aylanadi,
Vaqt oʻtib hali.
Minglab odam oyogʻiga
Qalqar begumon,
Maydonlarda kelbatini
Koʻrgan mahali.
Ota, sen ham duolar qil
Oʻgʻloning uchun,
Bolang balki oʻspirindir,
Balki juda yosh.
Ehtimol, u yurt soʻraydi,
Ulgʻayib bir kun,
Valloh, sening oʻzingga ham
Boʻlgʻusidir bosh.
Agar sensiz…
Quyosh chiqib charaqlaydi tengsiz bu olam,
Qushlar sayrar, esar tongning shamollari ham.
Bamisoli qayta boshdan tugʻilgay odam,
Agar sensiz oʻtar boʻlsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.
Oy balqadi, billur koʻkni shuʼlaga chayqab,
Ol shafaqni simiradi bulutlar chanqab.
Yulduzlar ham raqsga tushar, nenidir payqab,
Agar sensiz oʻtar boʻlsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.
Bitta sen, deb bu dunyoda yurgan men oʻzim,
Gardlaringni toʻtiyolar aylagay koʻzim.
Isming aytsam, sadolarga toʻladi soʻzim,
Agar sensiz oʻtar boʻlsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.
Men oshiqman, mehr koʻrgaz, nazarga ilgil,
Sendan oʻzga qiblam yoʻqdir olamda, bilgil.
Azal kasbing rahmdilsan, rahmlar qilgil,
Agar sensiz oʻtar boʻlsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.
Umid yorkim, faqat sensan oy va quyoshim,
Mahshargacha tik boqolmas egilgan boshim.
Saqlan, jonim, to tutmasin koʻzdagi yoshim,
Agar sensiz oʻtar boʻlsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.
Falaklarning salomiga chiqqin sen kulib,
Bahra olsin zamin, osmon shavqlarga toʻlib.
Ostonangda turibman men, Abdullo boʻlib,
Agar sensiz oʻtar boʻlsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.
Gʻalati odamlar
Shunday odamlar bor,
Yurmaslar toʻgʻri,
Albatta, gapida bor chimdim zahar.
Deydilar: – Falonchi naynovning oʻgʻli
Falon idoraga boʻlibdi rahbar.
Birov toʻy oʻtkazar yigʻinib, terib,
Mehmon qilsam, deya mahalla-koʻyni.
Kimdir kamsitadi oshin yeb turib:
– Senga kim qoʻyibdi karnayli toʻyni.
Falonchi mukofot olibdi kecha,
Radio nomini uch bor qaytardi.
Deydilar: – Onasi falonchi checha
Toʻyma-toʻy yurardi, lapar aytardi.
Kibr kuni kecha boʻlmagan paydo,
To abad igʻvoning nonin yeyishgan.
Bola Alisherni kamsitib hatto,
Kichkina Gʻiyosning oʻgʻli deyishgan.
Koʻchadan oʻtadi bir tobut ogʻir,
Deydilar: – Yetibdi bunga ham navbat.
Tirik yurgan edi azonda, faqir,
Hatto qilgan edik toʻplanib gʻiybat.
Mudom bundaylarga boqdik hayratda,
Ajabo, issiq ham, sovuq ham yoqmas.
Oʻzlarin kimligin bilmas, albatta,
Demak, oʻzgaga ham odamday boqmas…
Bu koʻzlar…
Dunyoda eng noyob, eng tansiq soʻzdek
Bitta kalomimni aytaman senga.
Oʻzbekiston desam, desam gar oʻzbek,
Ikkita qorakoʻz koʻrinar menga.
Misoli olovdek oʻtli bir nigoh,
Asrlar qaʼridan boqar jovdirab.
Koʻrsa, behush boʻlib Layli ham nogoh,
Majnun ham ketardi dashtga dovdirab.
Bu koʻzlar shodlikdan, gʻamdan ziyoda,
Unda pok yuraklar oʻqurlar vahiy.
Maʼnosiz nazarlar toʻliq dunyoda
Bu koʻzlar ilohiy, chindan ilohiy.
Rangbaranglik
Zaminga barobar kulfati, baxti,
Majnuntol yonida zaqqum daraxti.
Cahrolar belibos, oʻrmonlar bashang,
Delfinning hamrohi odamxoʻr nahang.
Shodlik bir tomonda, bir tomonda gʻam,
Ikki xil balodir suv bilan oʻt ham.
Lekin qozonda suv, tagida choʻgʻdir,
Birovi boʻlmasa taom ham yoʻqdir.
Yaxshilar bor joyda yomon ham mavjud,
Bu – qadim bobolar qoldirgan oʻgit.
Men ham oʻz fikrimni aytay yakunda:
Qaysiga mansubsan – hamma gap shunda!
Kiyik ovi
Tongda ovchi saydga chiqdi,
Degancha, “Yo, Haq!”
Bir kiyikni taʼqib etdi
Qisgancha toqqa.
Oʻqi tegdi oʻljasining
Qulogʻiga naq,
Ikkinchisi tekkan edi
Aynan tuyoqqa.
Ovchi rostdan tushgan edi
Oʻlja ketiga,
Erinmasdan qarab chiqdi
Yaqin-yiroqni.
Kiyik esa, ola qol, deb
Yoʻlning chetiga
Tashlab ketmish bir qulogʻu
Bitta tuyoqni.
Kiyik va toshbaqa
Tiriklikning sirlari koʻp,
Kuzatsang agar,
Toqat bilmas, bu dunyoga
Kelganda inson.
Beshikda ham tinch yotmaydi,
Gʻoyatda oʻjar,
Kiyik kabi sakraydi soʻng,
Tolmas, chopagʻon.
Yillar oʻtib, oxirlaydi
Foniy bu dunyo,
Inson uchun jannatlardan
Aslo kam emas.
U dunyo gar chorlab qolsa,
Eshitmas goʻyo,
Toshbaqadek imillaydi,
Borgisi kelmas.
Muvofiqlik
Gʻoyat rang-barangdir ishi olamning,
Muvofiq kelmagay yoʻq bilan bori.
Juda ogʻir gapdir, ikki odamning
Gar toʻgʻri kelmasa feʼlu atvori.
Birovi issiqqa oʻzini urar,
Lekin sherigiga yoqar qahraton.
Vijdoni qoshida ular teng turar,
Sanar ikkisi ham oʻzin qahramon.
Turfa el bosgandir cheksiz dunyoni,
Unda yolgʻiz bir kas yurmasligi rost.
Birisi tanganing oldgi tomoni,
Boshqasi oʻshaning orqasi, xolos.
Iltijo ayladim dunyoga kelib,
Iloyo, bergin sen loyiq suhbatdosh.
Yashayin har qayda oʻzimni bilib,
Topilsin meni ham anglovchi yoʻldosh.
Toʻrt qavm tunu kun tortishar, ajab,
Aslida yigʻilgan uzum yegani.
Palaxmon otishar yoʻqlikka qarab,
Aziz-ku eng avval Inson degani.
Tafakkur chiqajak oxiri gʻolib,
Oʻrin qolmagaydir nozga, firoqqa.
Faqat, tushunganlar yoʻrgaklab olib,
Faqat, tushunganlar qoʻysin tuproqqa.
Abdulla ORIPOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri
“Yoshlik”, 2016 yil 3-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/isming-aytsam-sadolarga-toladi-sozim/