INTONATSIYA (musiqada) — 1) oʻzaro bogʻlangan bir necha maʼnoni anglatuvchi nazariy-estetik tushuncha, ohang, kuy manbai. Keng maʼnoda — badiiy obrazni musiqa tovushlari yordamida ifodalash. Musiqadagi Intonatsiya balandlik jihatdan (notalar vositasida) belgilanishi va maʼlum lad tizimiga asoslanishi bilan nutq I. sidan farq qiladi. Musiqaviy Intonatsiya milliylik xususiyatiga ega. Baʼzan yirik tarixiy oʻzgarish (inqilob sodir boʻlishi, ijtimoiy tuzum almashishi kabi)lar shu davr musiqa Intonatsiyasida burilish yasaydi. Tor maʼnoda — kuyning bir necha tovushdan iborat ifodali parchasi, ohang boʻlagi. Musiqaviy Intonatsiya antik davr, oʻrta asrlar (jumladan, Sharq musiqa nazariyasi)da va Uygʻonish davrida oʻrganila boshlangan. Fransuz maʼrifatparvarlari (J. J. Russo) va ularning izdoshlari (A. Gretri, K. Glyuk), 19-a. dan boshlab rus kompozitor (A. Dargo-mijskiy, M. Musorgskiy) va musika tanqidchilari (A. Serov, V. Stasov, B. Yavorskiy) bu sohaga muhim hissa qoʻshgan. 20-a. da musiqa Intonatsiya sining asosiy masalalari boʻyicha musiqashunos akad. B. Asafyev mukammal taʼlimot yaratgan;
2) sozlarda, ayniqsa, nay, surnay, gʻijjak kabi pardasiz turlarida kuy chalishda, shuningdek, ashula aytishda tovushlarni baland-pastlik jihatidan aniq (kuyni buzmay) ijro etish sof (toza) Intonatsiya lashga kiradi.
Ad.: Asafyev B. (I. Glebov), Muzыkalnaya forma kak protsess, L., 1963; Intonatsiya i muzыkalnыy obraz (Sbornik statey), M., 1965.