Post Views:
1 232
Turkiston atamasi uzoq asrlardan beri Markaziy Osiyo mintaqasining katta bir qismi uchun, aniqrog‘i Kaspiy dengizining sharqidan to Oltoy tog‘larigacha, Shimoliy Afg‘onistondan to Urol tog‘larigacha cho‘zilgan keng hududning umumiy geografik nomi sifatida qo‘llanilib kelgan. Garchi, u turli davrlarda goh kengayib, ushbu hududlardan ham kengroq ma’no kasb etgan, ba’zi davrlarda esa nisbatan torroq hududni anglatgan bo‘lsa-da ko‘p asrlar davomida asosan mazkur hududda joylashgan turli o‘lkalarning mushtarak nomi bo‘lib kelgan. Hatto, Turkiston deganda o‘rta asrlarga taalluqli ba’zi manbalarda e’tirof etilishicha, mazkur hudud bilan birgalikda Dog‘iston va Ozarboyjon hududini ham qamragan hudud tushunilgan.
Garchi, Turkiston atamasi qachon, qaysi hududlar uchun qo‘llanilganiga doir fikrmulohazalar taniqli tarixchilarimiz A. O‘rinboyev, A. Asqarov, A. Ahmedov, M. Ishoqov, B. Mannonov, Sh. Kamoliddin va turkolog Q. Mahmudovlarning tadqiqotlarida o‘rin olgan[1] va aniq ko‘rsatib berilganiga qaramay bu borada haligacha munozarali qarashlar bildirilmoqda. Ya’ni, ba’zi mahalliy va xorijiy nashrlarda quyidagicha biryoqlama va noxolis fikrlar ko‘zga tashlanadi; 1. «Dastlab arablar fathi arafasida Sirdaryoning shimoli-sharqidagi turkiy qabilalar yashaydigan o‘lkalarni arab va forslar umumiy nom bilan ilk bor Turkiston deb atashgan», 2. «Amudaryo va Sirdaryo oralig‘iga nisbatan VI-VIII asrlar uchun Turkiston atamasini ishlatish mumkin emas, bu atama VIII-IX asrlarda Sirdaryoning shimoli-sharqidagi o‘lkalarga, asosan Yettisuvga nisbatan qo‘llanilgan, ikki daryo oralig‘i esa Turkiston deb atalmagan», 3. «Movarounnahr Turkistonga kirmagan, Turkiston deganda Sirdaryoning quyi oqimlari, asosan bugungi Turkiston shahri atroflari tushunilgan, faqat XIX asrning ikkinchi yarmida ruslar O‘rta Osiyoni bosib olgach, Turkiston nomi ular tomonidan Sirdaryo va Amudaryo oralig‘iga nisbatan ham ishlatila boshlagan».
Mazkur fikrlarga javob bera oladigan yuzlab ma’lumotlarni o‘rta asrlarga taalluqli arab-fors, turkiy va boshqa tillardagi manbalarda uchratish mumkin bo‘lsa-da, biz ushbu maqolamizda asosiy e’tiborni ilk o‘rta asrlarga oid yozma manbalarga qaratishni lozim topdik.
Xo‘sh, mazkur geografik atama dastlab qachondan boshlab, qaysi hududga nisbatan ishlatila boshlagan va ilk bora qaysi manbalarda tilga olingan? Akademik E.V. Rtveladze VI-VII asrlarga mansub bohtariy yozuvida Turkiston atamasi ilk bor uchrashini ta’kidlaydi. Shuningdek, Sharqiy Turkistondan topilgan 639 yili so‘g‘diy tilda bitilgan hujjatda Turkiston atamasi uchraydi. Ushbu hujjatda «chavyak urug‘iga mansub Turkistonda tug‘ilgan cho‘ri Upachah» haqida gap boradi. So‘g‘dshunos olim M.Ishoqov «Nomi azal Turkiston» sarlavhali maqolasida mazkur hujjatdagi ba’zi jihatlarga asoslanib, «bu hujjatdan ma’lum bo‘ladiki, Turkiston geografik atamasi o‘lkamizga nisbatan ilk o‘rta asrlardayoq qo‘llanilgan, aniqrog‘i bundan 1360-1400 yillar ilgari Turon yerlarining umumiy nomi Turkiston deb atalgan» deb yozadi[2].
Turkiston haqida batafsilroq ma’lumot beradigan tarixiy va geografik asar bormi? Biz bu savolga javob topishga harakat qilib shu tarzdagi ma’lumotlarga duch keldik. Asarini VII asr o‘rtalarida yozib tugatgan arman tarixchisi Sebeosda ikkita ma’lumot uchraydi. 1) «Dehiston yoxud uning atroflari Turkistondadir»[3], 2) «Kushon shohi (Eftalit hukmdori) Shimol hukmdori ulug‘ Xoqon (Turk xoqonligi xukmdori)dan yordam so‘radi. Va u yordamga 30 byur miqdoridagi qo‘shin bilan keldi. Ular (turklar) Turkistondan boshlanuvchi Vexrot (Amudaryo) daryosidan kechib o‘tishdi»[4]. Ushbu ma’lumotlarning birinchisidan ayon bo‘lishicha, Shimoli-Sharqiy Eron (hozirgi Turkmanistonning janubiy-g‘arbiy qismi)dagi tarixiy Dehiston viloyati Turkistonda joylashgan. Ikkinchi ma’lumot esa Amudaryoning Turkistondan boshlanishiga ishorat qilinadi. Ma’lumki, Amudaryoning boshlanishi Vaxsh va Panj daryolari atrofiga to‘g‘ri keladi. Demak, Sebeosning ma’lumotidan bu hudud, ya’ni Vaxsh-Panj-YUqori Amudaryo havzalarining Turkiston o‘lkasiga kirganligi ma’lum bo‘ladi. Yana bir arman tarixchisi, VII asrda yashagan Ananiya Shirakatsining «Ashxaratsuys» («Mamlakatlar tasviri») asarida «so‘g‘diylar – Ariya (Shimoli-Sharqiy Eron) va Turkiston oralig‘ida yashaydi» shaklida ma’lumotga duch kelinadi[5]. Bu ma’lumotdan Turkistonning o‘rnini aniq belgilash mushkulroq bo‘lsa ham, unda Turkiston deganda Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i ham tushunilganini payqash mumkin.
Albatta, arman tarixchilari Turkiston haqidagi ma’lumotlarni qo‘shnilari forslardan olishgan. Ma’lumki, Turkiston so‘zi lug‘aviy jihatdan «Turklar yashaydigan makon», «Turklar yeri» degan ma’noni bildiradi. Demak, forslar VI-VII asrlarda ham Turkiston atamasini ishlatganlar. Buni ilk o‘rta asrlarga taalluqli o‘rta fors-pahlaviy manbalari ham tasdiqlaydi[6]. Jumladan, pahlaviycha «Bundahishn» («Dunyo qurilishi») nomli geografik asarda Turkiston haqida shu tarzda ma’lumotlar uchraydi; 1)«Zarin tog‘iTurkistondadir», 2)«Saukavaston o‘lkasi Turkistondan Kinistonga boradigan yo‘lda, shimoliy yo‘nalishda joylashgan», 3) «Kino tog‘i sharqda joylashgan, u Turkiston chegarasida bo‘lib, Aparsen tog‘i bilan tutashgan»[7]. Ushbu pahlaviy manbalardagi Turkistonni belgilash uchun yuqorida keltirilgan Saukavaston va Kiniston o‘lkalari hamda Zarin, Kino va Aparsen tog‘larininng o‘rnini aniqlash kerak bo‘ladi. Avvalo, Zarin tog‘ining qaysi toqqa to‘g‘ri kelishi haqida to‘xtalsak. «Bundahishn»da Zarin tog‘i Xo‘rosondagi tog‘lar sirasida sanab o‘tiladi. «Boburnoma»da Afg‘onistonda kechgan voqyealar bayonida Ko‘tali-Zarin (Zarin dovoni) qayd qilinadi[8]. Tadqiqotchilar uni Shimoli-G‘arbiy Afg‘onistonning Kuhi-Bobo tog‘ tizmalaridagi Harirud daryosiga yaqin bir dovon, deb ko‘rsatishadi. Shuningdek, hozirgi kunda ham ushbu hududlarga yaqin tog‘, ya’ni, Hirot va Balx oralig‘idagi Kuhi-Bobo tog‘ tizmalarining bir qismi «Band-i Turkiston» (Turkiston tog‘ tizmasi) deb yuritiladi[9]. Bu esa «Bundahishn»da tilga olingan Zarin tog‘i bilan «Boburnoma»dagi Zarin dovoni bitta ekanini tasdiqlaydi. Shu ham borki, o‘tgan asrlarda ham, hozirda ham Kuhi-Bobo tog‘larining shimolidan to Amudaryogacha cho‘zilgan va Bandi Turkiston tog‘larini ham o‘z ichiga olgan Shimoliy Afg‘onistondagi viloyatlar Turkiston deb atalib kelinadi. Bu esa «Bundahishn»da keltirilgan Turkiston bilan Shimoliy Afg‘onistondagi Turkiston bitta joyga to‘g‘ri keladi, deb fikr bildirishga imkon beradi.
Endi, «Saukavaston o‘lkasi Turkistondan Kinistonga boradigan yo‘lda, shimoliy yo‘nalishda joylashgan», «Kino tog‘i sharqda joylashgan, u Turkiston chegarasida bo‘lib, Aparsen tog‘i bilan tutashgan» mazmundagi ma’lumotlarga diqqat qilsak. Buning uchun avvalo, pahlaviy matnlardagi «Saukavaston», «Kiniston» va «Kino tog‘i» atamalari qayerlarga nisbatan ishlatilganini aniqlash kerak bo‘ladi. Tadqiqotchilarning fikricha, pahlaviy manbalarda Kiniston va Kino tog‘i atamalari So‘g‘d vohasiga va undagi tog‘ tizmalariga nisbatan, Saukavaston o‘lkasi esa Zarafshon daryosi havzalariga nisbatan qo‘llanilgandir. Aparsen tog‘i esa Xurosondagi tog‘larning umumiy nomi bo‘lgan. Demak, hozirgi Hisor tog‘ tizmalari pahlaviycha asarlarda Kino tog‘i, u joylashgan hudud esa Kiniston deb nomlangan. «Bundahishn»dagi ushbu ma’lumotdan ayon bo‘ladiki, Xurosondan So‘g‘dga tomon yo‘nalgan yo‘l Turkistondan o‘tgan va So‘g‘dning bir qismi bo‘lmish «Saukavastan o‘lkasi» mazkur yo‘lning shimolida joylashgan. Demak, arman manbalari va pahlaviy matnlardagi ma’lumotlardan ko‘rinadiki, mamlakatimizning janubiy qismlari, Janubiy Turkmaniston, Janubiy Tojikiston va Shimoliy Afg‘oniston hududlari Turkistonning chekka janubiy hududlari bo‘lgan.
Endi, Turkiston geografik atamasining Markaziy Osiyoning bir necha hududlariga to‘g‘ri kelishi yoki turli manbalarda uning o‘rni har xil joylarda ko‘rsatilishini izohlasak. Turkiston tarixiy-geografik hududi boshqa tarixiy-geografik hududlar kabi turli davrlarda birmuncha torayib yoki kengayib turgan. Albatta, bu hol siyosiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Darhaqiqat, arab geograflari asarlarida Turkiston deb ko‘proq Sirdaryoning shimoli-sharqiy tomonlari ko‘rsatilgan. Hatto, Turkiston va Movarounnahr alohida o‘lka sifatida ham qayd qilingan. Ma’lumki, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘iga nisbatan Movarounnahr atamasini qo‘llash arab kirib kelishi natijasida paydo bo‘lgan. O‘rta asr arab, fors va turkiy manbalarida esa Turkiston atamasi ko‘proq Sirdaryoning quyi havzasidagi hududlarga, Sirdaryoning shimoli-sharqi, Yettisuv, Farg‘ona vodiysi va Sharqiy Turkistonga nisbatan qo‘llanila boshlagan bo‘lsa-da, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i uning tarkibida ko‘rsatilgan hollar ham bo‘lgan. Masalan, Hofizi Abruning (XV asr) «Jo‘g‘rofiya» asaridagi Movarounnahr tavsifida quyidagicha ma’lumot uchraydiki, undan ikki daryo oralig‘i uchun Turkiston atamasi qo‘llanilganini anglash mumkin, ya’ni: «Aytishlariga qaraganda…Samarqand shahrini Shamar (ismli) mu’tabar amir qurganmish va u Tubba’ amirlari (Yaman va Arabistonning islomgacha bo‘lgan podshohlari)dan bo‘lib, Turkistonga kelib qolgan. Shundan so‘ng ul (shahar)ni «Shamar-kand» deyishgan»[10].
Demak, o‘rta asrlarga tegishli turli asarlarda Turkistonning tor yoki keng ma’noda uchrashini ko‘ramiz. Buni o‘sha davrdagi siyosiy-geografik tushunchalarning deformatsiyasi bilan izohlash mumkin. Masalan, XVI asrda Turkiston deb keng ma’noda Shimoliy Afg‘oniston, Shimoliy-Sharqiy Eron, hatto Ozarboyjon hududi ham tushunilgan hollar ham bo‘lgan. Jumladan, «Qutbnoma» nomli asarda Shoh Ismoil Safaviy «piri Turkiston» tarzida qayd qilingan[11].
YUqorida ko‘rib o‘tilgan ma’lumotlarni xulosalab aytish mumkinki, VII asrga taalluqli arman manbalarida Amudaryoning yuqori havzalari Turkistonda deb tushunilgan. Pahlaviy-fors manbalarida esa Shimoliy Afg‘oniston va Amudaryo havzalari Turkistonga kiritilgan. So‘g‘diy hujjatda ham ikki daryo oralig‘i Turkistonda ko‘rsatilgan. Albatta, bu ma’lumotlar keng qamrovli bo‘lmay, ularda Turkiston iborasi biror voqyea tafsiloti hikoya qilinayotganda qayd qilingan. Shunday bo‘lsa ham ushbu ma’lumotlardan Turkiston deganda hozirgi kun tushunchamizdagi Turkistonni tushunish qiyin emas.
Turkiston geografik atamasi ilk o‘rta asrlardayoq eronliklar tomonidan Eronning shimoli-sharqidagi hududlar uchun «turkiylar o‘lkasi» sifatida ishlatila boshlagan. O‘z navbatida ushbu atamani qo‘shnilari bo‘lmish eronliklardan eshitgan arman tarixchi va geograflari ham o‘z asarlarida Turkiston atamasini qo‘llaganlar.
Demak, Turkiston geografik atamasi ilk o‘rta asrlardayoq, hozirda Markaziy Osiyo mintaqasining katta bir qismi uchun etnosiyosiy va etno-geografik nom sifatida ishlatilgan. Buni yuqorida imkon qadar ko‘rib chiqqan turli tilli manbalardagi ma’lumotlar isbotlab turibdi.
G‘. Boboyorov (O‘zR FA Sharqshunoslik instituti)
[1] Ўринбоев А. Абдураззоқ Самарқандийнинг Ҳиндистон сафарномаси. Т., 1960, 84-85 б.; Аскаров А. Некоторые вопросы истории становления узбекской государственности //ОНУ, 1997, №3-4, с. 67; Аҳмедов А. Нега Турон деб аталади // Турон, №1, 1992, 5-6 б.; Исҳоқов М. Номи азал Туркистон//Ўзбекистон адабиёти ва санъати газетаси, № 45-46, Т., 1993, 1, 5-б.; Маннонов Б. Туркистон ва Марказий Осиё//Мулоқот, №2, 1998, 68 б.; Камолиддин Ш. К вопросу об употреблении географических названий «Мавераннахр» и «Туркестан»//«O’zbekiston tarixi», №4, 2002, с. 61-68; Mahmudov Q. Qadimgi Turkiston tarixi. Tошкент, 2003
[2] Исҳоқов, 1993, 1, 5-бетлар
[3] Frye R.N., Sayili A. Selзuklulardan evvel Orta Sark’ta Tǖrkler. Belleten, cilt. 10, Ankara 1946, S. 119
[4] Тер-Мкртичян Л.Х. Армянские источники о Средней Азии V- VII вв. М., 1979, с. 60–61
[5] Тер-Мкртичян, 1979, с. 63; Аҳмедов А., 1992, 6-бет
[6] Markwart J. Wehrot und Arang. Untersuchungen zur mythischen und geschichtlichen Landeskunde von Ostiran. Leiden, 1938, s. 123, n. 3
[7] Pahlavi Texts. The Bundahis-Bahman Yast, and Shayast La-Shayast. Translated by E. W. West. BSE, Vol. 5, Part I, Delhi 1987,Ј p. 37, 41, 120
[8] Бабурнаме. Пер. М. Салье, Т. 1958, с. 194а, 226, 529
[9] Ensiklopedia of Islam. II Edition. Afghanistan, I. Vol. P. 221 a
[10] Бўриев О. Темурийлар даври ёзма манбаларида Марказий Осиё. Т., 1997, 77-б
[11] Ensiklopedia of Islam. II Edition. Afghanistan, I. Vol. P. 260 a
https://shosh.uz/uz/ilk-o-rta-asr-manbalarida-turkiston-atamasi/