Assalomu alaykum, Nasrullo!
Sizga salom berdimu, bir sayyoradan ikkinchisiga maxfiy xabar eltayotgan fazoviy mavjudot haqidagi roman yodimga tushdi. Xullas, odam trillion yildan beri oʻzga sayyora tomon uchayotgan xabarchining nomasini oʻqishga erishadi. Maktubda mittigina nuqta boʻlib, uning tarjimasi “Salom” degani ekan.
Tushunyapsizmi, “Salom” degani. Demakki, bu kalomda insonni mudom quvvatlantirib turuvchi ilohiy kuch bor.
“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 11-sonida chiqqan “Qaro sochlaringa bitdim oq sheʼrlar” sarlavhasi ostidagi turkum sheʼrlaringizni oʻqib, men bilgan oʻn yil oldingi Nasrullo yodimga tushdi.
Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti qoshidagi “Hilol” adabiy toʻgaragi yodingizdadir. Qancha shoiru nosirlarning poʻstagi qoqiladigan nafis majlis. Oʻshandagi tanbehu taʼzirlardan necha toliblar yozishni tashlab ketmadi deysiz.
Xullas, sheʼr sabab yaqin boʻlib ketdik.
Respublika rassomlik kollejida oʻqiganingiz xoʻp bilinadi. Oʻzingiz ham tashidan shoirdan koʻra rassomga oʻxshab ketasiz. Asarlarida qahramonlarining koʻzlarini chizmaydigan Modelyani borku, oʻshanga. Bildikki, u inson qalbini anglasagina koʻzlarini chizar ekan.
Doʻstim, endi aytsa ham boʻlar, koʻpchilik sizni oʻziga bino qoʻygan, dimogʻdor deb biladi. Boʻlsa bordir. Ammo “Yulduz va ildiz” nomli sheʼringiz barcha fazilatlaringizdan-da mashhurroq edi:
YULDUZ VA ILDIZ
O, naqadar yaqin qofiya
Sen va men kabi
Yulduz va ildiz
O, naqdar olis masofa
Sen va men kabi.
Rassom chizgan sheʼrlar
Bisotingizdagi sheʼr va suratlarning kamligi oʻzingizga talabning yuqoriligidan boʻlsa ajabmas. Ilk mashqlaringizdanoq qofiyaga hafsalangiz yoʻqligi seziladi. Balki bu sizga soʻzlarni ortiqcha boʻysundirish kabi koʻrinar. Ochigʻi, oʻnlab tengdoshlar anʼanaviy tarzda yozayotgan bir pallada sizdagi shakliy oʻzgarishlar mening zavqimni keltirgani rost. Oʻsha kezlardagi sheʼrlarni eslang…
SENING KOʻZLARINGDA
men oʻzimni qoʻydim yoʻqotib.
Endi menga ogʻir juda ham –
koʻzlaringdan izlab yashamoq
choʻkib ketgan muhabbatimni…
Yoki:
QUYOSH BORU, SOVUQ QOTDIM MEN;
Yonib kulga aylandim biram.
Ijodda bir-birimizni ayasak, xatolarimizga yon bersak kelajak doʻstlarimiz bizdan-da gina qilar. Sheʼrga oʻquvchi nazarichalik toza va xolis baho kerak, menimcha. Maktubdagi fikrlarni shu pogʻonada deb biling. Bugun bu sheʼrlar menga sizni emas, Rauf Parfining otash satrlarini eslatdi.
Sizdagi “Choʻkib ketgan muhabbat” shoirdagi “Suvga choʻkib ketgan bolam, yoshligim…” bilan hamohangdek. “Quyosh bor-u, sovuq qotdim men” esa “Otashin muzlarga isinmoq” kabidir:
Uygʻon, ey, malagim, tur oʻrningdan, tur,
Otashin muzlarda isinaylik, yur.
Rauf Parfining koʻpgina sheʼriy kashfiyotlarini oʻzingizda sinashga tirishasiz. Masalan, birinchi satrlarning bosh harf bilan yozilishi va sheʼrga sarlavha boʻlib kelishi, toʻrtliklarning kutilmaganda uchlikka aylanishi…
Buni oʻgʻirlik emas, ustoz shoirga nisbatan azbaroyi ixlos hosilasi degim keladi. Chunki soʻz oʻmarish darajasidagi ojiz odam emassiz.
Bir narsa soʻrasam: Bugun yozilgan sheʼrlaringizni qayerda saqlaysiz? Ijtimoiy tarmoqlardami yoki biror roʻznoma sahifalarida? Balki ular daftaringizda oylab yotar.
Koʻpincha virtual tarmoqlarda “yangi uzilgan sheʼr”larni koʻraman. Yozilish va sahifaga qoʻyilish orasidagi qisqa vaqt meni esankiratib qoʻyadi. Goʻyo shoir oʻsha yerning oʻzida “ijod” qilgan. Ogʻriqli tomoni, uni koʻklarga koʻtarilishiga oʻzimiz yoʻl qoʻyamiz. Indamasligimiz, keskin fikrlar bildira olmasligimiz unga koʻproq hayot beradi.
Asl shoir uchun sheʼr bir umrlik ishlanadigan, tahrir qilinadigan jarayon. Hatto Rauf Parfi ham koʻp ming nusxada chop etib boʻlingan kitobidagi sheʼrlarni tuzatib oʻtirishi haqida eshitganim bor. Buni mukammalikka boʻlgan mukammal intilish deydilar.
Hozir ham qoʻlimda oʻn yillar avvalgi sheʼrlaringiz turibdi. Ularni yaqin-yaqinda bitganlaringizga taqqoslash imkoni bor. Ehtimol, bugun ayrim sheʼrlaringizni oʻzingizda qabul qilmassiz:
Oqshom –
qizning oppoq siynasi.
Derazaga osilar koʻzim.
Tunning qora sochi tashlanar keyin…
Misralarda yigitlikning gʻoʻr xayollari ufurib tursa-da, bu ruhiyat sizga qaydan yuqqanini bilishga urinaman. Parcha keltirib oʻtirmay, Shavkat Rahmonning Lorkadan tarjimalarida ham shunday bebosh kechmishlar borligini bilasiz. Oʻn bahor oʻtib oʻsha ruhiyatingiz qanchalik tozarganini “Metroda uxlab ketayotgan yolgʻiz ayolga” nomli sheʼringizda koʻraman. Unda shunday tashbehlar bor:
Nafis kiprigida shabnam mudraydi,
Toʻlgan-u, toʻkilmay turganday koʻzyosh.
Hozir tashqarida osmon uxlaydi,
Yerostiga kirib ketganday quyosh.
Siz oʻtgan yilarni besamar oʻtkazmadingiz, bugungacha yaxshigina sheʼrlar yaraldi. Har holda, ularda oʻzingiz his qilgan tuygʻular bor. Ammo hamon sizni oshiq va maʼshuq iztiroblari egallab olgani gʻalati tuyuladi. “Muhabbat!? – Soʻroqqa aylangan undov qismati”, “Yosh oqar koʻzimdan yoqutrang…”, “Tark etganda sevgilim meni”, “Men sizni sevmayman!.. Sevmayman, deb aldayman oʻzimni”…
Bugungi bitganlaringiz ham shu yoʻsinda boradi: “Qoʻllarida anor ushlagan ayol”, “Qoʻlingga qalbimni qoʻyib yigʻladim”, “Yomgʻir va qor yogʻar bitta-bittalab, koʻz yogʻar, qosh yogʻar, bitta-bitta lab…”
Ochigʻi, oʻttiz yoshdagi yurak iztiroblaringizda boshqa tuygʻularning hamon kamnamoligi meni oʻylantiradi. Gohida har satrda ishqsizlikdan ozor chekayotganingizga ishonmay qolaman. Nega bu shoirning qalbi oʻzga jarayonlarni his qilmayapti ekan, degan savol tugʻiladi.
Ekzyuperi yozuvchi boʻlsa ham shoirlar “oh-voh”iga chiday olmabdi. Uning iqrorini keltiray:
“Uch yuz yil muqaddam insonlar shunday seva olganlarki, hatto muhabbatni deb bir umr tarkidunyo qilishgan. Bizning davrimizda baʼzilar oʻz joniga suiqasd qilmoqda. Lekin ularning iztiroblarini qattiq tish ogʻrigʻi bilan qiyoslash mumkin, xolos. Zero, bu iztirobning muhabbat bilan hech qanday aloqasi yoʻq…”
Doʻstim, men yozganlaringizning muhabbatga aloqasi boʻlishini istayman. Chunki bu qoʻlingizdan keladi. Xayriyatki, vaqt sizni yozolmaslik kabi ayanchli qismatga duchor qilmadi. Hamon qarashlaringiz musavvirona, joningizga burov solib turibsiz. Buning uchun rahmat!
Ruxsat etilgan xatolik doirasida
Doʻstim, tunov kuni bozorda nazoratchi-tarozibonni koʻrdim. Tosh-tarozu halolligini tekshirib yurgan ekan. Tarozining 5 grammdan 10 grammgacha adashishiga ruxsat etilgan xatolik doirasida deb qaralar ekan. Qarang, “Ruxsat etilgan xatolik doirasida”.
Nahotki xatoliklarga ham ruxsat etilsa. Axir, misqollar ham hisob-kitob qilinadigan lahzalar bor.
Oʻylab koʻrsam, bizning ham ruxsat etilgan xatolik doirasidagi xatolarimiz borga oʻxshaydi: ozgina befarqlik, ozgina dangasalik, ozgina xiyonat, ozgina tuygʻusizlik…
Bilasizmi, odamni, ayniqsa shoirni yoʻq qilish uchun ozgina befarqlik kifoya ekaniga ishonib boryapman. Masalan, shoirning kamera qarshisida sheʼr oʻqishi nozik jarayon. Chunki sheʼr – ruhiyat, holat. Unga tushilmasa, tomoshabinga-da yuqmaydi. Avvalo jurnalistda sheʼrga muhabbat boʻlsa, shoirni tinglaydi, nigohini undan uzmay, sheʼrning haroratini borligacha tasmaga muhrlashga harakat qiladi.
Afsus, bundaylar juda kam. Siz, kerak boʻlsa, oʻn martalab sheʼr oʻqiysiz. Gohida ovozingiz yozilmay qoladi, goh tasvirchi tayyor boʻlmaydi, baʼzan mikrofonni qimirlatmay ushlab turgani uchun maosh oladigan “jurnalist” tamoman sizga befarq boʻladi…
Ijodiy koʻrsatuvlar taqdiri esa ijoddan yiroq jurnalistlar va vaqti ziq texnik xodimlar qoʻlida qolib ketganday. Qisqasi, sheʼrga befarqlar ichra sheʼr oʻqish naqadar baxtsizlik ekanini tuyasan.
Bir yozuvchi aytganidek, ommaviy ishlab chiqarish natijasida son-sanoqsiz ajoyib musiqa asboblariga ega boʻlishimiz mumkin. Lekin ularda kuy ijro etuvchi sozandalarni qayerdan olamiz?..
Doʻstim, men shoirning roʻznomalarda oʻz sheʼrlarini targʻib qilib yurishini hech tushunmayman. Sheʼrlarimni falon nashr chop etmay keladi, degichlar ham oramizda talaygina. Shunday ijodkorlar sheʼrning qadrini ham sariq chaqadan arzon qilib yuboradi. Oʻzining xom-xatala yozishmalarini buyuk asar deb biladi. Aslida shunday kishilar oʻquvchilarning hafsalasini pir qilgan.
Shukrki, Saʼdiy Sheroziyning hammamiz uchun bir umrlik saboq boʻla oladigan baytlari borki, shuning oʻzi butun boshli maktubimdan ham qimmatliroq koʻrindi. Misralarni xatimning soʻnggi xulosasi deb qabul qilgaysiz:
Agar senda mushk yoʻq, jim oʻtir, axir,
Agar boʻlsa hidning oʻzi aytadir…
Bobur Elmurod
1989 yili tugʻilgan.
Oʻzbekiston Milliy universtetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
2012 yili “Birinchi kitobim” loyihasida “Koʻzlarimdagi dunyo” nomli sheʼriy toʻplami chop etilgan.
“Yoshlik”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ildizdan-yulduzgacha/