INGALYATSIYA (lot. inhalatus — nafasga olmoq) — dori moddalarni nafas yoʻllari (hiqildoq, kekirdak va oʻpka) ga kiritish usuli. Tabiiy va sunʼiy boʻladi. Togʻlarda siyrak havodan, dengiz boʻyida suv va tuz bilan toʻyingan havodan nafas olish, ignabargli oʻrmonlarda ozon, balzamli bugʻ, mineral buloklar yonida vodorod sulfid yoki karbonat angidrid aralashgan havodan nafas olish tabiiy Ingalyatsiyaga kiradi. Sunʼiy I . da maxsus shifobaxsh moddalar tutun, bugʻ, aerozol (q. Aerozol-terapiya), gaz, quruq kukun, nam yoki moyli tuman holida iskaladi (xalq tabobatida sunʼiy Ingalyatsiya burnaki ham deyiladi). Sunʼiy Ingalyatsiyada purkagich (pul-verizator)ga oʻxshash tuzilgan maxsus apparat — ingalyator dan foydalaniladi. Uyda, mas, bugʻ I. qilish uchun idishga issiq suv quyiladi, bemor idish ustiga engashib, boshi va idish ustiga sochiq yopib, suv bugʻlaridan 5 — 10 min. nafas oladi (issiqsuvni vaqt-bevaqt qoʻshib turish mumkin). Ingalyatsiya, asosan, nafas yoʻllarining kasalliklarini davolashda qoʻllanadi. Qon ketishiga moyil kishilarga, yurak-tomir sistemasi va oʻpka kasalliklarida Ingalyatsiya qilish yaramaydi. Ingalyatsiya ovqat yeb boʻlgach, 1 — 1,5 soatdan keyin qilinadi. Uy sharoitida turli portativ choʻntak in-galyatoridan foydalaniladi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые