“Ilon oʻtdi” darasi yoki Amir Temur darvozasi

Jizzax zaminidan koʻhna Buyuk Ipak yoʻli oʻtgani uchun ham mazkur kent jahon tamaddunida juda katta ahamiyat kasb etib kelgan.

Jizzax dovonidan pastlikdagi togʻning qoq beli xuddi sariyogʻ kabi kesilib, keng va ravon yoʻl solingan, Sangzor daryosi ham aynan shu yerdan oʻtgan. Avtomobil va poyezdlar qatnovi mamlakat shimolini Sharqqa bogʻlab turadi.

Zomin va Nurota togʻ tizmalarini mana shu fusunkor va maftunkor “Ilon oʻtdi” darasi ajratib turadi. Daraning kunchiqar tomoni Zomin, kunbotarga qaragan tomoni esa Nurota togʻ tizmalarining boshlanish qismi hisoblanadi. Negadir mahalliy aholi “Ilon oʻtdi” darasini “Amir Temur gʻori”, “Temur darvoza” degan nomlar bilan ham atashadi.

Shuning uchun el orasidagi ayrim gap-soʻzlarga qaraganda, Sohibqiron Amir Temur bobomiz har gal zafar quchganidan keyin zamin sayqali Samarqandga faqatgina ana shu “darvoza” orqali kirib kelgan ekan. Bu joy qattiq qoʻriqlangan boʻlib, strategik ahamiyatga ega manzil boʻlib kelgan.

Sangzor daryosi togʻlarining bulutlarga qadar yetgan baland choʻqqilaridan toshlarga urilib, dumalab, pishib oqib keladi. Daryo ikkita togʻ tizmasining tabiiy chegarasi hisoblanar ekan.

“Ilon oʻtdi” darasining tabiati, havosi ajoyib. Bu qadim manzilga yaqin goʻshada umrguzaronlik qilayotgan togʻliklarning oʻzi yashayotgan hududlari, togʻ choʻqqilari-yu, soylari, daralari haqidagi bir-biridan qiziqarli hikoyatlari, kishini sehrlab qoʻyadi, allaqanday tuygʻularga chulgʻaganday boʻladi.

Shu mahal ulkan bir qora qush Temur darvozaning muz sumalakni eslatadigan qirrador choʻqqisiga kelib qoʻndi. Atrofni sinchkovlik bilan kuzatadi. Qoyadan sal naridagi kenglikda qoʻylar suruvi koʻzga tashlanadi. Nima uchundir, ushbu hududdan doimo shamol arimaydi. Dara atrofida yongʻoq, archa, naʼmatak kabi dov-daraxtlar onda-sonda boʻlsa-da uchraydi. Ikki tomon esa qorayib ketgan qoyalar bilan oʻralgan. Bu oʻlmas qoyalarni oralab, bir toshqin daryo oqadi. Daryoning shundoqqina yonida bir bujur, qirrador qoya oʻsib chiqib, osmonu falakka sanchilib turganday goʻyo. Mazkur qoyalar Amir Temur bobomizning qanchadan-qancha zafarli yurishlariga, masrur, quvonchli onlariga guvoh boʻlmagan deysiz. Shuning uchun ham, manguga zanjirlangan bu ikki togʻ ajraladigan manzil tarixiy timsolga aylanib ulgurgan.

 

Ulugʻbek JUMAYEV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/turfa-olam/ilon-otdi-darasi-yoki-amir-temur-darvozasi/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x