Ilyos Muslim

Bolalar uchun asarlar yaratishni oʻzi uchun bir baxt deb bilgan, sermashaqqat va qutlugʻ bu ishga umrini bagʻishlagan Ilyos Muslim 1909 yilning 2avgustida Qirgʻizistonning Bishkek shahrida choʻyan quyuvchi – hunarmand oilasida dunyoga keladi. U 1924-yilda shahardagi Narimonov nomli 1-boshlangʻich oʻzbek maktabiga kiradi. Maktabda oʻzbekcha, qirgʻizcha va ruscha kitoblarni sevib oʻqiydi. Atrofda boʻlayotgan oʻzgarishlarga sinchkovlik bilan qaraydi. Dastlabki maqola va sheʼrlarini maktab devoriy hamda respublika gazetalarida bostirib turadi.

1927 yilning kuzida Ilyos Muslim Toshkentga kelib, oʻzbek erlar bilim yurtiga oʻqishga kiradi. 1930 yilda uni muvaffaqiyatli tamomlab, Qashqadaryoga boradi. Yakkabogʻ tumanidagi Shaman, Qirgʻiz va Sherozi qishloqlarida oʻqituvchilik qiladi.

1931–1932-yillarda Ilyos Muslim Oʻzbekiston davlat nashriyotida, badiiy adabiyot, yoshlar va bolalar adabiyoti nashriyotlarida muharrir, bosh muharrir oʻrinbosari vazifalarida ishlaydi. Shoirning birinchi sheʼrlar toʻplami 1932 yilda “Oʻsuv” nomi bilan kitobxonlar hukmiga havola etiladi. Shu yili “Zaharxandalar” degan ikkinchi toʻplami, 1934 yilda “Miqti keldi” dostoni bosilib chiqadi. 1938 yilda esa “Sheʼrlar” toʻplami maydonga keladi.

Ilyos Muslim 30 yillarda yaratgan barcha asarlarida erk, ozodlik, yangi hayot, ozod mehnat, yangi davr, yoshlarning baxtiyor turmushi, yurtning oʻsishi, dehqon taqdiri va ona-Vatanga mehr kabi oʻsha davr masalalari toʻgʻrisida fikr yuritadi. Masalan:

Vatan hamdam,

Hurmiz har dam.

Yoshlik gʻuncha,

Oʻsar har dam.

Mehnat toshdi

Gʻayrat joʻshib.

Hayot qaynar

Zafar quchib.

Ilyos Muslim oʻzining “Miqti keldi” (1933) poyemasi bilan 30 yillar oʻzbek bolalar dostonchiligini boshlab berdi. Dostonda erkin, tinch va osuda hayotni bunyod etish uchun kurash Miqti va boshqa obrazlar misolida ochib beriladi.

Ilyos Muslim 1942–1947 yillarda harbiy xizmatda boʻladi. Ikkinchi jahon urushida nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurash olib boradi. Birinchi Belorussiya frontida harbiy muxbir boʻlib ishlaydi. “Yovni tutday toʻkamiz”, “Adolat jangi”, “Marshrut – Berlin!”, “Toʻpchilarga”, “Yashna, Vatan!” va boshqa oʻnlab sheʼrlari shu davr ijodining mahsulidir.

1947 yilda harbiy xizmatdan boʻshagan Ilyos Muslim nashriyotga qaytib, ijodiy ishga beriladi. Uning “Turnalar”, “Bizning maktab”, “Sening sovgʻang”, “Tilla qoʻngʻiz”, “Ishchan asalarilar”, “Oylar aytishuvi”, “Oyxon va rayhon”, “Koʻrik”, “Birinchi sovgʻa” kabi kitoblari hozirgi oʻzbek bolalar adabiyotining rivojlanishiga barakali hissa boʻlib qoʻshiladi. Bu toʻplamlar yosh kitobxonlarning aqliy, axloqiy, estetik tarbiyasida yetakchi oʻrin egallaydi.

Ilyos Muslimning qaysi asariga nazar tashlamang, unda davrimizning bolalar adabiyoti oldiga qoʻygan vazifalari, kichkintoylar oldida turgan muhim ishlar tasvir markaziga qoʻyilganini koʻrish mumkin. Masalan, “Maktabim” asarida dunyoda maktabdan aziz, moʻtabar joy yoʻq, goʻyoki “ona kabi mehribon” bir makon, kishining savodini chiqaradigan, oʻzini oʻziga tanitadigan, ongi va aqliga aql qoʻshadigan ulkan maskan, degan gʻoya ilgari suriladi. Shuningdek, asarda bolaning maktabdan behad minnatdorligi, oʻzining oldida turgan bir qator vazifalar, el-yurtga sodiq xizmatkor boʻlish uchun avvalo maktabda yaxshi va namunali oʻqish kerakligi sodda va ravon misralarda ifodalab berilgan:

Aʼlo oʻqishdir burchim,

Sarf etaman bor kuchim.

Ishlayman xalqim uchun,

Qadrdonim maktabim!

Ilyos Muslim quyoshli Oʻzbekistonimizning goʻzalligini, bolalaming baxtiyorligini kuylar ekan, ularning porloq kelajagiga nazar tashlaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda shoirning “Doʻstlik” sheʼri diqqatga sazovordir.

Shoir doʻstlik va tinchlik tushunchasini kichik yoshdagi bola tasavvurida berib, ularni maktabgacha tarbiya yoshidanoq doʻstlik ruhida tarbiyalashni asosiy vazifalardan deb biladi. Bu gʻoyani tinchlik uchun kurash tuygʻusi bilan omixta etib ifodalaydi.

Shoir tinchlikning mohiyatini tushuntirishda kichik yoshdagi bolalarning saviyasiga mos usullar qidirib topgan. Yaʼni bolalar tinchlikni shirin-shakar qand, shokoladlar, konfetlarning moʻlkoʻlligida deb tasavvur qiladi, degan xulosa chiqaradi. Tinchlikni shu yoʻsinda tushuntirib, ularning fikrini tasdiqlaydi:

Juda moʻl boʻlar shokoladlar ham,

Stolga toʻlar marmeladlar ham,

Koʻpayar yana shirin kulcha non,

Holva-yu konfet, obakidandon.

Bogʻlarda oʻynab-kulib yurgan va turli noz-neʼmatlardan bahramand boʻlgan bolalar ham, jahon mehnatkashlari ham elning, yurtning tinch va obod boʻlishini, ota-onalarining tashvish tortmasligini xohlaydi. Shuning uchun ham shoirning kichik qahramonlari olamga jar solib, tinchlik boʻlsin, deydilar:

Bogʻlarimizda yayraymiz har dam,

Bilim olamiz, kuylaymiz bardam.

Dunyoda xalqlar kun kechirsa tinch.

Ota-onalar tashvish tortmas hech.

Bu murojaatda bolalarning urushga qarshi nafrati, ozodlik bilan doʻstlikning qudratiga zoʻr ishonch oʻz ifodasini topgan.

Ilyos Muslim “Sening sovgʻang” nomli sheʼrida oʻz hunari bilan hammaning diqqatini tortgan chevar qizning lirik obrazini yaratadi. Shoir bu obrazida hammani oʻziga jalb qilgan jajji qizning fazilatini koʻrdi va uni gavdalantirdi. Chevar qizdagi eng yaxshi fazilatlardan biri uning mehnatga mehr bilan berilishidir. Buni shoir turli istioralar yordamida ifodalaydi:

Chaqnab turgan quvnoq koʻzingni

Qoʻlingdagi ishdan olmaysan,

Ishni har kun olib yoningga,

Zehn qoʻyib kashta tikasan.

Shoir chevar qiz oʻzining butun mehri bilan tikkan kashtasini onasiga sovgʻa qilishi bolaning ota-onaga boʻlgan cheksiz muhabbatini, u davr yoshlariga xos xislatlarga ega ekanligini ulugʻlaydi.

Ilyos Muslim jismoniy mehnatni maktabgacha tarbiya yoshidan boshlashni afzal koʻradi. Oʻzining bu ezgu niyatini u “Oyxon bilan rayhon” deb nomlangan jajjigina bir sheʼrida juda loʻnda qilib taʼriflaydi.

Oyxonning oddiy va soddaligi, tirishqoq va uddaburonligi, hatto katta yoshdagi bolalarni ham qoyil qoldiradi. U har xil koʻchatlar ekadi. Gap shundaki, yerga koʻchat ekish boshqa, uni parvarish qilish boshqa. Oyxon koʻchatlarga mehr bilan qaraydi. Tagini chopadi, suv quyadi. “Jambil, sada, oshrayhon” koʻmkoʻk boʻlib voyaga yetadi. Ayniqsa, “Oyxonning sochi kabi quyuq oʻsadi rayhonlari”. Rayhondan isteʼmol qilib koʻrganlar mehnatkash qizchaga rahmat aytib, minnatdorchilik bildiradilar:

Bobolar nasihatin

Eslab sevinchga botdi.

Halol mehnat rohatin

Oyxon ham shu kun totdi.

Bugungi oʻzbek bolalar adabiyotining atoqli vakili Ilyos Muslimning bunday jozibali sheʼrlari juda koʻp. Uning fazogirlarga bagʻishlab yaratgan “Raketamiz uchdi oyga”, “Toʻrt botir”, “Kichik Andriyan”, “Haykal” va boshqa sheʼrlarida dovyurak fazogirlar, fazo kemalarini bunyod etgan kishilar, fazoga parvoz etishga qiziqayotgan bolalar qalamga olinadi.

Shoirning “Eshmatvoyning qiligʻi”, “Yomon odat”, “Befahm Eson”, “Holcha bilan olcha”, “Mashmasha”, “Grippdan kim qochadi?” singari hajviy asarlarida ishyoqmas, dangasa, lapashang, oʻz ustida koʻp ishlamaydigan bolalarning kamchiliklari, nuqsonlari ochib tashlanadi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ilyos-muslim/

2.8 4 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x