Ilm. Savdoda halollik


Post Views:
888

Islom dinida kishilar o‘rtasidagi tadbirkorlik, ishbilarmonlik va hamkorlik munosabatlarini o‘ziga xos hususiyatlari va nozik jihatlariga doir masalalar mufassal bayon qilingan bo‘lib, insonlarni doimo haq va adolatga rioya qilishga targ‘ib etiladi. Haq va adolat kishining huquq va majburiyatlarini tashkil etadi. Alloh taolo Nahl surasi 90 oyatida bu haqida shunday deydi:

“Albatta, Alloh taolo adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurur, hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytarur”.

Mufassirlar oyatdagi adolatni 3 qismga bo‘lishgan:

  1. Insonning Allohga adolati, Allohga e’tiqod qilishi.
  2. Insonning nafsi bilan jismi o‘rtasidagi adolati. Ya’ni o‘zini halok etuvchi narsalardan uzoq tutishi.
  3. Insonlar orasidagi adolat, ya’ni insofli bo‘lish boshqalarning haqiga hiyonat qilmaslik.

Payg‘ambar s.a.v. aytdilar: “Bir kishi aldov bilan birovning haqqini olsa, Alloh uni jahannamga doxil qiladi va jannatdan yiroqlashtiradi” dedilar. Shunda bir kishi: “Ey Allohning Rosuli! Agar u haq qiymatsiz arzimas bir narsa bo‘lsachi?” deb so‘radi. Payg‘ambar s.a.v.: “Hatto misvok daraxtidan bir shoh parchasi bo‘lsa ham”, deb ta’kidladilar.

Islom shariatida halollik muhim o‘rin tutib, u inson umri xotirjam, osoyishta va farovonlik bilan o‘tishiga garov, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Halollik bu inson tabiatidagi eng go‘zal tuyg‘u bo‘lib, aynan mana shu tuyg‘u orqali o‘zgalarning mehr-muhabbatini qozonadi. Insonlar bir birlari bilan o‘zaro aloqalar vaqtida boshqalarining haqlariga tajovuz qilmasliklari lozim.

Islom dini savdo sotiqda halol bo‘lishlikni targ‘ib etadi. Allohga beadad shukrlar aytamizki, yurtimiz mustaqilligi sharofati ila bozor iqtisodiyoti joriy bo‘ldi. Avvallari hatto o‘zimizning milliy hunarmandchiligimiz mahsulotini ham erkin xolda bozorga olib chiqa olmasdik. Tijoratchi, tadbirkorning nomini “chayqovchi” deb kamsitilar edi. Mana endi savdo-sotiq ishlarimiz emin erkin, tijorat uchun hatto bemalol qatnash imkoniyati tug‘ildi. Katta va kichik tadbirkorlarning erkin faoliyati uchun hukumatimizning qator qarorlari chiqib turibdi. Bunga faqat shukr qilishimiz va o‘zaro muomalatlarimizda adolatli hamda insofli bo‘lishimiz darkor.

Har bir amalga oshiradigan ishimizni to‘g‘ri, mukammal va inson manfaatlarini ko‘zlab yuborilgan islom dinimiz hayotimizda ko‘p uchraydigan savdo bobida ham ko‘rsatma bergan.

Muborak Allohning kalomi, Payg‘ambarimiz s.a.v. irshodlari va buyuk ulamolarimizning mo‘’tabar kitoblarida savdo-sotiqning ham alohida odoblari, ko‘rsatmalari ta’kidlangan. Jumladan, avvalo:

1. Sidqi muomala. Sotuvchi mahsulotini navi, sifati, jinsi, asosi va harajatlari haqida yolg‘on aralashtirmay uning haqiqiy sifati bilan tavsiflash.

 Rosululloh s.a.v. bir kuni bozorda bug‘doy sotib turgan kishining bug‘doyiga muborak qo‘llarini tiqib ko‘rsalar, bug‘doyning tagi nam ekan. Shunda: “Bu qanday bo‘ldi?” deb sotuvchiga e’tiroz bildirdilar. Sotuvchi esa: “hozir yomg‘ir yog‘ib o‘tgan edi, shuning uchun nam tekkanini tagiga qo‘ygan edim”, deb uzr aytdi. Rosululloh s.a.v. unga: “nam tekkani ustida turavermaydimi?” deb: “Kimki xiyonat qilsa bizdan emas”, dedilar.

Alloh taolo Qur’oni karimda: “ (Savdo sotiqda o‘lchov va torozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladilar, odamlarga o‘lchab yoki tortib berganlarida esa urib qoladigan kimsalardir.”

Rosululloh s.a.v. Madinaga kelgan vaqtlarida u yerda Abu Juhayna degan kishi bor edi. Uning 2 ta o‘lchov asbobi bor bo‘lib, biri bilan o‘ziga tortib olib, boshqasi bilan odamlarga tortib berar edi. Shu bois Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi.

Tarozidan urish, litrdan, metrdan, hajmdan, donasidan urishning barchasi yolg‘on hisoblanadi.

Solihlardan birlari aytadilar: “Bir bemorni ko‘rgani bordim. O‘limi yaqinlashib, o‘zini bilmay yotgan ekan. Unga har qancha shahodat kalimasini talqin qilsam ham, tili hech aylanmasdi. O‘ziga kelgach: “birodar shahodatni bir muncha talqin qilsam ham tilingiz hech aylanmadi, tinchlikmi o‘zi?, deb so‘radim. U bo‘lsa: “Tarozining pallasi tilimni bosib gapirtirmay qo‘ydi” dedi. Nega tarozidan urib qolarmidingiz? deb so‘rasam u: “Yo‘q unday emas. Biroq tarozini o‘z vaqtida to‘g‘riligini tekshirib turmasdim”, deb javob berdi.

Tarozisini nazorat qilib tekshirib turmagan, to‘g‘riligiga e’tibor bermagan kishining holi shu bo‘lsa, urib qoladiganlarning ahvoli qanday bo‘larkan?

2. Muomalada bag‘rikeng bo‘lish.

Nabiy s.a.v.: “Qachon sotganda ham, sotib olganda ham, haqqini talab qilganda ham bag‘rikeng karamli bo‘lgan odamni Alloh rahm qilsin”, dedilar.

Musulmon odam doimo karamli, sahovatli bo‘lishi kerak. Ayniqsa oldi-sotdi va haq talab qilish paytida, mumsiklik qilib, tiyinning ustida yetti dumalab turib olish baraka keltirmaydi. Balki sahiylik sotuvchidan oz-moz narxidan o‘tib berishi, oluvchidan mahsulotni pasga urmay me’yorida olish Allohning rahmatiga, xayr-barakaga sabab bo‘ladi.

3. Qasam ichishdan tiyilish, garchi so‘zi rost bo‘lsa ham.

Rosululloh s.a.v.: “Savdoda ko‘p qasam ichishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki qasam (molni) o‘tkazsada barakasini o‘chiradi, dedilar.

Ba’zi bir savdogarlar o‘z molini o‘tkazish uchun yolg‘on gapiradilar, hatto qasam ichadilar. Xaridorlar ularning gaplariga, qasamiga ishonib molini sotib oladi. Ammo keladigan foyda ko‘p qolsada aslida uning barakasi bo‘lmaydi.

Rosululloh s.a.v. “Molni sotishda ko‘p qasam ichishdan saqlaning! Chunki qasam bilan sotilgandan keyin barakasi ham birga ketadi”.

Shuning uchun savdogar rostgo‘y bo‘lishi kerak, qasam ichib molini o‘tkazishga urinmasligi lozim. Rostgo‘ylik bilan, birovni aldamasdan qilingan savdoda baraka bo‘ladi. Egasiga foydasi yuqadi va halol bo‘ladi.

Rosululloh s.a.v. hadislarida: “Rostgo‘y, omonatli tijoratchi nabiylar, rostgo‘ylar va shahidlar bilan birgadir”, dedilar.

4. Birovning maxsulotini yomonlamaslik.

Rosululloh s.a.v.:  “Savdoda najsh qilmang!” deganlar.

Ya’ni najsh degani, sotuvchi tomondan bir odam yoqlanib kelgan xaridorga qimmatroq sotish maqsadida yolg‘ondan uning ko‘zi oldida qimmatga sotib olish.

5. Xayr-ehsonni ko‘p qilib turish.

Qays ibn Abu G‘arza r.a.dan rivoyat qilinadi: “Rosululloh s.a.v. ning davrlarida “dallol” deb nomlanar edik. Rosululloh s.a.v. bizning oldimizdan o‘tdilar va bizlarni undan yaxshiroq ism bilan  nomladilar: “Ey tojirlar jamoasi! Albatta, savdoda behuda narsa va qasam hozir bo‘ladi, bas uni sadaqa ila aralashtiring!”, dedilar.

Chunki savdogar savdo mobaynida voqye’ bo‘lib turadigan kamchiliklariga, bekordan bekor gapirgan behuda gap so‘zlarni aytib yoki ishlarni qilib qo‘yishlari, hatto qasam ichishlari ham mumkinligi e’tiboridan tez-tez sadaqa qilib turishlari kafforat bo‘ladi.

Tijoratchilarning ishi qiyin, chunki har bir lahzada birovning haqqi ustida turadi.

Imom Abu Hanifa r.a.ning mashhur shogirdlari Imomi Muhammad r.a.dan: “Taqvo haqida bir kitob yozsangiz” deb iltimos qilganlarida, u kishi: “yozib qo‘yganmanku”, dedilar. Shunda: “U qaysi kitob?” deyishganda, “Kitobul bay’ tijorat kitobi”, deb javob bergan ekanlar. Bu zotning “Kim tijoratni to‘g‘ri qilsa, shuning o‘zi taqvo degani”, bo‘ladi.

Zero, asosiy eng katta taqvo, inson luqmasining halol bo‘lishidadir.

Harom kasb harom rizqning yomon oqibati. Musulmon kishi xaromdan hazar qilishda o‘ta mas’uliyatli bo‘lishi kerak.

Hozirgi kunda yurtimizda tadbirkorlarimizga keng imkoniyatlar berilganligi bois, tijoratchilarimiz xalqimiz extiyojlari, talablarini qondiradigan har turli mahsulotlarni ishlab chiqaryaptilar, o‘zimizda kam uchraydigan, qishin-yozin mavsumiy mahsulotlarni esa dunyoning qaysi joyidan topib bo‘lsa ham keltirib  bozorlarimizni to‘ldirib, yetkazib turibdilar. Mana bunday mashaqqatlar bilan halol kasb orqali topgan mablag‘laridan keksalar uyi, mehribonlik uyiga, maktab, bog‘cha kabi muassasalarga yordam berib kelmoqdalar.

Payg‘ambar s.a.v. halol rizq topish fazilati haqida shunday dedilar: “Kimki tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat ko‘rsatish maqsadida halol yo‘l orqali rizq topish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiyomat kuni u Alloh taologa yuzi yorug‘ bo‘lgan holida yo‘liqadi”, dedilar.

Payg‘ambar s.a.v.: “Sadaqa 70 xil baloni daf qiladi, u balolarning eng yengili moxov va peslik kasalligidir”.

Anas r.a. dan rivoyat qiladilar, Nabiy s.a.v. aytdilar: “Moli bor odam molidan, ilmi bor ilmidan, quvvati bor quvvati bilan sadaqa qilsin”, dedilar.

Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi

https://shosh.uz/uz/ilm-savdoda-halollik-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x