Post Views:
4 403
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom besh narsaga bino qilingandir: “Laa ilaaha illallohu Muhammadun Rasululloh” deb shahodat keltirishlik, namozni to‘kis ado etishlik, zakot berishlik, haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish”, dedilar.
Iymon. Iymon til bilan iqror bo‘lish va qalb ila tasdiq qilishdir.
Iymon keltirish vojib bo‘lgan narsalar quyidagilar:
Iymon 1. Allohga 2. Uning farishtalariga 3. Kitoblariga 4. Nabiylariga 5. Oxirat kuniga. 6. Qadarning yaxshi yomoni, shirin achchig‘i Alloh taolodan ekaniligiga bo‘ladi. 7. O‘lgandan keyin qayta tirilishga.
1. Allohga iymon keltirish
“Allohning borligiga ishonaman”, deyish bilan ish bitmaydi. Allohga iymon keltirishni tafsiloti bilan bilish lozim. Alloh taolo O‘zi aytganidek, U zotning Rasuli Muhammad sallallohu alayhi vasallam vasf etganlaridek iymon keltirmoq lozim.
Allohga iymon masalasi ikki marhalaga bo‘linadi:
1. Alloh taoloning azaliy va abadiy mavjudligiga iymon keltirish.
2. Alloh O‘z zotida ham, sifatlarida ham, ismlarida ham, ishlarida ham, hukmlarida ham yolg‘izligiga, sherigi yo‘qligiga iymon keltirish. Bunga doir qur’onda bir necha dalil oyatlar mavjud, xatto o‘zimiz tilovat qilib ham o‘qiymiz ba’zilarini m: “oyatal kursi”
2. Maloikalarga iymon keltirish
Farishtalarga ishonish iymon arkonlaridan bo‘lib, inson ularga iymon keltirmaguncha mo‘min bo‘lmaydi. Farishtalarga ishonish aqiydamiz arkonlaridan biridir.
Allohning farishtalariga iymon keltirish faqat ularning borliklariga iymon keltirish bilan to‘la bo‘lmaydi. Ularga bo‘lgan iymon keltirish Alloh va uning rasuli aytganidek bo‘lishi kerak. Ularning vasflariga, xizmatlariga va xususiyatlariga iymon keltirish lozim.
Ularning sifatlari haqida hadisda shunday deyiladi:
Imom Muslim Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farishtalar nurdan yaratilgandirlar. Jinlar olovning tutunidan yaratilgandir. Odam sizga vasf qilingan narsadan yaratilgandir”, deganlar.
Sahih hadislarda rivoyat qilinishicha, hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam. Jabroilni alayhissalom asl xilqatlarida ikki marotaba ko‘rganlar. Birinchi marta Hiro g‘oridan tushib kelayotib, vodiyda qanotlari bilan osmonni to‘sib turganida ko‘rganlar. Ikkinchi marta Isro kechasida ko‘rganlar. O‘shanda olti yuzta qanoti borligi, har bir qanoti mag‘rib bilan mashriqqa yetishi aytilgan. Hatto Jabroil alayhissalom odam shaklida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oldilarga kelganlarida, asosan Dehyatul Kalbiy ismli sahobiy suvratlarida kelganlar.
Ularning vazifalari turlicha:
1. Farishtalar Alloh taoloning kalomi va hukmini U zotining bandalariga yetkazish vazifasini bajaradilar. Mutavotir hadislarda vahiyni olib tushish vazifasi to‘rt ulug‘ farishtalardan biri Jabroil alayhissalomga topshirilgani ta’kidlangan. Mukarram farishtalardan biri Miykoil alayhissalom farishtasi. Yana biri Azroil alayhissalom farishtasi. Yana biri qiyomat kuni bo‘lganida bir sur chalganlarida barcha jonzotlar halok bo‘lik, ikkinchi sur chalganlarida butun maxluqotu mavjudotlar qayta tirilishi uchun sur chaluvchi Isrofil alayhissalom farishtasidir.
2. Farishtalar arshni ko‘tarib turish vazifasini ado etadilar. Alloh taolo “Al-haqqo” surasida “Va farishtalar uning atrofida va o‘sha kunda Robbingning arshini sakkiztasi ko‘tarib turadir”, degan.
3. Farishtalar jannat va uning ahlining xizmatini qilib turadilar.
4. Farishtalar do‘zax ishlarini va uning ahlini jazolash vazifasini ham bajaradi.
5. Odamlarning ishlarini kuzatib, amallarini yozib borish vazifasi. Imom Ahmad ibn Hanbal o‘lim to‘shagida ingrab yotganlarida, Tovus roziyallohu anhudan: “Farishtalar har bir narsani, hatto ingrashni ham yozadi”, degan rivoyatni eshitibdilaru darhol ingrashni tark etib, shu bilan to jon taslim qilgunlaricha ingramagan ekanlar.
6. Tog‘larga biriktirilgan, yomg‘ir qorlarni yog‘dirib olib tushuvchilik xizmatidagi farishtalar.
7. Insonni doimo muhafaza qilib turuvchi farishtalar.
Farishtalarga iymon keltirishga Alloh buyurgan, chunki U zot insonni yaratgan va uning tabiatida g‘ayb narsalarga qiziqish borligini bilganidan, ushbu g‘aybiy narsaga ya’ni farishtalarga iymon keltirishga buyurgan. Insonni hayvondan ajratib turadigan narsalardan biri ham g‘aybiy narsalarga ishonishidir.
Allohning farishtalariga bo‘lgan iymon keltirish har bir shaxs, jamiyat, davlat va barcha insoniyat uchun koni foydadir. Chunki inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan, xizmatdan charchamaydigan, g‘aflatda qolmaydigan, gunoh qilmaydigan, o‘zlariga berilgan amrni so‘zsiz bajaradigan va yana bir qancha oliy sifatlarga ega bo‘lgan va “farishtalar” deb nom olgan Allohning askarlari borligiga iymon keltirish kimga ham zarar berardi? Mo‘min musulmon inson o‘ziga farishtalar biriktirilganiga ishonadi. Agar o‘zi to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri tursa, o‘sha farishtalar Alloh izni ila uni muhofaza qilishga iymon keltiradi. Ularning biri yaxshi amallarni, ikkinchisi yomon amallarni Nomai a’moliga yozib borayotganiga, qiyomat kuni shu yozilgan narsalar asosida hisob kitob bo‘lishiga ishonadi. Bu esa har bir insonni doimo yaxshilik qilib, yomonlikdan qochishga undovchi juda kuchli omildir. Bu omil har bir inson, jamiyat, davlat uchun, barcha insoniyat uchun o‘ta zarurdir.
3. Kitoblariga iymon keltirish
Ilohiy kitoblarga iymon keltirish Islom aqiydasi arkonlaridan biridir. Buning ma’nosi, o‘sha kitoblarning barchasi Allohning kalomidan iborat ekaniga ishonmoqlikdir. Bunga dalil Baqara surasining oxirgi oyati: “Rasul va mo‘minlar Unga Robbisidan nozil qilingan narsaga iymon keltirdilar. Barcha, Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga iymon keltirdi”.
Payg‘ambarlarga nozil qilingan ilohiy kitoblar 4 ta. Bulardan 1-si Zabur Dovud alayhissalomga. 2-si Tavrot Muso alayhissalomga. 3-si Injil Iso alayhissalomga. 4-si Qur’on Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan.
Bulardan tashqari Ibrohim aylayhissalomga tushirilgan vahiylar to‘plami “Sahifalar” deyilgan, ulamolarimizning aytishlaricha, ular ma’lum varaqlar bo‘lib, kitob darajasiga yetmagan. Bu haqida “A’la” surasida: “Albatta, bu avvalgi sahifalarda bordir. Ibrohim va Muso sahifalaridadir”, degan.
Islom aqiydasi bo‘yicha ilohiy kitoblarga iymon keltirib, Qur’oni Karimni inkor etgan kishi kofir hisoblanadi. Shuningdek, Qur’oni Karimga iymon keltirib, boshqa ilohiy kitoblardan birini inkorqiluvchi kishi ham kofir bo‘ladi.
Ilohiy kitoblarga birdek iymon keltirishning musulmonlarga farz qilinishi, islom ummati samoviy aqiydalarga merosxo‘r ekanligining dalilidir. Bu esa sharaf va shu bilan birga, bu iymon bashariyatning asli birligi, dini, ilohiy birligining ramzidir.
Ilohiy kitoblarga iymon keltirish Qur’oni Karimga iymon keltirishning bir bo‘lagidir. U doimo bashariyatni Allohning O‘zi hidoyatga solib turganini bildiradi va musulmonlarni ushbu kitoblarga ahil bo‘lgan xalqlar bilan yaqinlashtiradi.
Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va turli firqalarga bo‘linib ketmang …”, deb marhamat qilgan.
4. Nabiy va rasullariga iymon keltirish
Bizlarga Alloh taolo O‘z kitobida nomlarini zikr qilgan payg‘ambarlarga va ularning ismlarini va adadlarini faqat O‘zi biladigan nabiy va rasullarni yuborganiga ham iymon keltirmog‘imiz vojibdir. Alloh taolo insonlarni ichidan O‘ziga payg‘ambar tanlab olishining o‘zi, insoniyat uchun ulkan sharafdir. Alloh taolo insonlarni haq yo‘lga chaqiruvchi elchi rasulni farishtadan emas balki odam farzandidan bo‘lishini iroda qildi. Agar Alloh farishtalardan payg‘ambar qilib yuborganda kishilar: “Ee u farishtada! Biz esa, oddiy odamlarmiz. Yana biz yeb ichamiz, xotin bola chaqa boqamiz, endi shu xolimizda Allohga u farishta aytganidek ibodat qilamiz?”, deb bahona qilar edi. Lekin odam farzandidan bo‘lgan payg‘ambar alayhissalom ularni bu kabi bahonalariga javoban: “Men ham yeb ichaman, menda ham oila xotin bola chaqa bor. Men Allohning buyruqlariga bo‘ysinib ibodat qilmoqdamanku! Nega sizlar ibodat qilmas ekansizlar!”, deydi. Payg‘ambar insonlardan bo‘lsa, hech kim hech qanday bahona ko‘rsata olmaydi.
Odam Atodan to Muhammad alayhissalomgacha bo‘lgan payg‘ambarlar silsilasi, insoniyatning sharafli silsilasidir. Ularning ba’zilariga kitob, ba’zilariga dinni mukammallovchi vahiy orqali insoniyatni qo‘lidan kelmaydigan, payg‘ambarliklarini tasdiqlovchi ilohiy mo‘jizalar bilan yubordi.
Allohning payg‘ambariga iymon keltirish ham Allohning O‘ziga bo‘lgan iymondan kelib chiqadigan iymondir. Chunki Payg‘ambarlarga iymon keltirishga Alloh taoloning O‘zi buyurgan. Allohga ishongan Payg‘ambariga ham ishonish kerak.
Qur’oni Karimda zikrlari kelgan payg‘ambar alayhissalomlardan birortasini inkor qilgan odamning musulmonligi qolmaydi.
Payg‘ambarlar gunohdan ma’sumdirlar. Payg‘ambarlar omonatli bo‘ladilar. Payg‘ambar er kishidan bo‘ladilar.
5. Oxiratga iymon keltirish
Aqoid ilmida “g‘aybiyot” nomini olgan masalalar inson zoti uchun butunlay g‘oyib bo‘lgan, uni xech kim ko‘rmagan va boshqa narsaga solishtirib ham bilib bo‘lmaydigan, uni bilish uchun faqatgina o‘ta ishonchli xabarga, Alloh taolodan va Payg‘ambar alayhissalomdan sodiq masdarlar orqali daqiq ilmiy va omonatli yo‘l bilan naql qilingan xabarga suyaniladigan masaladir.
YUqorida zikr qilingan masalalarning hammasini aql bilan tadabbur bilan solishtirish yo‘li bilan topib olsa bo‘ladi. Ammo g‘aybiyotga oid har bir narsani faqatgina Qur’oni Karim yoki hadisi sharifda kelgan ishonchli xabar orqaligina bilishimiz mumkin.
Aqoid ulamolaridan ba’zilari bu masalalarni “sam’iyot” eshitish yo‘li bilan bilinadigan narsalar deb ataydilar.
O‘lim va unga bog‘liq narsalar
O‘lim ma’lum va mashhur narsa. Uni hamma biladi vasoat sayin qayta qayta bu haqiqatga guvoh bo‘lib turadi. Ammo o‘limga bog‘liq narsalar tamomila g‘aybiyotlar jumlasiga kiradi. Ularni his qilib ham boo‘qa narsaga solishtirib ham bo‘lmaydi. Chunki tiriltiradigan ham o‘ldiradigan ham Alloh taoloning O‘zidir. Bu haqida Qur’oni Karimning “Najm” surasida shunday deydi: “Albatta, o‘ldirgan ham O‘zi, tiriltirgan ham O‘zi”. 44-oyat.
Insoniyat o‘lim nima yu, hayot nima ekanini, ularning haqiqatini bilishga urinyapti, lekin hech narsani bila olmayaptilar. Butun dunyo ahllari birlashib ham jonsiz narsaga hayot bera olmayapti. Butun borliq birga bo‘lib ham birorta o‘limni qaytara olmayapti.
Umid qolmadi endi o‘limi qoldi deb, qabri qazib qo‘yilgan bemorlar kutilmaganda sog‘ayib yashab ketmoqda. Bemorga qaragan yoki qabrini qaziganlar to‘satdan o‘lib qolyapti. Bunday bo‘lishi tabiiy ekanini tan olishimiz kerak, chunki o‘ldirguvchi ham , tiriltirguvchi ham faqat Allohdir.
Jonni olishga yuborilgan farishta Azroil alayhissalom ekanligi ma’lum. Jumhur ulamolar, o‘lim farishtasi bitta bo‘lsa ham, uning yordamchilari bor, deganlar. Bunga dalil “Niso” surasidagi quyidagi oyat: “O‘ziga zulm qiluvchi holida joni olinayotganlarga farishtalar: “Nima qilayotgan edinglar?”, derlar.” 97-oyat.
Bu oyatdan ko‘rinib turibdiki bu holatda bir emas, bir necha farishtalar jon olishda ishtirok etmoqdalar.
Bunga yana bir dalil rivoyat qilinishicha ikki farishta yer yuzida o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifani bajarib makonlariga qaytayotganlarida 4 chi osmonga yetganlarida bir birlaridan ishlari to‘g‘risida so‘raganliklari.
O‘lmaydigan kim bor? Hamma o‘ladi. O‘lim har bandaning boshida bor.
O‘lim nima? Inson o‘lgandan keyin nima bo‘ladi?
Uning xoli nima kechadi?
O‘lim kishining yuragi urishdan to‘xtab, qon aylanmay qolib, qimirlamay qolishdan iborat xolosmi?
Inson o‘lgandan keyin ish bitdimi?
Qabrida chirib tuproqqa qo‘shilib ketaveradimi?
Undoq bo‘lsa, insonning boshqa hayvonlar, qurt qumursqalardan nima farqi bor?
Yoki inson bu dunyoda turli hayvon, qurt qumursqalardan farqli bo‘lib, aql bilan yashagani uchun, o‘lganidan keyin ham unga boshqacha, mnsonga to‘g‘ri keladigan munosabat bo‘lishi kerakmi?
Islom aqidasi bo‘yicha bu dunyo inson uchun sinov maydoni xolos. Insonning o‘lgani bu dunyodan u dunyoga, foniy dunyodan boqiy dunyoga ko‘chgani, xolos.
Yangi, boqiy dunyoda uni farishtalar kutib olib, joylashtiradilar. Qandoq joyga munosib ekanini o‘ziga bildirish uchun so‘roq savol qilishadi, amaliga qarashadi. So‘ng, unga joy ko‘rsatishadi. Ana shu ishlar qabrdan boshlanadi.
Qabr savoli
Vafot etgan odamning qabrda farishtalar tomonidan so‘roqqa tutilishiga e’tiqod qilish har bir musulmon uchun vojibdir. Bunga dalillar juda ham ko‘p.
Anas Roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, banda qachon qabriga qo‘yilsayu, undan sohiblari qaytib ketsa, u ularning kovushlari taqillaganini eshitib turganida oldiga ikki farishta kelib, uni o‘tqazishadi va: “Bu odam Muhammad alayhissalom haqida nima der eding?”, deyishadi. Mo‘min bo‘lsa:
“Shahodat beramanki, U Allohning bandasi va Rasulidir”, deydi.
“Do‘zahdagi o‘riningga nazar sol, batahqih, Alloh senga uni jannatdagi o‘ringa almashtirib berdi”, deyiladi unga. U ikkovini ham ko‘radi. Ammo kofir yoki munofiqqa esa: “Bu odam haqida nima der eding?” deyiladi.”Bilmadim, odamlar aytadigan narsani aytar edim”, deydi. Bas unga: “Bilmading ham (bilganlarga) ergashmading ham” deyiladi va temirdan bo‘lgan gurzi bilan uriladi. Shunda shundoq ham qichqiradiki, inson va jindan boshqa hamma eshitadi”, dedilar”. Beshovlari rivoyat qilgan.
Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak” jome’ masjidi imom xatibi
https://shosh.uz/uz/islom-iymon-aqidada-adashmaylik-ruknidan-2/