Ilm. Juma kunining odoblari


Post Views:
1 641

1) G‘usl qilish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Juma kuni g‘usl qilish har bir balog‘atga yetgan kishining burchidir” (Buxoriy (879) rivoyati);

2) Poklanish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim juma kuni g‘usl qilsa, qo‘lidan kelganicha poklansa, sochini yog‘lasa, uyidagi atirdan sepsa, so‘ng masjidga borib, odamlar yelkasidan hatlab o‘tmasa, so‘ng qo‘lidan kelganicha nafl o‘qisa, so‘ng imom xutba qilayotganida jim turib tinglasa, albatta Alloh taolo uning kelasi jumagacha bo‘lgan gunohlarini kechiradi” (Buxoriy (883) rivoyati). Bu hadisda g‘usl qilish bilan birga poklanish ham zikr qilindi. Bundan kelib chiqadiki, hadisdagi poklanishdan maqsad faqat g‘usl qilish emas, balki poklanishga sabab bo‘ladigan boshqa ishlarni ham qilish ekan. Shunga binoan, juma kuni avrat va qo‘ltiq tuklarini tozalash, tirnoqlarni olish hamda mo‘ylabni qisqartirish juma kunining odoblaridan sanaladi. Ba’zilar poklanish niyatida juma kuni soqolini ham qirtishlab oladi. Bu juda ham katta xato. Chunki soqolni qirtishlab olish haromdir. Shuningdek, og‘zi, oyog‘i yoki qo‘ltig‘i hidlanadigan kishilar doimo, ayniqsa, juma kuni imkon qadar shu ishning oldini olishga harakat qilishlari, qo‘lansa hidlarni ketkizadigan zamonaviy vositalardan foydalanishlari maqsadga muvofiqdir;

3) Atir sepish: jumaga borganda odamlarga turli xil yoqimsiz hidlar bilan ozor bermaslik uchun atir sepish shu kunning sunnatlaridan sanaladi;

4) Eng chiroyli kiyimlarni kiyish va sochni yog‘lash: musulmon kishi juma namoziga borganda qalbini poklash bilan bir qatorda tashqi ko‘rinishi ham go‘zal bo‘lishi lozim. Shuning uchun juma namoziga borishdan oldin eng chiroyli kiyimlaringizni kiyishingiz va agar sochingiz uzun bo‘lsa, soch uchun ishlatiladigan maxsus krem, gel va yog‘lar yordamida sochingizni tartibga keltirib olishingiz ham sunnatdir;

5) Misvok ishlatish yoxud tishni yuvish: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmaganida, men ularni har namozdan oldin misvok ishlatishga buyurgan bo‘lardim” – deganlar (Buxoriy (887) rivoyati);

6) YUqoridagi hadisda aytilgan savobga erishish uchun masjidga borgandan so‘ng odamlar yelkasidan hatlab o‘tmaslik kerakligi aytib o‘tildi. Chunki bu ish o‘tirganlarga aziyat beradi va ularda sizga nisbatan nafrat uyg‘otadi. Holbuki musulmon kishiga aziyat berish haromdir;

7) Kahf surasini o‘qish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim juma kuni Kahf surasini o‘qisa kelasi jumagacha undan nur taralib turadi” (Bayhaqiy “Sunanul kubro”da (5996) rivoyat qilgan.

8) Ko‘p duo qilish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Juma kuni shunday bir vaqt borki, musulmon kishi shu vaqtda namoz o‘qib, Allohdan duo-iltijo qilib so‘rasa, albatta Alloh unga so‘ragan narsasini beradi” – deganlar va qo‘llari bilan bu vaqtning juda ham qisqaligiga ishora qilganlar (Muslim (1926) rivoyati). Biroq hadisda bu vaqt qachon ekani aniq aytilmagan. Shu vaqtga to‘g‘ri kelib qolish niyatida juma kuni vaqtingizni hech ham bekorchi narsalarga sarflamay, doim duoda bo‘lishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi;

9) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga imkon qadar ko‘p salovat aytish: bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Menga juma kuni ko‘p salavot aytinglar. Chunki menga har juma ummatimning menga aytgan salavoti ro‘baru qilinadi. Kim menga ko‘p salavot aytgan bo‘lsa, (qiyomatda) menga eng yaqinlardan bo‘ladi” – deganlar (Bayhaqiy “Sunanul kubro”da (5791) rivoyat qilgan);

10) Boshqa kunlar qolib, faqat juma kuni ro‘za tutmaslik: bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Hyech kim faqat juma kuni ro‘za tutmasin. Biroq jumaga qo‘shib bir kun oldin yoki bir kun keyin ro‘za tutsa bo‘laveradi” (Buxoriy (1985) rivoyati).

"Mo‘yi Muborak Ukkosha" jome masjidi
“Mo‘yi Muborak Ukkosha” jome masjidi

Ilhomjon Madaliyev, “Mo‘yi Muborak Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi tomonidan taqdim etilgan

https://shosh.uz/uz/ilm-juma-kunining-odoblari-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x