Imtihonlarni internetda jonli efirga uzatadigan, barcha uchun ochiq boʻlgan platforma ishga tushiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga koʻra, quyidagi imtihonlarni oʻtkazish jarayonini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:
oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar;
oliy taʼlim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari;
respublikadagi yoki xorijdagi oliy taʼlim muassasasidan respublikadagi davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar;
xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlari.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Davlat test markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda 2021/2022 oʻquv yili qabuliga qadar “transfer.edu.uz” platformasi negizida mazkur bandda koʻrsatilgan imtihon jarayonlarini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatishni taʼminlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan “imtihon.uz” veb-platformasini ishga tushiradi;
bir oy muddatda imtihonlarni (test sinovlarini) oʻtkazish jarayonini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatish boʻyicha texnik talablarni (oʻrnatiladigan videokameralar va tasvir sifati, joylashish sxemasi va boshqalar) ishlab chiqadi;
mazkur bandda koʻrsatib oʻtilgan talablarga rioya qilmaydigan masʼullarga nisbatan qatʼiy javobgarlik choralarini koʻrish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Hukumatga kiritib boradi.
Понравилась статья? Поделиться с друзьями: