Inson va hayot haqida hikmatlar
Hayot seni ehtimol oʻz oldiga oʻtkazar,
Undan yaxshi muallim topmasliging muqarrar.
Abdushukur Balxiy.
* * *
…kurash hayot sharoitidir: kurash tugaganda hayot ham tugaydi.
V. G. Belinskiy.
* * *
Gʻallaning qimmati hosildorligida, kishi qimmati esa oʻz yaqinlariga manfaat keltirishi bilan oʻlchanadi. Tugʻilmoq, yashamoq, yemak, ichmak va axir-oqibatda oʻlib ketmoqni hasharotlar ham qila oladilar… Inson omma uchun foydali, haqiqiy maʼnaviy hayot bilan yashaydi.
J. Garibaldi.
* * *
Hayot uchun har kuni jangga bora oladigan kishigina hayot va ozodlikka sazovordir.
* * *
Faoliyat hayotning boshlanishidir.
* * *
Foydasiz hayot kechirish – bevaqt oʻlimdir.
I. V. Gyote.
* * *
Odamzod tiriklikni davlat bilsin,
Aql topsin, mol topsin, halol yursin.
Abay.
* * *
Turmushdagi yomonlikni ham yaxshilikni bilganday aniq va puxta bilish kerak. Mumkin qadar koʻproq narsa bilish kerak. Tajriba qanchalik rang-barang boʻlsa, u kishini shuncha yuqori koʻtaradi, tushuncha shuncha kengayadi.
Siz yoshlar, agar haqiqatan ham “Katta goʻzal hayot” istasangiz uni vujudga keltiring, ulugʻvor, tengi yoʻq narsani qahramonlarcha qurayotganlar bilan qoʻlni qoʻlga berib, birga boring.
* * *
…Yaxshi ishlash – yaxshi yashashdir.
* * *
…Inson oʻz qobiliyatlaridan foydalanish yoʻllarini shun-day bilmogʻi kerakki, bu qobiliyat ado boʻlmasin, borgan sayin rivojlansin.
* * *
Olga va choʻqqiga oʻrtoqlar, bu yoʻl faqat mamlakatimiz va davrimizning barcha munosib kishilarining yoʻlidir. Choʻqqiga degani nima demak? Bu, oʻzni shaxsiy, mayda mojaro, manmanlik, birinchi oʻrinni egallash uchun kurashdan, buyruqbozlikdan, xullas oʻtmishdan bizga meros qolgan pastkash va bemaʼniliklardan yuqori tutish demakdir. Biz jahonshumul ahamiyatga ega boʻlgan ulkan vazifani bajarishga kirishganmiz. Shuning uchun ham ishning munosib ishtirokchilari boʻlaylik.
* * *
Men hamisha qorin toʻygʻazishga juda koʻp gʻamxoʻrlik qiladiganlardan nafratlanardim. Gap bunda emas. Inson toʻqlikdan baland turadi!
* * *
Inson – moʻjiza, dunyoda yagona moʻjizadir…
Inson! Shu bir kalima soʻz bilan koʻksimda quyosh tugʻilganday boʻladi, uning yorqin nurida zahmatkash, goʻzal Inson olgʻa va yuksaklikka qarab salobat bilan yurib ketayotgandek!
Men uning keng peshonasini, yolqinlanuvchi, dono koʻzlarini – u koʻzlarda qudratli tafakkur nurlari yogʻilib turganini; undagi ruhan toliqqan choqlarda xudolar yaratuvchi, ruhan koʻtarinkilik davrlarida esa u xudolarni rad etuvchi buyuk kuchni koʻraman.
A. M. Gorkiy.
* * *
Beʼmani hayot kechirish – yomon turmush kechirish emasdir, ammo sekin-asta oʻlishdir.
Demokrit.
* * *
Inson hayoti temirga oʻxshashdir. Uni ishga solganingda, u sayqallashadi, uni ishlatmay qoʻysang-chi, zang yeb qoʻyadi.
Katon.
* * *
Ahli dunyokim erurlar odamilikdin yiroq,
Peshasi ozoru minnat, odati kinu nifoq,
Hushing oʻlsa bu soʻzimga sidq ila tutgʻil quloq,
Boʻlma itlar munʼimi tan toʻma aylab yaxshiroq,
Tanni qilgʻuncha semuz nokaslar inʼomi bila.
Ogahiy.
* * *
Kimdaki boʻlmasa zamona gʻami,
Yo olamdan emas, yo emas odam.
Pahlavon Mahmud.
* * *
Bu olamda er qadrini er bilur,
Chu oltin, kumush qadrini zargar bilur.
A. Firdavsiy.
* * *
Bogʻu boʻston qadrini bilsaki har zogʻu zagʻan,
Bulbuli shaydo bilur gulzora gulrez qadrini.
Sayyodiy.
* * *
Jahonning bogʻida gullar ochilur rang-barang, koʻrgil,
Agarchi yaxshi odam koʻp, ichida ham yomoni bor.
Hakima.
* * *
Inson umri qisqa albat – bunga ming afsus!
Gullar borki, umri bitar hatto kelmay kuz,
Lekin uning qisqa umri qanday goʻzal boq!
Inson umri undan esa ming bor goʻzalroq!
S. Shchipachev.
* * *
…haqiqiy hayot kishining chehrasidan koʻrinib turadi, koʻzlaridan, ayniqsa ravshan koʻrinib turadi…
N. G. Chernishevskiy.
* * *
Men harakat qilmogʻim shart, mening har kunim mangulikni yaratishda boʻlsin serunum.
M. Yu. Lermontov.
* * *
Hayotning oʻlchovi umr uzunligida emas, siz uni qanday foy-dalana olganingizdadir.
M. Monten.
* * *
Shunday yashash kerakki, oʻlgandan keyin ham oʻlmaslik lozim.
Musa Jalil.
* * *
Hayot erkin, shod boʻlsin desang, Unga joʻshqin yurak bilan kir.
N. A. Nekrasov.
* * *
Turmush kechirish juda qiyinlashganda ham yashay bilgin, foyda keltirib yasha.
N. Ostrovskiy.
* * *
Hayotining maʼnosiga tushunmaydigan kishilarning holiga voy.
B. Paskal.
* * *
Bilki qiyin hayot berur tappa taxt,
Fozillik, ulugʻlik, mardlik hamma vaqt.
A. Rudakiy.
* * *
Odam borki, umrida bir ish tushmasa boshga,
Oʻxshab qolar dengizning tagida choʻkkan toshga.
Odam borki, toʻlqinni ustiga minib yiqar,
Ummonlarning tubidan toza dur olib chiqar.
Mehdi Seidzoda.
* * *
Odam sodda koʻringani bilan biror falokat yuz bersa, kattami-kichikmi, unda ulugʻ kuch – insoniy goʻzallik namoyon boʻladi.
L. N. Tolstoy.
* * *
Dunyoning tilagi, samari ham biz,
Aql koʻzin qorasi – javhari ham biz,
Toʻgarak jahonni uzuk deb bilsak,
Shaksiz, uning koʻzi – gavhari ham biz.
Umar Hayyom.
* * *
Yomon odam yoʻldoshini qaritar.
* * *
Odam – temirdan qattiq, guldan – nozik.
Oʻzbek maqollari.
* * *
Yerni goʻzal qilgani sayin
Goʻzal boʻlar oʻzi ham inson.
* * *
Odam koʻrinishda bir-biriga oʻxshaydi goʻyo,
Lek, har kishida oʻziga xos qalb, aql muhayyo.
Koʻkdagi yulduzlar ham sirtdan bir-biriga oʻxshash
Ammo aslida-chi, har birining oʻzi bir dunyo.
Oʻzbek hikmatlari.
* * *
Toʻrt guruhning sinalishi toʻrt vaqtda boʻlur: botirlar shijoati urush kunlarida; aminlar lafzi olmoq va bermoqda; xotin va farzand vafosi uqubat va hojat kunlarida; doʻstlar sifati mehnat va mashaqqat chogʻida.
* * *
Abadiy yaxshilikka intilmovchi va faqat xudbinlik qiluvchi kishi afsusga sazovor ahmoqdir. Hayotni yeb-ichish, uxlash va laz-vat koʻrishdan iborat deb bilgan kishining hayvondan nima farqi bor?
Hind hikmatlari.
* * *
Yomon odamning doʻsti boʻlguncha, yaxshi odamning dushmani boʻlish afzal.
Yapon maqoli.
“Aql aqldan quvvat oladi” (Hikmatli soʻzlar, aforizmlar va maqollar. “Oʻzbekiston” nashriyoti, Toshkent – 1967) kitobidan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/inson-mojiza-hayot-gozal/