Ishq avvali – gulga burkangan bahor…

Koʻnglim duo istar…

Mening qari onam, qayerlardasan?..

Kulfatlar domidan tolib ketdim men.

Biror tadbir oʻylab topmasang boʻlmas,

Taqdir girdobida qolib ketdim men.

 

Boshim qoʻllaringni sogʻindi juda,

Sogʻindim dardingga joʻr ohlaringni.

Bukun gʻamdan zada boʻlgan yuragim

Tusayotir issiq nigohlaringni.

 

Koʻnglim duo istar, parrandalarning

Bir juft qanotiday qoʻlingni yozib,

Xudoni falakdan yerga chorlarding,

Famgin pichirlarding qiblaga boqib.

 

Meni olislarga kuzatgan chogʻda,

Nogoh yoshga toʻlib ketardi koʻzing.

Ketganimdan keyin, ortimdan yigʻlab

Suyanib qolarding oʻzingga oʻzing.

 

Nimasini aytay?

Mendan yaxshiroq

Bilasan qismatboz dunyo holini.

Yaxshiroq anglaysan sen mendan koʻra,

Tiriklik tongini, hayot shomini.

 

Bu dunyoda bitta-bittalab yigʻdim

Ilm va hikmatning urvoqlarini.

Biroq senday yaxshi oʻrganolmadim

Bu yeru osmonning jumboqlarini.

 

Bilaman, yuz yoshga kirib oʻlsam ham,

Hanuz yoʻrgakdagi goʻdak ekanman.

Bilaman, sening pok sutingdan keyin,

Yegan boʻlsam, faqat, afsus yeganman…

 

 

* * *

Ilgari erkaklar goʻridan koʻra,

Chuqurroq kovlashgan ayollar goʻrin.

Topdilar gunohin katta deb mudom,

Shariatdan ne-ne hiylalar yoʻlin.

 

Chuqurroq qazganlar ayollar goʻrin,

To gunohin koʻmsin deb yerning tagi.

Biror maysa oʻsib chiqmasin, toki,

Bulgʻanmasin emish poklar etagi…

 

Lek, ular bilmasdi, ayol bu – ona,

Insonni tugʻdi u, gunohi shudir.

Bunday odatshunos, razil zotlarga

Ato aylaganin hayot va umr.

 

Ular bilmas, ona yaratguvchidir,

Ona bilan topar bu hayot takror.

Barcha farzandlarin gunohi uchun,

Hatto goʻrida ham tortadi ozor.

 

Ular bilmas, ayol – jahonning joni,

Ona bois koʻrgay olamni koʻzi.

Gunohi bor boʻlsa, u ham shul:

Shunday

Qadr bilmaslarni tuqqandir oʻzi…

 

 

* * *

Ishq avvali – baland, bepoyon osmon,

Ishq oxiri – botqoq, dunyo – qorongʻu.

Ishq avvali – yosh va qaynoq orzular,

Ishq oxiri – qarib, keksaygan orzu.

 

Ishq avvali – qoʻllar yorning boʻynida,

Ishq oxiri – qoʻllar qoʻltiqda bari.

Ishq avvali – nigoh yorga yuzma-yuz,

Ishq oxiri – boqar yuzsizlik sari.

 

Ishq avvali – kokil uzra gul-chechak,

Ishq oxiri – bir bogʻ xoru xas, soʻnik.

Ishq avvali – tengsiz dunyo egasi,

Ishq oxiri – essiz, egasiz oʻlik.

 

Ishq avvali – mardlar toʻnin kiygan lof,

Ishq oxiri – nomard toʻqigan tuhmat.

Ishq avvali – dilda lazzatli azob,

Ishq oxiri – dilda oʻrtangan gʻurbat.

 

Ishq avvali – labda erigan boʻsa,

Ishq oxiri – achchiq, shoʻr bosgan kadar.

Ishq avvali – diydor nashʼu namosi,

Ishq oxiri – hijron tutqazgan zahar.

 

Ishq avvali – gulga burkangan bahor,

Ishq oxiri – xazon fasli, xiyonat.

Ishq avvali – ilk bor yaralgan dunyo,

Ishq oxiri – qoyim boʻlgan qiyomat.

 

 

Ertani oʻylab

 

To hayot bulogʻin yopilmay koʻzi,

Avlodlar qalbiga toʻlsin deb lim-lim,

Onalar mozorning boshiga bordi,

Otalar yoʻl oldi dor ostiga jim.

 

To oʻlmasin deya keyingi avlod,

Asrab qolsin deya yurtning shonini,

Dushmanning oʻqini yedi otalar,

Volidalar ichdi jigar qonini.

 

Or-nomus qoldirib ketdi otalar,

Oriyat yoʻlida taslim etib jon.

Ota ruhi rozi boʻlsin deb farzand,

Oʻlsa ham, nomusin etmadi payhon.

 

To hayot, to abad turtinmasin deb,

Oʻtganlar toqati toʻlgan, toq edi.

Onalarning koʻrgan kunlari qaro,

Goʻdaklarning ichgan suti oq edi.

 

 

* * *

Ilk muhabbat – sovuq urgan gʻoʻraday

Yetilmay toʻkilar shoxdan gʻamboda.

Umr novdasining ildizi agar

Suvda boʻlsa, gullar qaytgan bahorda,

Devona boʻl, mening devona dilim!

 

Shoirlik yurtiga safar ayladim,

Toʻrvamga men seni joyladim, faqat.

Toʻrvamda yoʻq edi togʻlar ganjiday

Shuʼla sochgan toshdan oʻzga bir davlat,

Devona boʻl, mening devona dilim!

 

Baʼzan, koʻksim ichra noliysan uzoq,

Baʼzan, oʻt yoqasan bagʻrimga manim.

Berilib ketganda ishq oʻyiniga,

Baʼzan, boshim bilan oʻynashasan jim,

Devona boʻl, mening devona dilim!

 

Baʼzan, pushaymonlik biyobonida

Ketgan yor izini axtarding rosa.

Baʼzan, neki nasib etsa umrdan,

Unga shukur aylab, qilding murosa,

Devona boʻl, mening devona dilim!

 

Hayot koʻp-u kamning yigʻindisidir,

Har tun osmon uzra oy boʻlmas sirdosh.

Chiroyga oshiqdir baʼzilar, ammo,

Doʻppi topiladi, omon boʻlsa bosh,

Devona boʻl, mening devona dilim!

 

Mudrama shoshqaloq olamda, zero,

Shoirlik, oshiqlik telbalikdir, rost.

Ochilgan eshikni ochganlar kasbi –

Xonaki tovuqning parvozi, xolos,

Devona boʻl, mening devona dilim!

 

Yana sipqoramiz jomlarni bir-bir,

Boshga koʻtaramiz yana shomlarni.

Tugʻilgan ming-minglab chaqaloqlarga

Biz inʼom etamiz yangi nomlarni,

Devona boʻl, mening devona dilim!

 

Devona boʻl!..

 

 

Farzandlik qarzi

 

Mard emas ul erkak, hayot jangiga

Kirmasa sovutin yechib bexanjar.

Besovut, bexanjar kirsa-yu biroq,

Qoʻlida qirq hunar boʻlmasa agar.

 

Oʻz xalqining dardi, kamu koʻsti deb,

Oʻzi bilan oʻzi olishganda mard:

Kindigining qoni toʻkilgan yerga,

Yuragining qoni toʻkilmogʻi shart.

 

 

* * *

Ey, daryoning mayin esgan shamoli,

Kelgil, yuragimda bir lahza quvon.

Yoki sen ham menday shoshqaloq kabi

Hayotni shitob deb qildingmi gumon?

 

Toshlar oʻyga botgan sohil boʻyida

Daryo suvi menday shoshadi har yon.

Neki oʻtdi, qaytib kelmaydi boshqa,

Bu haqiqat, faqat, aytishga oson…

 

Nima topsang – qoʻldan ketar bir zumda,

Hayot ortga qaytmas qadimdan-qadim.

Qoʻlingda neki bor – oʻsha naqd bugun

Va uning qadriga yetolmas hech kim.

 

Hammamiz dunyodan oʻtamiz, daryo

Qurimay, uzoq yil toʻlishni istar.

Beqarorlik – ushbu dunyoga odat,

Bundan-da beqaror boʻlishni istar.

 

Suv labida soʻzga ocholmasman lab,

Oʻzimcha mingʻirlab, toʻzim bilmasman.

Ey, daryo shamoli, nima yoʻqotdim,

Nima axtaraman???

Oʻzim bilmasman.

 

 

* * *

Sochlaring yoyilgan… Qoʻrgʻonlangan oy…

Fuborga burkangan sutday oydin tun…

Oyning etagiga uzun qoʻl kabi

Chang solar togʻ tigʻi – uzundan-uzun.

 

Daryoga yoyilar oyning kulgusi,

Mavjlar ham qiqirlab oʻtayotir shod.

Kulgin, faqat, daryo qirgʻogʻi uzra

Dunyoning bahridan oʻtar odamzod.

 

Yerda esa… Butkul oʻzga bir holat,

Qirgʻoqda maysalar soʻlgan, talangan.

Yondir, to nigohing choʻgʻidan yonib

Daryoning yuragi olsin alanga.

 

Oʻtli nigohimdan qochar koʻzlaring,

Viqorli talʼating – porlagan qamar.

Biz koʻngli daryolar bormiz, daryo bor,

Rangi oʻchgan bu baxt – yorugʻ naqadar.

 

Hammasi oʻtadi… Baxt ham, iqbol ham!

Hatto, yorugʻ oyning yuzida bor dogʻ.

Qara, oy boʻynidan, xuddi men kabi,

Qoʻlini oʻtkazib turar baland togʻ…

 

 

Ey tilsiz daraxt

 

Oʻzingdan chiqarib bolta sopini,

Ildizing kesishar,

Dunyo oʻzi – shu.

Tanangni nimtalab,

Tashib ketarlar,

Nechuk savdo?

Nechuk kemtik dunyo bu?

 

Sendan dor yogʻochi tiklanar baland,

Tobutga aylanar tanang, dardlaring.

 

Tiling boʻlsa soʻyla, ey, tilsiz daraxt,

Ayt, tiling emasmi, axir, barglaring?..

 

Loyiq SHERALI

1941 yili Panjakent tumanining Mozori Sharif qishlogʻida tugʻilgan.

“Koʻklam”, “Ilhom”, “Tilak”, “Tashna koʻngil”, “Sohillar”, “Vatan tuprogʻi”, “Yomgʻir tomchilari”, “Yoʻlovchi”, “Tosh sahifa”, “Koʻz kulbasi”, “Yorugʻ kun”, “Qalb uyi”, “Ona duosi”, “Toʻlgan jom”, “Men va daryo”, “Ishq avvaliyu oxiri”, “Sassiz faryod” nomli sheʼriy toʻplamlari hamda ikki tomlik “Kulliyot”i nashr etilgan.

Tojikiston xalq shoiri.

2000 yil 30 iyunda vafot etgan.

 

Odil Ikrom tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/ijod/nazm/ishq-avvali-gulga-burkangan-bahor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x