Post Views:
2 408
Meros so‘zi «Virosatun» so‘zidan olingan bo‘lib ma’naviy yoki moliyaviy haqqa ega bo‘lish degani. Ya’ni, biron narsani bir shaxsdan boshqasiga o‘tishligidir. Shu ma’noga ko‘ra “Meros” mol, boylik, ilm, ulug‘likni o‘z ichiga oladi.
Fiqxiy tushuncha bo‘yicha, mayitning ortida shar’iy vorisga qolgan mol va huquqlarga meros deyiladi. Meros ilmining asosiy dalil va hujjatlari Qur’oni Karim, sunnat va ijmo’dan olingan. Bu ilmda qiyosga o‘rin qolmagan. Meros ilmini FAROIZ ilmi o‘rgatadi. Bu ilmning bilimdoni “Faroizi” deb nomlanadi.
Meros ilmining g‘oyasi – qoldirilgan merosni har haq egasiga o‘z haqini, shariy belgilangan ulushini yetkazishdir. Meros ilmiga Alloh taoloning o‘zi asos solgandir. Ibni Abbos roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda: “Ahli faroizlar o‘rtasida molni Allohning kitobi bo‘yicha taqsim qilinglar”, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlarida bu masalaga ozgina o‘rin qolgan xolos. O‘lgan kishidan qolgan tarikaga bir necha haqlar bog‘liq bo‘ladi (4 ta):
- Bir musulmon odam vafot etganidan so‘ng uning tarikasi hisob qilinib, birinchi galda uni kafanga qo‘yish uchun ketadigan sarflarga ajratiladi. Bu harajatlar uchun ketadigan mollarda merosxo‘rlarning haqlari bo‘lmaydi.
- Qarzlari bo‘lsa, ularga ham mablag‘ ajratiladi. Qarz ikki xil bo‘ladi.
2.1 Bandalardan qarzi.
2.2 Allohdan qarzi. Bu qarz ham merosxo‘rlarning haqidan ustun turadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, Imom Ahmad rivoyat qilgan hadislarda: “Mo‘minning ruhi – to ado etilmaguncha qarziga bog‘liq bo‘lib turadi», deganlar. Allohdan qarziga berilmay qolgan zakot, kaforat va nazirlariga o‘xshash narsalar kiradi. Agar mol qoldiruvchi o‘limidan oldin Allohdan qarzlarini ham ado qilish haqida vasiyat qilgan bo‘lsa, ular ham ado etiladi. “Agar mayit o‘limidan oldin Allohdan qarzlarini o‘tash haqida vasiyat qilmagan bo‘lsa nima bo‘ladi?” degan savolga hanafiy mazhab ulomalari aytishlaricha: u qarzlar berilmaydi, chunki ular moliyaviy ibodat edi, o‘lim yetishi bilan ibodatlar undan to‘xtaydi, u ibodatlarni, ya’ni zakot, kaforatlarini o‘z vaqtida, ya’ni tirikligida ado etmagani uchun mayit gunohkor bo‘ladi. Uyog‘i Allohga havola qilinadi. Xohlasa azob xohlasa mag‘firat qiladi. Boshqa mazhablar esa: “Bu qarzlar ham tariqadan ado etiladi”, deydilar. Lekin merosxo‘rlar o‘z ulushlaridan marhumga atab qilsa savob.
- Mayitning maoliyaviy vasiyatlariga sarf qilinadi. Agar vasiyat qilingan mablag‘ miqdori merosga qolgan molning uchdan biriga yoki undan oz miqdoriga teng bo‘lsa, vasiyatga amal qilinadi. Agar uchdan biridan ko‘pini vasiyat qilgan bo‘lsa, vasiyat o‘tmaydi. Mana shu uchdan biridan ortig‘i merosxo‘rlarning haqi bo‘ladi. Vasiyat shar’iy bo‘lishi kerak.
Agar merosxo‘rlar rozi bo‘lsa vasiyat qilinganidan ziyodasini ham o‘z ixtiyorlari bilan, savob umidida, hayrli ishlariga sarflashlari mumkin. Bunga dalil Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga Sa’ad ibn Abu Vaqqos kelib o‘z mollarini hammasini sadaqa qilish haqida vasiyat qilmoqchi ekanlarini aytganlarida payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ruxsat bermaganlar. “Yarminichi?” deb so‘raganlarida ham izn bermadilar. “Uchdan birinichi?” deganlarida u zot “uchdan biriga mayli, aslida uchdan biri ham ko‘p” dedilar. “Sendan keyin merosxo‘rlaringni boy, behojat hollarida qoldirib ketmog‘ing, ularni odamlardan tilanib boradigan hollarida qoldirib ketmog‘ingdan yaxshidir”, deganlar. O‘layotgan odam o‘lim oldidan ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay, oxiratni o‘ylab bor budini sadaqa qilib yuborishga tayyor bo‘lib turadi. Hammasini berib yuborishi merosxo‘rlariga zulm qilgan bo‘ladi. Endi vasiyatlar o‘limdan keyin amalga oshirilar ekanmi, shunday bo‘lganidan keyin, kishi agar o‘z farzandidan biriga biror uyni vasiyat qilmoqchi bo‘lsa nima qilishi kerak. “Bolam mana shu uy mendan senga tirikligimda xadya senga shuni berdim” desa, u bola: “xo‘p qabul qildim” desa, bu mulk o‘sha bolasini shaxsiy mulkiga aylanadi. Lekin zinxor ota: “Mana shu uy o‘lganimdan keyin senga” deb aytishga haqqi yo‘q, nega? Chunki u o‘lganda qolgan molining uchdan birinigina vasiyatga bajara oladi xolos, qolgan qismida boshqa qolgan yaqinlarining ham haqi bo‘ladi. Aslida uylarini otamiz tirikligida biz qurgan bo‘lishimiz mumkin. Lekin u uyni otamizni yeriga qurganmiz, qurayotib otamga deb qurganmiz. Shuning uchun ota o‘zidan keyin muammo tug‘ilishiga ko‘zi yetsa uni tirikligida molu davlatini xohlagan farzandiga hadya qildim deb bera olishi mumkin, “o‘lganimdan keyin” degan so‘zni aytmasligi kerak. Endi uy bolaning mulkiga aylanadi, otaning gardanidan soqit bo‘ladi, bolasiga aytadi: “o‘g‘lim endi sizning uyingizda o‘lgunumga qadar yashab turaman” desa bola u otasini o‘sha uyda qaromog‘iga olib birga turadi va otasi o‘lgandan keyin ham o‘sha uyda boshqalarning haqi qolmaydi va taqsimlanmaydi. Agar mana shu uy senga o‘lganimdan keyin deb aytgan bo‘lsa, o‘sha o‘g‘lidan tashqari boshqa farzandlarini uyli joyli qilib bo‘lgan, qizlarini uzatgan bo‘lsa ham hammasining u uyda haqqi bo‘ladi. Kishini tirikligida bergani hadya bo‘ladi, o‘lganidan keyin senga yoki falonchiga deyishi vasiyat bo‘ladi. Lekin vasiyatga atalgan mol mulk o‘zinikilarga ya’ni merosxo‘rlarga o‘tmaydi. Begonalarga berish uchun aytgan vasiyati o‘tadi. Islomning avvalida ota, ona va qarindoshlar foydasiga vasiyat qilish vojib edi. Musulmon kishi o‘limidan oldin “molining bunchasi otamga, bunchasi onamga yana bunchasi o‘g‘limga yoki qizimga beringlar” deb vasiyat qilar edi. Meros oyatlari nozil bo‘lib bu narsa (amaldan qolib, qolgan molni oyat asosida merosxo‘rlar) orasida taqsim qilish joriy qilindi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, bir erkak yoki ayol 60 yil Allohning toatida amal qiladi, so‘ngra ikkoviga o‘lim hozir bo‘lur ana shunda zararli vasiyat qilib qo‘yib, ikkisiga do‘zax vojib bo‘lur” dedilar va “Qilingan zarar yetkazmaydigan vasiyat yoki qarzdan” so‘ng oyatini qiroat qiladilar”. Zararli vasiyatga misol: falonchi yaqinimga merosimdan berilmasin deb o‘z merosxo‘rlariga zarar yetkazadigan vasiyat qilish musulmon kishi uchun harom. YUqoridagilardan qolgani vorislarga shar’iy meros qilib taqsimlanadi.
- Mayyitning ko‘mish harajatlari, qarzi va vasiyatidan ortib qolgan moli merosxo‘rlarga bo‘lib beriladi.
Merosning arkonlari 3 ta:
- Meros qoldiruvchi.
- Merosxo‘r.
- Meros.
Merosning shartlari 3 ta:
- Meros qoldiruvchining o‘limi haq bo‘lishi yoki o‘lgani to‘g‘risida hukm chiqqan bo‘lishi. Falonchi o‘lim to‘shagida yotibdi, baribir o‘ladi kelinglar, merosini hoziroq bo‘lib qo‘yaylik deb bo‘lmaydi yoki o‘ligi ham tirigi ham yo‘qolsa mahkama qozi unga taaluqli ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, bu odam o‘lgan deb hukm chiqarsa ana undan so‘ng uning moli taqsimlanadi.
- Meros qoldiruvchi o‘lgan vaqtda merosxo‘rlar tirik bo‘lishi. Ya’ni, merosga haqli kishi ham birga o‘lmagan bo‘lishi mumkin. Masalan: fojiyalarda, yer qimirlashi, suv toshishi, jangda. Agar bir odam vafot etsa otaning merosidan olib, undan keyingi o‘lgan o‘g‘lining moliga qo‘shiladi va merosxo‘rlariga bo‘lib beriladi.
Shuningdek, jon kirgan homiladagi bola tug‘ilgunicha kutib turiladi, chunki uning joni bo‘lgani uchun merosda haqi bor, masalan: bir kishi vafot etganda xotini homilador edi, tug‘ilgandan so‘ng o‘g‘il yoki qizligiga qarab meros taqsimlanadi.
- Qarindoshlik va meros olish haqi bilinishi.
Qarindoshlik va nikoh. Ya’ni, meros olishga haqli qarindoshi yo‘qmi buni bilib, merosga haqlarini ajratib oladi. Masalan: tug‘ishgan amakimi, ota birmi yoki ona birmi? Chunki ba’zi qarindoshlar meros olishga haqqi yo‘q bo‘lib chiqadi.
Shuningdek, meros olish darajalari ham turlicha bo‘ladi:
- Farz egalari. Qur’on, Sunnat yoki ijmo’da hissasi aniq belgilab berilgan merosxo‘rlar farz egalari deyiladi.
- Nasabiy asabalar. “Asaba” deganda, kishiga eng yaqin erkak qarindoshlar tushuniladi.
- Er-xotindan boshqa farz egalariga haqlaridan tashqari merosdan ortib qolgan molni qo‘shimcha taqsimlash. Meros farz egalariga taqsim qilingandan keyin ortib qolsa, asaba qarindoshlar oladi. Lekin asaba bo‘lmasa, ortib qolganini farz egalariga o‘z hissalariga ko‘ra bo‘lib beriladi.
- Ayol tomonidan bo‘lgan qarindoshlar. Bu toifaga tog‘a, xola, amma, qizning o‘g‘li, qizning qizi kabilar kiradi.
- Er va xotinga qaytarish. Masalan, bir er vafot etdi. Ortidan xotinidan boshqa merosxo‘r yo‘q. Xotin qolgan merosning to‘rtdan birini farz egasi sifatida oladi. Qolganini esa boshqa merosxo‘rlar bo‘lmagani uchun qaytarish ila oladi.
- Avval qul bo‘lib, keyin ozod etilgan kishi vafot etsayu, merosxo‘r bo‘lmasa, uni ozod qilgan kishi merosini oladi.
- Bizning mazhabimizda merosxo‘ri yo‘q odam molining birovga berilishini vasiyat qilgan bo‘lsa, o‘sha kishiga beriladi.
- Baytulmol. Marhumning ortidan umuman merosxo‘r bo‘lmasa, uning moli baytulmolga topshiriladi.
Hanafiy ulamolarimiz merosdan man’ qilinish haqidagi barcha hujjat va dalillarni diqqat bilan o‘rganib chiqqanlaridan keyin merosdan man’ qiladigan narsalar quyidagilardan iborat ekanini bayon qilganlar.
Meros olishga monye’lik qiluvchi sabablar
- «Qatl» oqil, bolig‘, hur kishining meros qoldiruvchini nohaqdan va uzrsiz qasddan o‘ldirishi bu mavzuda ko‘zda tutilgan qatl bo‘ladi. O‘ldirishga sherik bo‘lsa ham. Ota bolasini o‘ldirsa ham. O‘ldirishga birovni yollasa ham. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qotil meros olmaydi”, deb marhamat qilganlar.
- Meros qoldiruvchi bilan merosxo‘rning dini boshqa bo‘lishi. Musulmon odamdan musulmon bo‘lmagan odam meros olmaydi. Shuningdek, musulmon odam musulmon bo‘lmagan odamdan meros olmaydi. Usoma ibn Zayt roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kofirdan meros olmaydi, kofir musulmondan meros olmaydi” dedilar. Murtad – islomdan chiqqan odam ham ololmaydi. Ulamolar ba’zi tavsilotlarida murtad erkak kishi bo‘lsa, uning musulmonlik vaqtida topgan mollarini musulmon merosxo‘rlari taqsimlab olsalar bo‘ladi. Murtadlik xolida topgan mollari esa, baytulmolga qoladi. Agar murtad ayol kishi bo‘lsa, uning merosini musulmon qarindoshlari taqsimlab olsalar bo‘ladi. Zinjiq sirtidan musulmon bo‘lib ko‘rinib, ichida islomga qarshi bo‘lgan, kishining misoli murtadniki kabidir.
- Qul ayol va erkak birovdan meros olmagan va ularning merosi ham bo‘lmagan.
- Payg‘ambarlik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan, u zotdan meros qolmagan. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinor ham, dirham ham, qo‘y ham, tuya ham qoldirmadilar. Bir narsani vasiyat ham qilmadilar”. Bu holat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kamtarinliklari dunyo tashvishlaridan uzoqliklaridan alomatdir.
- “Li’on”. Bir odam zino qilganidan shubha qilib xotini bilan qozining oldida bir biriga la’nat aytib ajrashgan bo‘lsa va uning homilasi o‘zidan emasligini aytgan bo‘lsa, tug‘ilgan bola xaligi odamdan meros olishdan man qilinadi. Chunki erkak uni meni bolam emas demoqda.
- Zino. Zinokor erkak o‘zidan bo‘lgan bolani tan olsa ham bola undan meros olmaydi. Chunki nikoh bo‘lmagan.
- Bundan tashqari merosda hajb degan ibora ham bor. Hajb lug‘atda man’ qilish, to‘sish degan ma’noni anglatadi. Shariat istilohida esa, yaqin voris uzoq merosxo‘rni yoki yaqinroq merosxo‘r yaqin merosxo‘rni merosning hammasidan yoki ba’zisidan man’ qilishiga aytiladi. Masalan, bobo bilan ota, ota bor joyda bobo meros olmaydi. Ota bilan o‘g‘il, o‘g‘il bor yerda ota barcha merosni emas, uning oltidan birinigina oladi.
Merosdan to‘silib qoladiganlar. Bular ikki xil bo‘ladi:
- Xajbi nuqson
- Xajbi xirmon.
Xajmi nuqson – merosdan tegadigan ko‘p ulush ozga aylanib qoladi. Masalan, er-xotinning bolasi bo‘lmasa uning merosini yarmini oladi. Ammo xotinning bolasi bo‘lsa, erga merosning to‘rtdan birisi tegadi. Bunda xotinning bolasi erni xajbi nuqson bilan to‘sgan va merosdagi ulushini kamaytirgan bo‘ladi.
Xajbi xirmon bo‘ladiganlar yetti xil merosxo‘rlar:
2.1 Bobo – u ota bilan xajbi xirmonga uchraydi ya’ni nevarasi o‘lgan bobo o‘z o‘g‘li tirik bo‘lgani uchun nevarasidan qolgan merosdan ololmaydi.
2.2 Momo – u ona bilan xajbi xirmonga uchraydi.
2.3 Ota bir yoki ona bir opa-singillar ular tug‘ishgan o‘g‘il, o‘g‘ilning o‘g‘li va ota bilan xajbi xirmon bo‘ladi.
2.4 Ota bir opa-singillar, ular ota bir ona bir aka-ukalar va ikki ota bir, ona bir opa-singillar borligi bilan merosdan mahrum bo‘ladi.
2.5 Ona bir aka-ukalar ular ota, bobo o‘g‘il, qiz, o‘g‘ilning o‘g‘li va o‘g‘ilning qizi bilan xajbi xirmonga uchraydi.
2.6 O‘g‘ilning qizlari. Ular o‘g‘il, ikki qiz va ulardan ko‘plar bilan asabalari bo‘lmasa, xajbi xirmonga uchraydilar.
2.7 O‘g‘ilning o‘g‘li – u o‘g‘il bilan xajbi xirmonga uchraydi.
Meros haqida oyatlar. “Niso” surasining 11-12 oyatlarida quyidagicha bayon qilingan:
“Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat etib, bir o‘g‘ilga ikki qiz nasibasicha berishni amr etadi. Agar ular ikkitadan ko‘p(ayol) bo‘lsalar, ularga u (ota) qoldirganning uchdan ikkisi. Agar qiz bitta bo‘lsa, unga yarmi. Agar u(mayit)ning bolasi bo‘lsa, u tark qilgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir. Agar uning bolasi bo‘lmasa va ota-onasi merosxo‘r bo‘lsa, onasiga uchdan bir. Agar uning aka-ukalari bo‘lsa, onasiga oltidan bir. U qilgan vasiyat yoki qarzini ado etgandan so‘ng. Otalaringiz va bolalaringizdan qaysi birlari sizga manfaatliroq ekanini bilmassizlar. Bu, Alloh joriy qilgan farzdir. Albatta, Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir” (11-oyat).
“Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan narsaning – agar ularning bolasi bo‘lmasa – yarmi tegadi. Agar ularning bolasi bo‘lsa, sizga ular qoldirgan narsaning choragi tegadi. Ular qilgan vasiyatni yoki qarzlarini ado etgandan so‘ng. Ularga siz qoldirgan narsaning – agar bolangiz bo‘lmasa – choragi tegadi. Agar bolangiz bo‘lsa, ularga siz qoldirgan narsaning sakkizdan biri tegadi. Siz qilgan vasiyatni yoki qarzingizni ado etgandan so‘ng. Agar bir erkak yoki ayol kalola holida meros qoldirsa, uning birodari yoki singlisi bo‘lsa, ulardan har biriga oltidan bir tegur. Agar ular bundan ko‘p bo‘lsalar, uchdan biriga sherikdirlar. Zarar qilmaydigan vasiyatni yoki qarzni ado etgandan so‘ng. Bular Allohning vasiyatidir. Va Alloh biluvchi hamda halim zotdir” (12-oyat).
Qur’oni karimda zikr qilingan ulushlar va ularning maxrajlari
Avvalo, meros olish huquqiga ega bo‘lgan qarindoshlar haqida so‘z yuritsak. Meros olishlari mumkin bo‘lgan erkaklardan bo‘lgan vorislar o‘n beshtadir. Ularning meros olishlikda haqdorliklari, martabalari va darajalari ham tartibga ko‘radir:
- O‘g‘il
- O‘g‘ilning o‘g‘li va undan yuqoridagilar
- Ota
- Sahih bobo va undan yuqoridagilari
- Tug‘ishgan ini (aka-uka)
- Ota bir aka-uka
- Ona bir aka-uka
- Tug‘ishgan inining o‘g‘li
- Ota bir inining o‘g‘li
- Tug‘ishgan amaki
- Ota bir amaki
- Tug‘ishgan amakining o‘g‘li
- Ota bir amakining o‘g‘li
- Er
- Qul ozod qiluvchi (erkak kishi). Bulardan boshqa erkak vorislar yo‘q.
Ayollardan bo‘lgan vorislar o‘nta bo‘lib, ular quyidagilardir:
- Qiz
- Ona
- O‘g‘ilning qizi va undan quyidagilar
- Sahih momo (onaning onasi) va undan yuqoridagilar
- Sahih momo (otaning onasi) va undan yuqoridagilar
- Tug‘ishgan singil
- Ota bir singil
- Ona bir singil
- Xotin
- Qul ozod qiluvchi ayol
Qur’oni karimda zikr qilinib, miqdori belgilangan farzlar oltitadir. Ular quyidagilar:
- 1/2 nisf – yarim ulush
- 1/4 rubu’ – to‘rtdan bir ulush
- 1/8 sumun – sakkizdan bir ulush
- 2/3 suluson – uchdan ikki ulush
- 1/3 sulus – uchdan bir ulush
- 1/6 sudus – oltidan bir ulush
Endi mazkur nasiba miqdorlariga haqli bo‘lgan vorislarni zikr qilib o‘tsak.
- Avvalo, 1/2 nisfga beshta voris haqlidir, ulardan bittasi erkaklardan, to‘rttasi ayollardan:
- Er
- Qiz
- O‘g‘ilning qizi
- Tug‘ishgan singil
- Ota bir singil. Bularning har biriga meros olishi uchun belgilangan shartlar bor.
- 1/4 – rubu’ to‘rtdan bir ulushga haqli bo‘lganlar ikkita – er va xotin. Agar xotin vafot etib, undan farzand qolgan bo‘lsa, eri to‘rtdan bir oladi.
- 1/8 – sumun meros miqdoriga er vafot etib undan farzand qolgan bo‘lsa, ayoli sakkizdan bir ulush oladi.
- 2/3 – suluson bu ulush miqdori to‘rt guruh vorislar nasibasi bo‘lib, barchasi ayollardir:
- Ikki va undan ortiq qizlar.
- o‘g‘ilning ikki va undan ko‘proq qizlari.
- ikki va undan ko‘proq tug‘ishgan singillar.
- ikki va undan ko‘proq ota bir singillar.
- 1/3 – sulus bu ikki xil vorislarning merosi hisoblanadi:
- Ona – agar mayyitning farzandi yoki o‘g‘ilning farzandi bo‘lmasa, uchdan bir oladi.
- Ikki va undan ko‘proq bo‘lgan ona bir aka-uka, opa-singillar, agar mayyitning asli va far’i bo‘lmasa uchdan bir ulush oladi.
- 1/6 – sudus bu miqdorning haqdorlari yettitadir:
- Ota – agar mayyitning farzandi bo‘lsa, ota oltidan bir oladi.
- Jaddi sahih – ota bo‘lmasdan, mayyitning farzandi bo‘lsa, bobo oltidan bir oladi.
- Ona – agar mayyitning farzandi, aka-uka, opa-singillari bo‘lsa, ona oltidan bir ulush oladi.
- O‘g‘ilning qizi – agar mayyitning bitta qizi bo‘lsa, u qiz nisf oladi, o‘g‘ilning bitta va undan ortiq qizlari bo‘lsa, sudus oladi.
- Ota bir singil – agar mayyitning bittagina tug‘ishgan singlisi bo‘lsa, ota bir singillar oltidan bir oladilar.
- Ona bir ini yoki singil – ona bir ini agar mayyitning asli va far’i bo‘lmasa, sudus oladi.
- Jadda sahiha – ona bo‘lmaganda jadda sahiha (onaning onasi, otaning onasi) oltidan bir meros oladi.
Islomda faroiz, ya’ni meros masalasi juda nozik va murakkab ilmki, uning barcha qirralarini bunda keltirishlik ancha mushkul ishdir. Hajbning turlari, avl qoidalari, radning boblari, muqosama, munosaxa, zavil-arham, asaba kabi keng qamrovli masalalar borki, ehtiyotkorlik bilan yondoshish lozim. Bunga yetarli ilmimiz va uquvimiz yetmasligi bois batafsil to‘xtalishni lozim topmadik.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan xadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Faroizni o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar u ilmning yarmidir. U unutiladi. U mening ummatimdan birinchi sug‘urilib olinadigan narsadir”, deganlar.
Ilhomjon Umarjon o‘g‘li,
“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi
Manbalar asosida tayyorladi
https://shosh.uz/uz/ilm-islomda-meros-masalasi-2/