ISKIFAGN — oʻrta asrlarda Kesh viloyatining Xuzor rustoqida joylashgan yirik shahar. Shahar nomi tarkibida sugʻdiycha «fagn» soʻzining borligi bu yerda mahalliy maʼbudlarga atalgan ibodatxona boʻlganligidan dalolat beradi. Shunga koʻra, uni sugʻdiycha «Juda baland ibodatxona» yoxud turki ycha «eski ibodatxona», deb atash mumkin. «Hudud ul olam»pya bu shahar Sakifagn shaklida uchraydi. Iskifagn oʻrnida hozir Gʻuzordan 9 km shim. da joylashgan yirik Xoʻjabuzruktepa shahar xarobasi joylashgan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, shahar mil. 6-a. da vujudga kelib, 13-a. boshida moʻgʻullar istilosi natijasida vayron boʻlgan. V. V. Bartoldning fikricha, Iskifagn atamasi hozir Eskibogʻ qishlogʻi nomi koʻrinishida saqlanib qolgan.
Ad.: Bartold V. V., Sochineniya, t.1, M., 1963; Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazыchnыm istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.