Ikkinchi umr manzillari

Chin ijodkorning ikki umri boʻladi. Biri – barcha qatori “besh kunlik” deb atalguvchi hayot, ikkinchisi – oʻzi oʻtganidan soʻng asarlarida davom qiladigan yozuvchilik umri. Mana, taniqli shoir Toʻra Sulaymonning ikkinchi umri boshlanganiga ham salkam oʻn yil boʻlib qoldi. Yanagi yili shoir tugʻilganiga sakson yil toʻladi. Qoʻlingizdagi kitob ana shu sanaga munosib tuhfa boʻladi.

Bu kitob adibning ijodiy qiyofasini toʻla koʻrsatishi bilan diqqatga loyiq. Unga suyukli shoirimizning yuksak badiiyatli sheʼrlari, nasrda bitgan ayrim asarlari, esselari, yodlovlari, dostonlaridan olingan parchalar, ilmiy maqolalaridan namunalar kiritilgan. Xullas, kitob bilan tanishgan oʻqirman Toʻra Sulaymon ijodiy qamrovidan yaxshigina xabardor boʻlishi tayin.

Toʻra Sulaymon el nazaridagi shoir edi. Uning bitganlari hayotligidayoq koʻp bor bosilgan, kuylangan, ular haqda yozilgan. Uning chop qilinmay qolib ketgan asarlari judayam koʻp emas. Toʻra aka oʻz bitiklariga aslo beparvo emasdi. U juda uzoq yillar oldin yozilgan va bosilib chiqqan asarlarini ham qayta-qayta koʻzdan kechirib, lozim oʻrinlarini tahrir qilardi. Ushbu “Saylanma”ga kirgan sheʼrlarning koʻpi shoirning qayta “chigʻirigʻi”dan oʻtgan bitiklar ekani bilan eʼtiborlidir.

Badiiy asar ijodkor shaxsiyatining mevasi ekani sababli ijodkor qancha oʻziga xos boʻlsa, uning yozganlari ham shuncha betakror boʻladi. Toʻra Sulaymon tamomila oʻziga xos shaxs edi va bu qaytarilmas shaxsiyat uning bitganlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. Shoir ijodining bosh belgisi uning toʻligʻicha xalq ogʻzaki ijodi namunalari taʼsirida ekanidadir. Uning oʻyi, tuygʻulari, hayratu hayajonlari hamda ularning ifodasi xalqona. Shoirning qaygʻusi, quvonchi, hatto yumorida ham xalqchillik yaqqol koʻrinib turadi.

Oʻzi-ku bizda folklordan taʼsirlanmagan ijodkor kamdan kam. Lekin ogʻzaki ijodning taʼsiri butun yozganlarida boʻy koʻrsatib turadigan Toʻra Sulaymonday adib adabiyotimizda boshqa yoʻq. Bu holning muayyan asoslari bor. Avvalo, Toʻra Sulaymon folklor asarlari yaratilishi hali davom etayotgan davrda va shunday muhitda dunyoga kelib ulgʻaydi. Bundan tashqari, uning tabiatida baxshilik unsurlari bor edi: u davralarni yoqtirmasdi, lekin ularsiz turolmasdi. Chunki davra koʻpniki, koʻpdan esa deyarli hamisha qandaydir hikmat topish mumkin. Universitetda oʻqib yurganida ham kursdoshlari jahon adabiyoti namunalariga ruju qoʻyib, shov-shuvli asarlar izlaganlarida, u hech kimning topshirigʻisiz oʻz holicha qishloqma-qishloq yurib, odamlar ogʻzidan daftar-daftar folklor namunalarini yozib olar va turli gazeta-jurnallarda chiqarishga urinib yotar edi. Shuningdek, ogʻzaki ijod namunalarini qayta-qayta oʻqib, zavqlanardi.

Toʻgʻri, Toʻra aka ham koʻpchilik ijodkorlar qatori mumtoz va zamonaviy adabiyotimizdan, shuningdek, rus va jahon adabiyoti namunalaridan tuzukkina xabardor edi. Bunday xabardorliksiz arzirli narsa yoza olmagan boʻlardi. Bu fik­rimizni “Mehrob”, “Armon”, “Andisha” singari esselari ham tasdiqlaydi. Lekin uning bitganlarida asosan xalq ogʻzaki ijodining taʼsiri ustuvorligi ham haqiqat. Ogʻzaki ijod unga shunchaki manba, material emas, balki mohiyat, ijodkor sifatidagi mavjudlikning oʻlchovi edi. Toʻra Sulaymon kabi ogʻzaki ijodga xos jihatlarni oʻz asarlarida bu qadar yorqin namoyon qila oladigan boshqa yozuvchi bungacha boʻlmagani singari bundan ke­yin ham chiqmasa kerak.

Ovloq togʻ qishlogʻida tugʻilib, murgʻak yoshida kimsasiz choʻlga kelib qolgan bolaning mashhur adib boʻlib yetishishiga nima turtki boʻldi? Uning ijodi qanday oʻziga xosliklarga ega, degan savollar oʻqirmanlarni qiziqtirishi tabiiy. Dunyoning buyuk adiblaridan biri Ernest Hemingueyda bunday hazilomuz gap bor: “Yozuvchi boʻlish uchun isteʼdod bilan baxtsiz bolalik kifoya qiladi”. Shu maʼnoda Toʻra Sulaymon yozuvchilikka har jihatdan munosib, hech mini yoʻq kishi. Goʻzal Baxmal togʻlari qoʻynidagi Aldashmon qishlogʻida tugʻilgan boʻlajak shoirning armonlarga toʻla bolaligi sovetlar tuzumining avji qatagʻon davriga toʻgʻri keldi. Ota­sini yot unsur sifatida qamatishib, uylaridagi koʻrpa-toʻshakkacha inqilobiy hukumatga oʻtkazishdi. Quloqning bolalarini esa har yoʻl bilan turtkilab, kamsitishdi. Shu sabab, asli xayolparast va taʼsirchan yosh Toʻra siniq va oʻychil boʻlib oʻsdi. Shoirning barcha yozganlarida ana shu siniqlik, koʻngli yarimlik nuqsi sezilib turadi. Sheʼrlarining birida: “Otamning alamli pok siynasida Ushalib, ushalmay qolgan armonman”, deb yozganida achchiq iztiroblarga toʻla bolaligini koʻzda tutgan. 1939 yili otasi qamoqdan chiqqach, Toʻralar oilasi Mirzachoʻlning “Malik” xoʻjaligiga koʻchib keldi.

Shu tariqa togʻda dunyoga kelgan bola dunyoni choʻlda taniy boshladi. Oilaning boshiga tushgan shoʻrishlar yosh Toʻrani erta ulgʻaytirdi. Unda oʻzgalarni anglash, birovning dardini his qilish sifatlari tengdoshlariga qaraganda oldinroq shakllandi. Uni sheʼriyatga oshno qilgan tiynatidagi ayni shu sifatlardir, balki. Chunki u olamga, odamlarga, dunyoning shevalariga shunchaki bir tomoshabin sifatida qaray olmasdi. U dunyoni ichidan oʻtkazardi. Toʻra koʻp oʻqirdi, butun-butun dostonlarni yod bilardi. Bolaligidanoq nimalarnidir aytgisi kelardi, boshqalarga taʼsir etmagan narsadan hayajonga tushib, terga botardi. Hech kimga bildirmay, tuygʻularini qogʻozga tushirardi. Lekin uzoq vaqt yozganini birovga koʻrsatmay yurdi. Birinchi sheʼri eʼlon qilinganida u yigirma olti yoshda edi. Oʻsha vaqtdagi sheʼr­laridan birida u oʻzini umid bilan yoʻlga chiqqan karvonga oʻxshatadi:

 

Men ham umid bilan safarga chiqib,

Uzoq manzillarga koʻz tikkan jonman.

Birda Sirday toshib, birda tutoqib,

Katta yoʻlga chiqqan

Kichik karvonman.

 

Sheʼr − koʻngil mulki. Olamni shoirona idrok etolmaydigan, uning boshqalarga nomaʼlum jihatlarini koʻra olmaydigan kishi shoir boʻlolmaydi. Oʻqib shoir boʻlinmaydi. Shoirlik − qismat. Shoir boʻlmaslikni eplay olmaganlar qismati. Shoir hamisha nimadandir norozi, nimadandir hayajonda. Olamni boridan goʻzalroq, odamlarni hozirgisidan komilroq koʻrish istagi shoirni doim bezovta qiladi. Shu bois u tinimsiz toʻlgʻanadi, izlanadi:

 

Suvlar ham tinidi sunbula kelib,

Tinib-tinchimadi bu koʻnglim, hayhot.

Na bahor, na yozdan, na toʻkin kuzdan

Hecham qoniqmadi bu koʻnglim, hayhot!

 

Shoir bir umr oʻzini izlab, oʻzini tekshirib, oʻzini kashf qilmoqqa intilib yashaydi. Toʻra Sulaymon − izlanishlarning uzoq yoʻlini malollanmay bosib oʻtgan ijodkor. U har ne topsa oʻzidan topishi mumkinligini bilganidan, qalbini toʻxtovsiz taftish qiladi. Izlagani tashqarida emas, oʻz yuragida ekanini tuyadi. Oʻz yuragini anglamagan odam oʻzgani tushunolmasligi, oʻzgani tushunolmagan kimsa Haq bilan sirlasholmasligiga ishonadi. Haq bilan sirlashishning eng ishonchli yoʻli unga begʻaraz muhabbatdir, uni adoqsiz sevishdir. Toʻra Sulaymon sheʼriyati − ishq haqidagi bitiklar. U muhabbat tufayli qalam tutdi, muhabbatni kuyga soldi va bir umr sevgi iztiroblarini kuyladi:

 

Men seni suydim, Qorakoʻz,

Suydim, suydirolmadim.

Ishqingda kuydim, Qorakoʻz,

Kuydim, kuydirolmadim.

 

Shoir hamisha dard bilan yashaydi. Bejiz: “Dardsiz yashamoqlik − dardmandlik asli”, demagan. Olamda qancha asl shoir bor – hammasi dardmand. Ular goʻzallikning, ezgulikning dardi bilan ogʻrigan bemorlar. Barcha chinakam asarlar gʻamning mevalari oʻlaroq dunyoga kelgan. Bilamizki, Odamning loyini qorishga suv boʻlsin deb yogʻdirilgan qirq kunlik yomgʻirning oʻttiz toʻqqiz kuni gʻam, bir kuni shodlik yomgʻiri edi. Navoiy hazratlari: “Koʻngilda gʻam yoʻqligʻi oʻzi gʻamdur, Alam yoʻqligʻi asru alamdur”, deganlarida barcha ijodkorlarning koʻnglidagini ifoda qilganlar. Shundan boʻlsa kerak, Toʻra Sulaymon ijodida alamangiz sheʼrlar koʻp. Shunday sheʼrlari oʻquvchilar qalbini toʻliqroq egallab, xotiralarida hamishalikka qolgan: “Izlay-izlay horib boʻldim, sensiz yolgʻiz gʻarib boʻldim, Endi bosgan izlaringni toʻrt tomondan topolmasman”. Yoʻqotganlarining topilmasligini, ketganlarining qaytmasligini bilgan kishining adoqsiz armonlari quyidagicha ifodalanadi:

 

Giyoh bilan qoplanmish koʻhna qabr boshlari,

Maysadagi shudringlar − kimlarning koʻzyoshlari?

Bu yerda yotar otam ham uzangidoshlari,

Bahor, ketma, mening bogʻimdan.

 

Adolatning toptalib, haq joyida qaror topmaganini koʻrgandagi koʻngil holatlari ham gʻamli misralarda ifoda etiladi:

 

Xeshlarimning bemavrid koʻzlarida yosh koʻrsam,

Bir mard bilan nopokning yoʻlini tutash koʻrsam,

Qaysi bir begunohni keng yoʻlda adash koʻrsam,

Bir betayin kimsaning oyogʻida bosh koʻrsam…

Koʻnglimda armon yotar terskaydagi qor misol.

 

Shoir qismat oldidagi oʻz ojizligidan iztirob chekmoqda boʻlgan kishi ruhiyati tovlanishlarini anduh bilan tasvirlaydi: “Bu maskan qopqasizdir, bu qoʻrgʻon xoqonsizdir, Borish boru kelish yoʻq, bu goʻsha omonsizdir”.

Toʻra Sulaymon sheʼriyatida ruhiyatning taʼsirchan manzarasi bilan birga zalvorli ijtimoiy yuk, salmoqli insonparvarlik vazifasi ham bor. Shu bois sheʼrga koʻngil rozigina emas, balki odamning kimligini aniqlaydigan mezon, maʼnaviyatini tayin etadigan oʻlchov sifatida yondashadi: “Oʻlan bilmas er asta ayniy boshlar, Qaydan bilsin oʻlanni bagʻri toshlar”.

Toʻra Sulaymon sheʼriyati taʼsirli hissiy timsollar vositasida ifodalangan yombi va zalvorli fikrlardan tugʻilgan. Paygʻambarimizning: “Soʻzda sehr bor, sheʼrda hikmat”, degan hadislaridagi ikki jihat ham shoir bitik­larida namoyon boʻladi. Ruhiyatning tushuntirish mushkul boʻlgan qatlamlarini badiiy tadqiq etish, hissiyotdagi eng murakkab jarayonlarni bor chigalliklari ila tasvirlash bilan birga Toʻra Sulaymon gʻoyat miqyosli, qamrovli fikr­larni, goʻzal badiiy topildiqlarni sodda yoʻsinda, chigallashtirmay, murakkablashtirmay koʻrsata oladi. Koʻpincha, sheʼriyatdagi soddalik joʻnlikka olib boradi. Toʻra aka ijodida esa, soddalik teranlikka xizmat qilgan. Shoirning elaro mashhur boʻlib ketgan sheʼri − “Tebratar” ushbu fikrimizning isboti:

 

Shamol shamolni tebratar.

Shamol bulutni tebratar.

Bulut yomgʻirni tebratar.

Yomgʻir maysani tebratar.

Maysa biyani tebratar.

Biya qimizni tebratar.

Qimiz yigitni tebratar.

Yigit suluvni tebratar.

Suluv beshikni tebratar.

Beshik bolani tebratar.

Bola dunyoni tebratar.

 

Shoir chigal tashbehlar, boloxonador oʻxshatishlar, zamzamali obrazlar tasvirini bermaydi. Qadimiy dunyo tartibotining eng muhim boʻgʻinlari boʻrtiq manzarasini soddagina misralar bagʻriga joylay oladi. Chinakam shoirlik tomchida ummonni, qatim nurda quyoshni, atak-chechak bir niholda butun boshli oʻrmonni koʻra olish demakdir. Yoʻq! Koʻra olish yetarli emas, balki sheʼrxonga ham koʻrsata bilish lozimdir. Koʻrsatganda ham shunchaki emas, oʻquvchining hissiyotini qoʻzgʻaydigan, tuygʻularini bezovta qiladigan, sezimlariga yuqadigan yoʻsinda tuydirishdir:

 

Taqa tuyoqni asragay,

Tuyoq tulporni asragay,

Tulpor Temurni asragay,

Temur Turonni asragay,

Turon Qurʼonni asragay,

Qurʼon imonni asragay,

Imon insonni asragay,

Inson olamni asragay,

Olamni Oʻzi asragay.

 

Shoirona nazar sabab joʻngina taqadan boshlangan gap olamni asrash bilan tugadi. Narsa-hodisalar oʻrtasidagi sababiy bogʻlanishlarni, umumdunyo aloqadorligini bu qadar goʻzal va oʻzbekona idrok eta bilmoq hamda sodda yoʻsinda taʼsirchan ifoda qilmoq uchun Toʻra Sulaymon isteʼdodi kerak.

Asl ijod buzilgan muvozanatdir. Dunyodagi birorta shoir ruhiy muvozanatdan chiqmay turib birorta tuzukroq sheʼr yozolmaydi. Muvozanatdan, yaʼni risoladagi odamlarda boʻladigan ruhiy holatdan chiqish har bir ijodkorda oʻzgacha kechadi. Lekin deyarli barcha asl ijodkorlarning ham qalbi yalangʻoch, himoyasiz. Yuz bergan hodisaki bor, unga taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Bir haqiqat ayon: ijodkor bir umr oʻz bolaligini tasvirlash bilan band boʻladi. Qishloqda nari borsa, oʻn yetti yoshigacha yashagan adiblar bir umr shu qishlogʻi haqida yozishadi. Negaki, ijodiy holat qay bir darajada bolalikka qaytishdir. Chunki bola boʻlmay xayolparast boʻlish, xayolparast boʻlmay ijodkor boʻlish mumkin emas.

Adiblar har doim ham shoir yoki yozuvchi emaslar. Ular faqat oʻzlaridan kechib, oʻzlarini unutib ijod qilayotganlarida, ilhomning yulduzli onlaridagina adib­lardir. Qolgan vaqtlarda barcha qatori odamlar. Shuning uchun ham Toʻra Sulaymonning: “Telbanamo edim yoshlikda Telbalikning hali aksi bor” misralarini ilhomiy holatning suvrati deyish mumkin. Oʻziga shaxsan daxldor boʻlmagan narsadan kuchli taʼsirlanish, qattiq xursand boʻlish yoki qaygʻurish, shu holatini qogʻozga koʻchirmaslikning ilojini topolmaslik roʻzgʻoriy mezonlar bilan oʻlchanganda telbalikning oʻzginasi. Lekin shoir maishiy oʻlchovlar bilan emas, ilhomiy miqyoslar bilan ish koʻradi, maʼnaviy tarozilar bilan tortadi.

 Koʻpchilik ijodkorlar devonafeʼl boʻlgani, darveshvash yashagani, axloqiy-huquqiy qoliplarga koʻpda rioya qilavermagani uchun ham bizning nazarimizda ancha erkin hayot kechiradiganga oʻxshab koʻrinadi. Chuqurroq oʻylab qaralsa, uning erki qulning erkidan cheklanganroq boʻlsa borki, ortiq emas. Nega? Chunki adib ijodidan erkin boʻlolmaydi. Aslan ijod erkinligi tushunchasi ijodkorning erkinligini emas, aynan ijodning erkinligini anglatadi. Shoir oʻz tuygʻulariga, hissiyotiga xoʻjayin boʻlolmaydi. Hissiyotini boshqara olgan odam ijodkor emas. U ilhomiga ham biylik qilolmaydi. Bilʼaks, shoir oʻz ilhomining qulidir. Unda faqat junbushga kelgan tuygʻuni, quyilib kelayotgan fikrni goʻzal shaklda ifodalay olish majburiyati bor, xolos. Ilhomni zoʻrlab boʻlmaydi. Shu sabab talantli shoirlar istalgan vaqtda emas, koʻngillari tusaganda sheʼr oʻqiydilar. Bundayroq shoirlarga iltimos qilinsa, bas, oʻqiyveradi. Negaki, birinchi toifadagilar chinakam isteʼdod sohiblari va ular ilhom bilan ish koʻradilar, keyingilar esa ijrochilar, ularga tomoshabin kerak.

Koʻrinadiki, ilhomni zoʻrlab boʻlmaydi. Zoʻrlansa, chala nasl beradi. Shu sabab, Toʻra Sulaymon butun tuygʻuga, butun yurakka ega boʻlishga intiladi: “Menga butun koʻngil kerak, kun kerak, Menga tutash yulduz toʻla tun kerak. Men yortilab muhabbatni olmayman, Men yorti doʻst xonasida qolmayman”.

U chala suymaydi, chala yashamaydi, chala dovlashmaydi, chala yovlashmaydi, chala doʻstlashmaydi. Oʻzining butun soʻziga, yirik tuygʻusiga ega boʻlganidan gʻururlanadi. Tuygʻular oʻziniki boʻlgani bois “yuqumli”. Birovdan tuygʻu olib, birovning ovozi bilan kuylab, birovning soʻzi-la tasvirlab, eʼtirof qozonib boʻlmaydi. Shoirning: “Oʻzga sozni chalgulik qilma”, deya iltijo etishi shundan. Butun ijodiy umri mobaynida oʻz sozini chalishga urinib keldi. Quyidagi misralar har uch kishidan biri shoir boʻlgan biznikiday yurtda ham boshqa birovnikiga oʻxshamasligi bilan eʼtibor tortadi:

 

Bu olamda Oy tanho, muborak Quyosh tanho,

Boʻy qizlarning ichida bir shu egma qosh tanho,

Uningdek hech kim menga boʻlmasa sirdosh tanho,

Goʻroʻgʻli sulton bir yon, Toʻra Sulaymon bir yon.

 

Toʻra Sulaymon qoʻllagan: “Osmon oʻrtasinda nozlanadir oy” tashbihi faqat uning oʻziga xos. Bu tasvir oʻqirmanni beixtiyor shoir tasavvuriga mos ruhiy holatga tushiradi. Soʻzning qudrati shunda! Toʻra Sulaymon soʻz jilosini teran his etadi. Soʻzning koʻpchilik xotirasidan koʻtarilgan xalqona ohangdor shakllarini, unut boʻlayozgan qadimiy maʼnolarini topadi. Shoir soʻz izlamaydi, balki holatning eng muvofiq ifodasini qidirib topadi. Uning tuygʻulari xalqona, ifoda ham shunga mos. Holatga yarashiqli soʻz topa bilish asl shoirga nasib boʻladigan saodat. “Toʻlgʻanoy” dos­tonida: “Uni chechan demakim taʼbiri yarashmasa…” deydi shoir va oʻzi imkon boricha yarashiqli taʼbir topishga, taʼsirli tasvir qilishga urinadi.

Har qanday ijodkorning asl qiyofasini uning tili belgilaydi. Shu maʼnoda Toʻra Sulaymon tamomila oʻziga xos shoirdir. Toʻgʻri, u ham boshqalar foydalanib yurgan soʻzlarni ishlatadi. Lekin bu soʻzlarni u kitobdan olmaydi. Kitobdan olingan soʻz obrazga yopishmaydi. Badiiy matnda ham yotligi bilinib turadi.

Toʻra Sulaymon soʻzga ayricha bir erkinlik bilan yondashib, har qanday asov soʻzni ham yuvvosh torttira oladi. Soʻzni ruhga boʻysundira biladi. Oʻzi soʻzning emas, ruhning stixiyasi yetovida yuradi. Oddiygina soʻzlardan faqat Toʻra Sulaymonga xos tasvir uslubini vujudga keltira oladi: “Koʻkda suzgan bulut momiqdan ham oq, Koshkiydi boshlansa yomgʻir yogʻaloq”. Bulutni paxtaga oʻxshatish kimlardan qolmagan, lekin momiqqa oʻxshatilishi uslubni oʻzgartirgan. Sheʼrning ohangi Mirtemir bitiklarini eslatadi. Ammo ustoz bulutni “pagʻa”, “oq” deya sifatlardi. Choʻlda, paxta orasida ulgʻaygan Toʻra Sulaymon esa uning momiq ekanini koʻra bildi. “Sogʻinish” sheʼrida: “Yaylovlarda maysa qimtir qoʻy-qoʻzi” tarzidagi tasvirda “qimtir” bagʻoyat oʻrnida ishlatilgan, bu soʻzdagi maʼno nozikligini hammayam ilgʻayvermaydi. Hodisalarni “toʻrachasi”ga koʻrish namunasi: “Togʻlar toʻshi yorishdi, demak tong otayotir”. Quyosh haqida bir soʻz demay, uni koʻrsatish mumkin ekan. Gʻoyat mavhum, moddiylashtirib boʻlmaydigan holatni aniq tasvirlay olish mahorati namoyon boʻlgan tasvir: “Kelinlarning labida Boʻsaning isi qoldi”.

Shoir sheʼrlarida hissiyotini izohlab oʻtirmaydi. Tuygʻuni shunday ifodalaydiki, uning qatida ruhiy holatni tugʻdirgan sabab ham yashiringan boʻladi: “Koʻnglimda armon yotar terskaydagi qor misol”, deydi bir sheʼrida. Quyoshga ters tarafdagi qor uzoq vaqt erimay, kirlanib yotganiday, lirik qahramon koʻnglidagi armon erib ketadigan emas, oʻshandoq boʻlsa, unga shoirning munosabati tayin, albatta, va u oʻz-oʻzidan sheʼrxonga ham yuqadi.

Toʻra Sulaymon badiiy tajribalar oʻtkazishga oʻch emasdi. U uzoq zamonlar oldin amalda boʻlgan tajribalardan foydalanardi. Eski shaklni yangicha mazmun ifodalashga xizmat qildira bilardi. Oʻzbeki soʻzning totini tuygan va tuydirishga uringan shoir edi u. Shoir soʻzni yuzada turmaydigan birlamchi maʼnolarida qoʻllashni xush koʻrardi: “boʻy qiz” deydi boʻyga yetgan qiz haqida; “boʻzalam” deydi biz “chimzor” deb yurgan tushunchani; “uzangidosh” deb ataydi xoʻb oʻzbeki qilib, xoʻb taʼsirchan qilib, doʻst, tengdosh, joʻra, safdosh singari bir qancha soʻzlarni isrof qilib ham toʻliq ifodalab boʻlmaydigan yana bir tushunchani. Tilimizda hamisha boʻlgan, endilikda ayrim keksalargina qoʻllayotgan hushyor maʼnosidagi “soq” soʻzi joyida ishlatilgani bois ifodaviylikni necha barobar oshirib yuboradi.

Toʻra Sulaymon soʻzga avaylab, qizgʻanib yondashadi. Ularning bemavrid yoʻqolishiga yoʻl qoʻymaslikka urinadi. “Toʻlgʻanoy” dostonida “toʻrlab sadrga tushganda” degan jumla bor. Togʻlik qipchoqlarda hayotdan yosh ketgan yigitning kiyimlarini oti ustiga tashlab, ot bilan sadr tushish odati boʻlgan. Yuqoridagi jumlada ana shu holat ifodasini topgan. Besh yashar otning yilqichilar tilida “toʻlan” ekanini hamma ham bilavermaydi. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, bu xildagi soʻzlarni u shunchaki ekzotika uchun, etnografik dalil sifatida emas, tabiiy tasvir vositasi tarzida juda oʻrinli ishlatgan.

Toʻra Sulaymonning soʻzga alohida bir ehtiyotkorlik bilan yondashuvi, ehtiromi, fikrlarini hikmat yoʻsinida ifodalaganida yaqqol koʻrinadi. Asarlari sinchiklab koʻrib chiqilsa, u bir qator yangi maqolu hikmatlar yaratganiga guvoh boʻlish mumkin. Jumladan: “Sutsiz sigir suzagʻon kelar”, “Toqatliga togʻlar egar boshini”, “Quvib oʻlgan − mangulik, Qochib oʻlgan − koʻmgulik”, “Koʻzguga dam ursang, yuzingni koʻrolmaysan”, “Boʻz oʻgʻrisidan qoʻrqma, soʻz oʻgʻrisidan qoʻrq”, “Oysiz osmon gʻarib”, “Oftobsiz olam gʻarib”, “Choʻlponsiz subhi sodiq gʻarib”, “Sarbonsiz karvon gʻarib” va h.k.

Toʻra Sulaymon – bugungi odam hayoti va olam hodisayu holatlarini kechaning nazari bilan koʻrib, shuurga tez yetib borib, unda mustahkam oʻrnashadigan azaliy usulda ifodalay olgani bilan ertangi kunga yovuq turadigan ijodkor. Zero, shoir ijodining yitmas qadimiy qadriyatlardan suvlangan tomirlari oʻta chuqur ketgan. Toʻra Sulaymon asarlarida kechaning bagʻrida dunyoga kelgan bugun ertangi kunni nazorat qiladi. Shu sabab, ularda millatning uzilmas umr zanjiri, yitmas ezgu qadriyatlari aks etadi.

Azaliy qadriyat va tuygʻularni ilgʻab, ularga ehtiromla qaray oladigan shaxs oʻz buguniga ega boʻlib, ertasini yarata biladi. Kechaga tayangan bugun sobitdir. Shu sobitlik quchogʻida tugʻilgan kelajak esa buyukdir. Toʻra Sulaymon bitgan asarlar millat ahlida ana shunday azaliy va turgʻun qadriyatlar shakllantirishga qaratilgani bilan eskirmaslik xususiyatiga ega.

Bu oʻtkinchi dunyoda birgina ruh mangudir. Ruhning tozaligi kishiga quvvat baxsh etadi. Demak, qaysiki millatning ruhiyati munavvar, tuygʻulari toza boʻlsa, u qudratlidir. Toʻra Sulaymon asarlarida turgʻun, eskirmaydigan, qimmatsizlanmaydigan maʼnaviy qadriyatlar samimiy kuylanadi. Shoir mahorati yozganlarining tabiiyligida namoyon boʻladi. Uning bitiklari yurakdan chiqqani, sunʼiylik aralashmagani, samimiy boʻlgani uchun ham yuraklarga oson yetib boradi. Toʻra Sulaymon asarlari farzandlarga bobolar nazarini eslatib turgani bilan qimmatlidir. Xalq ogʻzaki ijodidagi kabi erishilishi gʻoyat qiyin boʻlgan sodda mukammalligi bois shoir yaratiqlari koʻngillardan chuqur joy oladi va ularni yashartiradi.

Millatdoshlarimiz orasida keng tarqalgan koʻplab qoʻshiqlar, oʻz oʻquvchilariga ega boʻlgan necha oʻnlab kitoblar muallifi, oʻzbek badiiy tafakkurining kamyob siymolaridan biri Toʻra Sulaymon ijodi namunalari el-ulusi bilan uzoq yillar birga boʻlgusidir. Binobarin, shoirning ikkinchi umri manzillari mangulik bilan boʻylashishini umid qilish mumkin.

 

Qozoqboy Yoʻldosh

2013 yil 28 aprel

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ikkinchi-umr-manzillari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x