Inson qalbini chizgan sanʼatkor

– Janob Joys, Sizni koʻrib turganimdan baxtiyorman. Tugʻilgan yurtingiz, unib-oʻsgan oilangiz va ota-onangiz haqida gapirib bersangiz?

Kamina Irlandiya poytaxtidan janubroqdagi Ratgar shaharchasida tavallud topganman (2 fevral, 1882 yil). Otam Dublinda otning qashqasiday tanigʻliq odamlardan biri edi. Ishga masʼuliyatsizligi tufayli tez-tez kasbi-korini oʻzgartirardi. Shuning uchun oilamiz bilan shaharning u chekkasidan bu chekkasiga koʻchib yurganmiz. Otam shinavanda odam boʻlib, ulfatlar davrasini yoqtirardi. Biroq mayxoʻrlikdan tiyila olmagani bois obroʻ-eʼtiborini yoʻqotib qoʻygandi. Onam bechora oʻn besh bola tugʻib, afsuski, shulardan oʻntasini voyaga yetkazgan uy bekasi edi. Mening shaxsiyatimga onamning fidokorligi, sabr-toqatidan ancha narsa oʻtgan. Oilada ikkinchi farzand boʻlganim uchun men onamni yaxshi tushunardim.

Irlandiyadagi eng yaxshi maktablardan biri Klongouz Vudda taʼlim olgansiz. Ammo otasining choʻntagida hemiri yoʻq bolaga u yerda oʻqishga yoʻl boʻlsin…

Otam har doim bankrot boʻlib yurgan. Biroq uning qoʻlidagi bor puli mening Klongouz Vudda oʻqishni boshlashim uchun kifoya qilgan. Bu maktabda koʻp fanlarga qiziqqan boʻlsam-da, asosan til va adabiyotni chuqur oʻrganishga intilganman. Lekin oradan biroz vaqt oʻtib, otamning puli tugadi va men boshqa maktabga qatnashga majbur boʻldim. Oilamiz oʻshandan keyin tanazzuldan chiqa olmadi.

Serfarzand oilasini qulay, farovon hayot bilan taʼminlamagani uchun otangizdan ranjiganmisiz?

Men bolaligimda ham, oʻsmirligimda ham masʼuliyatsiz va irodasiz emas edim. Hozir ham. Doim qadr-qimmatimni bilganman. Ezgulik va hamdardlik tuygʻularini yaxshi his qilaman. Oʻsha paytlar oilani boqish uchun oxirgi tangasini sarflayotgan onamga rahmim kelardi. Otamga nisbatan nafaqat menda, balki aka-ukalarim va opa-singillarimda ham achinish va nafratga oʻxshash qorishiq tuygʻu bor. Asarlarimdagi qahramonlarning ayrim jihatlarini aynan otamdan olib yozganman.

Adabiyotga qiziqish qanday boshlangan? Ijod charxpalagi oʻz-oʻzidan aylanib ketmagandir?

Dublin universitetida oʻqiyotgan chogʻlarimda Henrik Ibsen ijodi haqida esse yozdim (u sevimli yozuvchim). Keyinchalik “Biz oʻlganlar uygʻonganimizda” pyesasiga “Ibsenning yangi dramasi” degan taqriz ham qoraladim. Londondagi “Ikki haftalik sharh” jurnalida puxta-pishiqqina holda chop etildi. Tez orada adibdan minnatdorlik va maqtov xatini oldim (albatta, jurnaldan qalam haqini ham).

Shundan soʻng “Olomonga tatabbu”, “Drama va hayot”, “Katilina” singari maqolalarim turli nashrlarda eʼlon qilindi. Gauptmanning pyesasini tarjima qildim va boshqa esselar deganday…

Oʻsha paytdayoq yozuvchi boʻlishingizni tushunib yetganmidingiz?

Yoʻgʻ-ey, nimalar deyapsiz? Universitetni tamomlagach, tibbiyotni oʻrganish uchun Parijga bordim. Lekin tibbiyotga qiziqishim sekin-asta barham topdi. Men tez-tez Milliy kutubxonaga boradigan, sheʼrlar va kichik-kichik nasriy asarlar yozadigan boʻldim. Qoʻshimcha daromad ishlash maqsadida “Dublin Deyli Ekspress” nashri uchun kitoblarga taqrizlar yozib berdim. Bir yil davomida mazkur gazetada 23 ta maqolam eʼlon qilinibdi. 1903 yil 13 avgustda onam vafot etdi. U meni umrining oxirigacha qoʻllab-quvvatlab turgandi. Shundan keyin yana hayotimda muammolar, tashvishlar, kelajakka ishonchsizlik boshlandi.

Turmush oʻrtogʻingiz Norani uchratish hayotingizda, haqiqatan ham, unutilmas kun boʻlganmi? “Uliss” romanida uning nomini abadiylashtirdingiz. Yoshgina qiz sizni nimasi bilan rom etgan?

1904 yilning 10 iyunida Nora Barnaklni koʻchada birinchi marta uchratdim. Uning otasi novvoy yordamchisi edi. Roʻzgʻorini arang tebratardi. Noraning oʻzi “Fayns” mehmonxonasida oqsoch boʻlib ishlardi. Men uylanishim mumkin boʻlgan yagona ayol edi u! Juda orasta edi! Unga xat yozishni yoqtirardim. Ochigʻi, hech qachon soʻzni ayamaganman. Otam Barnakl familiyali (barnacle inglizchada yopishqoq degan maʼnoni anglatadi) odamning qizi bilan uchrashayotganimni bilgach, “U seni hech qachon tashlab ketmaydi”, deb aytgan. Uning gapiga farishtalar omin degan ekan oʻshanda.

Farzandlaringiz bormi?

Albatta! Men juda gʻamxoʻr otaman.

Adabiyotdagi keyingi ishlaringiz qanday kechdi?

Men koʻp va xoʻp ishlaganman. Gazeta uchun sheʼrlar, pamfletlar, maqolalar yozardim. Keyin hikoya, pyesa va romanlar bitdim. 1906 yili Rimga koʻchib ketdim, bu yerda bankning yozuv-chizuv ishlarini qiladigan xodim boʻlib joylashdim. Ingliz tilidan dars berdim. 1907 yili “Marhumlar” hikoyasini yozdim. “Kamer musiqa” toʻplamimga kiritilgan. 1914 yilning 2 fevralidan boshlab amerikalik modernist shoir Ezra Paund yordami bilan “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” romanimni eʼlon qila boshladim. Oʻsha paytda yozganlarimdan ayrimlarining taqdiri ogʻir kechgan. Chunki meni senzura umidsizlikka tushirib qoʻygandi. 1909–1912 yillari “Dublinliklar” nomli hikoyalar toʻplamimni tayyorlaganim behuda ketdi. Irlandiyadagi nashriyot avvaliga men bilan shartnoma imzolab, keyin vaqtni ataylab choʻzib, toʻplamni baribir nashr etmadi.

Oxir-oqibat, “Dublinliklar” dunyo yuzini koʻrdi-ku! Oʻshanda noshirlarni qanday jin chalgan edi?

Yangi kitobimni senzorlar oʻtkazishmadi. Xuddi yosh yozuvchilar kabi menga ham rad javobini berishdi. Ular kitobni tushunmagan, dadil va tanqidiy fikrlardan choʻchigan boʻlishi mumkin. Noshir esa jamoat bosimidan hayiqqan. Toʻgʻri-da, unga vatan xoini degan tamgʻani bosuvchi hikoyalarni chop etishdan nima foyda? Kitobning chop etilgan barcha nusxalari yoqib yuborildi. Bundan qattiq iztirob chekdim…

Albatta, ancha vaqt oʻtib, boshqa nashriyotda kitobim 1250 nusxada chop etildi. Biroq bular ham baribir kitobni toʻliq bosishmadi. Hanuzgacha tanqidchilar adabiyot meʼyorlari asosida asarlarimga baho bera olmayotganiga hayronman.

“Uliss” unutilmas taassurot qoldirdi. Roman yetti yil davomida yozilib, “Litl revyu” jurnalida bir necha yil davomida peshma-pesh eʼlon qilindi. Uning yuzaga chiqishi dunyoda adabiyot tushunchasiga munosabatni butkul oʻzgartirib yubordi. Gap kelganda, romaning yaratilishi xususida soʻzlab bersangiz…

Minnatdorman. Maqtov eshitish doim maroqli. “Uliss” – ikkinchi romanim. Xiylagina semiz kitob. Uni 1914 yilning 1 martidan yoza boshladim, birinchi jahon urushi yillarida 20 000 soat vaqtim ketdi. Qahramonlarim – dublinlik yahudiy Leopold Blum va yosh yozuvchi Stiven Dedal hayoti bayonini tonggi soat sakkizdan tungi ikkigacha qoralaganman. Kitobdagi barcha voqealar Dublinda boʻlib oʻtadi. Har bir epizodning oʻrni atroflicha koʻrsatilgan. Shaharning har bir detali asarda shu daraja aniq bayon qilinganki, agar Dublin yer yuzidan yoʻqolib ketsa ham, kitobim orqali yana xuddi avvalgidek qayta tiklash mumkin. Romanda yozuvchilik mahoratim, hayotiy tajribam, bor adabiy usul va janrlardan toʻliq foydalanishni xohlaganman. Baribir bu asar mening dunyomdagi orzu va intilishlarimdan katta emas.

Fikrimcha, asar hamma uchun emas. Har qanday odam uni mutolaa qilavermaydi. Hatto aql-zakovatli kishilar ham…

Ehtimol, shundaydir. Asarda borliqning insoniyatgacha boʻlgan davri va keyingi davrini koʻrsatib berishni maqsad qilgandim. Men bu asar orqali adabiyotga, odamzotning kasb-koriga munosabatini oʻzgartirishni oʻyladim. Balki asarim fantastikdir. Nasrdagi eng ogʻir sheʼrdir! Afsuski, asarlarim xuddi odobnoma kitoblari misoli oʻrganilayapti. Eng yomoni, buni koʻpchilik jiddiy qabul qiladi. Holbuki… Haqiqiy erkakcha gapni aytaymi? Bu asarimda birorta jiddiy misra yoʻq. Qahramonlar shunchaki vaysaqilar!

“Uliss” bu – “Odisseya” soʻzining lotin tilidagi varianti. Asar nomi orqali maqsadimga erishaman, deb oʻylaganmisiz? Yoki Homerning “Odisseya”si singari adabiyotda kamyob boʻlgan epos yaratishni xohladingizmi?

Albatta, men uchun Homer, Dante va Shekspir namuna boʻlgan. Ular bilan ijodiy musobaqaga kirisha oldim, deb oʻylayman. Biroq zamonaviy adabiyotning eposi faqat roman singari bir janr boʻlishi mumkin edi, xolos. Romanning tuzilishidan kelib chiqib, “Odisseya”dan umumiy qolip olingan, deb hisoblasa boʻladi. Aylantirib hikoya qilib berish ham undan yuqqan boʻlsa kerak. Ochigʻi, men aniqlik borasida unga ergashganman. “Uliss” Homerning “Odisseya”si bilan oʻzaro aloqador. Asardagi 18 voqeaning “Odisseya”da keltirilgan voqealar bilan oʻzaro ichki bogʻliqlik jihati bor. Oʻzaro uygʻunlik mazmunda, mavzuda va mohiyatda ham seziladi. Romandagi aksariyat qahramonlar Homer poemasining prototiplariga oʻxshaydi: Blum – Odissey, Stiven – Telemak, Molli Blum – Penelopa va hakazo. Taqqosni yana davom ettirsak, “oʻtaketgan” nomutanosiblikni ham koʻrish mumkin. Homer “Odisseya”ni boshqa davr va makonlarni kezib yaratgan. “Uliss” qahramoni esa kuni boʻyi Dublin koʻchalarida hech bir ish qilmay, sangʻib yuradigan oddiy odam. Homerda Penelopa – ayolning vafodorlik timsoli. Molli Blumning ishi esa xiyonatkorlik. Aslida, “Odisseya” va “Uliss” bir-biriga sira oʻxshamaydi. Masalan, Odissey yunon, Blum esa yahudiy. Agar hammasini aytib bersam, asarning boqiyligi qolmaydi. Romanda shunchalik koʻp jumboq va tilsimlar borki, ular hali olimlarning boshini yana yuz yillab ogʻritadi…

 

Azim Roʻziyev tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 3-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/inson-qalbini-chizgan-sanatkor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x