Gi de Mopassan
Beva ayol Paolo Saverini oʻgʻli bilan Bonifacho qoʻrgʻoni yonidagi xaroba kulbada yashardi. Togʻ etagida joylashgan shaharning baʼzi yerlari shundoqqina dengiz ustida muallaq turgandek tuyular, u goʻyo dahshatli suv osti qoyalari bilan oʻralgan Sardiniyaning olis sohillariga oʻzan uzra qarab turgandek edi. Quyiroqdagi qoyalar somon yoʻlini eslatar, bir qarashda keng va uzun yoʻlakka oʻxshab ketadigan ushbu qoyalar shaharni deyarli toʻligʻicha oʻrab olgandi. Bu yer port vazifasini oʻtar, shu vajdan italyan va sardiniyalik baliqchi qayiqlari, shuningdek, oyiga ikki marta Ayachchoga qatnovchi eski, buruqsigan kema uylarni shundoqqina yonlab oʻtar, ular oʻshshaygan qoyalar aro uzoq yoʻl bosishardi.
Togʻning oqish manzarasi tufayli, bu yerdagi uylar yanayam oqarib koʻrinardi. Hatto kemalar ham yurak yutib, zoʻrgʻa kiradigan bu qoʻrqinchli daraga uzum shoxidek osilib turgan uylar, yovvoyi qushlarning qoyaga yopishgan inlariga oʻxshab ketar edi.
Shamol dengizga tinimsiz chovut solar, toʻlqinlar hamlasidan yemirilib ado boʻlayozgan, arang oʻt oʻsgan qirgʻoqni tortqilagani-tortqilagandi. Toʻlqinning oqish, koʻpikli hoshiyalari qorayib turgan behisob qoyalarga yopirilar, hali u yer, hali bu yerni tilib oʻtayotgan toʻlqinlar xuddi suv yuzida bir-biriga urilib suzib yurgan yelkan parchalaridek taassurot qoldirardi.
Beva Saverini yashaydigan uy sohil boʻyidagi qoyalarning eng chekkasida joylashgan boʻlib, uchta oynasi ham mana shu yovvoyi va gʻamnok manzaraga qaragan edi.
Kampir bu yerda oʻgʻli Antuan va iti Semilyanta bilan birga yashardi. Bu katta, eti ustixoniga yopishgan, dagʻal junli urgʻochi it ovcharka zotidan edi. Yigitcha u bilan ovga borardi.
Bir kuni kechqurun, janjal chogʻida Antuan Saverinini chavaqlab oʻldirishdi, uning qotili Nikola Ravolati esa oʻsha oqshomning oʻzida Sardiniyaga qochib ketdi.
Oʻtkinchilar oʻgʻlining jasadini keltirib, keksa onasiga koʻrsatishganda, u yigʻlamadi, jigarbandiga qimir etmasdan, uzoq tikilib turdi. Soʻng serajin qoʻlini uning jonsiz tanasi uzra yoyib, qasos olishga ont ichdi. Kampir hech kimni koʻrishni istamasdi: u uliyotgan iti bilan uyga qamalib oldi. It marhumning oyoq tomonida turib toʻxtovsiz gʻingshir, tumshugʻini egasi tomon choʻzib, dumini qisib olgan edi. Jonivor ham onaizorga oʻxshab harakatsiz turar, kampir esa jasadning ustiga xiyol egilib, unga nursiz koʻzlarini qadagan koʻyi unsiz yigʻlardi.
Dagʻal movut kurtkasi koʻkragidan pichoq qadalib yirtilgan yigit yerda chalqancha yotar va xuddi uxlayotganga oʻxshardi. Biroq uning hamma yogʻi: bogʻlov uchun yirtilgan koʻylagi, nimchasi, ishtoni, yuzi va qoʻllari ham qonga belangan edi. Soch – soqoliga laxta qon yopishib qolgandi.
Keksa onasi u bilan xayolan soʻzlasha boshladi. Ayolning ovozini eshitishi bilan it jimib qoldi.
– Hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq, men sen uchun qasos olaman, bolajonim, shoʻrlik oʻgʻilginam. Uxla, uxlay qol, men sen uchun oʻch olaman, eshityapsanmi? Senga buni onang vaʼda qilyapti! U esa, har doim soʻzining ustidan chiqqan, buni bilasan.
Shunday deb, u ohista egildi va sovuq lablarini oʻgʻlining jonsiz yuziga bosdi.
Shu on Semilyanta yana uvlab yubordi. Uning bir maromda – choʻziq uvlashi yurakni tilkalardi.
Kampir va it tunni shu alfozda oʻtkazishdi.
Ertasiga Antuan Saverinini dafn etishdi va tez orada Bonifachoda u haqda birov eslamay qoʻydi.
Marhumning na tugʻishgan ukasi, na qarindoshlari qolgan edi. Uning qasosini oladigan erkak zotining oʻzi mavjud emasdi. Yolgʻiz keksa onasi boʻlib, u ham shunga kuyardi.
Unga oʻzanning narigi qirgʻogʻidagi qoyalardan erta-yu kech bir nuqta oqarib koʻrinardi: bu Longosardo nomli moʻjaz sardin qishlogʻi boʻlib, qattiq taʼqibga uchragan korsikalik qaroqchilar hamisha shu yerdan panoh topishar edi. Qishloq deyarli ularga tegishli boʻlib, qaroqchilar bu yerda oʻz vataniga roʻbaroʻ yashashar, qachonlardir yana qadrdonlari bagʻriga qaytib borishni intizorlik bilan kutib yurishardi. Nikola Ravolati ham aynan oʻsha yerda yashirinib yurganini kampir bilardi.
U uzzu-kun deraza yonida yolgʻiz oʻtirib, oʻsha tomonlarga qarar va qanday qilib oʻch olish haqida oʻylardi. Nimjon, yolgʻiz boʻlsa, boz ustiga bir oyogʻi yerda-yu, birisi goʻrda. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Axir u vaʼda bergan, marhum oʻgʻlining oldida ont ichgan. Buni unutib boʻlmaydi, kechiktirish ham mumkin emas. Nima qilmoq kerak? Ayol butunlay uyqusini yoʻqotdi, u oʻzini qoʻyarga joy topolmas, unga hech narsa taskin boʻlolmasdi. Tinimsiz qasos olish chorasini izlar edi. Oyogʻi ostida iti mudrar, baʼzan boshini koʻtarib, uzoqlarga termulib ulirdi. Egasi oʻlganidan beri Semilyanta tez-tez shunaqa ulib, uni chaqirayotgandek boʻlar, goʻyo itning beorom yuragi ham undan qolgan oʻchmas xotiralarni unuta olmayotgandek edi.
Shunday tunlarning birida Semilyanta yana uvlashni boshlagan mahal, onaizorning miyasiga bir fikr keldi – fikrki, yovvoyilarga xos, qasoskorona va dahshatli edi. U ertalabgacha shu haqda oʻyladi. Tong otgach oʻrnidan turib, cherkovga yoʻl oldi. Tosh qoplamali sahnda yuztuban yotib Yaratganga iltijo qilar ekan, undan yordam berishini, oʻgʻlining qasosini olish yoʻlida sillasi qurigan vujudiga kuch-quvvat ato etishini oʻtinib soʻradi.
Keyin uyiga qaytdi. Hovlida yomgʻir suvini yigʻish uchun qoʻyilgan bochka turardi. U ichidagi suvni toʻkib, bochkani boʻshatdi, soʻng yerga qoziqlar qoqdi va toshlar bilan urib mahkamladi. Semilyantani shu gʻalati inga bogʻlab qoʻydi-da, oʻzi uyga kirib ketdi.
Endi u Sardiniya sohillaridan koʻz uzmay xonaning u yogʻidan bu yogʻiga betoʻxtov borib kelardi. Qotil oʻsha yerda!
It kun uzoq, soʻng tuni bilan ulib chiqdi. Ertalab esa kampir unga bir idishda suv keltirib qoʻydi – shu xolos: na yuvindi, na non bermadi.
Oradan yana bir kun oʻtdi. Majolsiz Semilyanta uxlardi. Ertasi kuni uning koʻzlari yonib, juni hurpaydi, endi u zanjirni uzish uchun jon-jahdi bilan yulqinardi.
Kampir unga hanuz ovqat bermagandi. Bu hol itning gʻazabini keltirar, u boʻgʻiq ovozda hurardi. Yana bir kecha oʻtdi.
Azonda Saverini kampir qoʻshnisidan ikki bogʻ somon soʻrab oldi. Soʻng eridan qolgan eski lash-lushlarni qidirib topdi-da, odam shaklini yasab, ichini somon bilan toʻldirdi.
Kampir Semilyantaning ini yoniga qoziq qoqib, endi bor boʻyi bilan namoyon boʻlgan haligi yasama qoʻgʻirchoqni bogʻladi. Soʻng eski toʻshakdan unga kalla yasab qoʻndirdi.
Garchi ochlik qiynayotgan boʻlsa-da, it somon odamga taajjub bilan qarar va sukut saqlardi.
Shundan soʻng kampir doʻkondan kattagina qora kolbasa boʻlagini olib keldi. Hovlida, shundoqqina itning uyasi yonida oʻt qalab, kolbasani qovura boshladi. Ochlikdan esi ogʻgan Semilyanta zanjirni uzar darajada yulqinar, ogʻzidan soʻlagi oqib, hidi toʻppa-toʻgʻri oshqozoniga borayotgan taomdan koʻz uzmasdi.
Kampir boʻlsa bugʻi chiqib turgan kolbasani xuddi boʻyinbogʻdek somon odamning boʻyniga bogʻladi. Uni yasama odamning boʻyniga yanayam chuqurroq kiritish uchun koʻp urindi. Bu ishni risoladagidek bajargach, u itni boʻshatib yubordi.
It dahshatli hamla bilan somon odamga tashlandi va oyogʻini uning yelkasiga tiragan holda boʻynini tilkalay boshladi. U oʻljasidan bir parchani tishlab uzgan holda yerga tushar, soʻng yana tashlanib, soʻyloq tishlarini arqonga tobora koʻproq botirardi-da, xoʻrakdan uzib olar, oʻzini yerga otar va yanayam quturgan holda qoʻriqchi tomon otilardi. Tez orada somon qoʻgʻirchoqning yuzi va boʻyni uvadaga oʻxshab qoldi.
Kampir voqeani joyidan jilmay, unsiz kuzatar ekan, koʻzlari yonib ketdi. U jonivorni qaytadan zanjirga soldi, uni yana ikki sutka och-nahor ushlab turdi, soʻngra oʻsha gʻalati mashgʻulotni takrorladi.
Uch oy mobaynida u itni shu usulda, oʻljani tishlari bilan tilkalab ovqatlanishga oʻrgatdi. Endi u Semilyantani bogʻlamas, faqat qoʻl ishorasi bilan yasama qoʻgʻirchoqqa olkishlardi.
Kampir itni somon odamning boʻyniga yegulik yashirmagan holda ham burdalashga, tishlagan joyini uzishga oʻrgatdi. Har safar unga mukofot tariqasida qovurilgan kolbasa berardi.
Yasama odamni koʻrishi bilan Semilyanta qaltirashni boshlar, soʻng bekasiga nigoh tashlardi. U esa barmogʻini yuqoriga koʻtarib, xirildoq tovushda buyruq berardi:
– Ol!
Saverini kampir, kutilgan fursat yetib kelganini anglagani hamon gunohlarini kafforat qilishga bordi. Yakshanba kuni ertalabdan astoydil ibodatga kirishdi. Soʻng erkaklar koʻylagini kiydi, juldurvoqi chol qiyofasida sardiniyalik baliqchi bilan savdolashdi-da, iti hamrohligida narigi qirgʻoqqa oʻtib oldi.
Qanor qopning ichida qora kolbasaning katta boʻlagi yotardi. Semilyanta ikki kecha-yu kunduzdan beri tuz totmagandi. Kampir dam-badam unga lazzatli yegulikni hidlatib, ishtahasini qitiqlardi.
Ular Longosardoga kirib bordilar. Korsikalik ayol oqsoqlanib borardi. U non doʻkoniga qayrildi va Nikola Ravolati qayerda yashashini soʻradi. Maʼlum boʻldiki, u yana avvalgi kasbi – duradgorlik bilan shugʻullanayotgan ekan. Qotil ustaxonasida yolgʻiz edi.
Kampir eshikni itarib, ovoz berdi:
– Ey, Nikola!
Yigit oʻgirilib qaradi. Shu on kampir itni ichkariga kiritdi va baqirdi:
– Ol, ol, burdala, burdala!
Hushi boshidan uchgan hayvon Nikola tomon otilib, uning boʻyniga tarmashdi. Erkak qoʻlini ikki yonga yozdi, soʻng itni mahkam ushlaganicha, yerga quladi. Bir necha daqiqa tipirchilab, depsinib turdi, keyin jimib qoldi. Semilyanta esa hamon uning boʻynini gʻajishda davom etar, raqibini burdalab tashlashga urinardi.
Keyinchalik, oʻz darvozasi oldida oʻtirgan ikkita qoʻshni, duradgorning huzuridan ozgʻin qora itni yetaklagan gadoy chol chiqqanini va jonivor egasi unga tashlab turgan allaqanday jigarrang narsani yoʻlma-yoʻl yeb ketganini aniq esladilar.
Kampir kech kirganda uyiga qaytdi. Shu kecha u xotirjam uxladi.
Rus tilidan Mohigul Azimova tarjimasi
“Yoshlik”, 2014 yil 1-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/intiqom/