Saratonning sariq chillasida sargʻayib, kaftdek soyaga, bir qultum zilol suvga tashna boʻlib bir kishi yoʻl bosardi. Yoʻl tugamaydigandek, osmonga tikiladi. Qush uchib oʻtarmikin? Qush… ha, qush bor joyda suv boʻladi. Uning qalbini shu ojizgina istak, milt etgan shuʼla, bir qatimgina nur olgʻa intilishga undardi. Yoʻl qancha ogʻir boʻlmasin, uni bosib oʻtish kerak. Koʻzlari toʻlguncha tikiladi. Koʻz kosalari sarobu halqobdan toʻlguncha termulib yoʻl bosadi. Uning koʻzlari ham negadir tashna, nenidir qidiradi, ammo, oʻsha kutgani, izlagani hamon olisda, judayam olisda bir sarob boʻlib koʻrinaveradi. Biroq u ortga qaytmaydi. Yoʻl bosish kerak. Qimirlagan qir oshar… bir qadam boʻlsa-da, oldga qadam bosadi. Hech qanday kuch, hech qanday tashnalik yo magʻlubiyat uning dunyoday keng, togʻday ulkan, osmondek cheksiz irodasiyu orzularini yenga olmaydi. Uni yetaklayotgan kuch nima, qanday sir-sinoati bor uning… Ammo u butun umrini shunga bagʻishlagan? Bunda qandaydir koʻrib, qoʻl bilan tutib boʻlmaydigan, faqat yurak anglab his qiladigan tuygʻugina bor. U buni biladi. Shuning uchun ham u yoʻlida sobit. Manzil esa olis… yetarmikan?…
* * *
Qahratonning qari qizdek mumsik, koʻrbigiz ayozida, butun vujudini chimchilayotgan izgʻiringa parvo qilmay, yana bir yoʻlovchi bormoqda. Yoʻlida uchragan har neki bor – hayrat bilan tikiladi. Ayozni qarsillatib, qayoqqa ketayapti bu odam? Yoʻl yurgan sovqotmaydi. Buni yoʻlchi biladi. Bilgani sari jadallaydi. Maqsad bor, manzil bor, lekin qachon yetib boradi, manzilgacha umri yetarmikin? U hozir buni oʻylagani yoʻq. Koʻziga siqquncha oldinga tikiladi. Bir qadam boʻlsa ham yurib qolgani unga kuch beradi. Yurish kerak. Manzilga yetmoq kerak. Egni yupun – toʻshi yalang. Qor odamdek koʻrinadi olisdan: oppoq. Boʻron aralash yogʻayotgan qor unga oʻchakishgandek, uning yuziga sovuq shapaloq tortadi. Har shapaloq tushganida u yana-da olgʻa qadam bosib boraveradi. Bunga sayin tezlashayotgan kimsani koʻrgan sovuq izgʻiringa aylanadi, boʻronga doʻnadi. Ammo… U yoʻlidan bir qadam boʻlsin toʻxtamay, oldinga ilgarilayveradi. Bu yoʻlovchi ham manziliga yetarmikan?…
* * *
Besabab qush-da qanot qoqmaydi. Har bir harakat zamirida yashash ishtiyoqi bor. Bogʻimizning oʻrtasida tut daraxtiga har yili musicha in qoʻyadi. Bola ochadi. Kichkina poloponlar qanot qoqishi bilan shoxdan shoxga uchirma boʻladi.
Bir kuni mayna beozor musichaga tashlanib qoldi. Ona musicha qanotlari orasiga bolasini berkitgancha najot kutardi. Tabiatning oʻzgarmas qonuni-da: kuchli kuchsizga kun bermas emish… Ammo, musicha bolasi uchun jonini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, maynaga tashlandi. Mayna bunday boʻlishini kutmaganidan sarosimalandi, sariq tumshugʻini ochib qochib qoldi. Inson-ku inson, jonzotning-da erki bilan oʻynashib boʻlmaydi. Erk, erkinlik ongli hayotning asl mohiyatidir.
…Qadim zamonda ikki mamlakat oʻrtasida nizo chiqibdi. Ularning biri yengilmas, askarlari koʻp va qudratli ekan. Ikkinchisining imkoniyati unikidan kamroq boʻlib, unga boj toʻlab kun koʻrar ekan. Bir yomon kunlarda dovul qoqilib, jang kuni belgilanibdi. Harbiy jihatdan zaifroq boʻlgan tomon esankirab, nima qilarini bilmay qolibdi. Shunda birinchi mamlakat podshosi unga chopar yuboribdi.
– Eshitdik, chiroyda tengsiz ayoling bor ekan. Uni menga bersang, askarlarimni maydondan olib ketaman. Oldin kelishganimizdek boj-xiroj toʻlab tursang boʻldi, – debdi.
Shoh chuqur oʻyga botibdi. Bir tomonda sevimli yori, bir tomonda Vatan. Amaldorlari bilan maslahatlashibdi.
– Ne qismatki, qaysi barmogʻimni tishlamayin, ogʻriydi.
Amaldorlardan joʻyali maslahat chiqmabdi. Podshoh xotinini berishga majbur boʻlibdi. Barcha hayratda. Butun mamlakat shohni qoralabdi. Vaʼdaga muvofiq gʻolib podshoh malikani olib ketibdi. Ammo oradan hech qancha vaqt oʻtmay, yana qoʻshin tortib kelibdi. Bu safar podshohdan shahzodani berishini, ikki mamlakat oʻrtasida shundan keyin urush chiqmasligini aytibdi. Podshoh bunga ham koʻnibdi. Bu talab va ijrolar bir necha bor takrorlanibdi. Dushman taraf yana qoʻshin tortibdi. Bu galgi shart shunday boʻlibdi: ikki mamlakat oʻrtasidagi chegarada suv chiqmaydigan, giyoh oʻsmaydigan keng yaylov bor ekan. Shuni berishni soʻrashibdi. Podshoh qarorimni ertaga aytaman, deb xobgohga kirib ketibdi. “Podshohimiz shuncha narsadan voz kechdi. Ularning oldida bu yaylov hech narsa emas,” deb oʻylabdi aʼyonlari. Ammo, ertalab podshohning qaroridan hayratga tushibdilar.
– Malikadan, shahzodadan kechdingiz. Nega endi yantoqdan boshqa narsa oʻsmaydigan sahroni bergingiz kelmaydi, – debdi podshohga aʼyonlari.
– Toʻgʻri, xotinim qalbimning gultoji edi. Siz aytayotgan har bir narsa hayotimning mazmuni edi. Ular, mening mulkim, mening hayotimning bir boʻlaklari edi. Ammo Vatan yolgʻiz meniki emas. Ha, bu vatan, bu tuproq, siz aytayotgan oʻsha sahro barchamizning manzil-makonimiz. Ertaga bolalarimiz ulgʻayadi. Ularga joy, Vatan kerak. Ehtimol avlodlarimiz oʻsha tashlandiq yerlarni boʻstonga aylantirar. Agar biz hozir oʻsha yerni ham bersak, bizda nima qoladi? Ertaga avlodlarga qaysi yuz bilan qaraymiz? Ular bizni kechiradimi? Yoʻq, men endi ularga hech narsa bermayman. Yoʻqotadigan hech nimam qolmadi. Oʻlim men uchun qoʻrqinchli emas. Ey, xalqim kimki qoʻlida qilich tutolsa jangga! Yo hayot yo mamot!
Oʻsha jangda ular gʻalaba qilib hamma narsasini qaytarib olishgan ekan. Inson har qanday xoʻrliklarga chidashi mumkin. Har qanday azobga dosh berishi mumkin. Ammo, hech qachon uning erkinligiga tahdid solayotganni, uning ozod nafas olishiga chang solayotganlarni kechirmaydi, shafqat ham qilmaydi.
Bu rivoyat yoshi ulugʻ insonlar uchun yangilik emas. Ular buni ilgarilari ham eshitgan, oʻqigan, biladilar. Lekin Vatan qadr-qimmati haqidagi bu mardona qoʻshiq men tengi yoshlar uchun yangi rivoyat. Har qanday rivoyat kuch-qudrat kasb etishi uchun yosh avlod qalbida qayta uygʻonishi kerak. Bu endi mening, men tengilarning rivoyati. Bu endi mening hayotim, bizning hayotimiz.
* * *
Bolalik…
Akam bu yil maktabga boradi. Kecha otam olib kelgan kostyum-shimini kiygani-kiygan. Xursand. Tong sahardan turib olgan. U endi “katta bola”. Otam shunday dedilar. Bir mahal ichkarigi uyda radio eshitib oʻtirgan otam birov quvgandek tashqariga otilib chiqdi va… tuyqus yigʻlab yubordi. Barchamiz qotib qoldik. Onamning qoʻlidagi suvli chelak yerga tushdi. Maktab kiyimidagi akam ham angrayib qoldi. Otamning bu holati onamni ham, bizni ham gangitib qoʻygandi. Oʻrtoqlarimga qahramon deb maqtab yurgan odamimning koʻz oʻngimda yigʻlashi… yoʻq buni sharhlab boʻlmasdi. Alpomishga tenglashtirganim, Ravshandek biror qiyinchilikka duch kelsam, Hasanxondek yoʻqlaguvchim… Axir, men Bobomni Goʻroʻgʻli, otamni Avazxon yoki Hasanxon, oʻzimni Ravshanmi, Nuralimi deb yurardim-da. Otimiz nega Gʻirkoʻk emas deb bobomga ham, otamga ham necha martalab xarxasha qilganman. Mening nazarimda, ular zoʻr, yengilmas odam edi, hech qachon yigʻlagan emasdi. Bugun… otam yigʻlab turibdi. Otalar ham yigʻlar ekan-da. Bola aqlim, murgʻak tasavvurim ostun-ustun boʻlib ketdi. Bobomga aytaman. Shu xayol bilan ikki qadam tashlagandim-ki, otam akam ikkimizni chaqirdi. Yugurdik. Bagʻriga bosdi. Ovozi qaltirab shu soʻzlarni aytdi:
– Sizlar mustaqil Oʻzbekiston oʻquvchilarisiz. Oʻzbekiston mustaqil boʻldi. Ha-ha, biz ozodlikka erishdik, bolalarim. Bu kun qancha yigʻlasam, qancha quvonsam oz, polvonlarim.
Men hamon hech narsaga tushunmasdim. Akam ham menga oʻxshab karaxt edi. Faqat onam hayajonini qanday ifodalashni bilmay, “Voy oʻlmasam” deya oʻtirib qoldi. Oʻsha damda hamma narsa oʻzgargandi. Aniq bilmayman, lekin “Oʻzbekiston mustaqil boʻldi” degan soʻz qulogʻimning ostida jaranglardi. Tavba, mustaqillik nima degani ekan? Yoʻq, oʻsha lahzada bu savol meni oʻylantirgani yoʻq. Aksincha, otam nima uchun yigʻladi? Mustaqillik deydi, u nima ekan? Voh, bexosdan: u nima ekan degan savol miyamni chaqmoqdek yorib oʻtdi. Demak, mustaqillik men tushunmaydigan, bilmaydingan, lekin juda ulugʻ, qandaydir buyuk odam, ha men oʻshanda mustaqillikni odam deb oʻylaganman. Uni koʻrishni juda-juda istardim.
Oradan maʼlum vaqt oʻtib, otam akamni qoʻlidan ushlagancha qishloq koʻchasidan ketib borardi. Akam… Egnida yangi kiyim. Otam… Oʻsha holat hamon koʻz oʻngimda, u boshini magʻrur tutgancha, viqor bilan qadam tashlardi. Oʻshanda yolgʻiz otam emas, qishloqda tagʻin boshqa otalar, bobolar ham yigʻlagan ekan. Buni kechqurun bolalar bir-biriga aytib berishdi…
* * *
…Har kim oʻz elida bekdir, toʻradir,
Bek Alpomish yaratgandan soʻradi…
– Menga qara, sen maktabda oʻqiysanmi? – deb qoldi bobom.
– Hali kichkinaman-ku…
– Shunaqami… Hozir eshitganlaringni birovga aytib yurma.
– Nega? – deyman hayratlanib.
– Katta boʻlsang tushunib olarsan…
Chuqur xoʻrsinadi. Yana bir gapni koʻp takrorlardi:
– Har bir oʻzini oʻzbekman degan odam Alpomishni oʻqishi kerak.
Bu soʻzlarni nasihat desam nasihatmas, oʻgit desam oʻgitmas, bular shunchaki bobomning meni oʻz tengdoshidek bilib aytgan soʻzlari edi.
Bobom biror joyda oʻqimagan, ammo dunyo koʻrgan bilimdon odam edi. “Mendan eshitganlaringni birovga aytib yurma”, deganlarining sababini ham, otamning yigʻlaganining sababini ham soʻng angladim. Buni otam aytib berdi. Bobom ilgari qoʻldan kelgancha, oʻzi aytganidek, tomoq yetgancha baxshichilik qilib turar ekan. Albatta, nom qozonish uchunmas, shu dili yayraganda, ha, togʻning odami-da… Men tugʻilmasimdan ancha avval bir sangardagining toʻyida qiziq-qiziq bilan bobom uch-toʻrt terma aytadi.
Kechqurun esa… uyga ikkita odam keladi. “Kishilarni eski rivoyatu afsonalar bilan chalgʻitayapsiz”, deb ayb qoʻyadi va… yuzxotir qilib, kechirishadi. Xullas, kelganlar bobomdan ikki enlik “Endi takrorlamayman”, degan mazmunda xat olib ketishadi. Bunga guvoh boʻlgan otamning qalbi oʻksiydi. Otasi birovning oldida yelka qisib turishi… otamga qattiq botadi. Ehtimol, shu bois otam bizni lol qoldirib, yigʻlab yuborgandir. Harholda, kap-katta odamning kuzyosh qilishiga ham goho yetarlicha sabablar topiladi…
* * *
Har bir ismning oʻz maʼnosi, tarixi bor. Masalan, Avaz… Ona qornida ovoz bergani uchun shunday ism beriladi. Sunnat, Musurmon, Qudrat, Ziyodullo va hokazo. Mening ismim ham shunga oʻxshash.
Otam menga guvohnoma olgani borganida, shu hujjatni beruvchi masʼul shaxs koʻnmagan.
– Aka, sizni taniyman. Bir qishloqning odamlarimiz. Faqat iltimos, bu ism boʻlmaydi. Boshqa ism qoʻyaylik.
Otam ziyoli, barchasini tushungan. Rozi boʻlishdan boshqa iloji yoʻq.
Ismim… asli Navroʻz. Chunki 21 martda tugʻilganman.
Bu yaqin oʻtmishning voqeasi. Oradan uch yil oʻtib, qishlogʻimizda Navroʻz ismlari koʻpayib qoldi. Ularni koʻrsam, qalbimda iftixor va shu bilan birga oʻksinish boʻladi. Bayramning bunga nima aloqasi bor, deng? Qattol shoʻrolar tuzumining xotirasini oʻchirish, uning maʼnaviyatiga zahm yetkazishning har qanday yoʻllarini qilishgan ekan-da.
Davr oʻzgardi, insonning tafakkuri tiniqlashdi. Baribir… bola tasavvurim hamon oʻsha. Hamon otamning oʻsha holati koʻz oʻngimda. Vatan haqida kitob oʻqiganimda, qoʻshiq eshitganimda yoki biror bir yurtdoshim dunyo sahnasiga chiqqanida, umuman Oʻzbekiston nomini eshitganimda, beixtiyor otamni eslayman. Demak, Vatan ota degani emasmikan? Bolaliligimizda barchamizni otamiz yelkasiga mindirib: “Qara, dunyoni boʻyla bolam”, demaganmidi? Shu ovoz, shu ishonch yurak-yuragimizga kirib ketmaganmidi? Olmaning ostiga olma tushadi. Qonida beklik bor xalq baribir bek boʻladi. Ot aylanib qozigʻini topgandek, vujudda kezib yurgan ruh, oqib turgan qon baribir bir kun kelib kimligini aytadi. Aytdi. Buni tarix isbotlab berdi.
Saratonning sariq chillasida yoʻl tortgan bobom emasmikan?
Qahratonning qahriga qaramay shiddat bilan yoʻldagi yoʻlovchi…
U ham bobom emasmikin? Bobolarim emasmikan? Ularning qalbidagi tashnalik, koʻksidagi olov Istiqlol emasmikan? Olovday lovullab turgan sahro, boʻronday shovullab turgan cheksiz ayozlik, bu oʻtgan yillarning, oʻtgan bobolarimning umrlari emasmi? Ular izlagan manzil, ular intilgan yorugʻlik, sahrodagi qumlardan-da koʻp mashaqqatlar, qahratondagi qordan-da koʻp uqubatlardan ham azizroq, buyukroq Mustaqillik emasmidi? Ularning yuragida nish urgan kurtak ulkan daraxtga aylandi. Ular qadagan nihol bugun chinorlarga aylandi. Bu kunlar osmondan tushgani yoʻq, yerdan ham unib chiqqani yoʻq. Bu kunning har bir lahzasida, har bir nafasida qanchadan-qancha erkka, ozodlikka tashna oʻtgan bobolarimning umrlari bor. Ularning shonli yoʻllari bor.
Mustaqillik maydonida fargʻonalik bir otaxon bilan suhbatlashib qoldim. U “Motamsaro ona” haykaliga uzoq tikilib qoldi. Soʻngra menga bir gapni aytdi:
– Bu mening onam. Toʻrt akamni urushga joʻnatib, ikkitasini yarim jon holida quchib olgan, ikkitasining qaytishini bir umr kutgan onam bu. Buncha oʻxshaydi-ya, – otaxonning mijjalari yoshlandi. Keyin menga “Baxtiyor ona” haykalini koʻrsatib gapida davom etdi. – Sening onang ana. U Senlarning onalaring shu baxti butun ona. Bor, onangning oldiga bor. Lekin, mening onamni ham unutma…
Men undan ismini, yoshini soʻramadim. Negaki, men uchun uning ismi oʻzbek, yoshi shu xalqning yoshi bilan teng. Oʻzbek qancha qadimiy boʻlsa, u ham shuncha abadiydir. Men unda butun Oʻzbekistonni koʻrganday boʻldim…
Mustaqillikni bir vaqtlar odam deb tushungandim. Hozir ham u men uchun eng buyuk odam.
Ey, sen mening buyuklarimni quvonchdan yigʻlatgan kun. Ey sen, men suyanganlarim senga suyanib, sening kelishingni sevinch yoshlari bilan kutib olayotgan ulugʻ sana. Men ayni shu sanada zaminga tomir tashladim, mangu ildizlarimga tutashdim goʻyo. Men senga topinaman! Saratonda sovqotgan, qahratonning qahriga qaram boʻlmagan bobolarim haqqi, musicha bolasi uchun qilgan jasorati haqqi, neki ongsiz mavjudotlar oʻz goʻshasi uchun kurashganlari haqqi, otamning yigʻlagani haqqi, endi doimo mangu boʻl!
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2013 yil 26-sonida chop etilgan.
Sanjar Tursunov
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ildizlarim/