Post Views:
2 158
Davomi
6. Qadarning yaxshi yomoni, shirin achchig‘i Alloh taolodan ekaniligiga iymon keltirish
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Albatta, Biz har bir narsani o‘lchov ila yaratdik”, degan (Qamar surasi, 49 oyat).
O‘zbek tilida “o‘lchov” deb tarjima qilingan so‘z oyatda “qadar” lafzi bo‘lib keldi. Islom aqidasiga ko‘ra “qadar” Alloh taolo azalda O‘z ilmi va irodasi ila har bir narsani o‘lchovli qilib qo‘yganiga e’tiqod qilishni bildiradi. Ammo ushbu oddiy tushunchaning buzib ko‘rsatilishi oqibatida qazo va qadar aqiydasiga turli noto‘g‘ri tushunchalar aralashib ketgan.
Ulamolarimiz “qazo” va “qadar”ni quyidagicha ta’riflaydilar:
“Qazo Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir”.
“Qadar o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir”.
Ahli sunna val jamoa mazhabiga binoan, balog‘atga yetgan musulmonga Alloh taolo bandalarning hamma ishini, maxluqotlarga bog‘liq narsalarni avvaldan bilishiga iymon keltirish vojib bo‘ladi.
O‘tgan ulamolarimizdan al Xattobiy quyidagilarni aytadilar: “Ko‘pchilik odamlar qazo va qadarni “Bandaning Alloh taolo tomonidan O‘zi taqdir qilib qo‘ygan ishlaga qahr bilan majbur qilinishi” deb hisoblaydilar. Ularning bu fikrlari noto‘g‘ridir. Qazo va qadarning ma’nosi banlarning kelajakda bo‘ladigan ishlarini Alloh tamonidan muqaddam bilib turilishidir”.
Shu yerda tabiiy “Ilmga bog‘liq bo‘lsa, tushunarli, ammo hamma narsa Allohning irodasi bilan bo‘ladiku? U holda bandaga nima qoladi?” degan savol paydo bo‘ladi.
Bu savolning javobi ikki qismga bo‘linadi.
Birinchi qism – dunyodagi insonning daxli yo‘q narsalar. Faqat Alloh taoloning qudrati bilan bo‘ladi. Misol uchun, inson aqlining o‘tkir yoki o‘tmasligi, gavdasining turlicha, husnining chiroyli yoki hunukligi, tug‘ilish vaqti va joyi, erkak yoki ayolligi va shunga o‘xshash bir qancha ishlar borki, ularga insonning hech qanday daxli yo‘q. Inson bu narsalardan “Nega qomating uzun, yoki pakana”? yoki “Nima uchun falon kuni tug‘ilding, falon kuni o‘lding”? deb so‘roq qilinmaydi. Bularning hammasi Allohdan. Bu turdagi qadarga iymon keltirish har bir mo‘min musulmonga vojibdir.
Ikkinchi qism – inson tomonidan sodir etilgan ish va amallarga bog‘liq. Bularda insonning daxli bor, u bu ishlarda o‘zining xohishi, ixtiyori va harakati bilan ishtirok etadi. Masalaning nozik joyi ham shu yerda.
Musulmonchilikning sof aqiydasi esa Ahli sunna val-jamoa mazhabida o‘z aksini topgan. Bu aqiydaga binoan, insonning ixtiyoriy amallari Alloh xalq qilgan narsalar jumlasidandir. Chunki dunyoda Alloh xalq qilgan, yaratgan narsalardan boshqa narsa bo‘lishi mumkin emas. Lekin bu inson o‘z ishini majbur bo‘lib qiladi, ya’ni har qanday ishni bajarib turib: “Alloh shuni xohlabdida shuning uchun qildim, menda ayb yo‘q” degani emas. Chunki insonning mas’ul bo‘lib so‘raladigan ishlari ham mana shu kabi o‘zining amaliga bog‘liq bo‘liq bo‘lgan masalalardadir. Chunki inson bir ishni amalga oshiradigan bo‘lsa, o‘sha ishni amalga oshirish uchun ikki narsaga bog‘liq bo‘ladi. Birinchisi uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan omillar. Ikkinchisi insonning o‘sha ishni amalga oshirish uchun yo‘nalganligi tufayli xohish egasi hisoblanadi. Hamda ana shu ixtiyori tufayli amalga oshirgan ishidan javobgar bo‘lib so‘raladi.
Masalan bir inson qo‘li bilan varaqqa bir narsani yozmoqchi bo‘ldi. Bu ishning tashqi omillari odamning qo‘li, qo‘lining tomirlari, paylari va boshqa Alloh xalq qilgan narsalardir. Shuningdek varaq, qalam va ularga yozish xususiyatlarni Alloh xalq qilgan. Ushbu narsalarning birlashib harakat qilishi oqibatida varaqqa bir narsa yoziladi. Bularning barchasi Allohning qudrati va yaratishi bilan bo‘lishiga shubha qolmagan bo‘lsa kerak. “Alloh insonning amalini xalq qiladi”, degan gapning ma’nosi shu.
Ammo bu Alloh insonni varaqqa yozishga majbur qildi degani emas. Inson esa yozishga bo‘lgan yo‘nalishi va qasdi uchun javobgar bo‘ladi. Inson o‘zining aql farosati, ilmi, tadbiri, Allohga bo‘lgan ishonchi, ixtiyori va hurligi orqali biror ishni bajara olishlik imkoniyatiga ega bo‘lib boshqa maxluqlardan farqlanganligi uchun ham mas’ul, javobgardir.
Muqaddam o‘tgan ulamolarimiz aytadilarki: “demak inson o‘z kasbiga (bajargan ishiga) javobgar, u Allohning amri bilan bo‘lgan va o‘zining daxli yo‘q narsa uchun malomat qilinmaydi”.
Qazoyu qadar masalasi inson o‘z kasbi uchun javobgar ekanini isbot qilar ekan, musulmonlani faqat yaxshilik qilishga, barcha yomonlikni tark qilishga undovchi birinchi omil bo‘lishi kerak. Hyech kim qazoi qadarni ro‘kach qilib, o‘zini mas’uliyatidan olib qocha olmaydi. Bunga quyidagi rivoyat ham misol bo‘ladi.
Qo‘lga tushib qolgan bir o‘g‘ri hazrati Umarga: “Qazoi qadar shu ekan, o‘g‘irlik qilibman, nega endi qo‘limni kesar ekansan?” deganida shunda hazrati Umar roziyallohu anhu: “Sen qazoi qadar bilan o‘g‘irlik qilgan bo‘lsang, men ham qazoi qadar bilan qo‘lingni kesaman”, degan ekanlar. Keyin hazrati Umar o‘z vazifadorlariga: “Uni avval o‘ttiz darra urib, so‘ngra qo‘lini kesinglar!” debdilar.
“Nima uchun?” deyishibdi.
“Alloh taologa nisbatan yolg‘on nisbat bergani uchun darra uriladi, o‘g‘rilik qilgani uchun qo‘li kesiladi”, debdilar.
Qazoi qadar dangasalikka yoki gunoh ishlarni qilishga bahona bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Bu hayot sababiyat olami. Qadarni qadar bilan daf qilish ma’nosini ham unutmaslik kerak. Ochlik taqdiri ozuqlanish taqdiri bilan daf bo‘ladi. Bir kishining chanqoqligi suv ichish taqdiri bilan daf bo‘ladi. Bemorlik qadari davolanish qadari bilan daf qilinadi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu Shomga borganlarida u yerda vabo tarqalganini eshitib, orqaga qaytishga qaror qildilar. Shunda Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Allohning qadaridan qochibmi?”, dedi.
Hazrati Umar unga: “Shu gapni sendan boshqa aytsa bo‘lmasmidi!? Ha, Allohning qadaridan Allohning qadariga qochamiz. Aytgin-chi, agar sening tuyalaring bo‘lsa-yu, ular ikki bo‘lingan bir vodiyga tushsalar. Bo‘laklarning biri serhosil, boshqasi qurg‘oq bo‘lsa, hosildorida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan, qurg‘og‘ida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan. Shunday emasmi?” dedilar.
Bu ishda Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari hammamiz uchun yaxshi o‘rnakdirlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqirlikka qarshi ishlash bilan, jaholatga qarshi ilm bilan, bemorlikka qarshi davolanish bilan kurashganlar. U zot mahzunlik, ojizlik dangasalik kabi holatlardan panoh tilaganlar.
Alloh hammamizni O‘zining qazosiga nisbatan to‘g‘ri aqiydadan adashtirmasin.
davomi bor…
Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak” jome’ masjidi imom xatibi
https://shosh.uz/uz/islom-iymon-aqidada-adashmaylik-ruknidan-4/